O‘zbekiston
Janubiy-Sharqning yangi industrial mamlakatlari bilan ham faol aloqalarni
o‘rnatgan bo‘lib, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiyalashni jadallashtirishda ularning
tajribasidan foydalanish va investitsiyalarini jalb etishdan manfaatdordir.
O‘zbekistonning
rivojlangan mamlakatlar bilan teng huquqli aloqalarining o‘rnatilishi
alohida ahamiyatga ega. Uning AQSh, Germaniya, Yaponiya, Fransiya, Italiya va boshqa
yetakchi mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalari kengayib bormoqda. Bu zamonaviy
texnologiyalarga yangi investitsiyalarni jalb etishga, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi
yangi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojiga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash
uchun yo‘l ochadi. Xalqaro tashkilotlar doirasida samarali siyosiy faoliyati, xorijiy
mamlakatlar bilan teng huquqli ikki tomonlama va ko‘ptomonlama aloqalarning o‘rnatilishi
respublikamizning xalqaro madaniy makonga integratsiyalashuviga yordam beradi.
Madaniy aloqalar sohasida mamlakatimizning jahonga dunyoviy sivilizatsiyaning
qadimgi o‘choqlaridan biri, umuminsoniy ahamiyatga molik bo‘lgan boy madaniy
qadriyatlarning egasi sifatida qaytadan ochilishi nihoyatda muhimdir. Samarqand, Buxoro,
Xiva, Shahrisabzdagi tarixiy-arxitektura obidalari nafaqat bizning milliy boyligimiz, balki
inson ruhining buyuk ijodi, uning bunyodkorlik imkoniyatlarining guvohi sifatida butun
insoniyatga tegishlidir. Shu o‘rinda bunday yodgorliklarning mamlakatimiz iqtisodining
tarmoqlaridan bo‘lgan xalqaro turizm va turistik industriya tomonidan yetarlicha
o‘zlashtirilmaganini ta'kidlash joizdir. YuNeSKO rahbarligida xalqaro miqyosda Amir Temur
tavalludining 660-yilligi, Buxoro va Xivaning 2500-yilliklarining nishonlanganligi ham jahon
madaniyati rivojida o‘zbek xalqining o‘rni va ahamiyatining tan olinganligidan dalolat beradi.
Respublikamizning jahon
iqtisodiy hayotiga integratsiyasi muammolari nihoyatda
muhimdir. Mustaqillik yillarida bozor shart-sharoitlari doirasida amalga oshiriladigan tashqi
iqtisodiy faoliyatning huquqiy va normativ hujjatlari qabul qilindi. Respublika o‘zining tashqi
iqtisodiy siyosatini eng avvalo, ko‘pgina nufuzli xalqaro iqtisodiy va moliyaviy
tashkilotlarning a'zosi sifatida amalga oshiradi. Bu esa bir qator yirik transnatsional va
mintaqaviy loyihalarni hamjihatlikda amalga oshirish imkoniyatini beradi. Xususan,
O‘zbeksiton uchun Hind va tinch okeanlaridagi, Qora dengiz va O‘rta dengizdagi, Fors
ko‘rfazidagi katta portlarga chiqishni ta'minlaydigan davlatlararo avtomobil va temir yo‘l
magistrallari qurilishida ishtirok etish nihoyatda muhimdir.
Sharq va G‘arb, Shimol va Janubdan o‘tuvchi yo‘llar chorrahasida joylashgan
O‘zbekiston, o‘zining geosiyosiy mavqyeidan kelib chiqib, faqatgina vositachi ko‘prik
sifatidagina emas, balki o‘zining raqobatbardosh mahsulotlari va ishlab chiqarishni eksport
sektorini rivojlantirishi orqali zamonaviy tarzda Buyuk Ipak yo‘li marshrutini tiklashni
maqsad qilib qo‘ygan. Bu respublikamizning xalqaro savdo tizimida o‘z o‘rnini topishga
imkoniyat beradi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga tobora ko‘proq ochiqlik xos bo‘lib bormoqda. Xorijiy
sarmoyalarning kiritilishi, qulay shart-sharoitlar, sarmoyadorlar uchun imtiyozlarning keng
tizimi vujudga keltirilmoqda. Xorijiy hamkorlar ishtirokida ko‘pgina qo‘shma korxonalar,
ishga tushirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: