Банкларда иш куни ва ҳужжатлар айланишини ташкил қилиш (банк амалиёт куни, пул ҳисоб-китоб ҳужжатлари, Марказий банк, ХКМ, электрон файл, банклараро тўловлар)
7.Банкларда иш куни ва ҳужжатлар айланишини ташкил қилиш (банк амалиёт куни, пул ҳисоб-китоб ҳужжатлари, Марказий банк, ХКМ, электрон файл, банклараро тўловлар) Buxgalteriya xodimlarining ish kuni shunday tashkil etilishi kerakki, bunda bank tomonidan amaliyot kuni davomida ijroga qabul qilingan pul hisob-kitob hujjatlari dastlabki va joriy nazoratdan o‘tkazilib, ular o‘z vaqtida ijro etilishi, ya’ni hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar buxgalteriya hisobida aks ettirilib, kunlik balans hisoboti tuzilishi hamda keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan bajarilgan barcha operatsiyalar yakuniy nazoratdan o‘tkazilishi shart, bundan bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar mustasno. Har bir bank quyida keltirilgan talablarga rioya qilgan holda, amaliyot kuni davomida mijozlarga xizmat ko‘rsatish va hujjatlar aylanish tartibini mustaqil belgilaydi:
Banklar yangi ish kunini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankning Hisob-kitob markazi (bundan keyingi o‘rinlarda HKM deb yuritiladi)da ochilgan tashqi (“21302-Rezident bankning vakillik hisobvarag‘i”) vakillik hisobvarag‘ining kun boshiga aylanma va qoldiq summalarini, o‘zlarining ichki (“10301-Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘i”) vakillik hisobvarag‘ining aylanma va qoldiq summalari bilan mosligini tekshirish bilan boshlashadi. Ichki va tashqi vakillik hisobvarag‘i aylanma va qoldiq summalarini mosligini tasdiqlash uchun HKM ga elektron fayl yuboradi;
HKM tijorat banklari yuborgan elektron faylni qabul qilib oladi va bankning tashqi va ichki vakillik hisobvaraq qoldiq summalarini dasturiy ravishda taqqoslaydi hamda ularni mosligini tasdiqlab banklarga qaytaradi. Vakillik hisobvaraqlar qoldiq summalari mos kelmasa, mavjud farq bartaraf etilmaguncha bank amaliyot kuni ochilmaydi hamda banklararo to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etilmaydi;
HKM dan tasdiq (W-fayl) olgandan so‘ng, banklarga banklararo to‘lovlarni amalga oshirish uchun ruxsat beriladi;filiallari mavjud bank filiallariga “To‘lov markazi”da ochilgan tashqi (“22204-Bosh bank-filiallarga to‘lanadigan mablag‘lar”) va filiallarda ochilgan (“16103-Bosh bank/filiallardan filiallararo va banklararo hisob-kitoblar bo‘yicha olinadigan mablag‘lar”) ichki vakillik hisobvaraqlar qoldiq summasini mosligini tasdiqlash Bosh bank tomonidan amalga oshiriladi. Filiallar ichki vakillik hisobvarag‘i (16103) va “To‘lov markazi”da ochilgan tashqi (22204) vakillik hisobvarag‘i o‘rtasida farq mavjud bo‘lsa, ushbu filialga uni bartaraf etmaguncha filiallararo va banklararo to‘lovlarni amalga oshirish va yangi kunga o‘tib ishlashga ruxsat etilmaydi;filiallararo va ichki to‘lovlarni o‘tkazish uchun bank o‘z mijozlaridan to‘lov hujjatlarini qabul qilish vaqtini o‘zi mustaqil ravishda belgilaydi. Filiallararo to‘lovlarga bir bank filiallari o‘rtasidagi to‘lovlar, ichki to‘lovlarga kassa amallari, to‘lanishi va olinishi lozim bo‘lgan foizlar hisobini hisoblash hamda xodimlarga ish haqi hisoblash va shunga o‘xshash amallar kiradi; banklararo to‘lovlar bo‘yicha banklar mijozlaridan bank amaliyot kuni davomida (qog‘oz shakldagi to‘lov hujjatlari uchun soat 16-00 gacha) qabul qilingan to‘lov hujjatlari bo‘yicha buxgalteriya o‘tkazmalarini banklararo to‘lovlar vaqti tugagunga qadar HKMga yetkazib berishlari kerak, aks holda banklararo to‘lovlar amalga oshirilmaydi. Bank aybi bilan amalga oshmay qolgan hujjat bo‘yicha bank javobgar hisoblanadi, bundan bankka taalluqli bo‘lmagan tashqi omillar mustasno; Banklar bank ish kuni yakunlangandan so‘ng, lekin keyingi bank ish kuni soat 10-00 dan kechiktirmagan holda Markaziy bankka elektron balans (0106BS) hisobotini jo‘natadilar. Banklarda ish kuni bank operatsiyalari buxgalteriya hisobotida to‘liq aks ettirilib, kunlik balans hisoboti tahlil qilinib, bank filiali rahbari hamda bosh buxgalteri tomonidan imzolangandan so‘ng yakunlanadi.