Ichki reduktorli va doimiy magnitli starterlar.
Ichki reduktorli va doimiy magnitlardan uyg‘atiladigan startorlar. Ichki yonuv dvigateli va ishga tushirish sistemasining tavsifnomalarini bir-biriga ratsional moslashtirishda yuritmaning startordan dvigatelga bo‘lgan uzatish soni i katta ahamiyatga ega. Har bir dvigatel va uni ishga tushirish sharoitlari uchun yuritmaning, elektrostartor quvvatini eng to‘la ishlatilishini ta’minlaydigan uzatish sonlari mavjud. Ammo, reduktorsiz yuritma mexanizmlarida, shesternaning mexanik mustahkamlik shart-lariga ko‘ra i ning qiymati 16 dan katta bo‘lmaydi.
Ikkinchi tomondan, i ning ortishi startor elektrodvigatelining o‘lchamlari va massasini kamaytirish imkonini beradi. Oxirgi yillarda elektrostartorlarning o‘lchamlari va massasini kamaytirish maqsadida elektrodvigatel chulg‘amlarini yengil aluminiydan tayyorlash, issiqqa chidamli yuqori sifatli izolyatsiya materiallar ishlatilishi bilan birga, ichki qismiga reduktor o‘rnatilgan o‘lchamlari kichik, aylanish chastotasi yuqori bo‘lgan startorlar tobora keng qo‘llanilmoqda.
Reduktorli startorlarda yakor vali bilan startorning chiqish vali orasiga aylanish chastotasini 3-4 marta pasaytiradigan reduktor o‘rnatilgan. Bunda elektrodvigatelning salt ishlagandagi aylanishlar chastotasi 15000-20000 min-1 gacha orttiriladi, yakor validagi aylantiruvchi moment qiymati esa sezilarli darajada pasayadi. Reduktorli startorlarning qo‘llanishi ularning ishlab chiqarish texnologiyasini sezilarli darajada o‘zgarishiga olib keldi. Xususan, tez aylanuvchi qismlarning mexanik mustahkamligi oshirildi, yakor chulg‘amlarini izolyatsiya qilish uchun pishiqligi yuqoriroq bo‘lgan materiallar qo‘llaniladigan, elektrodvigatelning asosiy zanjirlaridagi qalaylash yo‘li bilan ulanadigan birikmalar payvandlanadigan, aylanuvchi qismlarni aniq muvozanatlashtirish amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Oxirgi vaqtda quvvati 2 kVt dan katta bo‘lmagan startorlarda doimiy magnitlardan uyg‘otilish usuli tobora keng tatbiq topmoqda (2.15-rasm, 6). Odatda soni oltita bo‘lgan doimiy magnitlar startor qobig‘ining ichki qismiga diametri bo‘ylab mahkamlanadi. Doimiy magnit koersitiv kuchi nisbatan katta bo‘lgan stronsiy ferritidan tayyorlanadi. Koersitiv kuchi katta bo‘lgan doimiy magnitlar startor ishga tushirilayotgan jarayonda yuzaga keladigan “yakor reaksiyasi” ta’sirida magnitsizlanishga chidamli bo‘ladi va o‘zining magnit xususiyatlarini uzoq vaqt davomida barqaror saqlaydi. Mamlakatimizda chiqarilayotgan NEKSIA avtomobilining startori elektrodvigateli ham doimiy magnitlardan uyg‘otilish prisipiga asoslangan.
Bu turdagi startorlarning yangi avlodiga temir-neodim-bor qotishmasidan tayyorlangan yuqori energiyali doimiy magnitlar o‘rnatilmoqda. Bu magnitlar “Magnakvench” nomi bilan yuritiladi. Energiyasi 22-30 kJ/m3 bo‘lgan strontsiy ferritiga nisbatan “Magnakvench” magnitlarining energiyasi sezilarli darajada katta bo‘lib, 100-290 kJ/m3 doirasida yotadi. Bu magnitlar asosida tayyorlangan startorlar juda ixcham va yengilligi bilan ajralib turadi. Temir-neodim-bor qotishmasining ancha qimmatligi, ochiq havoda oksidlanishga moyilligi va temperaturaga ta’sirchanligi bu magnitlarning jiddiy kamchiligi hisoblanadi. Bu kamchiliklarni bartaraf qilish uchun tayyorlash jarayonida magnitga maxsus ishlov berish zarur bo‘ladi
Do'stlaringiz bilan baham: |