O`zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi
Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi
Metodik xizmat bo‘limi
BAXT VA SHODLIK KUYCHISI
О‘zbek shoiri Hamid Olimjon
tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlanadi
Buxoro - 2019
Tuzuvchi: A.Rustamova – Buxoro viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Metodik xizmat bo ‘limi ona tili va adabiyot fani metodisti
Taqrizchilar: D.Yo‘ldosheva – BDUdotsenti, filologiya fanlari nomzodi
S.Mavlonova –G‘ijduvon tumanidagi 5-ixtisoslashgan maktab-
internatining ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi
Mazkur metodik tavsiya Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi O`quv-metodika kengashining 2019-yil 18-oktabrdagi 5/4-sonli qarori bilan foydalanishga tavsiya etilgan.
Xalqqa ayting, men aslo o‘lganim yo‘q,
Yov qo‘liga taslim ham bo‘lganim yo‘q;
Men elimning yuragida yashayman,
Erk deganning tilagida yashayman!
Hamid Olimjon
KIRISH
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan ijod maktablarini yaratish, adabiyotimiz xazinasiga munosib hissa qo‘shgan shoir va yozuvchilar ijodiy merosini keng o‘rganishni tashkil etish va targ‘ib qilish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-yil 23-iyunda Vazirlar Mahkamasining “Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 418-sonli qarori qabul qilindi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish, faoliyatini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentabrda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, mazkur hujjatga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Umr va ijod yo‘llarini bir-biri bilan bog‘lagan, hamon avlodlarga sadoqatda ibrat bo‘luvchi ikki siymo Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning ismlari hamisha yonma-yon aytiladi. Shu maqsadda Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi yurtimizdagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning izdoshlarini kamol toptirish, iqtidorli yoshlarga ko‘maklashish maqsadini nazarda tutadi.
Umrlar bo‘ladiki, tirigida o‘likdir,
Umrlar bo‘ladiki, o‘ligida tirikdir.
Haqiqatdan ham, Hamid Olimjon juda-juda qisqa umr ko‘rdi. Biroq umri davomida yaratgan asarlari, amalga oshirgan ishlari uning nomini mangulikka muhrladi.
Shoir tavalludining 110 yilligi mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanmoqda. Mazkur metodik tavsiya ham Hamid Olimjon hayoti va ijodini o‘rganishda kichik bir manba bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddamiz.
“Hamid Olimjon - nodir iste’dod egasi. Qonida, ko‘z qorachig‘ida, to‘qson ikki tomirida tug‘ma zukkolik, shoirona sajiya, bilgichlik ayon…”
Do'stlaringiz bilan baham: |