Nazariy tushuncha: Bu bo‘limni tashkil etuvchi o‘simliklarning 1000 dan ortiq turi ma`lum. Ularning barglari poyada mayda, ya`ni mikrofiliya bo‘lib joylash-ganligi bilan xarakterlanadi. Plaunsimonlarning hayotiy rivojlanish davri yo‘sinsimonlardan farq qilib, nasllar gallanishida jinssiz nasl (sporofit) jinsiy naslga (gametofit) nisbatan ustunlik qiladi. Tanasi poya, barg va ildizga ajralgan. Bularga xos xususiyatlardan yana biri poyasi dixotomik ravishda shoxlangan. Sporan-giyalari poya uchida hosil bo‘lgan barglarning barg qo‘ltig‘larida (yoki bargning pastki yuza tomonida) hosil bo‘lib, ular spora hosil qiluvchi barglar yoki sporofillar deb ataladi.
Bu bo‘limdagi Plaunsimonlar ajdodi bir nechta qabilalardan tashkil topgan. Ulardan biri plaunnamolar qabilasi bo‘lib, uning tipik vakili sifatida Plaundoshlar oilasidan to‘g‘nag‘ichsimon plaun o‘simligining tuzilishi o‘rganilib chiqiladi.
To‘g‘nag‘ichsimon plaun
Bu o‘simlik (4-rasm) Yevropa hududida, ko‘proq ninabargli o‘rmonzorlarda keng tarqalgan. Poyasi yer bag‘irlab o‘sib, dixotomik tarzda shoxlar hosil qiladi. Poyasining uzunligi 1,5 m. dan 5 m gacha yetib boradi. Plaun barglari mayda poyada zich, o‘troq holda ketma-ket bo‘lib o‘rnashgan. Barglarining toraygan uchki qismi ingichkalashib, ignasimon tuzilishga aylangan. Barg-ning uzunasi bo‘ylab bilinar-bilinmas barg tomiri o‘tadi. Poyadan pastga qarab ketgan ingichka, pishiq shoxlangan qo‘shimcha ildizlar hosil bo‘ladi.
4-rasm. To‘g‘nog‘ichsimon plaun. 1-umumiy ko‘rinishi; 2- sporofill; 3-spora; 4-gametofit o‘simtaning ko‘rinishi; 5-anteridiy; 6-spermatazoid; 7-arxegoniy; 8-zigota; 9-murtakning rivojlanishi (a-o‘sish nuqtasi, b-dastlabki barg, v-ildiz, g-oyoqcha, d-kindikcha); 10-yosh sporofit
To‘g‘nog‘ichsimon plaun sporangiylarda yetilgan sporalar yordamida ko‘payadi. Sporalar yozgi dixotomik shoxlangan poyaning yuqori qismidagi spora hosil qiluvchi boshoqchalarda yetiladi. Spora hosil qiluvchi boshoqcha ikki qismdan – o‘q va unda joylashgan spora bargchalardan (sporafillardan) tashkil topgan. Spora bargchasining pastki tomoni bigizsimon ingichka qismga aylangan. Spora bargchani kengaygan qismining ustki tomonida buyraksimon sporangiy va qisqa band bor. Sporalar sporangiyda yetilgandan so‘ng, sporangiyning ko‘ndalang choki bo‘ylab yorilishi natijasida tashqariga tarqaladi. Ular shaklan bir xil yoki teng bo‘lib, tetraedga o‘xshaydi. Tashqi tomonidan to‘r-simon qalin parda bilan o‘ralgan. Sporalar qulay sharoitga tushishi bilan, sekin-asta gametofitga aylanadi. Plaunni gametofiti rangsiz, bir uyli ikki jinsli bo‘lib, tuproqning ostki qismida zamburug‘ gifalari bilan birgalikda simbioz holda hayot kechiradi. Gametofitining to‘la rivojlanib, undan embrionning hosil bo‘lishi uchun 12-15 yil vaqt sarflanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |