Mavzuning maqsadi: Oddiy salviniya o‘simligining o‘ziga xos morfologik tuzilishini, jinsiy va jinssiz ko‘payishini o‘rganish.
Kerakli jihozlar: Gerbariylar, o‘simliklar aniqlagichi, rasmlar, jadvallar, preparatlar, mikroskop, lupa, pintset, preporoval nina va boshqalar.
Nazariy tushuncha: Salviniyakabilar ajdodchasining Qirqquloqkabilar ajdodidan farqi shundaki, ularning hayoti doimo suv bilan bog‘liq va sporalari katta (megaspora) va kichik (mikrospora) bo‘lib, makro va mikrosporangiylarda yetiladi. Shuning uchun ham bu guruhning ikkinchi nomi “suv qirqquloqlar” deb ataladi.
Salviniyanamolar qabilasi ikkita oilani o‘z ichiga oladi: Salviniyadoshlar – Salviniaceae va Azollodoshlar – Azollaceae. Qabilaning muhim vakili sifatida ko‘proq tarqalgan Salviniyadoshlar oilasidan suzuvchi salviniya bilan tanishamiz.
Suzuvchi salviniya
Bu o‘simlik (8-rasm) asosan sekin oquvchi, ba`zan oqmaydigan suvlar betida uchraydi. Uning kattaligi 15 sm. ga yetib boradi. Barglari poya bo‘g‘imlarida 3 tadan o‘rnashgan. Har bir bo‘g‘imdagi barglardan 2 tasi suv betida qalqib turadi, uchinchisi ildiz ko‘rinishida suvga botgan holda poyada osilib turadi. Suv betidagi barglar yashil, qisqa bandli, tuxumsimon, tekis qirrali, ustki tomoni so‘rg‘ichlar, ostki tomoni esa qo‘ng‘ir tukchalar bilan qoplangan. Suvga botgan barglar uzun-uzun ipsi-mon tishchalarga bo‘lingan va mayda tukchalar bilan qalin qoplangan. Bu barglar ildiz vazifasini bajaradi. Poya va barglar to‘qimasida bir nechta havo bo‘shliqlari bor. Bu bo‘shliqlar tufayli salviniya o‘simligi suv betida qalqib turishga moslashgan. Suzuvchi salviniyaning suvga botib turadigan barglarining kalta tortgan asos qismlarida to‘p-to‘p bo‘lib joy olgan sharsimon soruslar yoki sporakarpiylar hosil bo‘ladi. Bular qisqa oyoqchada turadi. Har bir sporakarpiy tashqi tomonidan parda bilan o‘ralgan. Bu parda 2 qavat devordan iborat bo‘lib, indiziumga to‘g‘ri keladi. Sporakarpiylar bir xil katta-likda bo‘lsa ham, lekin ular ichida hosil bo‘lgan sporan-giylar har xil. Sporakarpiyning birida ko‘p sondagi mayda yumaloq mikrosporangiylar, boshqasida esa son jihatdan kam bo‘lgan yirik tuxumsimon megaspo-rangiylar rivojlanadi. Sporangiylar oyoqcha orqali spo-rakarpiy bo‘shlig‘ida hosil bo‘lgan platsentaga birikkan. Mikro va megasporangiylar devori bir qavat bo‘lib, halqa hosil qilmaydi. Mikrosporangiyda mayda 64 ta mikro-spora vujudga keladi. Bular maxsus ko‘piksimon modda ichida turadi. Megasporangiy tipida hosil bo‘lgan yirik sporalar dastlab 32 ta bo‘ladi. Keyinchalik yetilish davriga kelganda ulardan faqat bittasi tashqi tomonidan parda bilan o‘ralib, megasporaga aylanadi. Qolgan sporalar yo‘qolib ketadi. Tayyor holga kelgan sporakarpiylar kuzga kelib bandidan uziladi va suvni ostki qismiga cho‘kadi. Bu yerda sporakarpiy pardasi chirib, undan ajralgan mikro va makrosporangiylar ba-horga kelganda suv betiga ko‘tariladi. Mikrosporalar mikrosporangiy ichida unib otalik gametofitlariga ayla-nadi, ayni shu vaqtda mikrosporangiy devorini yorib tashqariga chiqadi, lekin undan butunlay ajralib ket-maydi. Otalik gametofiti juda reduktsiyalangan. Unda hosil bo‘lgan ikkita anteridiyning har birida 4 tadan 8 ta xivchinli spermatozoid bo‘ladi. Bular suvga chiq-qandan so‘ng, onalik gametofiti tomon harakatlanadi.
Megasporadan onalik gametofit hosil bo‘ladi. Bu gametofit uchburchak yaproqcha ko‘rinishida bo‘lib, megasporangiy po‘stini bir oz yorib chiqadi. Uning yuza tomonida arxegoniylar hosil bo‘ladi. Otalangan tuxum hujayradan zigota va undan murtak rivojlanib, yangi salviniya o‘simligiga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |