4. Loyihani amalga oshirilishini nazorat qilish
Loyihaviy moliyalashtirish ishtirokchilari loyihani amalga oshirish jarayonini uzluksiz nazorat qilib boradi. Etakchi bank tomonidan qarz oluvchining kreditni qaytarish qobiliyatini, berilgan kreditdan maqsadli foydalanishi va garov holati yoki kafilning moliyaviy holati bo‘yicha kreditdan foydalanishning butun muddati davomida monitoringni amalga oshiriladi. Ushbu monitoring ishtirokchi banklar talabi asosida, ular ishtirokida yoki kredit shartnomasida belgilangan tartibda har bir ishtirokchi bank tomonidan mustaqil amalga oshirilishi mumkin.
Monitoring jarayonida etakchi bank va har bir ishtirokchi bank tomonidan qarzdorning xo‘jalik-moliyaviy faoliyati, uning tomonidan tuzilgan shartnomalarga (buyurtmalarga) muvofiq mahsulot etkazib berish majburiyatlarini bajarilishi, ishlab chiqarish hajmlari, noishlab chiqarish xarajatlari va yo‘qotishlar, muomala chiqimlari, foyda, o‘z aylanma mablag‘larining mavjudligi dinamikasi, tovar-moddiy boyliklar zahiralari ahvoli, aylanma mablag‘larning aylanishi, barcha bank hisobvaraqlaridagi harakatlarni tahlil qiladi va ushbu ko‘rsatkichlarni qarzdorning kredit yig‘majildida umumlashtirib boradi.
Bankka taqdim etilgan garovning holati va kreditdan samarali hamda maqsadli foydalanishi kredit shartnomasida kelishilgan shartlarga muvofiq joyiga chiqib o‘rganiladi.
Bugungi kunda bank amaliyotida «Banklar va ularning filiallari tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan kreditlar (kreditga tenglashtirilgan operatsiyalar, ya’ni faktoring, overdraft, lizing, bank kafolati va boshqalar) monitoringini yuritish» Tartibiga asosan investitsion loyihalar monitoringi olib boriladi va bunday monitoring tartibi har bir bank tomonidan kredit siyosatiga ko‘ra mustaqil tarzda ishlab chiqiladi.
Mazkur tartib kreditga tenglashtirilgan operatsiyalar, ya’ni faktoring, overdraft, lizing, bank kafolati va boshqalar uchun berilgan milliy va xorijiy valyutadagi operatsiyalar va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditlarga ham taalluqlidir. Kreditlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ularni ajratish bo‘yicha bo‘yicha yakuniy qaror Bosh ofis kredit qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi. Mazkur tartibni ishlab chiqishdan bosh maqsad berilgan kreditlardan samarali foydalanish, kredit bo‘yicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlarni o‘z vaqtida undirish, berilgan kreditlarning muammoli kreditlarga aylanmasligini o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish uchun tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish hisoblanadi.
Bank kredit siyosatiga ko‘ra kreditlar monitoringi 3 bosqichga bo‘linadi:
– 1-bosqich – dastlabki monitoring (loyiha ekspertizasi bosqichida amalga oshiriladigan monitoring);
–2-bosqich– joriy monitoring (kredit berish jarayonidagi monitoring);
–3-bosqich–keyingi monitoring (kreditni yopish jarayonidagi monitoring).
Banklarda loyihalarga berilgan kreditlar bo‘yicha dastlabki monitoringni amalga oshirish “O‘zbekiston Respublikasida banklar tomonidan kredit hujjatlarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida amalga oshiriladi.
Kreditlar monitoringini yuritish bo‘yicha mas’ul bo‘linmalar bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
Filiallar miqyosida: kredit bo‘limlari; yuridik xizmatlar bo‘limi.
Bosh ofis bo‘yicha: bankning investitsiya faoliyati muvofiqlashtirish va monitoring qilish departamenti; kreditlash departamenti; lizing operatsiyalari deportamenti; muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti; kredit risklarini boshqarish departamenti; korporativ mijozlar bilan ishlash departamenti; yuridik xizmat deportamenti.
Qurilishni moliyalashtirish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha etakchi va ishtirokchi banklar monitoring jarayonida kreditlangan ob’ektda bajarilgan ishlar hajmini nazorat o‘lchovini kredit shartnomasida qayd etilgan muddatlar va shartlar asosida amalga oshiradi.
Monitoring natijalari etakchi bank tomonidan ishtirokchi-banklarga hamda ishtirokchi banklar tomonidan boshqa sindikat a’zolariga sinditsiyalashtirilgan kredit haqidagi kelishuvda belgilangan muddatlarda yuboriladi. Monitoring sifati va muammoli kreditlarni o‘z vaqtida aniqlanishi bo‘yicha javobgarlik har bir ishtirokchi bank zimmasida bo‘ladi. Monitoringni amalga oshirish bank sindikati kelushivida yoki kredit shartnomasida etakchi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunda monitoring sifati va muammoli kreditlarni o‘z vaqtida aniqlash borasidagi javobgarlik etakchi bank zimmasida bo‘ladi.
Berilgan kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalanganlik holati aniqlanganda, ishtirokchi banklar yoki etakchi bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda, kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchining talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘idan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
Sinditsiyalashtirilgan kredit bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lanmagan hisoblangan foizlarni undirish va kreditni qaytarish etakchi va ishtirokchi banklar tomonidan ularning mazkur kredit umumiy summasidagi ulushiga mos holda qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisob varag‘ida mavjud mablag‘lar hisobidan, kredit shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda undiriladi.
Hisoblangan foizlar va kredit qoldig‘i bo‘yicha barcha majburiyatlarini bajarish uchun qarz oluvchining mablag‘lari etarli bo‘lmagan taqdirda kredit uchun hisoblangan foizlar va kredit qarzi qoldig‘ini to‘lash bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikni qaytarish Fuqarolik kodeksining 784-moddasiga muvofiq belgilangan navbat tartibida amalga oshiriladi.
Etakchi bank tomonidan muammoli kreditni paydo bo‘lishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar boshqa ishtirokchi-banklar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Etakchi bank, uning tomonidan kreditlash jarayonini noto‘g‘ri tashkil etilishi va uning natijasida zarar ko‘rilishiga olib keladigan quyidagi harakatlar bo‘yicha javobgar bo‘ladi: kredit hujjatlarini noto‘g‘ri rasmiylashtirish, yuzaki monitoring o‘tkazish, ishtirokchi-banklarga kredit qaytarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar borligi haqida ma’lum qilmaslik, qarz oluvchining depozit hisobraqamida mablag‘lari bo‘lgan taqdirda, kreditlarni qaytarish uchun mablag‘larni o‘z vaqtida o‘tkazmaganlik yoki umuman o‘tkazmaganlik va h.k.
Etakchi bank mazkur bitimni tashkil etish paytidagi bevosita va qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflarini qoplashi uchun qarz oluvchidan vositachilik haqi undirish huquqiga ega. Vositachilik haqi miqdori sinditsiyalashtirilgan kreditlash haqidagi kelishuvda va kredit shartnomasida nazarda tutiladi.
Qarz oluvchi tomonidan asosiy qarzni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida kelishilgan muddatda qaytarilmasa, etakchi bank boshqa ishtirokchi-banklar bilan kelishilgan holda Fuqarolik kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq sudga murojaat qilmasdan, undirishni mustaqil ravishda garov predmetiga qaratishga haqlidir.
Garovga qo‘yilgan mulkni sotishdan tushgan mablag‘ summasi barcha hisoblab yozilgan foizlar va kredit qarzi qoldig‘ini qoplash uchun etarli bo‘lmagan taqdirda u ishtirokchi banklar o‘rtasida ularning mazkur sinditsiyalashtirilgan kredit bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘idagi ulushiga nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditni qaytarilishini ta’minlashning boshqa shakllarida ham ishtirokchi banklar talablarini qondirish xuddi shu tartibda amalga oshiriladi.
Ishtirokchi banklar tomonidan sinditsiyalashtirilgan kredit bo‘yicha qarz oluvchining to‘lovga qobiliyatlilik darajasida muammolar paydo bo‘lganligi aniqlangan taqdirda ehtimolli yo‘qotishlarni qoplash uchun Adliya vazirligida 1999 yil 11 fevralda 632-raqam bilan ro‘yxatga olingan «Aktivlar sifatini tavsiflash, ular bo‘yicha mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarni qoplash uchun tijorat banklari tomonidan yaratiladigan zahiralarni shakllantirish va ulardan foydalanish to‘g‘risida Nizom»ga muvofiq sinditsiyalashtirilgan kreditdagi ulushi hajmida zaxiralar yaratishga majburdirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |