11-SINF
ADABIYOT IV CHORAK 54 -DARS
MAVZU: Mustaqillik davri she‘riyati. Jamol Kamol "Asr bilan vidolashuv", Oydin Hojiyeva "Mustaqik Vatanni baxt nuri chaysin", Usmon Azim "Grafika", Xurshid Davron "Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim", Mahmud Toir "Momo yer", Sirojiddin Sayyid "Vatan", Iqbol Mirzo "O‘zbek" she‘rlari.
Xurshid Davron
O‘zbekiston xalq shoiri
(1952-yilda tug‘ilgan)
«Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim»
Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim,
Sen chekkan g‘am, hasratda kuydim.
Suydim sening Oqdaryongni ham,
Hamda Qoradaryongni suydim,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Sen bobolar bitgan baytdirsan,
Muhabbatim qo‘shib ayturman.
O‘tmishingga yo‘l solib goho,
Kelajaging bilib qayturman,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Sen o‘tgan yo‘l — yuragim yo‘li,
Iztirob yoshlari cho‘kkan yo‘l.
Bobolarim jasoratiga
Guvoh — alvon qonga cho‘mgan yo‘l,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Bu yo‘llardan borurman, qadim
Bitiktoshlar chiqar qoshimga.
Ular so‘zin ko‘chiraman jim
Yuragimning bujur toshiga,
Ey, dardimga darmonim, Vatan!
Isming aytib chiqar kurtaklar,
Isming aytib chiqadi quyosh.
Isming aytar jangchi yuraklar
Kurash chog‘i tugasa bardosh,
Ey, qalbimning onasi Vatan!
Bolakaylar qog‘ozdan yasab
Oqizgan kemachalarday,
So‘lim tonglar, ol tonglar yasan
Oqib chiqar kechalaringdan.
Sen umrimning tongisan, Vatan!
Men ko‘ksingga boshimni qo‘ydim,
Sen chekkan dard, hasratda kuydim.
Suydim sening Oqdaryongni ham,
Hamda Qoradaryongni suydim,
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Mahmud Toir
O‘zbekiston xalq shoiri
(1952-yilda tug‘ilgan)
Momo yer
Shamollarning shokilasi daraxtlarning bo‘ynidadir,
Tog‘lar toshin dil izhori irmoqlarning o‘ynidadir,
Oshiq bulbul sir, xandasi g‘unchalarning qo‘ynidadir,
Aytar so‘zim suvratini, Momo yerim, o‘zing berding.
Maysalaring shivirlashdi, tizlar cho‘kdim, quloq berdim,
Bilmay bosib chumolini, gunohimga so‘roq berdim,
Vatan ne deb so‘rganlarga bir kaftgina tuproq berdim,
Menga Vatan siyratini, Momo yerim, o‘zing berding.
Turnalarning tumorlari yaratganning o‘zidadir,
Kimki poklik axtaribdur – halol topgan tuzidadir,
Gar gunohi, savobi bor bandasining izidadir,
Pokdomonlik jur’atini, Momo yerim, o‘zing berding.
Quyosh ko‘kda sen deb yashar, oy boshingda o‘rgiladi,
Ko‘rdim har tun ming-ming yulduz etagingga nur eladi,
Chimdimgina loying bilan qaldirg‘och beshik beladi,
Bu dunyoning hayratini, Momo yerim, o‘zing berding.
Senda ungan har bir giyoh Yaratganga sano aytar,
Ko‘kka yetgan teraklar ham kuni bitsa senga qaytar,
Muhammadga ummat Mahmud kafti kuyib duo aylar,
Oshiqlikning qudratini, Momo yerim, o‘zing berding.
Sirojiddin Sayyid
O‘zbekiston xalq shoiri
(1958-yilda tug‘ilgan)
VATAN
Dil porasi, ko‘z qorasi sen o‘zingdirsan,
Mening ko‘nglim sen, aslida, sen ko‘zimdirsan.
Tomirimda tomir yoygan ilk so‘zimdirsan,
Ilk og‘rig‘im, ilk yomg‘irim, naysonim, Vatan.
Qir ustida yonboshlagan bobom chaylasi
Bu dunyoda kimlarningdir orzu-havasi.
Dimog‘imda — yulduz isi, shabnamlar isi,
Momom ekib ketgan kashnich, rayhonim,Vatan.
Quloq solsam shivirlagay hatto toshlaring,
Oy-u quyosh, kamalaklar ko‘z-u qoshlaring.
Beshigimni tebratgandir qaldirg‘ochlaring,
Oy-u quyosh ko‘rpa solgan ayvonim, Vatan.
Bo‘ronlari tulporlarga tunlar yol bo‘lgan,
Bir o‘g‘loni chinor, biri majnuntol bo‘lgan.
Temurlari ot minganda jahon lol bo‘lgan,
Jahonlarga timsol shoh-u sultonim, Vatan.
Valilardan ibrat so‘ylar qadim sahrolar,
So‘ndi qancha saltanatlar, qancha tug‘rolar.
Maqbaralar aytsin lekin, aytsin Zuhrolar:
Yer ostidan suhbat aylar hanuz Kubrolar,
Termiziylar bedor yotgan qo‘rg‘onim, Vatan.
Ne tong edi — izg‘irinlar zahrini totding,
Dasturxonda muztar qoldi qand-u naboting.
Shahidlaring nomlaridir har bir raboting,
Abadiy yod erur asli adabiyoting,
Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy ham Usmonim, Vatan.
Gard qo‘nmasin toki sening kipriklaringga,
Kipriklarim kiprik qilay ko‘priklaringga.
Malham bo‘lmoq uchun asriy og‘riqlaringga
Bulutlaring suzib yurar ko‘k, qirlaringga,
Uyg‘oq ruhlar osmonida posbonim, Vatan.
Naqshlaring qutuldilar kishan-bandlardan,
Xatlar oldim yuragimga Naqshbandlardan,
Afrosiyob bilan tengdosh kuy, ohanglardan.
She’rlarimga ranglar oldim Samarqandlardan,
Gohi moviy, gohi zangor dostonim, Vatan.
Ulug‘laring xokini men yuzlarga surtay,
Dilimdagi eng muqaddas so‘zlarga surtay,
Onamdayin aziz non-u tuzlarga surtay.
Ozod bo‘lgan oyatlaring ko‘zlarga surtay,
O‘z yurtiga qaytib kelgan Qur’onim, Vatan.
Men dunyoni ne deb aytay? Bu bir ko‘hna bog‘,
O‘z bilganin sayrar bunda har qumri, har zog‘.
Aslo sening bag‘irlaring ko‘rmayin men dog‘,
Yulduzlarga osmon bo‘lgan, ey nurli tuproq.
Osmonlari yer-u, yeri osmonim, Vatan.
So‘qmog‘ingda men bir epkin yo bir nasimman,
Yaproq sening, xas bo‘lsam gar sening xasingman.
Jayronlaring ko‘zlarida qolar so‘zingman,
Mening borim sen bilandir, yo‘g‘im sen bilan,
Katta yo‘lga chiqqan ulug‘ karvonim, Vatan.
Iqbol Mirzo
O‘zbekiston xalq shoiri
(1967-yilda tug‘ilgan)
O‘ZBEK
Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam,
Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar Enasoylaring, o‘zbek.
Nuh to‘foni, demak, qismat shamoli,
Kimningdir kamoli, kimning zavoli.
Sargashta kun ko‘rding ohu misoli,
Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.
Dili qonga to‘lib, ko‘zlari – yoshga,
Alp Tegin bir hikmat chegirdi toshga:
«Bizning qayg‘umiz yo‘q boladan boshqa...»
Bolangga bog‘lidir o‘ylaring, o‘zbek.
Bir zamon olovni iloh bilgan el,
Quyoshga qarashni gunoh bilgan el.
Har bir bosqinchini qo‘noq bilgan el,
Yovga so‘qmoq bo‘lgan ko‘ylaring, o‘zbek.
Ismingni ayirib kechdi asrlar,
Xonlikni beklikka bo‘lgan ne sirlar?
Kentlarga sochilgan o‘rda, qasrlar...
Qumdan qorilganmi loylaring, o‘zbek.
Dil qo‘zg‘alsa, elni to‘xtatib bo‘lmas,
Sel qo‘zg‘alsa, gilni to‘xtatib bo‘lmas,
Zanjir uzgan qulni to‘xtatib bo‘lmas,
Tig‘ bo‘ldi har bitta mo‘ylaring, o‘zbek.
Bo‘yningdan ketgan yo‘q hali dor izi,
Qo‘y, qora kunlarning o‘chsin qorasi!
Sen borsan – Temurning ulug‘ vorisi,
Osmoningga qaytdi oylaring, o‘zbek.
Katta qishloq ekan Parij, London, Rim,
Dalamni sog‘inib ezildi ko‘nglim.
Dunyo go‘zali – sen, qadoqqo‘l singlim,
Go‘zaldir o‘ngigan ko‘ylaging, o‘zbek.
Haftalab yo‘l qarab sarg‘aymas Kumush,
Tog‘ni talqon qildi bobomeros musht,
Tin oldi davonga boqib Alpomish,
Tog‘larni qo‘pordi yoylaring, o‘zbek.
Qo‘lingni ko‘zimga suray, otajon,
Yoningda ul bo‘lib yuray, otajon,
Yaxshi kunlaringni ko‘ray, otajon,
Sovimasin qo‘lda choylaring, o‘zbek.
Onajon, havoli bog‘lar muborak,
Handalak band bergan chog‘lar muborak,
Kelin yuzidagi dog‘lar muborak,
Bug‘doylarga to‘lsin uylaring, o‘zbek.
Sumbula – to‘kinlik, to‘ylar mavsumi,
Bir qo‘zg‘alib olar bog‘bonning xumi.
Asli, bir satrdir she’rim mazmuni:
To‘ylarga ulansin to‘ylaring, o‘zbek!
0401050404
№1
Hayqiraman,
Tog‘lar bag‘ridan
Gumburlagan sado keladi,
Ona Yerning otash qa’ridan
«O‘g‘lim!» – degan nido keladi.
«O‘g‘lim!»
Vujudimni chulg‘ar alanga,
Bo‘g‘zimga tiqilar hayajon.
– Mana men, o‘g‘lingiz,
Dardli olamga Sizdan tanho yodgor,
So‘ylang, otajon!
So‘ylang, bir daqiqa quloq solayin,
Ovozingiz tinglab to‘yolmaganman.
Bir marta yo‘qotib topolmaganman,
Xayolimda tiklab olayin. Otajon!
Men axir qutlug‘ bu so‘zni
Yigirma yil olmadim tilga,
Yigirma yil saqladim dilda.
Armonli o‘g‘lingiz tinglaydi sizni,
So‘ylang, eshitaman.
Vujudim tilka,
Yuragimni yoqar o‘tli iztirob,
Ammo ko‘zlarimda bir tomchi yosh yo‘q.
Bag‘rim o‘yib,
Bu kun menga bermoqda azob
Sizning ko‘ksingizni teshgan qora o‘q...
Silqib oqayotir Ko‘kragimdan qon.
Qalbim o‘rtamoqda so‘ngsiz armonim...
Yurak qonim bilan bitgan dostonim
Sizga bag‘ishladim,
Otajon!
* * * * * * *
Xayolning tumanli pardasi aro
Yillar ko‘z oldimda charx urayotir.
Qishloq ko‘chasidan zanjiday qaro
Olov bolaligim yugurayotir.
Dunyo qayg‘usiga bo‘lmagan oshno,
Qah-qah urayotir,
Barq urayotir.
Bilmas, boshi uzra bulutli samo
Chaqmoq chaqayotir,
Guldurayotir.
Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo
Qasos so‘rayotir,
Bong urayotir...
№2
Qadamlar,
Qadamlar,
Og‘ir qadamlar...
Etiklar zarbidan titraydi tuproq. Qayerga ketmoqda shuncha odamlar? Nahotki yo‘llari shunchalar yiroq! – Ana, ko‘ryapsanmi? Mening dadamlar! Dada!!! Ovozim hech chiqmaydi biroq – Yuguraman – ortga ketar qadamlar, Yig‘layman – ko‘zimga kelmaydi namlar, Murg‘ak vujudimda faqat zo‘r titroq! Bo‘g‘zimda alamlar, Achchiq alamlar, Yo‘lning o‘rtasida turibman, Shu chog‘ – Poyezd qichqiradi, To‘xtang, odamlar! Qayga ketmoqdasiz? Qani dadamlar?!
0401060404
SINF
ADABIYOT IV CHORAK 56-DARS
MAVZU: “BOBUR” PARCHASI MATNI VA TIMSOLLARI USTIDA ISHLASH
Do'stlaringiz bilan baham: |