Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va
Tumimni siqdi — shu toshlar sharofati tufayli u yana oʻz xazinasini qidirib yoʻlga
tushishga qaror qildi.
«Men doimo oʻz Taqdiri yoʻlidan borayotganlar yonidaman», — u Malkisidq soʻzlarini
esladi.
Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi, deb
soʻrasa boʻlgani.
Angliyalik oʻtirgan joy koʻproq ogʻilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi
anqirdi. «Mana shunday yovuqda yashash uchun oʻn yil oʻqish lozim boʻldi», — Oʻyladi
u, kimyoga oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.
Biroq ortga chekingani imkon yoʻq. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani
bashar gapiradigan oʻsha yagona tilni topishga bagʻishladi, shu uchun oʻqidi-izlandi.
Dastlab u xalqaro sun'iy til — esperanto bilan mashgʻul boʻldi, keyin dunyodagi dinlar
bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli
diniy e’tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar boʻla olgani yoʻq. Toʻgʻri,
qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va oʻz
tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan koʻmak
topishga behuda urindi — ularning bari ichimdagini top deydigan, gʻalati fe’l-atvorli
odamlar chiqdi, ularning bari faqat oʻzini oʻylar, biror-bir koʻmak yo maslahat olish
dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan
afsonaviy tosh — Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir.
Angliyalik otasining merosidan bir qismini oʻzining samarasiz tajribalariga sovurib
boʻldi. U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izgʻidi, alkimyoga oid kamyob, oʻta nodir
kitoblarni xarid qildi. Oʻsha kitoblardan bittasida u, koʻp yillar burun Yevropada boʻlgan
bir mashhur arab alkimyogari haqida oʻqidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni
topgani va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta,
angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan
qaytib kelgan oshnasi oʻzi koʻrgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib
bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gap-
soʻzlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira olarmish.
Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yigʻishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va
shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yoʻlga tushdi — va mana, u shu
yerda, ogʻilga oʻxshagan badboʻy omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yoʻl
solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yoʻli
ustida.
«Men bu la’nati alkimyogarni oʻz koʻzlarim bilan koʻrishim kerak», — Oʻyladi
angliyalik va ayni damda tuyalarning sassigʻi ham unga juda badboʻy tuyulmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |