Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
— Karvonga men sarbonlik qilaman, — dedi ularga hovlida soqoli koʻksiga tushgan,
koʻzlari qop-qora kishi. — Men bilan yoʻlga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening
qoʻlimda boʻladi, chunki sahro — telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan
ozdirib turadi.
Ikki yuz choqli odam yoʻl tadorikini koʻrishgan, ulovdan — tuyalar, otlar, eshaklar
bundan sal kam ikki baravar koʻp. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha
jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan,
kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar toʻpirlashib turishardi. Shovqin-suronning
kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga toʻgʻri keldi.
— Bu yerga turli xil odamlar yigʻilishgan va ular har turli tangrilarga sigʻinishadi. Oʻzim
yolgʻiz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt
etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz oʻz
tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga boʻysunishga soʻz beringiz.
Sahroda sarkashlik qilish — halokatdir.
Past ohangdagi tovushlarning gʻala-gʻovuri koʻtarildi — bu oʻz tangrilariga iltijo
etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik
sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz choʻzildi — odamlar
samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.
Shundan soʻng burgʻuning choʻziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi.
Santyago bilan angliyalik ham oʻzlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi.
Boʻzbola yonidagi yoʻldoshi tuyasiga kitob joylangan ogʻir jomadonlarni rosa
yuklaganini koʻrib, jonivorga ichi achidi.
— Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning oʻzi yoʻq, — goʻyo allaqachongi gurungni
davom ettirgan boʻlib dedi angliyalik. — Mening bu yerga kelishimning sababi, bir
oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab...
Biroq uning soʻzlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da
Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bogʻlab
turadigan sirli zanjir boʻladi. Ayni shu vosita uni qoʻychivonlikka boshladi, bir tushni
ikki marta koʻrgani, Afrika qirgʻoqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada
podshohni uchratgani, tovlamachiga duchor boʻlgani, billur sotadigan doʻkonga
yollangani... hammasi shundan.
«Oʻz Yoʻlingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi», —
Oʻyladi boʻzbola.
Karvon sharqqa yoʻl tortdi. Sahar palla yoʻlga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda
dam olish uchun toʻxtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yoʻlda davom etilardi.
Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi — muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi.
Boʻzbola churq etmay koʻp sonli yoʻldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar
Do'stlaringiz bilan baham: |