Har tilni biluv emdi baniy odama jondur,
Til robitayi vositayi olamiyondur.
(Avaz O‘tar)
MAQSAD HARAKATGA UNDAYDI
Dilnoza Abdurasulova Alisher Navoiy nomidagi Toshkent
davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili va
adabiyotini o‘qitish fakulteti 4-bosqich talabasi. Ilm olish,
mehnat qilib ustozlari, ota-onasi ishonchini oqlashni asosiy
maqsad deb bilgan Dilnoza o‘qishdan, izlanishdan to‘xta-
maydi. U hamisha birinchi bo‘lishga, tengdoshlari orasida
bilimi, tashabbuskorligi bilan ajralib turishga intiladi.
– Maqsad – insonni harakat qilishga, o‘z ustida ishlashga
undaydi, – deydi qahramonimiz. – Maqsadsiz inson kela-
jakdan hech nima kutmasa ham bo‘ladi. Negaki, orzu-maq-
sad hayotimizga ma’no beradi, oldinga qadam tashlashga,
kurashib yashashga kuch beradi. Оldimga qo‘ygan asosiy
maqsadlarimdan biri – meni tarbiyalab voyaga yetkazgan,
ilmga, kitobga muhabbat uyg‘otgan ota-onamning orzularini
ro‘yobga chiqarish, ularni rozi qilish.
Dilnoza universitet ma’naviy hayotida, talabalar ishtirokida
o‘tadigan seminarlarda qatnashishni kanda qilmaydi. Jum-
ladan, “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida”,
“Til va adabiyot: ilmiy va amaliy izlanishlar yo‘lidagi ilk odim-
lar” mavzularidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanla ridagi
faol ishtiroki uchun diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan.
O‘tgan 2018-yilda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan o‘tkazilgan
talabalar respublika fan olimpiadasi I bosqichida 2-o‘rinni egal-
ladi.
2016–2018-yillarga mo‘ljallangan “Ko‘rish imkoniyati chek-
langan talabalar uchun tilshunoslik fanlaridan audiokitob ta’minotini
yaratish” mavzusidagi grant loyihasida tadqiqotchi sifatida ishtirok etgan
Dilnoza ayni vaqtda “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foy-
dalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sint-
ezatorini ishlab chiqarish” loyihasida kichik ilmiy xodim sifatida ishlamoqda. Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida
Dilnoza ning ovozida yozilgan o‘ndan ortiq audiokitoblardan foydalanilmoqda.
– Tengdoshlarimiz orasida jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay ilm olishga ishtiyoqi baland yoshlar-
ni ko‘rib, albatta, ularga ko‘proq yordam berishga harakat qilyapman. Axir ular ham davlatimiz tomonidan yaratilayotgan
sharoitlardan foydalanib, bor qobiliyatlarini ko‘rsatishga haqli, – deydi qahramonimiz. – Bundan tashqari ko‘zi ojizlarga
mo‘ljallangan loyihalarda suxandon sifatida ishtirok etib kelmoqdaman. Ushbu xayrli ishlarga ozgina bo‘lsa-da, hissam
qo‘shilayotganidan xursandman.
Yosh tadqiqotchining ilm yo‘lidagi ilk qadamlari qutlug‘ boshlandi. A’lo o‘qishi, namunali xulqi, respublika va xalqaro
miqyosda o‘tkazilgan anjuman va konferensiyalarda ilmiy maqola va tezislari bilan faol ishtirok etib kelayotgani uchun
Dilnoza Abdurasulova 2018-2019-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi bakalavrlari uchun ta’sis etilgan Islom Karimov
nomidagi Davlat stipendiyasi g‘olibi bo‘ldi.
“Bilim – biz yashayotgan dunyoning qimmatli boyligidir”, – deydi rus yozuvchisi Maksim Gorkiy. O‘qib-o‘rgangan, ilm
cho‘qqilarini egallagan inson esa bu dunyoning eng boy odami hisoblanadi. Dilnoza ham ana shunday xazinaga ega ilm
sohiblari qatoridan joy olishiga umid qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: