AT Xalq Banki kredit tizimi va turlari.
Kredit boʻsh turgan pul mablagʻlarini ssuda fondi shaklida toʻplash va ularni pulga muhtoj boʻlib turgan yuridik va jismoniy shaxslarga ishlab chiqarish va boshqa ehtiyojlari uchun maʼlum muddatga, foiz toʻlovlari bilan qaytarish shartida qarzga berish munosabatlarini ifodalaydi.
Kredit (lot. creditum — qarz, credo — ishonaman,maqullayman) — pul mablagʻlari, tovar va xizmatlarni kelishilgan ustama (foiz) toʻlab qaytarib berish sharti bilan maʼlum muddatlarga qarzga berish. Qarzga mablagʻ beruvchi tomon kreditor (davlat, bank, korxona, xususiy shaxs va boshqalar), ssuda oluvchi tomon esa debitor (qarzdor) deyiladi. Kredit kelishuvi qarzdan foydalanish shartlari kayd etilgan shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Kredit muomalasi qarz beruvchi va qarz oluvchi oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatdir. Lekin har qanday qarz munosabati ham kredit boʻla olmaydi. Kredit munosabatida olingan mablagʻ qaytarib berilishi, foydalanilgani uchun haq (kelishilgan foizda) toʻlanishi, muddatli, maʼlum tovar va nomoddiy aktivlar bilan taʼminlangan boʻlishi, maqsadli ishlatilishi shart. Berilishi muddatlariga koʻra, qisqa muddatli (1 yilga qadar), oʻrta muddatli (1yildan 5 yilgacha), uzoq, muddatli (6 yildan ortiq) kreditga boʻlinadi.
Kreditning tijorat, bank, davlat, isteʼmol, xalqaro, ipoteka va boshqa shakllari bor. Tijorat krediti — bir xoʻjalik yurituvchi subʼyekt tomonidan beriladi va, odatda, veksel bilan rasmiylashtiriladi. Bank krediti — jismoniy va yuridik shaxslarga pul shaklida banklar tomonidan beriladi. Bank kreditining forfeyting , faktoring , haridorga qarz berish kabi koʻrinishlari bor. Davlat krediti — davlatning qarz beruvchi va qarz oluvchi sifatida ishtirokini nazarda tutadi. Davlat qarz beruvchi sifatida bank tizimi orqali byudjetdan tarmoq, hudud, korxonalarni kredit ajratib moliyalashtiradi. Qarz oluvchi sifatida aholiga davlat zayomlari, obligatsiyalarini sotish bilan jismoniy yoki yuridik shaxslardan qarz oladi, natijada ichki davlat qarzi, chet davlatlardan olingan kreditlar hisobidan tashqi davlat qarzi paydo boʻladi. Isteʼmol krediti — aholiga isteʼmol tovarlari, xizmatlarni nasiyaga sotish, uy-joy qurilishi harajatlari uchun, lombardlardagi mulk garovi hisobiga, oʻzaro yordam kassasi qarzlari va boshqa koʻrinishlarda beriladi. Xalqaro kredit— muddatli, qaytimli va foiz toʻlash shartlari bilan bir mamlakatdagi kreditor tomonidan ikkinchi mamlakatdagi qarz oluvchiga pul yoki tovar shaklida beriladigan qarz, shuningdek, chet el obligatsiyalari, chet el korxonalari aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlariga foyda olish maqsadlarida kapital qoʻyish.
Kredit iqtisodiyotda muhim vazifalarni bajaradi, ularning orasida moliya resurslarini qayta taqsimlash asosiy oʻrinda turadi. Kredit yordamida kapitalni bir tarmoqdan ikkinchisiga, bir mulkdordan boshqasiga oqib oʻtishi taʼminlanadi. Shu bilan ishlab chiqarishni kengaytirish, iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, mablagʻlarni kapital qoʻyishning eng foydali va istiqbolli yoʻnalishlarida toʻplash imkoniyatlari yuzaga keladi. Kredit resurslarini banklar tomonidan tartibga solish mexanizmlari yordamidapul aylanmasi toraytiriladi yoki kengaytiriladi, toʻlovga qarab talabning koʻpayishi yoki qisqarishi yuz beradi, bu esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarish rivojiga ragʻbat beradi.
Kredit turlariga quyidagilar kiradi:
-Bank krediti - kreditning asosiy va etakchi shakli sifatida chiqadi. U pul egalari — banklar va maxsus kredit muassasalari tomonidan qarz oluvchilarga (tadbirkorlar, davlat, uy xoʻjaligi sektori) pul ssudalari shaklida beriladi.
-Xo’jaliklararo kreditlar - bir korxona (muassasa) tomonidan ikkinchisiga beriladi va ularning kapital qurilish, qishloq xo’jaligi sohalaridagi munosabatlariga, shuningdek, ichki xoʻjalik hisobi boʻgʻinlari bilan munosabatlariga xizmat qiladi.
-Tijorat krediti - bu korxonalar, birlashmalar va boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning bir-biriga beradigan kreditlaridir. Tijorat krediti, avvalo, toʻlovni kechiktirish yoʻli bilan tovar shaklida beriladi.
-Iste’mol krediti - xususiy shaxslarga, hammadan avvalo, uzoq muddat foydalanadigan isteʼmol tovarlari (mebel, avtomobil, televizor va boshqalar) sotib olish uchun maʼlum muddatga beriladi. U chakana savdo magazinlari orqali tovarlarning haqini kechiktirib toʻlash bilan sotish shaklida yoki isteʼmol maqsadlarida bank ssudalari berish shaklida amalga oshiriladi. Isteʼmol kreditidan foydalanganlik uchun ancha yuqori foiz undiriladi.
-Ipoteka krediti - ko’chmas mulklar(er, bino) hisobiga uzoq muddatli ssudalar shaklida beriladi. Bunday ssudalar berish vositasi, banklar va korxonalar tomonidan chiqariladigan ipoteka obligatsiyalari hisoblanadi.
-Davlat krediti - kredit munosabatlarining oʻziga xos shakli boʻlib, bunda davlat pul mablagʻlari qarzdori, aholi va xususiy biznes esa kreditorlari boʻlib chiqadi. Davlat krediti mablagʻlari manbai boʻlib, davlat qarz obligatsiyalari xizmat qiladi. Davlat kreditning bunday shaklida, avvalo, davlat byudjeti kamomadini qoplash uchun foydalanadi.
-Xalqaro kredit - ssuda kapitalining xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi harakatini namoyish qiladi. Xalqaro kredit tovar yoki pul (valyuta) shaklida beriladi. Kreditor va qarz oluvchilar banklar, xususiy firmalar, davlat, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hisoblanadi.
Soʻnggi vaqtlarda kreditlashning lizing, faktoring, forfeyting, trast kabi shakllari keng rivojlanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |