Suyuq va pyuresimon mahsulotlarni konsentratsiyalash (quyultirish). Tomat mahsulotlari, povidlo, djem, sharbatlar konsentratlarini ishlab chiqarishda quruq moddalarni konsentratsiyalash maqsadida namni bug'latish amalga oshiriladi. Bu suyuq yarimtayyor mahsulotlar hajmini kichraytirish va tayyor konservalangan mahsulot olish imkonini beradi.
Namni mahsulotdan qochirish turli usullarda olib boriladi. Bulardan eng tarqalgan usul-qaynatish jarayonida namni bug'latish hisoblanadi.
Bug'latishda mahsulotning zichligi va qovushqoqIigi oshadi, murakkab moddalarning gidrolizi sodir bo'ladi, strukturasi oddiy bo'lgan moddalar reaksiyaga kirishib, turli rangga, ta'mga va xushbo'ylikka ega murakkab birikmalarni hosil qiladi. Bug'latishning asosiy maqsadi suyuq mapsulotlarning sifatini saqlagan holda, fizik-kimyoviy xossalarini o'zgartirmasdan namni qochirishdan iborat. Bug'latishni vakuum ostida amalga oshirish hisobiga bu maqsadga erishish mumkin. Bunda suyuqlikning qaynash harorati 100 dan yuqoridan 75-80°C gacha pasayadi. Vakuum-apparatlar issiqlikni atrof-muhitga yo'qotishini kamaytiradi, qizdiruvchi bug' va qaynatadigan suyuqlikning orasidagi foydali haroratning oshishini ta'minlaydi.
Sharbatlar quruq moddalarini konsentratsiyalashni -10-12°C haroratda muzlatish usulida (kriokonsentratsiyalash) ham amalga oshirish mumkin. Bunda suv sof muz shaklida kristallanadi va ajratiladi, konsentratsiyalangan sharbat esa qoladi. Bu usul mahsulot sifatini saqlagan holda quruq moddalar miqdorini 40-55 % gacha yetkazish imkonini beradi.
Namni muzlatish qurilmalari muzning kristallari hosil qiluvchi kristallizator va muz kristallarini quyultirilgan sharbatdan ajratuvchi sentrifugadan iborat.
Zamonaviy konsentratsiyalash usullariga teskari kosmos usulini kiritish mumkin. Bu usul faqat suvni o'tkazib, molekular massasi uncha katta bo'lmagan quruq moddalarni saqlab qoluvchi selektiv membranalar qobiliyatiga asoslangan.
Sterilizatsiyalash. Oziq-ovqat mahsulotlarini buzilmasdan uzoq muddat saqlash uchun barcha mikroorganizmlar hayot faoliyatini to'xtatish bilan bog'liq ishlov berish kerak. Bu jarayon «sterilizatsiya» deb nomlanadi. Sterilizatsiyalash samarasiga, odatda, ishlov berishning qattiq rejimlarida erishiladi, lekin bunda mahsulotning rangi, ta'mi, hidi o'zgarib, uning oziqaviylik qiymati pasayadi. Shuning uchun ham sterilizatsiya rejimini tan lash uchun nafaqat bu jarayonni amalga oshirish, balki konservalanadigan mahsulot sifatini saqlab qolishga ham alohida e'tibor berish lozim.
Issiqlik bilan sterilizatsiyalash rejimini harorat va ishlov berish davomiyligi belgilaydi. Yuqori haroratlar sterilizatsiya davomiyligini qisqartiradi, bu esa mahsulot sifatini saqlash imkonini beradi. Ammo haddan yuqori haroratlar ba'zi konservalar sifatining yomonlanishiga olib keladi. Shuning uchun ham konservalanadigan mahsulotlarning xususiyatini hisobga olish talab qilinadi.
Sterilizatsiyaning harorati faol kislotalilik (pH qiymati)dan mikroorganizmlarning xususiyatlariga bog'liq. Masalan, nordon mahsulotlarda (kompotlar, tomat mahsulotlari, ba'zi meva-rezavorli sharbatlar) mikrofloraning asosiy qismini issiqlikka chidamsiz mog'or va achitqi zamburug'lari tashkil etadi, ularni sterizatsiyalash harorati 100℃ dan oshmaydi. Sabzavot, go'sht konservalarida pH ning qiymati 4,2 dan yuqoriroq, ularda issiqlikka chidamli mikroflora mavjudligi sababli sterilizatsiya yuqori haroratlarda olib boriladi. Sterilizatsiyalashning optimal haroratini bilib turgan holda uning davomiyligini aniqlash lozim. Ma'lum haroratda mikroorganizmlarni yo'qotadigan vaqt «halokatli» yoki «letal» vaqt deyiladi. Bu vaqt mahsulotning konsistensiyasi, qovushqoqligi, issiqlik sig'imi, issiqlik o'tkazuvchanligi va boshqalar, ya'ni issiqlikni mahsulot ichiga kirishini belgilovchi omillar bilan bog'liq. Bu omillarga idishlarning turi (tunuka, shisha) va ularning o'lchamlari ham kiradi.
Issiqlik bilan sterilizatsiyalashning ikki asosiy usullari mavjudatmosfera bosimida va atmosferanikidan yuqori bosimlarda.
Asmosfera bosimida va 100℃ gacha haroratda o'tkazilgan sterilizatsiya-pasterizatsiya deb ataladi. Bu usulda yuqorida ta'kidlanganidek, konservalarning ba'zi nordon turlariga issiqlik bilan ishlov beriladi. Buning uchun ochiq tipdagi apparatlar-vannalar yoki avtoklavlar qo'llaniladi.
Bankalar 80-100℃ haroratli suvga botiriladi, suv kerakli haroratgacha isitiladi va ma'lum vaqt davomida pasterizatsiya amalga oshiriladi.
Bug', issiq suv yoki havo bilan qizdiriladigan pasterizatorsovituvchilar ham mavjud.
Atmosferanikidan yuqori bosimlarda va 100℃ dan yuqori haroratlarda sterilizatsiyalashda germetik yopiq apparatlar-gorizontal avtoklavlar yoki uzluksiz ishlaydigan apparatlar qo'llaniladi. Sterilizatsiya haroratini (110-125℃) ta'minlash uchun konservalar to'yingan bug' yoki atmosferanikidan yuqori bosim ostida issiq suv bilan sterilizatsiyalanadi. Tunuka bankalardagi konservalar ham bug' bilan, ham suv bilan sterilizatsiyalanadi. Shisha bankalardagi konservalar suvda sterilizatsiyalanadi, bunda avtoklavda kerakli bosimga suv yoki siqilgan havo bosimi orqali erishiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |