ISHGA TUSHIRISH TIZIMINING TEXNIKAVIY QAROVI
Zamonaviy avtomobillarga o‘rnatilayotgan startorlar ancha yuqori ishonchlilik darajasiga ega va ular texnikaviy qarov va rostlash ishlarini ko‘p talab qilmaydi.
Avtomobilda ikkinchi texnik xizmat (TXK-2) o‘tkazilayotganda startor zanjiridagi hamma kontaktlarni tekshirish zarur. Avtomobil 40000 km yurgandan keyin startorni yechib, quyidagi ishlarni amalga oshirish tavsiya qilinadi: yakor valining bo‘ylama tirqishini va cho‘tkalarning tutqichlarda erkin harakat qilishini tekshirish; cho‘tkalarning yeyilganlik darajasini ko‘rish, zarurat bo‘yicha ularni almashtirish; dinamometr yordamida cho‘tka prujinalarining bosim kuchini o‘lchash; yuritma mexanizmining ishlashini tekshirish.
Startor yechilib, qismlarga ajratilgandan so‘ng uyg‘otish va yakor chulg‘amlari, kollektor, podshipniklar va tortish relesi holatlari aniqlanadi. Startor qayta yig‘ilgandan keyin uning ishga yaroqligi maxsus qurilmalarda (Э211, 532M) salt ishlash va to‘la tormozlanish rejimlarida tekshiriladi.
Salt ishlash rejimida tekshirilganda startorning aylanishlar chastotasi n va iste’mol toki I0 qiymatlari o‘lchanadi. Olingan tajriba ma’lumotlari aynan tekshirilayotgan turdagi startorlar uchun belgilangan ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi. Startorni salt ishlaganda tekshirib, ta’mirdan keyingi yig‘ilish sifati va mexanik nosozliklari aniqlanadi. Nosozliklar mavjudligi ( yakor valining podshipniklarda qiyinlik bilan aylanishi va hokazo) salt rejimda iste’mol tokining belgilangan qiymatdan ortib ketishiga va yakor aylanishlar chastotasini esa kamayib ketishiga olib keladi.
To‘la tormozlanish rejimida startorni avj oldirgan maksimal moment Mmax , qisqa tutashish toki Iqt va uning qisqichlaridagi kuchlanish Ust o‘lchanadi. Bu parametrlarga ko‘ra, startorning elektr va magnit zanjirlari holati aniqlanadi. Masalan, cho‘tkalar va kollektor orasidagi kontaktning yaxshi emasligi iste’mol toki va aylantiruvchi moment qiymatini me’yordagidan kamayishiga olib keladi. Yakor chulg‘amlarining startor qobig‘iga (ya’ni massaga) tutashuvi yoki uyg‘otish chulg‘amlaridagi qisqa tutashuv iste’mol tokining keskin ortib ketishiga, burovchi momentni esa kamayishiga olib keladi. Startor qisqichlaridagi kuchlanishning tavsifnomasidagi qiymatidan kamligi akkumulator-startor zanjirida yoki akkumulatorning o‘zida nosozlik mavjudligidan darak beradi.
Startorni salt va to‘la tormozlanish rejimlarida tekshirganda akkumulatorlar batareyasi ishga yaroqli va kamida 75% ga zaryadlangan bo‘lishi kerak.
Startorni avtomobildan yechmasdan turib ishga yaroqligini tekshirish uchun kesim yuzi katta bo‘lgan sim bilan tortish relesidagi kontakt boltlarini o‘zaro tutashtirish kerak. Elektrodvigatelning aylanishi uning ishga yaroqliligining belgisidir. Tortish relesini tekshirish uchun uni chulg‘amlarining umumiy chiqish simini bevosita akkumulatorlar batareyasining musbat qutbiga ulanadi. O‘t oldirish kaliti va uning zanjiri qo‘shimcha rele chulg‘amlarini bevosita akkumulatorga ulash yo‘li bilan tekshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |