O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
NAVOIY DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI
Qo‘lyozma huquqida
BOBOMURODOVA DILFUZA MIRZAMURODOVNA
CHINGIZ AYTMATOV ASARLARIDA RIVOYATLARNING QO‘LLANILISHI
(“ASRGA TATIGULIK KUN” VA “OQ KEMA” MISOLIDA)
5A 111201 – O‘zbek tili va adabiyoti ixtisosligi bo’yicha
Magistr akademik darajasini olish uchun yozilgan
D I S S E R T A T S I YA
ILMIY RAHBAR: f.f.n. Z. H. JUMAYEV
NAvoiy - 2013
REJA:
I BOB. Rivoyatlar talqinida folklorning estetik ahamiyati
I fasl. Rivoyatlarning o’ziga xos xususiyatlari va asar kompozitsion qurilmasida tutgan o‘rni.
II fasl. Chingiz Aytmatov asarlarida folklor an’analarining qo‘llanilishi
II BOB. Badiiy asar tuzilishida rivoyat va badiiy talqin
(“Oq kema” misolida)
I fasl. Ona bug’u haqidagi ertakning asar syujetida tutgan o’rni
II fasl. Qissa tarkibidagi ixcham syujetli rivoyatlar talqini
III BOB “Asrga tatigulik kun” romanining kompozitsiyasi va rivoyatlarning badiiy uyg’unligi
I fasl. “Nayman ona va manqurt o‘g’il” haqidagi rivoyatning badiiy qimmati
II fasl. “Raymali og’a va Begimoy” rivoyatida sevgi-muhabbatning tarannum etilishi
KIRISH
MAVZUNING DOLZARBLIGI. Ma’lumki, istiqlol yillarida xalqimiz ijtimoiy hayotining hamma sohalarida tub burilishlar jarayoni boshlandi. Bu davrda milliy-ma’naviy qadriyatlar tiklanib, barkamol avlodni tarbiyalash, mustaqillik mafkurasini yoshlar shuuriga singdirish kabi masalalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu o‘z navbatida ilm-fanning boshqa sohalari qatori adabiyotshunosligimiz oldiga ham ulkan va mas’uliyatli vazifalar qo‘ydi. Hayotimizning barcha sohalari qatori milliy adabiyotimiz tom ma’noda yangilanish va yuksalish jarayonlarini boshdan kechirdi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatida ham adabiyot va ma’naviyat masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizga ayon. “Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatning ertangi kunini o‘ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag’rikenglikka da’vat etishga qaratilgan haroratli so‘zi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”1 deb yozadi Prezidentimiz Islom Karimov. Darhaqiqat, adabiyotimizning oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad ham so‘z sehri ila insonlarni ezgulikka chorlashdir. Ayniqsa, badiiy adabiyotda xalqning ijtimoiy hayoti, ma’naviy-ahloqiy turmushini tasvirlashda, hozirgi kunda yosh avlodni ruhan sog’lom, ajdodlar merosini qadrlaydigan qilib tarbiyalashda folklorning o‘rni nihoyatda ahamiyatlidir. Xalqimizning turmush tarzi, betakror milliy an’analari, urf-odatlari, tabiat va jamiyatga bo‘lgan munosabati folklor asarlarida o‘z aksini topgan. Mamlakatimiz hududida asrlar davomida yaratilgan xalq og’zaki ijodi durdonalari har bir avlod ijodkorlari tomonidan yangilanib, boyitilib, badiiy jihatdan yanada takomillashtirilib kelingan. Hozirgi davrda yozma adabiyot va xalq og’zaki ijodining o‘zaro munosabatlarini o‘rganish adabiyotshunoslikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Jahon adabiyoti namoyondalari folklor asarlaridan bahra olib, ulardagi yuksak umuminsoniy g’oyalardan ta’sirlanib, badiiy barkamol asarlar yaratishgan. Har bir yozuvchi yoki shoir xalq og’zaki ijodining rang-barang janrlariga murojaat qilib, badiiy obraz va xarakter yaratishga harakat qiladi. Shu bois, biror-bir shoir yoki yozuvchi ijodi o‘rganilganda, folklorga xos uslub, syujet, obraz va tasviriy vositalar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muayyan yozuvchi ijodi misolida folklor an’analari muammosini tadqiq etish – o‘sha davr adabiy jarayonini, muallifning individual uslubi va mahoratini oydinlashtirishga imkon beradi. Qolaversa, har bir shoir yoki yozuvchi xalq og’zaki ijodi namunalarini yangicha talqin qilib, o‘ziga xos badiiy-estetik dunyosini shakllantiradi1. Shu sababli yozuvchi ijodini folklor bilan uzviy aloqadorlikda o‘rganish masalaning naqadar muhim va dolzarbligini ko‘rsatadi.
O‘ziga xos poetic uslubga ega bo‘lgan adibimiz Chingiz Aytmatov ijodi butun dunyo ahlini o‘zining haroratli so‘zi ila hayratga soldi. Yozuvchi ijodining originalligi u xalq og’zaki ijodining badiiy unsurlaridan unumli foydalanib, insonlarni ezgulikka, bashariyatni esa ogohlikka da’vat etishi bilan xarakterlanadi.
Prezidentimiz I.Karimov ta’biri bilan aytganda: “Chingiz Aytmatov voqelikni badiiy obrazlarda yorqin aks ettirib, his-tuyg’ularimiz va kechinmalarimizga teran ta’sir o‘tkazib, o‘z asarlari bilan jahon adabiyoti xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan adibdir. U o‘zining butun hayoti va ijodi bilan xalqlar do‘stligi va hamjihatligi, madaniyatlarning bir-birini o‘zaro boyitishi hamda ma’naviy qadriyatlarning rivojlanishi uchun kurashib keldi. Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqiga hamisha do‘st-u qadrdon edi va shunday bo‘lib qoladi. U o‘z vatanida sadoqat hamda fidoyilik bilan xizmat qilish timsoli sifatida xotiramizda mangu yashaydi”2.
Yozuvchi Chingiz Aytmatov xalq og’zaki ijodi janrlaridan ma’lum bir turlarini asar kompozitsiyasida keltirib o‘tgani bilan o‘tmish va bugungi kunning dolzarb mavzularini qalamga oladi. Yozuvchi qo‘llagan xalqona uslubni yuzaga keltirgan asosiy sabablar, asardagi rivoyatlarda ifodalangan xalqchillik va milliylik, rivoyatlarda didaktik mazmunning yetakchilik qilishi va boshqa shu kabi masalalar mazkur ishimizning dolzarbligini belgilab beradi.
MAVZUNING O‘RGANILISH DARAJASI. Badiiy adabiyot va xalq og’zaki ijodi munosabatlari jahon adabiyotshunosligida atroflicha tadqiq etilgan. Muayyan yozuvchi ijodini folklor va yozma adabiyot munosabatida tekshirish tadqiqotchi va olimlar tomonidan yetarli darajada o‘rganilgan bo‘lib, o‘zbek adabiyotshunosligida ham bu borada qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. Yozma adabiyot bilan xalq og’zaki ijodi orasidagi badiiy-estetik aloqadorlikning o‘ziga xos xususiyatlari va tasnifi masalalari B.Sarimsoqov, I.Yormatov kabi olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Shuningdek, G’Mo‘minov, T.Abdurahimov, G’.Jalolov, D.Holiqova, A.Ergashev, M.Imomkarimovalarning tadqiqotlarida XX asr o‘zbek adabiyoti va folklor munosabati masalasi o‘rganilgan1.
O‘zbek adabiyotshunosligida aytmatovshunoslik o‘z o‘rni va o‘z ovoziga ega. Chingiz Aytmatov ijodi va asarlari tahlili, ularning badiiy qimmati, yozuvchining qardosh xalqlar bilan adabiy munosabatlari masalasini G’aybulla Salomov, Asil Rashidov, Ilhom G’aniyev va Rustam Ibragimov singari olimlarimiz o‘z tadqiqotlarida batafsil yoritib berganlar. Lekin Chingiz Aytmatovning xalq og’zaki ijodiga munosabati haqida o‘zbek adabiyotshunosligida yetarli darajada tadqiqotlar olib borilmagan. Folklor an’analari syujet va motivlaridan foydalanib, yirik asarlarni dunyo ahliga taqdim etgan yozuvchining o‘ziga xos mahorati va milliy epos an’analari bilan uyg’unlashgan asarlari tadqiqi olima Pariza Mirzaahmedova tomonidan tahlil qilingan2. Shuningdek, yozuvchi asarlari tarjimoni olim Asil Rashidov o‘z monografiyasida yozuvchining badiiy asarlari tahlili bilan bir qatorda uning xalq og’zaki ijodiga bo‘lgan alohida mehr-muhabbati haqida ham fikr bildiradi. Shuningdek, ishimizda yozuvchi haqida bitilgan bir qancha ilmiy maqolalardan ham keng foydalandik. Jumladan, S.Qorayev, D.Aliyeva, O.Fayzullayev, S.Meliyev, P.Mirzaahmedova, N.Sizdiqboyev, N.Jbanova maqolalarida yozuvchi poetic olamining qirralari, xalq og’zaki ijodidan samarali foydalanish uslubi va mahorati haqida to‘xtalib o‘tilgan. Mazkur ishlar adib hayoti va ijodini yoritishda alohida ahamiyatga ega. Ularda adib asarlari poetikasiga doir qimmatli ilmiy-nazariy fikrlar bildirilgan.
TADQIQOT OB’YEKTI VA PREDMETI. Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasi va “Asrga tatigulik kun” romani tadqiqotimizning asosiy manbai hisoblanadi. Ushbu asarlar kompozitsiyasidagi rivoyatlar hamda ulardagi badiiy yaxlitlik ilmiy ishimizning predmetini tashkil etadi.
ISHNING MAQSADI VA VAZIFALARI. Rivoyat janrining xalq og’zaki ijodida tutgan o‘rni va ularning mavzu xilma-hilligi, yozma adabiyot va folklor munosabati, Chingiz Aytmatov asarlarida rivoyat janrining qo‘llanilish prinsipi, didaktik ahamiyati va bu o‘ziga xos uslubni qo‘llashda asosiy manba bo‘lgan adabiyotlarni tadqiq etish, yozuvchi ijodida xalq og’zaki ijodi munosabati masalalarini tekshirish ishimizning asosiy maqsadini belgilab beradi.
Ana shu maqsaddan kelib chiqib, ushbu tadqiqot ishimizda qo‘yidagi vazifalarni hal qilish ko‘zda tutilgan:
-
rivoyat janrining mohiyati va asosiy ko‘rinishlarini yoritish;
-
rivoyatlarning badiiy asar syujeti hamda kompozitsiyasini shakllantirishdagi funksiyalarini aniqlash;
-
badiiy asarlarda xalq og’zaki ijodining rivoyat janridan foydalanishdagi asosiy maqsad va muddaolarni ko‘rsatish;
-
Chingiz Aytmatovning folklor an’analaridan foydalanib, mifpoetikasiga murojaat etish usullarini tadqiq etish;
-
yozuvchining rivoyat syujetini qayta ishlashdagi ijodiy uslubini ko‘rsatib berish;
-
Cingiz Aytmatov asarlarida qo‘llanilgan rivoyatlarni mavzu ko‘lami va janr xususiyatiga ko‘ra tasniflash;
-
Chingiz Aytmatov asarlarida qo‘llanilgan rivoyatlar zamirida xalqchillik va milliylikni ifodalanishini misollar yordamida aniqlab berish;
-
rivoyat va asar syujeti o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik xususiyatlarini talqin etish;
-
folklor sarchashmasidan oziqlangan asarlarning estetik va badiiy qimmatini, ularni jahon adabiyotida tutgan o‘rni va roli masalasini ilmiy asoslarda yoritib berish.
TADQIQOT ISHINING METODOLIK ASOSI. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning ma’naviy qadriyatlar, milliy an’analar va tarixiy xotiraning mohiyati, milliy madaniyatni takomillashtirish va ma’naviy komilikka erishish va ma’naviyatni rivojlantirish hamda yuksaltirish borasidagi nazariy mulohazalari dissertatsiya ishining metodolik asosini tashkil etadi. Xalq og’zaki ijodining rivoyat janri xususida K.Imomov, B.Sarimsoqov, Z.Jumayev, U.Sattorov, xalq og’zaki ijodi va folklor munosabatlari masalasini tadqiq etishda G’Mo‘minov, T.Abdurahimov, G’.Jalolov, D.Holiqova, A.Ergashev, M.Imomkarimova, Chingiz Aytmatovning rivoyat motivlaridan foydalanishdagi badiiy mahorati xususida Asil Rashidov, Pariza Mirzaahmedovalarning tadqiqotlariga, shuningdek, G’.Salomov, S.Qorayev, D.Aliyeva, O.Fayzullayev, S.Meliyev, P.Mirzaahmedova, N.Sizdiqboyevlarning yozuvchi mahorati haqidagi ilmiy mulohazalariga ham tayanildi.
DISSERTATSIYANING ILMIY YANGILIGI. Rivoyat janrini folklorshunoslikda tutgan o‘rni, folklor va yozma adabiyot munosabatlari, Chingiz Aytmatov uslubiga xos rivoyat va ertak motivlaridan foydalanish mahorati va rivoyatlardagi obrazlar silsilasini yoritilishi ushbu dissertatsiya ishimizning ilmiy yangiligini belgilaydi. Ishimizda, shuningdek, yozuvchining xalq nasri namunalaridan oziqlanishdagi o‘ziga xos badiiy uslubi, rivoyat syujetini badiiy to‘qimaga joylashtirishning ahamiyati va uni asar kompozitsiyasida tutgan o‘rni va adib qo‘llagan xalqona uslubning o‘ziga xos jihatlari maxsus tadqiq etildi. Rivoyatlar asosida vujudga kelgan poetic obrazlarning asar syujetida tutgan o‘rni va ular ostiga yashiringan ramziy timsollar tadqiqi dissertatsiyaning ilmiy yangiligini namoyon etadi.
TADQIQOT NATIJALARINING NAZARIY VA AMALIY AHAMIYATI. Hozirgi kunda yosh avlodni ruhan sog’lom, ajdodlar merosini qadrlaydigan qilib tarbiyalashda xalq og’zaki ijodining o‘rni beqiyosdir. Ma’lumki, rivoyat janrining asosiy xususiyatlaridan biri ta’lim-tarbiyaga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda milliy ruh va xalqona uslub yetakchilik qiladi. Ana shu an’anadan unumli foydalangan adib asarlari tadqiqi o‘zining serqirraligi, kitobxonni zeriktirib qo‘ymasligi, didaktik mazmun kasb etishi bilan amaliy ahamiyatga egadir. Shuningdek, tadqiqot ishimiz Markaziy Osiyo xalqlari folklori namunalarini qiyosiy-tarixiy nuqtai nazardan tadqiq etish hamda tarixiy haqiqatning epik talqini masalasi bilan bog’liq nazariy masalalarni hal qilish uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Tadqiqotning materiallari va ilmiy-nazariy xulosalaridan oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlarida, akademik litsey va kollejlarda xalq og’zaki ijodi va badiiy adabiyot munosabati bo‘yicha mashg’ulotlar olib borishda, folklorshunoslik asarlarini nashrga tayyorlab chop ettirishda foydalanish mumkinligi dissertatsiyaning amaliy ahamiyatini tashkil etadi.
Tadqiqot ishining tuzilishi. Dissertatsiya kirish, uch bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhatidan iborat.
I BOB. RIVOYATLAR TALQINIDA FOLKLORNING ESTETIK AHAMIYATI
I FASL. Rivoyatlarning o’ziga xos xususiyatlari va asar kompozitsion qurilmasida tutgan o‘rni
Uzoq o‘tmish tarixga ega bo‘lgan xalqimiz o‘zining boy adabiy merosi, bitmas tuganmas xalq og’zaki ijodiga ega. Ana shu badiiy merosning bevosita shuhrat qozonishida yuksak umuminsoniy g’oyalar bilan sug’orilgan folklor an’analarining o‘rni beqiyosdir. Ma’lumki, folklor asarlarida xalqning milliy o‘tmishi, ma’naviy-axloqiy dunyosi, estetik qarashlari, marosim va urf-odatlari, e’tiqodiy qarashlari o‘zining to‘laqonli ifodasini topadi. Xalqimizning o‘tmish tarixi, ulug’ siymolarning hayot yo‘li va ezgu ishlari, ajdodlarimiz taqdirida muhim ahamiyat kasb etgan tarixiy voqea-hodisalar, joy nomlarining kelib chiqish tarixi haqidagi ma’lumotlar folklorning epik janrlaridan biri bo‘lmish rivoyatlarda o‘z aksini topgan.
Rivoyatlar - xalqning o`zi haqidagi badiiy xotirasi bo‘lib, folklorshunoslikka oid keng qamrovli janrlardan biri hisoblanadi. Rivoyat janri xalqimizning ma’naviy dunyoqarashi, voqelikni badiiy estetik anglashi va uni poetic tafakkur vositasida badiiy ifoda etish an’anasining ming yillar davomida uzluksiz rivojlanishi natijasida vujudga kelgan. Folklorshunos olim K.Imomov rivoyat janri xususida: “Rivoyat – muayyan fakt, tarixan ishonchli voqealarni hikoya qiluvchi alohida janr. Uning epik voqealari mukammal, tugallangan. Biroq, kompozitsiya, stilistik formulalar barqaror, qat’iy o‘zgarmas xususiyatga ega emas. Ular real, ob’ektiv narsa, hodisalarni kelib chiqish sababini bayon etadi”1 - degan fikrlarni bildiradi. Darhaqiqat, rivoyat tarix haqida xabar beruvchi eng asosiy adabiy manbadir. Rivoyatlarda tarixiy voqealar, tarixiy shaxs obrazlari ideallashtirilgan bo‘lib, tinglovchida ishonch uyg’ota olish xarakteriga ega bo‘ladi. Rivoyatlar poetic shakl hamda funksiyalari bilan afsonalarga juda yaqin turuvchi epik janrlardan biridir. Ularda xalq hayoti va uzoq o‘tmishda yuz bergan voqealar, qachonlardir yashab o‘tgan shaxslar faoliyati haqida hikoya qilinadi. Garchi, voqealar rivoyatda tasvirlanganidek shaklda yuz bermagan bo‘lsa-da, ular u yoki bu darajada real hayotda yuz bergan voqealardan iborat1. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib rivoyat va afsona o‘rtasidagi bir qancha farqlarni ajratib o‘tish lozim. Afsona forscha so‘z bo‘lib, hayoliyot, sehr-jodu degan ma’nolarni anglatadi. Afsonalar hayotiy haqiqatni uydirma va karomatlarga bog’lab mo‘jizakor mazmunni aks ettiruvchi kichik hajmdagi nasriy hikoyalar hisoblanadi.Aslida afsona janri rivoyat janrining vujudga kelishida asosiy manba vazifasini o‘tagan. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, afsona janri rivoyat janridan bir muncha ilgari vujudga kelib, unda inson aqli bovar qilmaydigan noreal hodisalar mo‘jiza yordamida hal etilishi, ko‘proq xayoliy uydirma asosida yaratilishi bilan farqlanadi. Demak, voqelikni xayoliy uydirma asosida tasvirlash, g’ayritabiiylik, mifologik tasavvurlar bilan aloqadorlik va fantastikaning ustuvorligi afsona janrining yetakchi belgilaridan biridir. Shuningdek, folklorshunos olim K.Imomovning yozishicha: “Afsona to‘qima voqea, tarixiy shaxs va hodisalarni uydirma qobig’ida hikoya qiluvchi xalq nasri janridir”2. Rivoyatlarda esa tarixiy hodisalar, tarixiy haqiqatlar ifodalanishi bilan bir qatorda ta’lim-tarbiyaviy jihatlarga ham alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbek xalq nasrining yana bir tadqiqotchisi U.Jumanazarov tadqiqotlarida afsona va rivoyatlarning o‘xshash va farqli tomonlari, rivoyat va afsonalarning tasnifi, janr xususiyatlari, rivoyat va diniy qarashlar masalasi keng ko‘lamda o‘rganilgan3. Afsona va rivoyatlarda tarixiy shaxs va voqealar bilan bir qatorda, odamlar hayolida yaratilgan qahramonlar haqida, jangu jadallar va bunyodkorlik to‘g’risida, shu jarayonda ayrim kishilar tomonidan namoyish etilgan oliy fazilatlar xususida ma’lumot beriladi4. Bundan xulosa qilib aytish mumkinki, afsonalarda xayoliy uydirma yetakchilik qilsa, rivoyatlar hayotiy uydirma asosida yaratilib, og’izdan-og’izga o‘tib, jonli an’anada saqlanib kelinadi.
Shuningdek, olim K.Imomov ham afsona va rivoyat janri o‘rtasidagi xususiyatlarni o‘zining “O‘zbek xalq nasri poetikasi” nomli kitobida taqqoslab o‘tadi. Afsona va rivoyat janrining xususiy xossalariga ko‘ra farqlari quyidagilardan iborat:
Birinchidan, afsonada tasvirlash xayoliy uydirmalarga asoslanadi. Bu belgi real voqea va hodisalarni g’ayritabiiy shakllarda ifoda etishni ta’minlaydi. Fantastika mazkur janrda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Syujet voqealariga asos bo‘lgan tarixiy haqiqat ana shu uydirmalar soyasida qolib ketadi.
Rivoyatlardagi voqea va hodisalarni tasvirlash hayotiy uydirmalarga asoslanadi. Janr voqealari real voqelikni aynan bayon qilib, tinglovchiga tabiiy holda, hayotiy shakllarda yetkazar ekan, ma’lum bir davr nuqtai nazaridan kelib chiqib baholashni ta’minlagan.
Ikkinchidan, afsona voqealari asosan tinglovchiga diniy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan. Rivoyat esa haqiqatni yoritish, ma’rifiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.
Uchinchidan, afsonalarda voqea va hodisalar ko‘proq xayoliy joy, yer usti, yer osti yoki osmonda, tog’ orasida sodir bo‘lsa, rivoyatlarda esa aniq makon, shahar, qishloqda yuz beradi.
To‘rtinchidan, ko‘pchilik afsona syujetlarining xotima qismlari etiologic xarakterda bo‘lsa, rivoyat syujetlari bu xususiyatga ega emas.
Beshinchidan, afsona janri asosan mifologik hodisa, diniy e’tiqod, payg’ambarlar haqida, rivoyat esa ijtimoiy hayotda yuz bergan tarixiy voqea, allomalar, davlat arboblari, geografik o‘rin-joy, urug’-aymoqlarning paydo bo‘lish, nomlanish tarixi haqida hikoya qiladilar.
Oltinchidan, afsonalarda dastlab yuz bergan tarixiy voqealarga aniqlik kiritgan tafsillar tushib qolgan bo‘lsa, rivoyatlarda, aksincha, hatto haqiqat bilan bog’liq ayrim detallar aynan saqlanadi.
Yettinchidan, afsonada tavsiflangan tarixiy shaxs, payg’ambar va ilohlar g’ayritabiiy xususiyati bilan, yaratuvchi homiy qiyofasida namoyon bo‘ladilar. Rivoyat qahramonlari bunday xususiyatga ega emas, aksincha, ular dono, tadbirkor, adolatparvar sifatida faoliyat ko‘rsatadilar.
Sakkizinchidan, afsona konflikti ko‘proq diniy-maishiy ma’no anglatsa, rivoyatlarda u ijtimoiy-siyosiy ma’no kasb etadi.
To‘qqizinchidan, afsonalarda yuz bergan to‘qnashuvlar yechimi tangri mo‘jizasi, marhamati bilan bog’lanadi. Rivoyat janrida paydo bo‘lgan ziddiyat yechimi tarixiy shaxsning aqliy tortishuvi, jismoniy munosabatlari zamirida kechadi1.
Rivoyat janriga mansub asarlar uni aytuvchidan muayyan ijrochilik san’ati va ma’lum tayyorgarlikni talab qilmaydi. Rivoyatlar roviylar tomonidan hikoya qilinib, avloddan-avlodda yetkazilgan. Roviylar ko‘proq tarixiy shaxslar va tarixiy voqealar bilan bog’liq rivoyatlarni hikoya qilib tarixiy haqiqatni aks ettirishda o‘z hissalarini qo‘shganlar. “Roviy” so‘zi tarixiy haqiqatga asoslangan holda o‘zi shaxsan ko‘rgan, bilgan voqealarini hikoya qiluvchi ma’nosini anglatadi. Shuning uchun rivoyat tashiydigan ma’lumot real tushuncha deb qaraladi. Folklorshunoslikning epik janrlari silsilasida alohida o‘rinni egallaydigan rivoyatlarda xalqimizning qadimiy epik an’analari, voqelikni badiiy aks ettirish borasidagi ko‘p asrlik ijodiy tajribalari hamda tarixiy taraqqiyotimizning turli bosqichlariga doir muhim ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan. Bunday folklor asarlari u yoki bu tarixiy hodisani yodga olish, ta’riflash yoki biror tarixiy shaxs haqida ma’lumot berish zarurati tug’ilgan paytda hikoya qilinaveradi. Bu esa rivoyat janrining o‘ziga xos xususiyatlaridan birini tashkil qiladi2. Folklorning muhim janrlaridan bo‘lgan rivoyatlar tarixiy o‘tmishda sodir bo‘lgan real voqealar yoki real shaxslar bilan bog’liq jihatlarning turli badiiy shaklda hikoyalanishidir. Rivoyatlar kompozitsion jihatdan sodda syujet tuzilishiga ega. Rivoyatlarning yaratilishi va ommalashishi real hayotiy voqelik, ya’ni tarixiy haqiqatni epik bayon qilish an’anasi bilan chambarchas bog’liq bo‘lgan ijodiy jarayondir. U yoki bu tarixiy shaxs hayoti yoki biror joy tarixi yoritilayotgan fakt asosiga qurilgan rivoyat hikoya qilinayotganda tarixiy haqiqatni tashish birinchi o‘rinda turadi. Chunki, “rivoyatning tarixiy faktga munosabati real voqelikni ta’kidlash, eslash, qayta sharhlashdan, nihoyat, bilishga intilish maqsadidan kelib chiqadi”1. Darhaqiqat, rivoyat janri asosan tarixiy o‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar haqidagi faktik materiallar va og’zaki hikoyalar asosida paydo bo‘lishi, voqelik talqinining zamonaviy ifodasi o‘tmish voqealariga asoslanishi, real shaxslar obrazi ko‘p tasvirlanishi va boshqa belgilariga ko‘ra tarixiylik kasb etadi.
Rivoyatlarning ko‘plari hali odamlar o‘qishni va yozishni bilmagan davrlarda paydo bo‘lgan. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ularning o‘tmishi bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Bu bilan hamma rivoyatlar qadimgi davr mahsuli degan fikrni keltirib chiqarish noto‘g’ri. Rivoyatlar davrlar o‘tishi bilan, zamonlar almashinishi bilan ham yangilanib turadi. Har bir davrning tarixiy shaxslari, tarixiy voqealari, joy nomlari, yoki o‘sha davr ko‘ylarining yaratilishi haqida rivoyatlar yaratilib, ular og’izdan og’izga o‘tib, yosh avlodni tarbiyalashda samarali qo‘llanilib kelingan.
O‘zbek xalq rivoyatlari voqelikni ifodalash xususiyatlari va mavzu yo‘nalishiga ko‘ra ikki katta guruhga bo‘linadi. Ulardan biri muayyan joy nomining yuzaga kelish sabablarini tushuntirish, izohlash maqsadida hikoya qilingan toponimik rivoyatlar bo‘lsa, ikkinchi turi tarixiy va o‘tmishda bo‘lib o‘tgan real voqea-hodisalar asosiga qurilgan rivoyatlardir.
Folklorshunos olim B.Sarimsoqov rivoyatlarni mavzuiga ko‘ra tasnif qilar ekan, uni asosan uch guruhga bo‘ladi: a) toponimik, gidronimik rivoyatlar; b) etnonimik rivoyatlar; v) tarixiy rivoyatlar2.
Hayotiy voqelikni real aks ettirish, obrazlar tarkibining tarixiy shaxs yoki real epik talqinga ega bo‘lgan uydirma personajlardan tashkil topishi, syujetning ixcham va sodda tuzilishga ega bo‘lishi, tinglovchiga axborot berish vazifasini bajarishi, ma’lum bir syujetning turli xil variantlar tarzda ommalashishi, hikoya qilinayotgan vaqtga nisbatan o‘tmishda ro‘y bergan voqelik epik bayon qilinishi kabi bu ikki tip rivoyatlar o‘zaro mushtaraklik kasb etadi. Shu bilan birga bu ikki tip rivoyatlar muayyan epik xususiyatlari voqelikni aks ettirish tarzi va maqsadiga ko‘ra bir-biridan farqlanadigan jihatlarga ham ega. Toponimik rivoyatlarda u yoki bu joy nomining ma’nosi, toponimning kelib chiqishi, makonning jo‘g’rofik tuzilishi, o‘rin-joy atamalarining mohiyati haqidagi xalq epik talqinlari xususida so‘z yuritiladi. Bunday rivoyatlarning yaratilishi va aytilishidan asosiy maqsad ma’lum bir joy nomining paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan hayotiy voqelikni bayon qilishdir. Tarixiy rivoyatlarda xalqning ozodligi uchun jonini fido qilib kurashgan mardu maydon farzandlar jasorati yoki o‘zining manfaati yo‘lida butun yurtdoshlarini dushman qo‘liga tutib bergan xoinlarning xiyonati hikoya qilinadi. Bu bilan xalq mardning jasorati ham, xoinning xiyonati ham unutilmasligini ta'kidlgandek bo‘ladi. Bu shaxslar o‘z vatanlarini ichki va tashqi dushmanlardan himoya qilishda biz uchun haqiqiy ibrat bo‘la oladilar. Rivoyatlarni yaratishdan, avlodlarga meros qilib qoldirishdan nazarda tutilgan maqsad ham shunday niyat bilan belgilanadi.
Ijodkor xalqimizning uzoq tarixiy turmush tajribalarini ifodalagan rivoyat, afsona va miflarda ajdodlarimizning dunyoqarashi, tabiat va jamiyatga munosabati, rang-barang hayoti va kechinmalari o‘z aksini topgan. Rivoyatlar syujeti va mifologik ramzlardan ijodiy foydalangan holda badiiy asar yaratish tajribasi adabiyotning ilk kurtaklaridan ko‘zga tashlanadi. Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Mahmud Qoshg’ariyning “Devonu lug’otit turk”, Nosiruddin Rabg’uziyning “Qissasi Rabg’uziy”, Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar”, Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqiy Muhsiniy”, Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarlaridagi rivoyatlar fikrimiz dalilidir. Ana shu manbalarga suyangan holda rivoyatlarning ildizi juda qadim zamonlarga borib taqalishini aytishimiz mumkin.
Hozirgi adabiy jarayonda ham folklor an’analariga qiziqish, uning keng badiiy imkoniyatlaridan ijodiy foydalanish zarracha susaygan emas. Aksincha, hozirgi adabiy jarayonda folklor an’analarining umrboqiy imkoniyatlaridan, go‘zal badiiy usul va vositalaridan ijodkorlar unumli foydalanishga harakat qilmoqdalar. Mana shu tomondan kelib chiqib, adabiyotshunoslar turli milliy adabiyot vakillarining folklorga keng murojaat etishlarini hozirgi adabiyotni rivojlantiruvchi yetakchi tamoyillardan biri sifatida baholamoqdalar1.
Ijodkor folklor an’analariga o‘zining g’oyaviy niyati va maqsadiga qarab turlicha munosabatda bo‘ladi. Chunki u bir o‘rinda folklor materialini shaklan o‘zgartirmay aynan qo‘llasa, boshqa bir o‘rinda uni shu darajada qayta ishlab, asarning ruhiga shu darajada singdirib yuboradiki, ko‘p hollarda, bunday folklorizmni alohidalab olish ham mumkin bo‘lmay qoladi.
O‘zbek adabiyotini olib qaraymizmi, yoki jahon adabiyotiga nazar solamizmi, xalq og’zaki ijodi bilan sug’orilgan asarlar falsafiy mushohadalarga boyligi bilan, badiiy estetik mohiyati bilan kitobxonni ichki qalb tug’yoniga ta’sir etmasdan qolmaydi. Zero, “folklor a’nanalari va elementlarini san’atkor o‘z ijodiy labaratoriyasida qay darajada ishlab, xalq uchun ahamiyatli, xalqchil asarlar yaratib, kishilarni ezgu insoniy tuyg’ular bilan tarbiyalashga xissa qo‘shishini ko‘rsatib berish – adabiyot va folklor aloqalarini o‘rganishning asosini tashkil etmog’i lozim ”2.
Bugungi kunda umumjahon adabiyotida xalq og’zaki ijodi janri bilan boyitilgan asarlar ko‘plab yaratilgani barchamizga ayon. Jahon adabiyotida bu ana’anaga G.Markes, A.V.L’esa, Yu. Ritxeu qo‘l o‘rgan bo‘lsalar, bu an’anani hozirgi o‘zbek adabiyotida O‘.Umarbekov, O‘Hoshimov, X.To‘xtaboyev, O.Yoqubov, B. Boyqobilov, A.Muxtor singari yozuvchilarimiz prozada, A.Oripov, E.Vohidov, Omon Matjon, Usmon Azim, Ramz Bobojon singari shoirlar poeziyada shakllantirib, rivoyatlar bilan boyitilgan barkamol asarlar yaratganlar.
Yozuvchi asar yaratishda uning kompozitsiyasiga maqol, matal, rivoyat, afsona va mif kabi folklor janrlarini syujet to‘qimasiga mahorat bilan joylashtirar ekan, u albatta syujet va kompozitsion to‘qimadagi mantiqni ham e’tiborga olishi, rivoyat va syujet orasidagi mutanosiblikni saqlashga harakat qilishi, adabiy qonun mezonlaridan chetga chiqib ketmasligi lozim.
Asar kompozitsion qurilmasidan joy olgan afsona va rivoyatlar yozuvchining ijtimoiy-axloqiy va g’oyaviy estetik qarashlarini ifodalash vositasiga aylansalarda, asrlar bo‘yi xalq orasidagi falsafiy qarashlarining badiiy talqini sifatida an’anaviylashgan bu tafakkur durdonalari syujet elementlarini bir-biriga bog’lovchi muhim kompozitsion tugun vazifasini ham bajaradi. L.I.Emelyanov bu xususda: “Yozuvchining folklorga munosabati xuddi energiyaning aylanish qonuniyati kabi bir hol yuz berganday tuyuladi: folklorni energiyaning turlaridan biri sifatida o‘zlashtirib, uni shu energiyaning ko‘plab jihatdan farq qiladigan shunday shakllariga kiritadiki, bular o‘sha dastlabki shakllarning o‘ziga xos belgilari yo‘qolib ketadi, shunga qaramasdan ular ham kelib chiqishi nuqtai nazardan o‘sha birlamchi badiiy shakllarga daxldordir”1.
Asar kompozitsiyasida afsona va rivoyatlarning keltirilishida ikki xil holat ko‘zga tashlanadi:
Ayrim asarlar bevosita afsona va rivoyat teksti syujetini ijodiy qayta ishlash asosida yaratiladi. Bu an’ana yozma adabiyotda keng tarqalgan bo‘lib, nisbatan kechroq shakllangan milliy adabiyotlarda, xususan Sibir va Uzoq Sharqda yashovchi elatlar adabiyotida mavjuddir.
Ayrim asarlarda esa rivoyatlar hech o’zgarishsiz aynan qo’llaniladi. Bunda asar syujeti bilan rivoyatlar o‘rtasida bevosita bog’lanish sezilmaydi. Bunday hollarda badiiy asar bilan mifologiya bir-biri bilan xalq og’zaki ijodi an’analari orqali ya’ni bevosita bog’lanadi.
Yozuvchining afsona va rivoyatdan foydalanishdagi ijodiy o‘ziga xosligi, maqsad va vazifalari, folklorizmning asardagi poetic funksiyalarida induallik bo‘lishi tabiiy. Ammo ijodkor xalq hayolotining beqiyos qudrati bilan yaratilgan rivoyatlar, afsonaviy va mifologik obrazlar hozirgi zamon yozuvchisiga tevarak-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga xalqona baho berishda yovuzlik va ezgulik, yaxshilik va yomonlik tushunchalarining mohiyatini anglashda xalq qalbining oynasi vazifasini o‘taydi.
Haqiqiy so‘z san’atkorlari xalq ijodiga, uning bitmas-tuganmas an’analariga mahorat maktabi, badiiy ijodning sarchashmasi sifatida yondashadilar va undan ijodiy foydalanishga intiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |