Unda faqat junbushga bo’lgan tuyguni, quyilib kelayotgan fikrni go’zal shaklda ifodalay olish erki bor, xolos. Ilhomni zo’rlab bo’lmaydi. Talantli shoirlar istalgan vaqtda emas, ko’ngillari tusagandagina she'r o’qiy oladilar. Bundayroq shoirlarga iltimos qildingiz, bas o’qiyverishadi. Negaki, birinchi toifadagilar chinakam iste'dod sohiblari va ular ilhom bilan ish ko’radilar. Keyingilar esa ijrochilar, ularga tomoshabin bo’lsa bas. Shu bois ilhomni zo’rlab bo’lmaydi. Zo’rlangan ilhom chala nasl beradi. Shu sabab To’ra Sulaymon butun tuyguga, butun yurakka egaligi haqida faxr bilan yozadi: Menga butun ko’ngil kerak, kun kerak, Menga tutash yulduz to’la tun kerak. Men y’rtilab muhabbatni olmayman, Men yorti do’st xonasida qolmayman. U chala suymaydi, chala yashamaydi, chala dovlashmaydi, chala yovlashmaydi, chala do’stlashmaydi. O’z so’ziga, o’z tuygusiga ega bo’lganligidan gururlanadi. Tuygular o’ziniki bo’lgani bois "yuqumli". Birovdan tuygu olib, birovning ovozi bilan kuylab, birovning so’zi-la tasvirlab, e'tirof qozonish mumkin emas. Yoki mana bu tashbeh boshqa biror shoirni esga soladimi: ,,Osmon o’rtasinda nozlanadir oy.,,Bu misralar kishini beixtiyor shoir tasavvuriga mos ruhiy holatga tushiradi. So’zning qudrati shuda! To’ra Sulaymon so’zning jilosini teran his etadi. So’zning xotirasidan ko’tarilgan xalqona ohangdor shakllarini, unut bo’layozgan qadimiy ma'nolarini topadi. Shoir so’z izlamaydi, balki holatga nom qidiradi. Uning tuygulari-xalqona. Binobarin, ifoda ham shunga mos. Holatga yarashikli so’z topa bilish shoir uchun saodat. "To’lganoy" dostonida: "Uni chechan demakimta'biri yarashmasa..." deydi shoir va o’zi imkon boricha yarashikli ta'bir topishga, ta'sirli tasvir qilishga urinadi. Har qanday ijodkorning asl qiyofasini uning tili belgilaydi. Shu ma'noda To’ra Sulaymon tamomila o’ziga xos shoirdir. To’gri, u ham boshqalar foydalanib yurgan so’zlarni ishlatadi. Lekin u bu so’zlarni kitobdan olmaydi. Kitobdan olingan so’z obrazlarga yopishmaydi. Badiiy matnda ham begonaligi bilinib turadi. T.Sulaymon so’zga ayricha bir erkinlik bilan yondashadi. U har qanday asov so’zni ham yuvvosh torttiradi. So’zni ruhga buysindira biladi. O’zi so’zning emas, ruhning stixiyasi yetovida yuradi. Oddiygina so’zdan faqat To’ra Sulaymonga xos tasvir uslubini vujudga keltira oladi. Quyidagi tasvirlarga e'tibor qiling:
Do'stlaringiz bilan baham: |