3-mavzu: Loyihaviy moliyalashtirish uchun loyihalarni tanlab olish va baholash
Reja
Loyihaviy moliyalashtirish uchun banklarda investitsiya loyihalarini tanlab olish va ularni baholash.
Investitsiya qarorlarini qabul qilishda kapital qiymatini baholash.
Qarz oluvchilar bilan muzokaralar olib borish va loyihani tasdiqlash jarayoni.
Loyihani amalga oshirilishini nazorat qilish.
Loyihaviy moliyalashtirishda shartnoma munosabatlari tahlili.
Turli tarmoqlarda loyihaviy moliyalashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Tayanch iboralar: biznes, moliyaviy aktivlar, reinvestitsiyalar, bankning o‘z kapitali, kapital bahosi
Loyihaviy moliyalashtirish uchun banklarda investitsiya loyihalarini tanlab olish va ularni baholash
Odatda, barcha investitsiya loyihalari ham bir xil ko‘rsatkichlarga ega bo‘lavermaydi. Ayrim ko‘rsatkichlar bir loyihada yuqori ijobiy bo‘lsa, boshqa loyihada esa aksincha bo‘lishi mumkin va yana bir ayrim ko‘rsatkichlari esa bir loyihada boshqa loyihadagiga nisbatan pastroq miqdorga ega bo‘lishi mumkin. Bir sohaga xos bo‘lgan loyihalarning bunday (o‘zaro ziddiyatli) ma’lumotlarga ega bo‘lishi, ular o‘rtasidagi raqobatni vujudga keltiradi. Investitsiya qarorlarini qabul qilish, ayniqsa, raqobatli investitsiyalar sharoitida birmuncha qiyin vaziyatlarni keltirib chiqaradi.
Investitsiya loyihalari o‘rtasidagi raqobat kurashining vujudga kelishi, odatda, quyidagi sabablarga asoslanadi:
Investitsiyalarning eng qisqa fursatda (tez) qoplanishi va yuqori foyda keltirishi.
Investorning kapital byudjeti cheklanganligi.
Investitsiyalar u yoki bu natijalarta erishish yoki muayyan turdagi cheklangan resurslardan foydalanishning muqobil imkoniyatlari ta’minlangan hollarda o‘zaro ziddiyatli investitsiyalar hisoblanadi va raqobatlashuvchi investitsiyalar deb ataladi. Muqobil (o‘zaro ziddiyatli) investitsiyalarni taqqoslash esa ular ichidan eng yuqori samaralisini aniqlashga va uni ko‘zlangan maqsad yo‘lida moliyalashtirishga imkon beradi. Muqobil loyihalarni o‘zaro taqqoslashda, eng avvalo:
- ishlab chiqarish rejasi va hajmi yoki loyiha quvvatiga;
- vaqt omiliga;
- yangi texnika yoki progressiv texnologiya bo‘yicha bajariladigan ish (xizmat) hajmiga;
- ishlab chiqarish va mahsulotni iste’mol qilishning ijtimoiy omillariga (atrof-muhitga ta’sirini ham hisobga olgan holda);
- moliyaviy ko‘rsatkichlarga (baho darajasi, inflyasiya va kredit uchun foiz stavkalari darajalari va shu kabilar) e’tiborni qaratish lozim.
Investitsiya loyihalarining samaradorligi yuqori ko‘rsatkichlar asosida ishlab chiqilgan reja (bashorat)larning haqikiy bajarilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu bashoratlarning hammasi yuqori sifatli, xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga va yuqori foyda asosida sotishga qaratilgan bo‘ladi. Lekin loyihalarning texnologik tarkibi (ishlab chiqarish jarayonining murakkabligi va uzoq davom etishi), loyiha quvvatining bosqichma-bosqich o‘zlashtirilishi va mahsulotni sotish jarayoni kabilarning loyiha samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olish zarur.
Odatda, ob’ektni ishga tushirishning birinchi bosqichining o‘zidayoq to‘liq loyiha quvvatiga erishishni rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining aksariyat qismi noreal hisoblanadi. Sababi, turli xil texnologik, ishlab chiqarish va tijorat qiyinchiliklari oqibatida (sotish hajmining tushib ketishi, xom ashyo va ishchi kuchi ta’minotidagi nomuvofiqliklar va shu kabilar) loyihalar ishlab chiqilgan rejalariga mos kelmay qolishligi mumkin. Ayniqsa, bunday holat loyiha quvvatining birinchi yilining o‘zidayoq to‘liq o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarida kuzatilishi mumkin. CHunki, aksariyat hollarda, mahsulotni ishlab chiqarish va sotish ishlarida ayrim muammolar yuzaga kelishi mumkin. SHu sababdan loyiha rejasini ishlab chiqishda uni loyihaning to‘liq quvvatiga erishishini investitsiya ob’ektini ishga tushirgan vaqtning uchinchi-to‘rtinchi yillariga kelib, yirik va murakkab loyihalarda esa 4-7 yillar ichida o‘zlashtirishga moslashtirishga harakat qilinadi. Odatda, bunday rejalashtirish soha, loyiha xususiyatlaridan, ishlab chiqarishning turlaridan, bozor holatidan kelib chiqib amalga oshiriladi va mahsulotning uzluksiz va maksimum imkoniyatlar bilan sotilishiga qaratilgan bo‘ladi. Loyihalardagi bu va boshqa jihatlar ular ichidan eng samaralisini tanlashda ziddiyatli holatlarni keltirib chiqarishi sababli to‘g‘ri qaror qabul qilish muammosi har doim dolzarb masala hisoblanadi.
Loyihaviy moliyalashtirishda loyihani amalga oshirishga kerak bo‘ladigan pul mablag‘larining asosiy hisob-kitob ishlari, loyiha tashabbuskorlarining imkoniyatlari, qarz mablag‘lariga bo‘lgan extiyoj, bo‘lajak (kutiladigan) foyda, potensial investitsion va savdo-sotiq rikslari loyihalashtirishning oldi, investitsiya va ekspluatatsiyaga berilishi bosqichlarida baxolanishi mumkin.
Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi g‘oyaning paydo bo‘lishidan boshlab uning moddiylikka aylanishigacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi. Bu jarayon uch bosqichdan iborat: investitsiya oldi bosqichi (boshlang‘ich bosqich); investitsiya bosqichi (o‘rta bosqich yoki investitsiyalarni amalga oshirilish bosqichi); ekspluatatsiya bosqichi (tugallash bosqichi).
Investitsiya loyihasining birinchi bosqichida uning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqiladi, uni moliyaviy-iqtisodiy baholash ishlari amalga oshiriladi, invetitsiyani amalga oshirish uchun imkoniyatlar tahlil qilinadi hamda loyihani amalga oshiruvchi korxonaning moliyaviy holati baholanadi. Ikkinchi bosqichda kapital qo‘yilmalar amalga oshiriladi, ya’ni loyiha bo‘yicha qurilish ishlari olib boriladi, uskunalar sotib olinadi va ishlab chiqarishga tayyorlash ishlari o‘tkaziladi. Uchinchi bosqichda loyiha quvvati ishga tushiriladi va mahsulot (ish, xizmat) ishlab chiqarila boshlaydi.
Investitsiya loyihasining, aynan, investitsiya oldi bosqichida texnik-iqtisodiy asoslash ishlari amalga oshiriladi va u eng asosiy bosqich hisoblanadi. SHu bois texnik-iqtisodiy asosning mazmuni va mohiyatini aniq belgilash muhim vazifa hisoblanadi. Lekin, eng avvalo, “loyihani asoslash” deganda nimani tushunish lozim ekanligini bilib olish kerak. Keng ma’noda “loyihani asoslash” tushunchasi besh asosiy jihatni tahlil qilish va baholash bilan tavsiflanadi: texnik; institutsional; moliyaviy; iqtisodiy; ijtimoiy.
Loyihani texnik asoslash texnik nuqtai nazardan qabul qilingan maqbul qaror iqtisodiy jihatdan maqbul bo‘lmasligi mumkin. Bu shu bilan bog‘liqki, turli texnik qarorlar o‘zi bilan birga turli xarajatlar va samaralarga ega bo‘ladi va ular taqqoslangandan keyingina qaysi qaror maqbul ekanligini aytish mumkin.
Loyihani ishlab chiqish jarayonida hisobga olish lozim bo‘lgan texnik qarorlarning bir qancha jihatlarini ko‘rib chiqamiz:
- texnologiya - texnologiya ilmiy jihatdan asoslanganmi va amaliyotga joriy etilganmi? Texnika mazkur texnologiyani qo‘llashga tayyormi?
- vaqti-vaqti bilan yuzaga keluvchi xarajatlar – loyiha bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yuzaga keluvchi xarajatlar hisobga olinganmi, masalan, texnika va uning ishlash holati;
- atrof muhitga ta’siri - loyihada qo‘llanilayotgan texnikaning atrof-muhitga etkazadigan zarari darajasi qanday.
Ko‘pgina adabiyotlarda texnik-iqtisodiy asosning mohiyati turlicha talqin qilinadi. Xorijlik olimlardan V.Berens, P.M.Xavraneklar fikricha, - “texnik-iqtisodiy asoslash - bu salohiyatli investorlar, loyiha quruvchilari va moliyachilarni investitsiyalash va moliyalash usullari bo‘yicha qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bilan ta’minlovchi vositadir”. Rossiyalik olim V.G.Zolotogorov esa “texnik-iqtisodiy asoslash - bu investitsion loyihaning samaradorligi va maqsadliligini ko‘rib chiqishga imkon beruvchi texnik va tashkiliy qarorlar, hisob-smeta, baholash va boshqa ko‘rsatkichlarni aks ettiruvchi hisob-analitik hujjatlar to‘plamidir”.
Texnik-iqtisodiy asosning mohiyatini ochib berishda prof.D.G‘ozibekovning fikri e’tiborga molikdir. Uning ta’kidlashicha “texnik-iqtisodiy asoslash o‘z mazmuniga ko‘ra loyihani amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini texnik-iqtisodiy tadqiq etish atamasi bilan aynan bir xil”. Texnik-iqtisodiy asos potensial investorlar hamda boshqa barcha ishtirokchilarni investitsiyalashning ijtimoiy-iqtisodiy, moliyaviy va ekologik jihatlarini oydinlashtiruvchi vosita sifatida xizmat qiladi. SHuningdek, loyihaning muqobil strategiyasi va doirasiga baho beruvchi vosita, resurslar marketingi, joylashgan o‘rni, ishlab chiqarish quvvatlari va texnologiyalar haqidagi tegishli ma’lumotlar bilan ta’minlovchi hisoblanadi.
Dots. N.Karimov bu to‘g‘rida fikr bildirib, “loyihani texnik-iqtisodiy asoslanishi loyihaviy tahlilning ob’ekti bo‘lim hisoblanadi va u loyihaning iqtisodiy, moliyaviy samaradorligini va loyiha bo‘yicha xarajatlarni aniqlash, moliyalashtirish manbalari va xatarlarni baholashdek o‘z maqsadiga ega bo‘ladi” - deb ta’kidlab o‘tadi.
Texnik-iqtisodiy asosning mohiyati va mazmuni bo‘yicha yuqorida bildirilgan fikrlarni umumlashtirib, unga quyidagicha ta’rif berish maqsadga muvofiqdir. Texnik-iqtisodiy asos - bu loyihani amalga oshirishga ta’sir qiluvchi bir qator omillarni tahlil qilish asosida loyihaning maqsadiga erishishning samarali yo‘llarini aniqlovchi hujjatlar to‘plamidir. Texnik-iqtisodiy asos loyihani amalga oshirishning imkoniyatlarini asoslaydi va bir muncha optimal bo‘lgan qarorni tanlashga imkon beradi. Texnik-iqtisodiy asos loyihaning barcha jihatlarini ochib berishini hisobga oladigan bo‘lsak, unda uni ishlab chiqishdan oldin, loyiha tashabbuskori yoki loyihani ishlab chiquvchi u bo‘yicha barcha ma’lumotlarni to‘plashi lozim. Ma’lumotlar manbai bo‘lib, qarz oluvchining faoliyatiga bevosita taaluqli hujjatlar, shuningdek, turli iqtisodiy adabiyotlar hamda shaxsan o‘zining tajribasi xizmat qiladi.
Texnik-iqtisodiy asosni tuzishda shuni ta’kidlash joizki, texnik-iqtisodiy asosning asosiy vazifasi amalga oshirish ko‘zlangan loyiha bo‘yicha zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni berish va kreditorlar hamda investorlar tomonidan maqbul qarorlar qabul qilishdan iborat.
Texnik-iqtisodiy asos - bu loyihaning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini ko‘rishga imkon beruvchi boshlang‘ich ma’lumotlar, shuningdek asosiy texnik va tashkiliy qarorlar, hisob-smeta, baholash va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘zida mujassamlashtiruvchi hisob-analitik hujjatlar to‘plamidir. Texnik-iqtisodiy asosni loyihaning maqsadliligi yuzasidan olib boriladigan texnik-iqtisodiy tadqiqotlar sifatida ifodalash mumkin.
Investitsiya loyihalarini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy maqsadi investitsiya loyihalarining milliy valyutadagi kabi xorijiy valyutada ham qoplanishini aniqlash hisoblanadi. Investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun qarz oluvchi loyihaning amalga oshirilishining yuridik, texnik, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan hujjatlar to‘plamini tayyorlashi lozim. Bu hujjatlar to‘plami quyidagilardan iborat bo‘lishi lozim: qarz oluvchining moliyaviy holati va uning kreditga layoqatliligi; xorijlik hamkorning ish faolligi, moliyaviy ahvoli, tashabbuskorligi; qarz oluvchi korxona qanday turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi yoki ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, mazkur mahsulotlarning asosiy xaridorlari kimlar hisoblanadi; ichki bozorda qarz oluvchi korxonaning mahsulot ulushi qanday va u jahon bozorida qanday ulushga ega, bozorning qanday sektorlarida o‘sish yoki o‘zgarishlar kutilmoqda; raqobatchilar tomonidan qanday risklar mavjud va mahsulot sotilishi uchun kim asosiy javobgar hisoblanadi; qarz oluvchi korxonaning va kafolat beruvchi tashkilotning yuridik maqomi va tashkiliy tuzilishi qanday; qarz oluvchi korxona malakali, yuqori tajribali, etuk mutaxassis va ishchilarga egami, agar ular yo‘q bo‘lsa, xodimlarni o‘qitish kim tomonidan tashkil etilgan; xorijlik hamkorlar va mutaxassislar tomonidan qanday yordamlar qancha vaqt mobaynida ko‘rsatilishi lozim bo‘ladi, xorijiy mutaxassislarning soni va malakaviy darajasi, ular tomonidan ko‘rsatiladigan yordam xarajatlari qanday.
Texnik-iqtisodiy asos loyihachi va buyurtmachi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan loyihalashtirish ishlarini amalga oshirish uchun litsenziyasi bo‘lgan loyihachilar tomonidan ishlab chiqiladi. SHuningdek, maxsus konsalting firmalari tomonidan ham tuziladi.
Texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqishning boshlang‘ich bosqichida investor (buyurtmachi) maqsadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani tayyorlaydi. U quyidagi ma’lumotlardan iborat: investor va uning manzilgohi; ob’ektga tavsif (nomlanishi, texnik va texnologik ma’lumotlar, belgilangan faoliyatning asoslanishi); ob’ektni qurishda mehnat va boshqa resurslarga bo‘lgan ehtiyoj (kadrlar soni va ularni ta’minlash manbalarini, moddiy va xom ashyo, suv va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj); asosiy uskunalar ro‘yxati va ularning qurilish tavsifi; transport ta’minoti; ishchilar va ularning oilalarini uy-joy va ijtimoiy-maishiy tomondan ta’minlash; atrof-muhitga bo‘lgan ta’siri; loyihani moliyalashtirish manbalari; qurilish muddati; tayyor mahsulotdan foydalanish va boshqalar.
Texnik-iqtisodiy asosning tarkibi va mazmuni buyurtmachi bilan loyihachi tashkilot o‘rtasida o‘zaro kelishilgan holda qabul qilinadi va shartnomada ham o‘z aksini topadi. Texnik-iqtisodiy asosda katta va murakkab ob’ektlarning muqobil variantlarini va investitsiyalarni moliyalashtirish manbalarini alohida nazarda tutish kerak hamda soliq amortizatsiyasi va kredit siyosatini hisobga olish, iqtisodiy hisob-kitoblar (qurilish davri, loyiha quvvati va ekspluatatsiya ob’ektini o‘zlashtirish) bajarilishi uchun aniq davrni belgilash lozim.
Texnik-iqtisodiy asos investitsiya loyihasi to‘g‘risida etarli ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan bo‘lishi lozim. CHunki shu asosda investitsiyalashning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosaga kelish mumkin yoki, aksincha, maqsadga muvofiq bo‘lmasa, ushbu masala oldindan bartaraf qilinadi. Investitsiyalash va ishlab chiqarish xarajatlari, moliyaviy va iqtisodiy daromadlarning qat’iy hisobi faqat dastlabki texnik-iqtisodiy asosda loyiha andozasi aniq bo‘lgan holdagina bajariladi. Loyiha andozasi barcha mumkin bo‘lgan jihatlar va ular bilan bog‘liq masalalarni hisobga olishi kerak. Sanoat korxonalarining istalgan turi, hajmi va kategoriyasini qamrab oluvchi texnik-iqtisodiy asosning yagona bir yondashuvi yoki universal modeli amaliyotda mavjud emas. Ko‘pincha investitsiya loyihalariga keng ko‘lamdagi tavsiyalar qo‘l keladi.
Texnik-iqtisodiy asos mazmuniga ko‘ra dastlabki texnik-iqtisodiy asosga o‘xshash bo‘lsa ham, optimal tavsiflarga tijorat, texnik, tadbirkorlik risklarini qo‘shgan holda investitsiya loyihasi takrorlanadigan jarayon yo‘li bilan puxta ishlab chiqilishi kerak. Agar loyihaning puxtaligi yoki uning foydaliligini asoslash ishonchli bo‘lmasa, ko‘rsatkichlar chuqurroq tahlil qilinishi lozim, kerak bo‘lsa, loyiha maqsadga muvofiq bo‘lishi uchun o‘zgartirilishi ham mumkin.
SHunday qilib, texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish investitsiya loyihasining investitsiya oldi fazasida amalga oshiriladi. Investitsiya oldi fazasi, asosan, investitsiyalarni loyihalashtirishga taalluqlidir. Investitsiya oldi fazasini o‘tkazishning qiymati YUNIDO ma’lumotlariga ko‘ra, kapital qo‘yilmalar umumiy summasida 0,8 foizdan 5 foizgachani tashkil etadi. Investitsiya oldi tadqiqotlarini o‘tkazish xarajatlari loyiha umumiy qiymatining foizi hisobida taxminan quyidagilarni tashkil etadi:
loyiha imkonityalarini tadqiq etish - 0,2-1,0%;
dastlabki texnik-iqtisodiy asos - 0,25-1,5%;
texnik-iqtisodiy asos - 1,3-3,0%;
Loyihaning investitsiya oldi fazasida bo‘lg‘usi loyihalashtirish ob’ektining imkoniyatlari o‘rganiladi. Korxona (investor, loyiha tashkilotchisi) loyihaga investitsiya qilish to‘g‘risida dastlabki qarorni qabul qiladi va qurilishi kerak bo‘lgan ob’ektga rahbarni (boshqaruvchi, direktorni) tanlaydi. Loyihani amalga oshirishning turli xil variantlarini o‘rganish, loyihani texnik-iqtisodiy asosi va uning samaradorligini baholashni korxona o‘z kuchi bilan yoki maxsus tashkilotlar, masalan, loyihachi, arxitektor, qurilish tashkiloti, maslahatchi firmalarning ko‘magida amalga oshirishi mumkin.
Texnik-iqtisodiy asos sifati qanchalik yuqori bo‘lsa, loyihani baholash ishi shunchalik engil kechadi. Loyiha g‘oyasi tug‘ilgan vaqtdan boshlab so‘nggi davrgacha ko‘p vaqt va mablag‘lar sarfi kuzatiladi. So‘nggi baholash xulosalari esa ushbu ishlab chiqarishdan oldingi qilingan xarajatlar o‘zini oqlashi mumkinligini ko‘rsatadi va shu jihatdan yuqori ahamiyatli hisoblanadi.
Investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslashlarni ishlab chiqishda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tavsiyasi alohida ahamiyatga ega. Tadbirkorlar va barcha investorlar investitsiya loyihalarini mazkur tavsiya asosida ishlab chiqishi uni muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ta’minlaydi. SHuni ham ta’kidlash joizki, investitsiya loyihalarini texnik-iqtisodiy asoslash bosqichlari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ularning ketma-ketlikda amalga oshirilishi ham loyihaning sifatli ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.
Milliy bankning texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish bo‘yicha uslubiyoti xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, quyidagi bo‘limlardan tashkil topgan: kirish; loyihadagi operatsiyalar; loyihaning afzalliklari va foydaliligi; loyiha ta’sischilari va homiylari; loyiha bo‘yicha bitimlar (shartnomalar) qiymati; loyihaning moliyalashtirish rejasi; loyihadagi xom ashyo va boshqa xarajatlar; loyiha bo‘yicha tovar va xizmatlar, sotish bozorlari; loyihaning tashkiliy masalalari; loyiha bo‘yicha mulk va uskunalarni sug‘urtalash; loyiha bo‘yicha atrof-muhitni muhofaza qilishga doir ma’lumotlar; loyiha bo‘yicha qonun va qoidalar; loyiha bo‘yicha texnologiya va uskuna; loyihani kreditlashda banklarning o‘rni; loyiha bo‘yicha kafolatlar; loyiha quvvati va uning yillar bo‘yicha o‘zlashtirilishi; loyihadagi tayyor mahsulotning yillar bo‘yicha sotilishi; loyiha bo‘yicha xarajatlar; loyiha bo‘yicha kredit to‘lovlari va foizlarning yillar bo‘yicha hisob-kitobi; loyiha bo‘yicha daromadlar jadvali; loyiha bo‘yicha joriy aktivlar va passivlarning, aylanma kapital (ishchi kapitali)ning hisob-kitobi; loyiha bo‘yicha pul oqimi hisob-kitobi.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi yuqorida ko‘rsatilgan tartib va bo‘limlar asosida amalga oshirilishi loyihaning yuqori sifat darajasini ta’minlashga xizmat qiladi va u qarz oluvchilarga ham, qarz beruvchilarga ham muayyan iqtisodiy samaraga erishishga imkon beradi. Lekin shunday hollar ham kuzatilishi mumkinki, qarz oluvchilarning loyiha texnik-iqtisodiy asosini tayyorlashdagi bilim va tajribalarining etishmasligi, maxsus investitsion-konsalting va injiniring kompaniyalari xizmati doirasining torligi sababli texnik-iqtisodiy asoslashlarning sifatsiz tayyorlanish hollari kuzatilishi mumkin.
So‘nggi yillarda ko‘pgina rivojlangan davlatlar investitsiya loyihalarini rejalashtirishni YUNIDO uslubiyotiga muvofiq standartlashtirdi. Rivojlangan davlatlarda investitsiyalarga ko‘maklashuvchi sanoat korxonalari, maslahat firmalari, banklar va tashkilotlar ham investitsiya loyihalarini texnik-iqtisodiy asoslash va baholashda YUNIDO uslubiyotini qo‘llashokda. 1978 yilda YUNIDO tomonidan “Rukovodstvo po otsenke effektivnosti investitsiy” asari (mualliflar V.V.Berens, P.M.Xavraneklar) nashr qilindan keyingi yillarda unda yoritilgan uslubiy yondashuvlar uning 18 tilga tarjima qilinganligi va butun dunyoda qo‘llanilayotganligi bilan isbotlanadi. Uning asosiy maqsadi rivojlanayotgan davlatlarda texnik-iqtisodiy asoslashni standartlashtirishga ko‘maklashuvchi va investitsion takliflar sifatini oshirishdir. SHundan so‘ng YUNIDO tomonidan taklif qilingan texnik-iqtisodiy asoslashni tayerlashga bo‘lgan yondashuvlar investitsiyalarga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, banklar, davlat vazirliklari va boshqa oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, maslahat firmalari va investorlar tomonidan qabul qilindi.
YUNIDO uslubiyoti bozor sharoitlariga o‘tish davri iqtisodiyoti uchun juda foydalidir. Ushbu uslubiyot nafaqat yangi investitsiyalar uchun, balki korxonalarni modernizatsiyalash, kengaytirish va sog‘lomlashtirish loyihalari uchun ham juda qo‘l keladi. YUNIDO uslubiyotini joriy etish (qo‘llash) investorlar, qo‘shma korxonalar bo‘yicha hamkorlar, maslahat firmalari, uskuna etkazib beruvchilar uchun xam foydali bo‘lib, hamkorlarning bir-biri bilan o‘zaro aloqalarini engillashtiradi va investitsion takliflar sifatini yaxshilashga ko‘maklashadi. Aytish mumkinki, YUNIDO uslubiyotining keng tarqalishi investitsion takliflar hamda texnik-iqtisodiy asoslash sifatini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Hozirda loyihalarni tayerlash va baholash uchun YUNIDOning dasturli vositalari keng qo‘llanilmoqda. Ular orasida KOMFARalohida ahamiyatga ega. KOMFAR - bu loyiha tahlili uchun zarur bo‘lgan turli xil iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarni aniqlashda, shuningdek, moliyaviy va iqtisodiy tahlil uchun (personal kompyuterlarga kiritligan maxsus dastarlar asosida) qo‘lllaniladigan standartlashtirilgan imitatsion modeldir. Investitsiya loyihalarini texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishning YUNIDO uslubiyoti quyidagi bo‘limlardan iborat:
loyihaning qisqacha izohi;
loyihaning asosiy g‘oyasi;
bozor tahlili va marketing konsepsiyasi;
xom ashyo va uni etkazib beruvchilari;
loyihaning joylashish joyi, qurilish maydoni va atrof-muhitga ta’siri;
loyihalashtirish va texnologiyalar;
loyihaning tashkiliy masalalari va xarajatlar;
mehnat resurslari;
rejalashtirish va loyihani amalga oshirish byudjetini ishlab chiqish;
moliyaviy tahlil va investitsiyalarni baholash.
Xulosa qilib aytganda, loyihani texnik-iqtisodiy asoslashning unga qo‘yilgan talablar asosida yuqori sifat bilan amalga oshirilishi loyihaning samaradorligini ta’minlash bilan birga uni amalga oshiruvchilar manfaatlarining to‘g‘ri hisobga olinishini ta’minlaydi. Qandaydir inrvestitsiya loyihasini investitsiyalash bo‘yicha qaror qabul qilish investitsiya oldi tadqiqotlarini olib borishni taqozo etadi. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida kapital kiritishning samaradorligini tavsiflovchi, shuningdek, korxona quvvati, loyiha imkoniyatlarini ko‘rsatish yuzasidan xulosalar qilinadi. Texnik-iqtisodiy asoslash loyihaning texnik va iqtisodiy jozibadorligini, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatini aniqlashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |