Mirtemir
HAMID OLIMJON HAYOTI VA IJODIGA BIR NAZAR
Atoqli shoir Hamid Olimjon 1909-yil 12-dekabrda Samarqanddan 100 km. uzoqlikdagi Jizzax shahrida dunyoga keldi. 5 yoshida otasidan yetim qolgan Hamidni Ayasi Komila ona va bobosi Mulla Azim tarbiyaladilar. Hamid 1918-yildan dastavval xususiy maktabda, so‘ngra Narimonov nomli o‘rta maktabda ta'lim oldi. Maktabni 1923-yilda tamomladi. Komila ona o‘qimishli ayol edi: Hamid uning ertak va qo‘shiqlarini havas va hayajon bilan eshitar, eshitgan sayin yana eshitgisi kelardi. Keyinchalik u "Oygul bilan Baxtiyor” dostonida shunday xotirlaydi:
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Ko‘p ertak eshitgandim,
So‘ylab berardi buvim.
Esimda o‘sha damlar:
O‘zi uchar gilamlar,
Tohir – Zuhra, Yoriltosh,
Oyni uyaltirgan qosh.
O‘t bog‘lagan qanotlar,
Beqanot uchgan otlar.
Baxtiyor bilan Oygul,
Qiz bo‘lib ochilgan gul.
So‘ylaguvchi devollar,
Bola bo‘p qolgan chollar...
Buvimning har qissasi,
Har bir qilgan hissasi
Fikrimni tortar edi,
Havasim ortar edi.
Tinglar edim betinim
Uzun tunlar yotib jim...
Mulla Azim o‘z davrining yetuk va bilimdon kishisi edi. Rus tilini yaxshi bilgani bois, u gubernya idorasida tarjimon (tilmoch)lik bilan shug‘ullanardi va xalq orasida "Azim guvir” laqabini olgandi. Boboning ta'sirida Hamid Olimjon ruschani o‘rganishga intilardi, 8-9 yoshida A.S.Pushkin she'rlarini qiroat bilan yoddan aytardi. Bobosi va Ayasi Hamid Olimjonning bolaligidayoq adabiyotga, she'riyatga havasini uyg‘otgan va uning kelajagiga tamal toshini qo‘ygan edilar.
Hamid Olimjon 1923-yil kuzida Samarqanddagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Uni 1926-yili bitiradi va shu yiliyoq Samarqanddagi pedakademiyaning sotsial-iqtisodiyot fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1931-yilda muvaffaqiyat bilan tamomlaydi. Oliy ta'lim olish yo‘lidagi Samarqanddagi 8 yillik qizg‘in ijodiy mehnat uni komil inson bo‘lishiga hamda "Ko‘klam” (1929), "Olov sochlar” (1931) she'riy to‘plamlari orqali talantli va ulug‘ shoir bo‘lib tanilishiga barcha asoslarni berdi. 1931-yilda Hamid Olimjon Toshkentga keladi. "Qurilish” jurnalini boshqaradi.
Keyinchalik O‘zbekiston Madaniy qurilish institutida tadqiqot ishlarini olib boradi, o‘zbek adabiyotining taraqqiyot yo‘llari va yo‘nalishlari haqida yangi kashfiyotlar yaratadi. "O‘qish va o‘rganish qiyinchiliklari”, "Yozuvchining saviyasini ko‘taraylik”, "Adabiyot va xalq”, "O‘zbek xalqining ulug‘ shoiri Navoiy”, "Naoviy va zamonamiz”, "Mardlik, muhabbat va do‘stlik dostoni”, "Farhod va Shirin” haqida”, "O‘zbek xalqining o‘lmas shoiri”, "Tolstoy va o‘zbek xalqi”, "Salom, Pushkin”, "Buyuk san'atkor”, "Jambul va xalq”, "Taras Shevchenko” kabi o‘nlab ilmiy tadqiqotlari shular jumlasidandir. "O‘lim yovga”, "Poyga” (1932), "Daryo kechasi” (1936), "Chirchiq bo‘ylarida” (1937), "O‘lka” (1939), "Baxt” (1940) to‘plamlari yaratildi.
"Oygul bilan Baxtiyor”, "Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod” (1937), "Zaynab va Omon” (1938) dostonlarini yozdi.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining ikkinchi syezdida Hamid Olimjon uyushmaning raisi (1939) etib saylandi va umrining oxirigacha shu vazifada ishladi. Urush yillari uning "Ona va o‘g‘il” (1942), "Qo‘lingga qurol ol!” (1942), "Ishonch” (1943) to‘plamlari nashr etildi, "Muqanna” (1943) dramasi sahnada o‘ynaldi. 1943-yilda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga muxbir a'zo bo‘lib saylandi. Hamid Olimjon 1944-yil 3-iyulda avtohalokat tufayli dunyodan o‘tdi.
* * *
12 yoshida qalam tebratgan, 20 yoshida elga tanilgan, 25 yoshida Amerika, Fransiya gazetalarida nomi tilga olina boshlangan, 30 yoshida XX asr o‘zbek adabiyotining bayroqdori bo‘lgan, o‘zbek yozuvchilarining irodali rahbari darajasiga ko‘tarilgan, 35 yoshga to‘lmay bu dunyoni tark etgan... ulug‘ inson, buyuk shoir, dramaturg, publitsist va yirik jamoat arbobi haqida o‘nlab kitoblar, yuzlab darsliklar, minglab maqolalar yozilgan. Ayniqsa, S. Azimovning "Hamid Olimjon abadiyati”, S. Mamajonovning "Shoir dunyosi”, N. Karimovning "Hamid Olimjonning poetik mahorati”, "Hamid Olimjon” monografiyalari, amerikalik olim – Brigxemyan universiteti professori David Montgomerining "Hamid Olimjon” tadqiqoti alohida ahamiyat kasb etadi. Professor D. Montgomerining hisob-kitobiga ko‘ra, Hamid Olimjon merosini 234 ta alohida asar tashkil etadi, ulardan 148 tasi poetik asarlar, 64 tasi adabiyot nazariyasi va siyosatiga oid tadqiqotlar va 3 tasi daramatik asarlardir. Bu adabiy merosni to‘liq o‘rganish, uning joziba sirlarini ochish, Hamid Olimjon poetik mahoratini tekshirish uzluksiz davom etmoqda. Xalq sevgan shoirning ikkinchi umri qalblarni poklashda, go‘zallikka oshno qilishda davom etmoqda.
https://uzbegimny.ucoz.com/news/amid_olimzhon_ajoti_va_izhodiga_bir_nazar/2011-05-07-8 sahifasidan olindi
Hamid Olijon hayoti va ijodini o‘rganishga umumta’lim maktablari 5-sinf o‘quv dasturida 3 soat, 10-sinf o‘quv dasturida 3 soat, ixtisoslashgan sinflar 7-sinf o‘quv dasturida 2 soat ajratilgan. Quyida shoir hayoti va ijodi, asarlarini o‘rganishda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |