Bilib oling.Gap muomalaning eng kichik birligi bo’lib, tugallangan fikr va tugallangan ohangga ega bo’ladi,gap tarkibidagi so’zlar ham ma’no tomondan, ham grammatik tomondan o’zaro bog’lanadi.
Biz morfologiya bo’limida o’rgangan kelishik,egalik,son, zamon va shaxs-son qo’shimchalari, shuningdek, ko’makchi va bog’lovchilar sintaksisda so’zlarni o’zaro bog’lash uchun xizmat qiladi. Ayrim hollarda gapdagi so’zlar tartib va ohang yordamida ham o’zaro bog’lanadi. Masalan: Oq paxtalar ochildi, Teraylik quvnab-quvnab. (Qo’shiq) Bu gapda oq va paxtalar so’zlari bir-biri bilan so’z tartibi orqali bog’langan.
Har bir gap biror maqsad-mazmunni ifodalaydi. Og’zaki nutqda ana shu mazmunga mos keladigan tugal ohang bo’ladi. Ohang ayni bir vaqtda gaplarni bir-biridan ajratib ham turadi.
Ohang gap uchun eng muhim belgidir.Ayrim so’z ( Kuz. Tong.) yoki so’z birikmalarini tugallik ohangi bilan aytsak,gap yuzaga keladi va biror fikr – maqsad anglashiladi: Ko’m-ko’k dala. G’arbiy chegaralardan biri.
Ayni bir sodda gapning ohangini o’zgartirish orqali ba’zan uch xil mazmun ifodalash mumkin:
Buvijonim keldilar. – Buvijonim keldilar! – Buvijonim keldilar?
Yozma nutqda ana shu ohangga qarab har bir gap oxiriga yo nuqta, yo so’roq, yoki undov belgisi qo’yiladi.
GAPNING IFODA MAQSADIGA KO’RA TURLARI
Darak gap va uning uslubiy xususiyatlari
Har bir gapda ma’lum bir maqsad,niyat yoki his-hayajon ifodalanadi. So’zlovchi biror narsa, voqea-hodisa haqida xabar qiladi yoki o’ziga noma’lum bo’lgan narsa va voqea-hodisalar to’g’risida ma’lumot olishni istaydi, tinglovchiga biror ishni bajarish bo’yicha buyruq-xitobini bildiradi. Gaplar ana shu maqsadlariga ko’ra turlicha quriladi : o’ziga xos grammatik xususiyatlarga ega bo’lib, alohida ohang bilan talaffuz etiladi.
Eslab qoling: So’zlovchining maqsadiga xoslangan gap turlariga gapning ifoda maqsadiga ko’ra turlari deyiladi.
Ifoda maqsadiga ko’ra gaplar : 1)darak gaplar, 2) so’roq gaplar, 3) buyruq gaplar,4) istak gaplarga bo’linadi.
Darak,so’roq, buyruq va istak gaplar egali va egasiz, yig’iq va yoyiq, sodda va qo’shma gap shaklida bo’lishi mumkin.
Darak gaplar darak,xabar ma’nosini bildiruvchi gaplardir.
Sizga ma’lum bo’lgan biror axborotni boshqalarga yetkazmoqchi bo’lsangiz,darhol shu maqsadingizga muvofiq keladigan gap shaklini (qolipini) tanlaysiz. Bunday gaplarning xarakterli xususiyati:
- kesimi tasdiq yoki inkor shaklida turgan aniqlik maylidagi fe’llar bilan,ba’zan tasdiq yoki inkor shaklidagi otlar bilan ifodalanadi;
- yuz bergan yoki yuz berishi mumkin bo’lgan voqea-hodisani tasdiq yoki inkor qilish yo’li bilan ifodalaydi;
- darak ohangi bilan talaffuz qilinadi;
- darak ohangi gap oxiriga qarab pasayib boradi;
- gap bo’laklari to’g’ri tartibda joylashgan bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |