Borliq va yo‘qlik
Borliq tushunchasiga qarama-qarshi tushuncha - bu yo‘qlikdir. Agar borliq tushunchasi
nimaningdir mavjudligini ifodalasa, yo‘qlik tushunchasi esa o‘sha joyda nimaningdir mavjud
emasligini anglatib, «nima»ning aksi bo‘lgan «hyech nima»ni aks ettiradi. Borliq, yuqorida
qayd etganimizdek, absolyut mazmunga ega bo‘lib, muayyan (konkret) narsalar shaklida va
nisbatan muayyan sifatiy holda mavjud bo‘lgan yaxlit ob'ektiv va sub'ektiv reallikni o‘ziga
qamrab oladi.
Yo‘qlik esa nisbiy mazmundagi tushuncha bo‘lib, qaerdadir yoki nimadadir, nimaningdir
ayni paytda mavjud emasligini ifodalaydi. Masalan, yo‘qlik deb o‘tmishdagi va kelajakdagi
hodisalarning hozirgi zamonda (ayni shu vaqtda) yo‘qligini aytishadi. Bugungi hodisa kecha
hali yo‘q edi, ammo potensial (imkoniyatdagi) borliq sifatida mavjud edi. Ertangi hodisa ham
hozircha yo‘qlik, ammo potensial borliqdir. Biz o‘tmishni bugungi kunda qoldirgan iziga
qarab, kelajakni esa bugungi hodisalardagi o‘zgarish sur'ati (tempi) va tendensiyalariga qarab
baholaymiz. Bugungi voqyelik ertaga yo‘qlikka aylanadi, ko‘pgina tirik jonivorlar ertaga o‘lik
bo‘ladi, ya'ni hayot o‘limga aylanadi. O‘lim - bu hayotning yo‘qligidir. Olingan individning
hayotiy borlig‘i u o‘lgach, yo‘qlikka aylanadi. Ammo, uning qoldiqlari, tanasi birdan
yo‘qolmasligi mumkin. Ular ham yo‘qolgach, odamlar xotirasida uning siymosi qolishi
mumkin. Xullas, absolyut (mutlaq) yo‘qlikning o‘zi yo‘qdir. Yo‘qlik shu ma'noda nisbiy
mazmun kasb etadi.
Yo‘qlik(hyech nima)ni gnoseologik ma'noda ham tushunish mumkin. Biz yo‘q deb
hisoblagan ob'ektlar hozircha bizning fikr doiramizdan (bilish chegarasidan) chetda qolgan
bo‘lishi ham mumkin. Voqyelikning muayyan joyida ma'lum bir sinfga mansub ob'ektlar,
ularning munosabat va aloqadorliklarining uchramasligini ham yo‘qlik deyish mumkin.
Masalan, fizik vakuumda bizga ma'lum bo‘lgan biror fizik ob'ekt uchramaydi. Aslida, u joyda
ham biz hali bilmaydigan shakldagi gipotetik olamlar va ularning o‘ziga xos bo‘lgan
xususiyatlari, qonuniyatlari mavjuddir. O‘tgan asrlarda elektromagnit maydoni, ko‘pgina
elementar zarrachalarning mavjudligi haqidagi tasavvurlar yo‘q edi. Aniqrog‘i, biz ularning
mavjudligini bilmas edik. Ular biz uchun «yo‘qlik» hisoblanar edi. Mana shunga «borliq va
yo‘qlikni gnoseologik tushunish» deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |