II. Hududiy va turli joylarga mos o‘yinlar. O‘zbekiston hududida umumxalq- hamma biladigan qiziqarli o‘yinlar bilan muayyan joyga xos o‘yinlar bo‘lgan. Bir joyda ma’lum bo‘lgan o‘yin boshqa joydagilarga noma’lum bo‘lgan. Buni o‘qituvchi A.Vasilevning maqolasi tasdiqlashi mumkin. U 1909 yili bolalarning o‘nlab harakatli o‘yinlarini to‘plab, yozib qoldirgan. Shulardan, “Chumchuq tushdi boshimga” o‘yini Farg‘onada keng tarqalgan, lekin Toshkentda yashovchilardan so‘ralganda, birontasi bilmagan. Vasilevning xizmati shundan iboratki, u farg‘onaliklarning juda ko‘plab o‘yinlarini yozib qoldirgan. Bular “Botmon-botmon”, “Qo‘shiqning boshi”, “Kapan”, “Do‘ppi tashlar”, “Parr etdi”, “Shayton-shayton” va boshqalar.
Shahar bilan qishloq o‘yinlari orasida ham ma’lum farqlar bo‘lgan. Agar qishloq o‘yinlarining ko‘pchiligi keng dalalarda o‘tkazilsa, shahar o‘yinlari kichikroq maydonlarda o‘tgan. Masalan, Toshkentlik qizlar orasida “Chig‘iriq” (joyida aylangan holda koptok o‘ynash), “Chortak”(erda chizib qo‘yilgan to‘rtburchak chiziqlar orasida sakrash), “Arqon o‘yin”(arqondan sakrab o‘tish), “Tosh o‘yin” (mayda toshchalar)kabi o‘yinlar o‘rin egallagan. Shuningdek, qizlar o‘yin uchun navbat bilan bir-birining hovlilariga to‘planganlar. Bu an’anaviy shakl – “Xalpana” qizlarning bo‘sh vaqtlarini o‘tkazishda o‘ziga xos uyushma hisoblangan.
Xullas, ko‘p asrlar davomida tabiiy sharoit, atrof muhit, ijtimoiy munosabatlar, turmush tarzi, hayot ihtiyojlari asosida xalq ma’naviy hayotining tarkibiy qismi sifatida bolalar va kattalar, shahar va qishloqqa xos, mavsumiy va boshqa o‘yinlarning o‘ziga xos tizimi paydo bo‘ladi va rivojlanadi.
Umumxalq hududiy o‘yinlari ham turli joy va muhitda o‘ynalgan. Masalan, uyda- sandal o‘yini, boshqotirma va so‘z o‘yinlari; hovlida – tosh o‘yinlari, arqon, chiziqli o‘yinlar, bekinmachoq; maydonlarda chirakas, tortish-machoq bo‘lgan; bog‘da –yong‘oq, danak o‘yinlari; suvda-suv ostida ko‘p turish, suzish bo‘yicha musobaqalar, quvlashmachoq; hatto havoda –arg‘imchoq uchish; osmonda-varrak o‘yinlari bajarilgan.
Xullas, har bir joyning o‘z o‘yini bo‘lgan, hatto sardoba, karvonsaroy, choyxona, mehmonxona kabi joylarning ham o‘z o‘yinlari bo‘lgan: Karvon ketayotganda yo‘lda bajariladigan o‘yinlar ham bo‘lgan.Tuyada, otda kelayotgan yo‘lovchilar dam olish bekatlarida oyog‘ini yozish maqsadida arqondan sakrash o‘yinlari bilan shug‘ullanganlar.
O‘yin-musobaqalar o‘tkaziladigan maxsus joylar xam bo‘lgan. Ular o‘yingoh (yoki saylgoh) deb nom olgan. O‘yingohlarda yuzlab o‘yinlar o‘ynash mumkin bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |