Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Mana, dunyoni harakatlantiradigan kuch, — dedi u. — Alkimyoda bu Olam Qalbi deb
ataladi. Agar biror narsani butun borligʻing bilan xohlasang, shunda Olam Qalbiga
uygʻunlashasan. Unda esa juda katta qudrat mujassam.
Shunday deb u qoʻshib qoʻydi: qalb faqat odamlarga xos xususiyat emas, olamdagi
jamiki unsurlarda — u toshmi, giyohmi, hayvon yoki hatto fikrmi — barisida qalb bor.
— Barchasi, yerda neki mavjud, doimo oʻzgarib turadi, chunki yerning oʻzi — tirik va
qalbga ega. Biz hammamiz shu ulkan Qalbning qismlarimiz, shuning uchun oʻzimizga,
uning mudom ezgulik qilishi haqida, hisob bermaymiz. Ammo sen, oʻsha doʻkonda
ishlagan paytingda billur omadingga imkon tugʻdirganini tushunishing kerak edi.
Santyago miq etmay goh oyga, goh oppoq qumga qarab qoʻyib, uning gaplarini eshitdi.
— Men karvonning sahroda qanday yurishini koʻrdim, — dedi u nihoyat. — Karvon
sahro bilan bir tilda muomala qiladi, shuning uchun ham sahro uning yoʻlini ochib
qoʻyadi. Sahro uning har bir qadamini nazorat qiladi va sinovdan oʻtkazadi, agarda oʻzi
bilan uygʻunligiga ishonch hosil qilsa, uni vohaga oʻtkazadi. Bu tilni bilmagan kishi,
qanchalik jasur boʻlmasin, safarning boshidayoq halok boʻladi.
Endi ular ikkalasi ham oyga qarashardi.
— Bu oʻsha belgilar sehrining ayni oʻzi, — davom etdi Santyago. — Men
tuyakashlarning sahro belgilarini qanday uqishlarini koʻrdim — karvon qalbining sahro
qalbi bilan sirlashishi bu.
Uzoq jim turganidan soʻng, nihoyat angliyalik soʻz qotdi:
— Ha, aftidan, karvonga zehn solib qarashim kerakka oʻxshaydi.
— Men esa sening kitoblaringni oʻqishim kerak, — javob qildi boʻzbola.
Bu kitoblarni tushunish qiyin edi. Ularda simob va tuz, podshohlar va ajdaholar haqida
yozilgandi, biroq harchand urinmasin Santyago hech nimani tushunmadi. Shunday esa-
da, baribir, hamma kitoblarda takrorlanadigan bir fikrni u anglab yetdi: olamdagi barcha
mavjud unsurlar — ayni bir narsaning turli-tuman koʻrinishlaridir.
Bitta kitobdan u alkimyo haqidagi eng muhim ma’lumotlar — zumrad sathiga chizilgan
sanoqli satrlarda ekanini bilib oldi.
— Bu «Zumrad Lavhasi» deyiladi, — dedi angliyalik, yoʻldoshiga bilmagan narsalarni
oʻrgata olishidan mamnun boʻlib.
— Unda buncha kitobning nima keragi bor?
— Mana shu sanoqli satrlarni tushunish uchun, — dedi angliyalik oʻziga unchalik
ishonqiramagan ohangda.
Santyagoni, ayniqsa, mashhur alkimyogarlar haqida hikoya qilingan kitoblar qiziqtirdi.
Ular laboratoriyalarda metallarni tozalashga umrlarini bagʻishlagan kishilar edi: agar
biror-bir metalga uzoq yillar mobaynida ishlov berilaversa, oxir-oqibat oʻz xususiyatini
yoʻqotadi va bu unsur Olam Qalbiga molik boʻladi, deb ishonishardi ular. Va shunda
Do'stlaringiz bilan baham: |