10.Бухгалтерия операцияларини дастлабки назоратдан ўтказиш тартиби (Фронт-офис ходимлари, масъул ижрочи бухгалтер, имзолари ва муҳр изи, бўяш, мижозлар номи) Dastlabki nazorat -Front-ofis xodimlari yoki masʼul ijrochi buxgalter tomonidan operatsiyalarni bajarmasdan oldin ularning samaradorligini, bankning ichki siyosatiga hamda amaldagi qonunchilikka mos ekanligini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi. Agar, operatsiyalar xorijiy valutada xalqaro shartnomalar asosida amalga oshirilsa, shartnoma shartlariga rioya qilinishi lozim. Mijozlardan pul hisob-kitob hujjatlarini qabul qilishda, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning meʼyoriy-huquqiy hujjatlarida belgilangan shakldagi blankda yozilib toʻgʻri rasmiylashtirilganligi, barcha rekvizitlar toʻliq va toʻgʻri toʻldirilganligi, ushbu pul hisob-kitob hujjatlarida boʻyash, chizish va tuzatishga yoʻl qoʻyilmaganligi, shu jumladan, hisobvaraqni tasarruf etuvchilarning imzolari va muhr izi taqdim etilgan namunalarga mos kelishi tekshiriladi. Agar mijoz taqdim qilgan pul hisob-kitob hujjatlarida belgilangan talablarga zid kamchilik va nuqsonlar aniqlansa, toʻlov hujjatlari mijozga ijroga qabul qilinmasdan qaytarilishi lozim. Summasi, mijozlar nomi va ularning hisobvaraqlari raqami oʻzgartirilgan toʻlov hujjatlari, hatto mijozlar tomonidan oʻzaro kelishilgan tartibda tuzatish kiritilgan boʻlsa ham ijro uchun qabul qilinmaydi. Toʻlov talabnomalari sanasi bank qabul qilgan sanaga mos tushadigan reestri bor boʻlgan holatda inkassaga qabul qilinadi. Agarda bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa, toʻlov topshiriqnomasi bank tomonidan mijozning talab qilib olguncha depozit hisobvaragʻida toʻlov uchun yetarli mablagʻlar mavjud boʻlgandagina qabul qilinadi. Budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar boʻyicha taqdim qilingan toʻlov topshiriqnomalari mijozning hisobvaragʻida toʻlov uchun yetarli mablagʻlar mavjud boʻlmaganda 2-son kartotekaga kirim qilinadi. Toʻlov topshiriqnomalari va naqd pulni qoʻyish uchun foydalaniladigan eʼlonlarning sanasi u bankka taqdim etilgan sana bilan bir xil boʻlishi kerak, aks holda ular ijro uchun qabul qilinmaydi. Budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar uchun qabul qilingan toʻlov topshiriqnomalari toʻlovchining hisobvaragʻida mablagʻlar yetarli boʻlmagan hollarda 2-son kartotekaga qabul qilinadi. Masʼul ijrochi buxgalter yoki Front-ofis xodimi toʻlov hujjati nusxalarini imzolashdan oldin, ularni solishtirib, oʻzaro bir xilligiga ishonch hosil qilishi lozim. Shundan soʻng, ijro etish sanasi koʻrsatilgan holda masʼul xodim imzosi bilan tasdiqlangan va unga biriktirilgan bank shtampi qoʻyilgan hujjatning oxirgi nusxasi mijozga qaytariladi. Ushbu nusxa hujjatlar ijro uchun qabul qilinganini tasdiqlovchi tilxat vazifasini bajaradi. Naqd pulni berishda ishlatiladigan cheklar toʻldirilgan kundan boshlab (toʻldirilgan kunni hisobga olgan va hujjatda koʻrsatilgan sana toʻgʻrilanmagan holda) 10 kalendar’ kun davomida bank tomonidan qabul qilinadi. Mijozning bankdan naqd pul olish uchun ishonchnoma berilgan vakili naqd pul chekini masʼul ijrochi buxgalterga yoki Front-ofisning ushbu mijozga xizmat koʻrsatuvchi xodimiga taqdim etadi. Masʼul ijrochi buxgalter yoki Front-ofis xodimi naqd pul chekini quyidagi rekvizitlari bilan uning toʻgʻriligini tekshiradi: naqd pul cheki sanasi muddatining oʻtmaganligi; naqd pul chekining raqamini imzo namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchadagi raqam bilan mosligi; mijozning nomi, uning hisobvaragʻi raqami, naqd pul cheki bilan olinadigan mablagʻning raqam va soʻz bilan yozilgan summalari, naqd pul chekida qoʻyilgan imzo va muhrning bankdagi imzolar va muhr namunalariga mos kelishi, shuningdek vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi maʼlumotlarning naqd pul chekida qayd etilgan maʼlumotlarga toʻgʻri kelishi; mijozning depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlarining naqd pul chek bilan olinishi lozim boʻlgan mablagʻdan kam emasligi. Front-ofisning ushbu mijozga xizmat koʻrsatuvchi xodimi yoki masʼul ijrochi buxgalter tekshirish amallarini bajarib, eʼtiroz boʻlmaganidan soʻng, naqd pul chekining orqa tomoniga tegishli kassa ramzi raqami va sanani koʻrsatgan holda imzolab, naqd pul chekini Bek-ofis xodimi yoki nazoratchi buxgalterga beradi. Naqd pul chekining nazorat markasini mijozga qaytaradi. Front-ofis xodimi yoki masʼul ijrochi buxgalter mijozlardan qabul qilingan barcha pul hisob-kitob hujjatlarining asl nusxalariga asosan maʼlumotlarni dasturga kiritadi va toʻlov hujjatlarini imzolab, elektron toʻlov tizimi orqali ularni joriy nazoratdan oʻtkazish uchun Bek-ofis yoki nazoratchi buxgalterga yuboradi.