Vobkent tumani 10-umumiy o’rta ta’lim maktabida A.Oripov tavalludining “Shoir hayoti va ijodiga bir nazar” mavzusida o’tkazilgan ma’rifat soati
BAYONNOMASI
2021 yil 9-mart Kosari qishlog’i
Ma’rifat soati ishtirokchilari: maktab direktori M.Zaynitdinov, MMIBDO’ S.Ashurov, maktabda faoliyat olib borayotgan barcha o’qituvchilar.
Ma’rifat soatini maktab direktori kirish so’zi bilan ochib, bugungi ma’rifat soatining mavzusi: A.Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “Shoir hayoti va ijodiga bir nazar” deb nomlanishini aytib o’tdilar. Ma’ruza uchun so’zni maktabning ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi D.Quliyevaga berdilar. D.Quliyeva va O.Vafoyeva BuxDU dotsenti, filologiya fanlari doktori, Ma’rifat targ‘ibotchilari guruhi a’zosi Laylo Sharipovaning “Topgan toj-taxtim…” maqolasi va qo’shimcha adabiyotlardan foydalangan holda jumladan quyidagilarni aytdilar.
“O‘zbekiston Vatanim manim” deya hayqirgan, buni har bir o‘zbekka ta’kidlagan jasoratli shoir Abdulla Oripov O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiridir. Shoir 1941 yilning 21 martida Qashqadaryoning tog‘ atrofida joylashgan Neko‘z qishlog‘ida Orif Ubaydullo o‘g‘li xonadonida dunyoga keldi. 1958 yilda ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov kabi etuk olimlar sabog‘ini oldiki, bu ilm maskani shoir ma’naviy kamolida muhim rol o‘ynadi. 1966 yilda shoir volidasi Turdi Karvon qizidan ajralib qoldi. Xayriyatki, 1965 yilda shoirning “Mitti yulduz” nomli ilk to‘plami chop etilgan, onasi uning ilk kitobini ko‘rgan edi. Bu to‘plam o‘zbek she’riyati osmonida yirik, chaqnoq yulduz paydo bo‘layotganini ko‘zi o‘tkir olimlarga, chin muxlislarga ayon qildi.Onasining vafoti shoirning ijodiga ta’sir qilmay qolmadi: she’rlarida g‘am, dard ifodasi kuchaydi. Bu dard Vatan, el dardlari bilan payvast bo‘lib, she’rlariga, dostonlariga ko‘chdi. “Ko‘zlarim yo‘lingda”(1966), “Onajon”(1969), “Ruhim”(1969), “O‘zbekiston”(1972), “Hayrat”(1974), “YUrtim shamoli”(1976), “Yuzma-yuz” (1978), “Najot qal’asi” (1980), “Yillar armoni” (1987), “Ishonch ko‘priklari” (1989), “Sen bahorni sog‘inmadingmi”(1991), “Munojot” (saylanma, 1992), “Haj daftari”, “Hikmat sadolari” (1992)... Bu she’riy to‘plamlarning safi juda uzun, shoir vafotidan so‘ng ham kitoblari nashrining nihoyasi ko‘rinmaydi. Bularning bari shoir asarlarining el diliga etib borgani, badiiyati yuksakligi, el dardini ifoda etgani sabablidir. Quvonarlisi shundaki, uning asarlari dunyo tillariga tarjima qilingan.
A.Oripov nafaqat umrboqiy she’rlar, balki go‘zal dostonlar, dramatik asarlar ham yaratdi. Uning “Hakim va ajal” dostoni she’riyatimizni, “Jannatga yo‘l”, “Sohibqiron” asarlari dramaturgiyamizni boyitdi. “Hakim va ajal” ulug‘ tabib, olim, shoir Ibn Sino tavalludining 1000 yilligi munosabati bilan yozilgan.
Xalq aslida o‘zi sevgan shoiriga tez ergashadi, uning yozganlariga ishonadi. Chunki asl shoirlar hayotlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, millat sha’nini himoya qiladilar, elga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadilar. Shu sabab A.Oripovga ozod O‘zbekiston Respublikasi madhiyasini yozish taqdir qildi. Ulug‘vor tog‘larni ko‘rib ulg‘aygan shoir bitgan jonbaxsh satrlarga sharif tuproq hikmatlarini tinglab voyaga etgan buyuk bastakor Mutal Burhonov kuy bastaladi:
Serquyosh, hur o‘lkam elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh mehribon.
Yashnagay to abad ilmu-fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Ma’ruza davomida shoir hayoti va ijodiga doir slaydlar ham namoyish etilib, izohlab borildi. Shoir hayoti va ijodiga bag’ishlangan tadbirga barcha ustozlar taklif qilindi.
Ma’rifat soati so’nggida MMIBDO’ S.Ashurov so’z olib, o’quvchilarga ushbu ma’lumotlarni dars mashg’ulotlari davomida o’rgatib borish, A.Oripov she’rlaridan har bir o’qituvchi va o’quvchi yod olishi lozimligini aytib o’tdilar.
Maktab direktori M.Zaynitdinov
Do'stlaringiz bilan baham: |