Parda hosil qiluvchi moddalar. Lak va bo’yoqli qoplamalarning biochidamliligida parda hosil qiluvchi polimerning kimyoviy xususiyatlari va undan olingan parda qoplamasining fizik xususiyatlari (shishish qobiliyati, qattiqligi, govakligi, gidrofobligi va h.) hal qiluvchi rol o’ynaydi.
Sintetik parda hosil qiluvchi termoplastik va termoreaktiv polimerlar tabiiylariga nisbatan mikroorganizmlar bilan kamroq zararlanadi. Polimerlarning biochidamliligi quyidagi tartibda kamayib boradi: epoksidlar, poliuretanlar, melaminoalkidlar, kremniyorganik, pentaftal birikmalar.Parda hosil qiluvchi moddaning qotish tezligini oshirish, parda nam shimishi, usti g’adir-budurligi va g`ovakligini kamaytirish zamburug`larga chidamlilikni oshiradi. Silliq, yaltiroq va tekis pardalar biochidamliroq, chunki ularning ustiga zamburug`lar sporalari qiyinchilik bilan adsorbstiya qilinadi va ular kamroq ifloslanadi.
Parda hosil qiluvchilar sifatida qo’laniladigan bitumning biochidamliligi yetarli emas. Bitum laklari va bitum himoya qoplamalarining biochidamliligini oshirish maqsadida ularga fenol, malein va boshqa sintetik smolalar qo’shishadi.
Tez quriydigan lak va mikroorganizmlar bilan qoplanmaydigan lak va bo’yoqli qoplamalar ishlab chiqishda qo’llaniladigan, xlorlangan kauchuk, stirol va butadienning hamda vinilxlorid bilan vinilastetatning sopolimerlari yuqori darajada biochidamliligi bilan xarakterlanadi.
Issiq va sovuq holda qotiriladigan lak va emallar tarkibiga kiritiladigan termoreaktiv sintetik smolalar (gliftal, pentaftal, mochevinaformaldegid, epoksid, silikon va b.) yuqori biochidamlilikka ega hamda ulardan ba’zilari fungistidlik xususiyatlarini namoyon etadi. Ulardan tayyorlangan qoplamalarning qattiqligi, silliqligi va oz o’tkazuvchanligi biochidamlilik ortishiga olib keladi.
Yonilg`ilar va moylovchi materiallar
Yonilg`i va moylovchi materiallar zararlanishi ularning sifati yomonlashishi va rezervuarlar, dvigatellariinig yonilg`i va moylovchi -sistemalari hamda boshqalar korroziyaga uchrashi, mikroorganizmlar zararlagan neft mahsulotlari bilan ishlovchi odamlarda teri, allergik va boshqa kasalliklar paydo bo’lishiga olib keladi.
Aviayonilg`ilar biozararlanishi. Har xil neft yonilg`ilaridan eng biochidamlilari engil distillyat yonilg`ilar, kam chidamliliri - kerosinlardir. Yonilgi sifatida kerosin qo’llaniladigan reaktiv aviastiya rivojlanishi bilan aviayonilgilar zararlanishi hollari ham ko’paymoqda.
Yonilgi va yonilg`i sistemalari hamda er ustidagi rezervuarlar - neft mahsulotlari omborlari zararlanadi. Bunda biozararlanishning quyidagi belgilari kuzatiladi: 1) yonilgi baklari va rezervuarlar tagida shlam -ifloslangan suv va bakteriyalarning shilimshiqlari to’planishi; 2) yonilgi sifati buzilishi, jumladan, moyda suv tipidagi barqaror emulsiyalar paydo bo’lishi, nordonlik oshishi, yonilg`ining hidi va rangi o’zgarishi, yonilgi ichi osilgan holda joylashgan misteliy va shilimshiq zarrachalari bilan ifloslanishi; 3) yonilgi sistemalari va rezervuarlarning ichki devorlarida misteliy va bakteriyalar koloniyalarining qoldiqlari cho’kmalar hosil qilishi o’tkazuvchi trubalar va filtrlar tiqilib qolishi; 4) idishlarning tagida, shlam yig`ilib qolgan joylarida, ayniqsa yonilgi o’tkazuvchining bo’linish chegaralarida va boshqa joylarda metallar korroziyaga uchrashi; 5) mikroorganizmlar koloniyalari ostida himoyalovchi qoplamalar emirilishi yoki ko’chib ketishi, metabolitlar ta’sirida zichlovchi-oraliq materiallar parchalanishi va b.
Yonilg`ilarda asosiy biozararlanish qo’zg`atuvchilari Cladosporium, Aspergillus, Penicilliwn, Alternaria turkumiga mansub zamburug`lar va Pseudomonas, Nitrococcus, Mycobacterium turkumlariga kiruvchi bakteriyalardir. Ulardan neft mahsulotlarida eng ko’p uchraydiganlari Clodosporium resinae “kerosin zamburug`i" va Pseudomonas aeruginosa bakteriyasidir.
Yonilg`ilar biozararlanishi karbonvodorodlar fermentativ oksidlanishi va sirt-faollik va emulsiyalash xususiyatlariga ega bo’lgan organik kislotalar hosil bo’lishi bilan boglikdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |