Sharq mumtoz adabiyotshunosligida ham metafora – istiora talqini shunga o‘xshash yo‘lni bosib o‘tgan. Jumladan, Rashididdin Vatvot har qanday ko‘chimni istiora hisoblasa, Qays Roziy ko‘chimning o‘xshashlik asosidagi turinigina istiora sanagan. Shuningdek, Sharqda ham tashbeh va istiora orasidagi yaqinlikka e’tibor qaratilgan. Jumladan, A.Husayniy tashbehi kinoyat bilan istiora orasida farq yo‘q deydi, biroq istiora bilan tashbeh bir narsa demaydi. Uning fikricha, majoz turi sifatida istiora haqiqat emas, lekin “fasohatu balog‘at arbobi qoshinda haqiqattin yaxshiroqdir”. Metafora obrazli tafakkur natijasi bo‘lib yaraladi va, garchi, umuman, til hodisasi bo‘lsa ham, bu xususiyatini til estetik funksiya bajaruvchi poetik nutqdagina to‘la namoyon etadi. Zero, metafora narsa-hodisani shunchaki atab qo‘ymaydi, balki uni boshqa narsa-hodisaga qiyosan tavsiflaydi, ongimizda atalayotgan narsa haqidagi jonli tasavvur – obraz yaratadi. Bu obraz poetik nutqdagina aslicha, ya’ni obraz sifatida qabul qilinadi, nutqning boshqa ko‘rinishlari doirasida esa tushuncha sifatida qabul qilinadi. San’at, xususan, poeziya obrazli tafakkur qilish va obrazli ifodadir. Shunga ko‘ra, metaforani faqat nutq bezagi emas, balki badiiy tafakkur mexanizmi sifatida tushunilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki metafora shoirga o‘z ichki olamini (tashqi olamga qiyosan) va tashqi olamni (ichki olamiga qiyosan) anglashga yordam beruvchi tengi yo‘q vositadir. Hozirda badiiy adabiyotdagi metafora ma’no ko‘lamini ham benihoya kengaytirgan: o‘xshashlik asosida ko‘chma ma’noda qo‘llangan birgina so‘zni ham, matnning bir bo‘lagi (misra, band; jumla, abzats) da ifodalanuvchi obrazni ham, ba’zan esa butun boshli asarni to‘laligicha ham metafora deb atayveramiz. Erkin Vohidov nomi XX asr o‘zbek she’riyatida aruz nomi bilan birga tilga olinadi. O‘zbekiston Qahramoni sevimli shoirimiz Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda, “Mumtoz adabiyotimizning oltin eshiklari abadiy bekiladi, deya karomat qilishayotganida yosh avlod orasida birinchilardan bo‘lib Erkin Vohidov aruzning tabbarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi”. Darhaqiqat, shoir she’riyati o‘ziga xos mumtoz an’analarni davom ettirgan, turli janrlar va poetik shakllarga, chuqur falsafiy mushohadaga, ramziy poetik timsollarga, o‘tkir va samimiy satirik yumor yo‘g‘rilgan hajviyotga nihoyat darajada boydir. Shoir rang-barang metaforik vositalarga asoslangan betakror she’riyati bilan xalqimizning yuragida chuqur joy qoldirdi. Teran mazmunga va turli poetik janrlarga boy, serma’no va kuchli she’riyat shoirning asosiy badiiy merosidir. Uning she’rlarida metafora asosiy tasvir vositasi ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Erkin Vohidovning “Bag‘ishlov” she’ridagi quyidagi misralar buning isbotidir:
Do'stlaringiz bilan baham: |