Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Axir, oʻsha paytlar bosmaxonalar boʻlmagan-ku. Qadimda ham, hozir ham — baribir
alkimyoni duch kelgan odam egallay olmagan. Shunday ekan, nima uchun bu kitoblar
bunaqa murakkab tilda yozilgan, suratlari nega gʻalati?
Angliyalik javob bermadi. Faqat keyincha, biroz jimlikdan soʻng: necha kundan beri
karvonni sinchiklab kuzatayapman, biroq hech qanday yanglikni payqamadim, dedi.
Faqat qabilalar oʻrtasida janglar boʻlayotgani tez-tez quloqqa chalina boshladi.
Oradan bir necha kun oʻtib, Santyago angliyalikka kitoblarini qaytardi.
— Xoʻsh, nimalarni tushunding endi ulardan? — yarim hazil, yarim umid ilinjida soʻradi
angliyalik: tashvishli oʻy-xayollardan chalgʻishi uchun uning kim bilandir gurunglashgisi
keldi.
— Tushunganim shu boʻldiki, olamning qalbi bor ekan va kimda kim bu qalbga
uygʻunlasha bilsa, mavjudlikning tilini tushunarkan. Tagʻin shuni tushundimki, koʻpgina
alkimyogarlar oʻz Yoʻlini topishgan va Olam Qalbi, Iksir hamda Obi-hayotni kashf
etishgan, — dedi Boʻzbola va biroz jim turgach, qoʻshib qoʻydi: — Eng muhimi, bular
bari shu qadar oddiyki, hammasi jajji zumrad sathiga sigʻarkan.
Angliyalikning kayfiyati buzildi. Na oʻzining uzoq vaqt oʻqiganiyu na timsollar, na dono
kalomlaru na turli-tuman kimyoviy tajribada ishlatiladigan idishlar — birortasi
Santyagoda hech qanday taassurot uygʻotmagan edi.
«U juda sodda ekan, shu bois tushunmaydi», — Oʻyladi angliyalik, keyin kitoblarini
yigʻib, tuyaga ortilgan jomadonlariga joyladi.
— Endi oʻzingning karvoning bilan shugʻullanaver, — dedi u. — Menga ulardan, xuddi
senga mening kitoblarimdan yuqmaganiday, zigʻircha zang yuqqani yoʻq.
Santyago tagʻin sahro sukunatini tinglamoqqa va qumning tuyalar tuyoqlarida
toʻzgʻiyotganini kuzatmoqqa kirishdi.
«Har kimning oʻzining oʻqib-oʻrganish usuli bor, — Oʻyladi u. — Unga meniki toʻgʻri
kelmaydi, meniki esa — unga. Biroq har ikkalamiz ham oʻz yoʻlimizni qidirayapmiz va
faqat shuning uchungina uni hurmat qilmaslik qoʻlimdan kelmaydi».
Quyosh ufqdan bosh koʻtara boshlaganda Santyago uygʻondi. Tunda yulduzlar
jilvalangan tomonda endi son-sanoqsiz xurmo daraxtlari koʻzga ilinar, goʻyo butun
sahroni xurmozor bosib ketganday tuyulardi.
— Yetib keldik! — hayqirdi hozirgina uyqudan turgan angliyalik.
Santyago jim turdi. Buni u sahrodan oʻrgangandi, endi daraxtlarga jimgina qarashning
oʻzi kifoya qilardi. Ehromlargacha hali uzoq. Vaqti kelib bu tong ham uning uchun bir
xotiraga aylanadi. Biroq hozir, Sarbon oʻrgatganday, u ayni daqiqalar uchun yashayotir,
shundan sevinayotir va bu xushbaxt onlarni u oʻtkan kunlar xotiralari, kelajak haqidagi
orzu-umidlari bilan bogʻlashga urindi. Ha, hali bir kun kelib bu ming bir xurmo daraxti
Do'stlaringiz bilan baham: |