STARTORLARNI BOSHQARISH ELEKTR SXEMALARI
Ma’lumki ichki yonuv dvigatellarining ishga tushirish tizimlarida startor elektrmagnit tortish relesi yordamida masofadan, ya’ni haydovchi kabinasidan turib boshqariladi. Dizel dvigatellarida bu jarayon, kontaktlari tortish relesining iste’mol qiladigan tok ta’siriga chidamli, startor ulagichlari yordamida amalga oshiriladi. Benzinli dvigatellarda esa tortish relesi, ba’zan bevosita o‘t oldirish kaliti orqali (kam quvvatli startorlarda), lekin aksariyat hollarda, chulg‘amlari o‘t oldirish kaliti orqali ulangan qo‘shimcha rele vositasida boshqariladi. Chunki, dvigatelni ishga tushirish jarayonida tortish relesining iste’mol toki 30-40 A ni tashkil qiladi va o‘t oldirish kalitining kontaktlari bu qiymatdagi toklar bilan ishlashga mo‘ljallangan emas.
Startorlarda ko‘pincha dvigatelni ishga tushirish jarayonida akkumulatorlar batareyasi energiyasini tejash imkonini beradigan ikki chulg‘amli (tortuvchi - "TCh" va ushlab turuvchi - "UTCh") tortish relelari ishlatiladi. Ikki chulg‘amli tortish relesining ishlashi 2.17-rasmda tasvirlangan. O‘t oldirish kaliti ulanib, qo‘shimcha rele kontaktlari -QRK tutashganda, akkumulatorlar batareyasidan keladigan tok ikkita chulg‘am - UTCh va TCh dan o‘tadi (2.17-a rasm). Bu ikki chulg‘am hosil qilgan elektromagnit maydon ta’sirida tortish relesining yakori tortilib, pishang vositasida yuritma mexanizmini harakatga keltirib, shesterna va maxovikning tishli gardishini ilashishini ta’minlaydi. Yakor harakatining oxirida o‘zining ikkinchi uchidagi kontaktli lappak yordamida tortish relesining asosiy kontaktlari TRK ni tutashtiradi va tok manbaini bevosita elektrodvigatel chulg‘amlariga ulaydi (2.17-b rasm).
Tortish chulg‘ami - TCh sxemaga shunday ulanganki, TRK tutashishi bilan TCh shuntlanadi, chunki dvigatelni ishga tushirish jarayonining bu bosqichida tortish rele kontaktlarini tutash holda saqlab turish uchun ushlab turuvchi chulg‘am magnit maydonining tortish kuchi etarli bo‘ladi.
Dvigatel ishga tushgandan keyin, qo‘shimcha rele kontaktlari QRK uziladi va tok, tortish relesining kontaktlari TRK, TCh va UTCh chulg‘amlari orqali ketma-ket o‘tadi (2.17-c rasm). Bunda UTCh chulg‘amdan o‘tayotgan tok yo‘nalishi oldingiday bo‘lsa, TCh dan tok teskari yo‘nalishda o‘tadi. Har ikkala chulg‘amdagi o‘ramlar soni va ulardan o‘tayotgan tok bir xil bo‘lganligi sababli bu chulg‘amlarning magnit yurituvchi kuchlar yig‘indisi nolga teng bo‘ladi. Natijada, rele elektromagniti magnitsizlanadi, qaytarish prujinasi rele yakorini dastlabki holiga qaytarib, rele kontaktlari TRK ni uzadi va yuritma mexanizmining pishangiga ta’sir ko‘rsatib, shesternani ilashishdan chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |