III. Turli yoshlarga xos o‘yinlar. Ma’lumki, o‘yin insonning shakllanishida va ayniqsa, yosh bolaning rivojlanishida o‘ta muhim o‘rin tutadi. O‘yinga ehtiyoj va qiziqish bola tabiatida bor. Bolaning birinchi “faoliyati” o‘yin bilan boshlanadi. Bola hayotni avvaliga o‘yin orqali o‘rganadi, his qiladi, tushunishga harakat qiladi, o‘yin yordamida katta hayotga tayyorgarlik ko‘radi.
Har bir yoshga xos o‘yinlar bor. Turli yoshlarga oid fe’l-atvor, fazilatlar o‘yin shakli va mazmunini belgilab beradi. Masalan, chaqaloq yig‘lamasligi uchun unga ovunchoq berishadi va uni ovutadigan o‘yinlarga jalb etishadi. Undan so‘ng bola go‘dak davrida-monipulyatsiyali (o‘yinchoq-qo‘g‘irchoq) o‘yinlarni xush ko‘radigan bo‘lib qoladi. Undan so‘ng bolalar taqlid qilish va syujetli o‘yinlarga, ya’ni “Uy-uy”. “Ona bola”, “Qo‘shni-qo‘shni”, “Ov-ov”. “Ish-ish” kabi o‘yinlarga talabgor bo‘lishadi. Shu yoshdagi qizlar orasida, ayniqsa, “Xola-xola", “Bola boqish”, “Ovqat pishirish”; o‘g‘il bolalar o‘rtasida “Ovga chiqish”, “Mehnat qilish”, “Urush-urush” va hokazolar rivojlangan. Bu o‘yinlar bolalarga hayotiy mashq vazifasini o‘tagan. O‘smirlar va yoshlar orasida esa harakatli o‘yinlar: “Bekinmachoq”, “Oq terakmi-ko‘k terak”, “Chillak”, “Yong‘oq o‘yini”, “Tosh o‘yini”, “Suyak o‘yini”, “Do‘ppi (telpak) ketdi”, “Podachi” kabilar keng tarqalgan.
Bolalar va o‘smirlar hayotida o‘yinning ahamiyati juda katta bo‘lgan. Avvalo, shuni aytish kerakki, bolalarning hayotini o‘yinsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘yin asosiy mashg‘ulot hisoblanadi. Keyinchalik o‘yinlar o‘rnini o‘qish va asta-sekin ish va mehnat egallay boradi.
O‘yinlar bolalar uchun “Hayotga tayyorlanish maktabi” bo‘lib, ularni jismoniy, aqliy va ruhiy rivojlanishiga xizmat hiladi. O‘yin bola ongi, tafakkurini o‘stirib, xotira, diqqat, irodasini mustahkamlaydi, jismoniy, ruhiy, hissiy (emotsional) taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. Shuningdek, o‘yin bolani katta hayotga tayyorlashda mashq vazifasini bajarib, kelajakda hayotga duch kelinadigan turli holatlarga ma’naviy tayyorlaydi. "Agar bola o‘yinda halol o‘ynasa, keyinchalik hayotda ham halol bo‘ladi“ yoki “Bolaning o‘yindagi harakatiga qarab, uni qanday odam bo‘lishini aytish mumkin”, degan naqllar bekorga aytilmagan. Qisqa qilib aytganda, o‘yin bolalarda ijodiy faollik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik va boshqa ko‘nikmalarni rivojlantirishda muhim vosita hisoblanadi. O‘yinlar tufayli bolalarda ularni o‘rab turgan dunyoni tushunish va unga ta’sir qilish ehtiyoji shakllanadi, aqliy, axloqiy, irodaviy va jismoniy sifatlari shakllanadi, bir so‘z bilan aytganda, o‘yin yordamida inson tarbiyalanadi, shaxs shakllanadi.
O‘yinlar nafaqat bolalar, balki katta yoshdagilar hayotiy ham muhim o‘rin tutadi. Agar o‘yinlar bolalarning ruhiy va jismoniy rivojlanishi, hayotga tayyorlanishi uchun kerak bo‘ladigan bo‘lsa, katta yoshdagilar uchun ular bo‘sh vaqtlarini mazmunli va qiziqarli o‘tkazish, xordiq chiqarish, sog‘liqlarini mustahkamlash, chiniqish uchun lozim bo‘ladi. Agar bolalar ko‘proq o‘zlari uchun (tomosha uchun emas) o‘ynasalar, kattalar o‘yinlarining muayyan qismi (eng iqtidorli o‘yinchilar-havaskor va professionallar ishtirokida) tomoshaviy musobaqa tadbir sifatida tashkil qilinadi.
Iste’dodli o‘spirinlar – yoshlar orasidan asta-sekin professional o‘yinchi-sportchilar yetishib chiqa boshlaydi. Ularning kasbiy mashg‘uloti o‘yin-musobaqa bo‘lib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |