1.5-§. O‘zbek tili marketing terminologiyasining lisoniy taraqqiyoti va takomili
Marketing terminologiyasining shakllanish bosqichi amerika tilshunosligiga borib taqalsa, lisoniy taraqqiyoti ingliz-rus olimlarining bir qator izlanishlari bilan amalga oshirildi. Dastavval sohaning tadqiqiga bag‘ishlangan ishlar qilindi. Keyinchalik esa sohaning til xususiyatlarini ochuvchi ishlar amalga oshirildi. Rus tilshunosligida sohaga doir ishlarning salmog‘i talaygina. A.A.Mesheryakov “Банковский маркетинг”, С.С.Мелконов “Социальный банковский маркетинг”, A.П.Панкрухин “Маркетинг образовательных услуг” kabi ishlarda sohaga doir nazariy qarashlar yoritib berilgan bo‘lsa, filologiya fanlari nomzodi E.G.Bezzateyeva tomonidan ingliz tili marketing terminlari sotsiolingvistik tomondan tadqiq etildi.28
T.S.Rosyanova tomonidan marketing terminlari kognitiv tomondan tadqiq etildi. Uning doktorlik ishida inglizcha marketing terminlari nominatsion-motivatsion, lingvokulturologik aspektlarda yoritib berilgan. O‘zbek tilshunosligida marketing terminlarining kognitiv jihatlari yoritib berilgan tadqiqot ishi mavjud emas.
Kornyeva Yelena Fedorovna marketing terminologiyasini leksik-semantik, grammatik tomonlarini ochib berishda fransuz va ingliz tili marketing terminlarini taqqoslagan holda nomzodlik dissertatsiyasini havola etdi. Tadqiqot ishining puxtaligi shundaki, unda marketing terminosistemasining nazariy asoslari yaratildi, lingvistik jihatdan puxtaligi bilan shu sohaga doir boshqa ishlardan farqlanib turadi. Sababi esa ingliz va fransuz tili marketing terminlari qiyosan o‘rganilganligidir. Rus tili marketing terminologik maydonini tadqiq qilgan olima
N.V.Serbinovskaya nomzodlik ishida marketing terminlari rus tilida hosil bo‘lishining ekstralingvistik-intralingvistik tomonlarini yoritib berdi.29 O‘zbek tilshunosligida hozirda pragmalingvistik tadqiqotlar olib borilmoqda. Lekin ushbu sohaga doir adabiyotlarning ko‘p qismi rus hamda ingliz tilshunosligida uchraydi. Bizdan farqli ravishda rus tilshunos olimasi Ye.V.Petrushova nomzodlik ishida marketing terminlarini kognitiv-pragmatik tomondan tadqiq etib, diskurs masalalarini ham soha terminlari misolida yoritib berdi.
O‘zbek tilshunosligida marketing terminlarining shakllanishida o‘z hissasini qo‘shgan A. Mamanazarov “Marketing terminlari izohli lug‘ati” da 1500 ga yaqin sarlavha, ya’ni lug‘atbop maqola bilan 3500 dan ziyod marketing terminlari talqin etilgan. Fayyoza Bazarovaning “Marketing” darsligida 150 ta, Sh.Dj.Ergashxodjayeva “Strategik marketing” darsligida 40 ta termin lug‘ati keltirilgan. Bu ishlar sohaning o‘zigagina xos jihatlar yoritilganligi bilan farqlanadi. Ular terminlarning til xususiyatlari ochib berilmagan bo‘lib, marketing terminlarining izohi keltirilgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida ham sohaga oid terminlar o‘z ifodasini topgan. Lekin marketing terminologiyasiga doir mukammal lug‘at hamda tadqiqot ishi olib borilmagan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti instituti tayanch doktoranti Sevara Xudoyberdiyeva marketing terminologiyasini tadqiq etmoqda.
Tilshunoslar sohaviy terminlar uchun umumiy kamchiliklarni sanab o‘tganlar. Buni marketing terminlari misolida ko‘ramiz:
1) terminlarning ko‘p ma’noliligi: bozor – a) sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash munosabatlari, ishlab chiqarish hamda iste’molni o‘zaro bog‘lovchi mexanizm; b) savdo-sotiq qilinadigan muayyan joy.
2) terminlar sinonimiyasi: baho – narx, bitim – shartnoma – kontrakt, garov – omonat;
3) ma’lum bir tushunchani ifodalashga xizmat qiluvchi terminning anglatishi lozim bo‘lgan tushuncha mohiyatiga uyg‘un bo‘lmasligi: shikaner – nohalol savdogar. Adabiy tilda halol so‘zining antonimi harom so‘zi hisoblanadi. Nohalol shakl mavjud emas. Ushbu holat ham termin ma’nosida g‘alizlikni keltirib chiqargan;
4) terminning ko‘p komponentlardan iborat bo‘lishi va natijada, uni qo‘llashdagi noqulaylik: alohida shaxslar marketing, xususiy firma savdo markasi;
5) terminologiyani keragidan ortiq miqdorda xorijiy terminlar bilan to‘ldirib tashlanishi: franchayzing, benchmarking, dagmar, defitsit kabilar. Asosan, marketing terminlari inglizcha va ruscha terminlardan iborat. Sanab o‘tilgan nazariyalarni marketing terminlari misolida asoslashga harakat qildik. Terminologiyaning rivoji esa ushbu sohaga oid yaratilgan lug‘atlar bilan belgilanadi. Abduhakim Mamanazarovning “Marketing terminlari izohli lug‘ati” da keltirilishicha: “Marketing lug‘atlari tuzishda asosan uch xil yondashuv mavjud:
1. Angliyalik iqtisodchi Daniel Yadin va boshqalar lug‘atni marketingga oid tushunchalar bilan birga poligrafiya va noshirchilik olamiga mansub terminlar va istilohlarga ta’rif berish bilan davom ettiradilar.
2. Rossiyalik olimlar, germaniyalik lug‘atshunoslar marketing terminlari qatoriga reklama dunyosiga xos barcha terminlar va istilohlarni kiritadilar.
3. Amerika va Skandinaviya marketing maktablari esa sof iqtisodiy, moliyaviy, menejmentga oid terminlarni kiritish bilan birga informatika, sotsiologiya va psixologiya fani motivatsiya tarmog‘i istilohlarini kiritish bilan boyitadilar”30.
Marketing terminlari strukturasiga oid bir necha nazariyalar mavjud. Mustaqil terminlar genetik xususiyatiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1) o‘zbek tilida avvaldan mavjud sodda terminlar;
2) xalqaro tillardan kalkalash orqali o‘zlashtirilgan sodda terminlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |