Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
donishmandlar yer yuzida mavjud har qanday unsurning mohiyatini anglab yetadilar,
zotan, Olam Qalbi bu unsurlar oʻzaro muloqot qiladigan oʻsha tilning ayni oʻzi. Ular bu
kashfiyotni Ulugʻ Ijod deb atashadi, u esa ikki: qattiq va suyuq unsurlardan tarkib topgan.
— Bu tilni egallash uchun odamlar va belgilarni oʻrganishning oʻzi yetarli emasmi? —
bilgisi kelib soʻradi Santyago.
— Yuzaki qarashga bunchalik oʻch boʻlmasang! — toqatsizlanib javob qildi angliyalik.
— Alkimyo — jiddiy fan. Bu fan har bir harakating donishmandlarning yoʻl-yoʻriqlariga
toʻla-toʻkis muvofiq boʻlishini talab qiladi.
Boʻzbola Ulugʻ Ijodning suyuq unsuri Obi-hayot deb atalishini, u alkimyogar umriga umr
qoʻshishidan tashqari, hamma kasalliklarga davo ekanini bildi. Qattiq unsur — bu Iksir.
— Uni topish oson emas, — dedi angliyalik. — Alkimyogarlar koʻp yillar
laboratoriyalarida metalga ishlov berish uchun ter toʻkishadi. Ular mudom olovga
tikilishadi, oʻz mashgʻulotlari bilan band boʻlib, tiriklik tashvishlarini unitishadi va bir
kun kelib metalni tozalab oʻzlari ham poklanishganini payqashadi.
Shunda Santyago billur sotuvchining: idishlarni yuvganingda oʻzingning ruhing ham
ortiqcha illatlardan tozalanadi, degan gapini esladi. Boʻzbola alkimyoga kundalik
turmushda ham oʻrgansa boʻlishiga tobora ishonch hosil qilardi.
— Bundan tashqari, — davom etdi angliyalik, — Iksir gʻaroyib xususiyatga ega: uning
bir ushogʻi ham xohlagan hajmdagi metalni oltinga aylantira oladi.
Bu gapni eshitgandan soʻng Santyagoning alkimyoga qiziqishi juda oshdi. Faqat ozgina
sabr-toqat kerak, shunda xohlagan narsani oltinga aylantirsa boʻladi, deb oʻyladi u. Axir,
u mana shu ishni uddalashgan donishmandlar: Gelvetsiy, Elias, Fulkanelli, Geber haqida
oʻqigan, oʻqiganlari uni hayajonga solgan. Bu odamlar oʻz Yoʻllarini oxirigacha bosib
oʻtishgan. Ular dunyo kezishgan, allomalar bilan uchrashishgan, olam sirini bilib
boʻlmaydi, degan skeptiklarni lol qoldirish uchun moʻ'jizalar yaratishgan, chunki — eng
muhimi — ular oxir-oqibat Iksir va Obi-hayotni oʻz qoʻllariga olish imkoniga ega
boʻlishgan.
Biroq Santyago Ulugʻ Ijod nimaligini kitoblardan bilib olishga uringanida boshi berk
koʻchaga kirib qoldi: ular koʻplab almoyi-aljoyi suratlardan tashqari, nuqul oldi-qochdi
gaplar bilan ham toʻlib-toshgan edi.
— Nega alkimyogarlarning ishlari bu qadar chalkash-chulkash? — soʻradi boʻzbola bir
kuni oqshom oʻzining kitoblarini oʻqiy olmay zerikib oʻtirgan angliyalikdan.
— Chunki ularni tushunish imkoni alkimyo bilan bogʻliq jarayonlarning butun
mas’uliyatini anglaydigan kishilargagina berilgan. Tasavvur qilib koʻr, agar xohlagan
odam choʻyanni oltinga aylantiraversa nima boʻlishini. Tez orada oltinning qadri choʻyan
bilan tenglashadi. Qat'iyatli va bilimdonlargagina Ulugʻ Ijod sirlari nasib etdi. Shuning
uchun men hozir bu yerda, sahroning oʻrtasidaman. Men sirli yozuvni oʻqiy oladigan
chin alkimyogarni uchratishim kerak.
— Bu kitoblar qachon yozilgan?
— Koʻp asrlar burun.
Do'stlaringiz bilan baham: |