Anklav (lotincha: inclavatus – „yopiq“ va „clavis“ – „kalit“) – boshqa davlat hududdagi yer.
Anklav (frans. enclave, lot. inclavare – qulflab olish) – bir davlatning hamma tomondan boshqa davlat hududi bilan oʻrab olingan hududi yoki hududining bir qismi. Masalan, Lesoto davlati JAR hududidagi anklav hisoblanadi. Agar anklav dengizga tutash boʻlsa, u yarim anklav deb ataladi.[1]
Fargʻona viloyatiga qarashli Soʻx, Choʻngʻara, Tayan Shohimardon, Qalacha va Jangail hududlari Oʻzbekiston eksklavlari boʻlib, Qirgʻiziston Respublikasi uchun anklav boʻlib hisoblanadi
Eksklav — suveren mustaqillikka ega boʻlmagan, atrofi boshqa bir va bir nechta davlat bilan oʻralgan hudud.
Qirgʻiziston Respublikasida joylashgan Fargʻona viloyatiga qarashli Soʻx, Choʻngʻara, Shohimardon va Jangail hududlari Oʻzbekistonning eksklavlari hisoblanadi.
Shuningdek, Qirgʻizistonning Barak nomli qishlogʻi, Tojikistonning Qayragʻoch va Sarvan qishloqlari Oʻzbekiston hududidagi anklavlar hisoblanadi, shu bilan birga Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlarining eksklavlaridir
2016 yildan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanganini bugun ko‘pgina ekspertlar yakdil eʼtirof etmoqda.
Xususan, joriy yilning 11-12 mart kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari chegaraviy muammolarni yaqin uch oy ichida hal qilishga kelishib olgandi. Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududidagi anklavlarga transport qatnovini tiklash uchun o‘zaro yer almashishga tayyor ekanini ham maʼlum qilgan. Eʼtiborlisi, bu safargi bayonot faqat qog‘ozda qolib ketgani yo‘q.
1 aprel kuni Qirg‘iziston orqali o‘tgan So‘x – Rishton yo‘lining o‘n yillik tanaffusdan so‘ng qayta ochilgani Mirziyoyev va Japarov o‘rtasidagi kelishuv nechog‘liq qatʼiy ekanini ko‘rsatdi. Mazkur vaziyat yuzasidan mintaqaviy masalalar bo‘yicha ekspert, siyosatshunos, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarovga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.
— Sovet davlati parchalangach, O‘zbekiston tarkibidagi ayrim tuman va qishloqlar qo‘shni respublikalar hududida qolib ketdi. Ularning aksariyati Farg‘ona vodiysida joylashgan. Yuqori doiralarda anklavlar masalasi bir necha bor ko‘tarilgan. Lekin shu choqqacha muammo hal qilinmay qolaverdi. Sizningcha, nega?
— Avvalo aytish joiz, anklavlar faqat Markaziy Osiyoga xos bo‘lgan qandaydir fenomenal hodisa emas. Dunyo bo‘yicha yuzdan ortiq anklav mavjud. Baʼzilari chindan ham bahsli hudud hisoblansa, boshqalari hech qanday nizolarsiz shu maqomini asrlar davomida saqlab kelmoqda.
Demak, anklavlarga faqat muammo sifatida qaramaslik kerak. Mazkur masalani ortiqcha siyosiylashtirishga ham o‘rin yo‘q. “Davlat chegarasi” tushunchasi borki, anklavlar doimo yuzaga kelaveradi.
Ilmiy istilohda “anklav” bilan birga “eksklav”, “yarim anklav”, “yarim eksklav” atamalari ham qo‘llaniladi.
Anklav bir mamlakatning boshqa mamlakat tarkibiga kiruvchi qismidir. Bunga Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini misol qilib keltirish mumkin. Ushbu hudud to‘rt tomondan Qirg‘iziston Respublikasi chegaralari bilan o‘ralgani bois, Qirg‘iziston uchun anklav hisoblanadi. Biroq O‘zbekiston uchun u eksklav. Eksklav deb mamlakatning boshqa mamlakat hududi bilan ajratilgan qismiga aytiladi.
Baʼzi hollarda muayyan hudud eksklav maqomiga ega bo‘laturib, anklav hisoblanmasligi mumkin. Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad viloyatini olaylik. U Rossiyaning asosiy hududidan ajralib qolgan, shunga qaramay, anklav emas. Sababi Kaliningrad naq ikkita mamlakat – Litva va Polsha bilan chegaradosh, uchinchi tomoni esa dengizga tutashgan. Suv yo‘llariga chiquvchi hududlar yarim anklav yoki yarim eksklav, deb yuritiladi. Chunki ular orqali davlat chegarasidan bevosita tashqariga chiqish imkoni mavjud.
Bir vaqtlar hatto Germaniya, Fransiyaning ayrim yerlari Buyuk Britaniya tarkibiga kirgani, keyinchalik bahsli hududlarga aylangani va oxir-oqibat, Angliya-Fransiya o‘rtasidagi Yuz yillik urushni keltirib chiqarganini hozir ko‘pchilik eslamasa kerak. Tarixda bunday voqealar ko‘p bo‘lgan. Ne-ne jangu-jadallarni boshidan o‘tkazgan Markaziy Osiyo mintaqasida ham turli davrlarda katta-kichik anklav hamda eksklavlar yuzaga kelgandi.
Xalqaro tajribada bahsli hududlar muammosini hal qilishning bir qancha yo‘llari mavjud. Hududlar almashinuvi, anklavda istiqomat qiluvchi aholini boshqa joyga ko‘chirish yoki aholi ayirboshlash amaliyoti shular jumlasidan.
1971 yilgacha Bangladesh Pokistonning eksklavi bo‘lgan (u Sharqiy Pokiston, deb nomlanardi). Bangladesh Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Pokiston tarkibidan ajralib chiqadi. Shunda ham uzoq vaqtgacha mamlakatdagi 92 ta qishloq Hindiston hududi, 106 ta hind qishlog‘i esa Bangladesh hududi bilan o‘rab olingan edi. 2015 yilda ikki tomon ushbu aholi punktlarini ayirboshlash bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan.
Dunyoda chegarasi aniq belgilab qo‘yilgan, hatto ma’muriy-siyosiy birlik maqomiga ega bo‘lgan anklav va eksklavlar mavjud. Lekin shunda ham muammo to‘liq bartaraf etilmasligi mumkin. Rivojlangan davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlari tajribasi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Aytaylik, Bel’giya va Gollandiya, Germaniya va Bel’giya, Daniya va Germaniya, Fransiya va Italiya, Ispaniya va Fransiya o‘rtasidagi chegaraviy nizolar hali-hanuz tingani yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |