Shukr bobi hadislari
688-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy, Ahmad rivoyat qilgan.
689-hadis. Isnodi zaif. Ibn Abu Dunyo rivoyat qilgan.
690-hadis. Zaif. Tabaroniy, Ibn Abu Dunyo, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
691-hadis. Sahih. Buxoriy, Termiziy rivoyat qilgan.
692-hadis. Juda zaif, marfu’. “Tanzixush-shari’a”ga qarang.
693-hadis. Hasan. Bayhaqiy rivoyat qilgan. “Sahihul-jomi’a”ga qarang.
694-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
695-hadis. Zaif. Ibn Muborak, Termiziy, Bag‘oviy rivoyat qilgan.
OLTMISH BIRINCHI BOB
KASB-HUNAR FAZILATI HAQIDA
696. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: “Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar: “Kimki dunyoni tilanchilikdan saqlangan holda, ahli uchun harakat qilib, qo‘shnisiga muloyimlik bilan halol talab etsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning yuzini badr kechasidagi (to‘lin) oydek qilib tiriltiradi. Kimki dunyoni halol yo‘llar bilan ko‘paytirib, (lekin) faxrlanish va riyo qilish uchun talab etsa, qiyomat kuni Alloh taoloning g‘azabiga yo‘liqadi”.
Ba’zilar aytishadi: “Dovud (alayhissalom) odamlar tanimaydigan suratda chiqib, mamlakat ahlidan, o‘zlari haqida so‘rar edilar. Bir kuni u kishiga Jabroil (alayhissalom) odam qiyofasida ko‘rindi. Dovud (alayhissalom) aytdilar: “Ey yigit, Dovud haqida nima deysan?” “U yaxshi odam, lekin bir yomon xislati bor – musulmonlar xazinasidan istifoda etadi. Bandalarining ichida Allohga sevimlirog‘i o‘z mehnati bilan topib yeydiganlardir”, dedi Jabroil. Shundan so‘ng Dovud (alayhissalom) mehroblariga qaytib, yig‘lab-yig‘lab, tazarru’lar qilib aytdilar: “Ey Rabbim, menga bir hunar o‘rgatgin, mo‘minlarning molidan o‘zimni behojat etay”. Alloh taolo u kishiga temirchilikni o‘rgatdi. Temirlar u kishining qo‘lida xuddi xamirdek yumshoq bo‘lib qolardi. Ish vaqtlaridan bo‘shaganlaridan keyin sovut yasardilar. So‘ngra uni sotib o‘zi va ahlining ehtiyojlariga sarflar edilar.
Bu xususda Alloh taolo dedi:
“Va uning uchun temirni (xamirdek) yumshoq qilib qo‘ydik” (Saba’ surasi, 10- oyat). Yana aytadi:
“Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishidan saqlaydigan sovut yasashni ta’lim berdik” (Anbiyo surasi, 80-oyat).
Sobit Banoniy (r.a.) u zot dedilar: “Menga aytishlaricha, salomatlik o‘n qismdir:
to‘qqiztasi sukut qilishda va bittasi odamlardan qochishda. Ibodatlar o‘n bo‘lakdir:
to‘qqiztasi tirikchilik talabida va bittasi ibodatdadir”.
697. Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kimda kim tilanchilik eshigini o‘ziga ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochib qo‘yadi. Kim o‘zini undan tiysa, Alloh ham uni saqlaydi. Kim behojat bo‘lishni so‘rasa, Alloh uni behojat qiladi. Sizlarning biringiz arqon olib, vodiyga chiqib, u yerdan o‘tin terib bozorga keltirib, bir mud xurmoga sotsa, o‘sha ishi odamlar beradigan yoki bermaydigan sadaqani so‘rashidan yaxshidir”.
698. Nabiyning (s.a.v.) bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Gazlama savdosi bilan shug‘ullaninglar. Chunki bobolaringiz Ibrohim (alayhissalom) bazzoz (gazlama savdogari) edilar”.
699. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot: «Zakariyo
(alayhissolatu vassalom) duradgor edi», deb xabar berganlar.
Oisha onamizning bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Sulaymon (alayhissalom) odamlarga minbarda xutba qilayotganlarida, qo‘llarida palma daraxtining novdalari bo‘lar edi, undan savat yoki shunga o‘xshagan biron narsa yasab turardilar. Agar to‘qib bo‘lsalar, bir kishiga berib: “Bozorga olib borib sot”, derdilar.
Shaqiq ibn Ibrohim aytdilar: Alloh taoloning:
“Agar Alloh (barcha) bandalarining rizqlarini mo‘l-ko‘l qilsa, albatta, ular yer yuzida zulm-tajovuzkorlik qilgan bo‘lur edilar” (Sho‘ro surasi, 27), degan oyati haqida aytadilar: “Alloh taolo agar bandalariga kasb-hunarsiz rizq-ro‘z berganida, ular ishsiz qolib, oqibatda buzilib ketardilar. Lekin buzg‘unchilikka bo‘sh vaqt topmasinlar, deya ularni kasblar bilan shug‘ullantirib qo‘ydi”.
Sa’d ibn Musayyab aytdilar: “Molini haloldan topmagan, undan haqlarni chiqarib turmagan, u bilan obro‘-sharafini saqlamagan kishida yaxshilik yo‘qdir”.
Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi dedilar: “Ey kambag‘allar jamoasi, boshlaringni ko‘taringlar, savdogarlik qilinglar, albatta, yo‘lingiz ravshan bo‘ladi. Boshqalarning qo‘liga qarab qolmanglar”.
Umarning (r.a.) ozod qilgan quli Abu Solih (r.a.) rivoyat qiladilar: “Umar bizga uch kishining sherikchilik qilishini buyurdilar: bittasi yig‘adi, boshqasi sotadi va uchinchisi Alloh yo‘liga chiqadi”.
Avvom aytadilar: “Abu Solih sohilda qo‘riqchilik qilayotganida menga: “Biz uch kishimiz. Bu kun g‘azotda mening navbatim”, deb aytgan edi”.
Faqih Abu Ja’far (r.a.) deydilar: “Abu Muborakning: “Kim bozorni tashlasa, muruvvati ketib, xulqi yomon bo‘ladi”, deganini eshitdim”.
Ibrohim ibn Yusuf (Alloh rahmat qilsin) Muhammad ibn Salamaga: “Bozorni mahkam tut, chunki u egasiga kuch-quvvat beradi”, deb nasihat qilganlar.
700. Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kim bir daraxt yoki ekin eksa, shu ekkanidan inson, hayvon yoki qush yo yirtqich yesa, mana shu (eganlari) uning uchun sadaqadir”.
701. Anas ibn Molik (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Birortangiz qo‘lida ko‘chatni tutib turgan holida qiyomat qoyim bo‘lib qolsa, uni ekishga imkoni bo‘lsa, eksin”.
702. Makhul (r.a.) Payg‘ambarimizning (s.a.v.): “G‘iybatchi, maddoh, ta’na qiluvchi yoki o‘likka o‘xshab yuruvchi kishilar bo‘lishdan saqlaninglar”, degan hadislaridagi “o‘likka o‘xshab yuruvchilar”ni kasb bilan shug‘ullanmaydigan kishilar, deb izohlaganlar”.
703. A’mash (rahmatullohi alayh) Abu Maxoriqdan rivoyat qiladilar. U kishi xabar beradilarki, Payg‘ambar (s.a.v.) sahobalari bilan o‘tirganlarida, yosh a’robiy yigit o‘tib qoldi. Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo) deyishdi: “Agar u yigitligiyu kuch- quvvatini Alloh yo‘lida sarflaganida, katta ajr olgan bo‘lardi”. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Agar qarib qolgan ota-onasiga yordam berishga harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Kichkina bolalari uchun harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar u o‘z nafsi
uchun, odamlardan behojat bo‘laman, deb harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar odamlar ko‘rsin va eshitsin, deb harakat qilsa, u shayton yo‘lidadir”.
704. Ibn Umar (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot (s.a.v.) aytdilarki: “Alloh taolo har bir kasbi bo‘lgan kishini yaxshi ko‘radi, o‘zi sog‘-salomat bo‘lib, yo oxiratning ishi bilan, yo dunyo ishi bilan shug‘ullanmaydigan kishini yomon ko‘radi”.
705. Ja’far ibn Muhammad otalaridan rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) bozorga chiqib, oila ahllari uchun kerakli narsalarni sotib oldilar. Bu qilgan ishlarining sababini so‘rashganida: “Menga Jabroil (alayhissalom), odamlarning qo‘liga qarab qolmasligi uchun ahli oilasi yo‘lida harakat qilgan kishining Alloh yo‘lida ekani xabarini berdi”, deb javob qildilar”.
706. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: “Bir kishi Rasulullohning (s.a.v.) oldilariga kelib, o‘ziga kerakli narsani so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v.) undan: “Uyingda biror bir narsang bormi?” deb so‘radilar. “Ha, bor, ey Allohning elchisi, bir namatimiz bor. Ammo uning ba’zi joylari kuygan. Bizlar uning ustida o‘tiramiz, yotamiz, bir chetini ustimizga yopamiz, bir chetini tagimizga to‘shaymiz. Yog‘och tovog‘imiz ham bor, unda ovqat yeymiz, suv ichamiz va boshlarimizni yuvamiz”, dedi haligi kishi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Ikkovini ham menga olib kel”, dedilar. U kishi namat bilan tovog‘ini olib kelganidan so‘ng, Payg‘ambar (s.a.v.) u narsalarni qo‘llariga olib: “Bu ikkalasini kim sotib oladi?” dedilar. Bir kishi: “Men bir dirhamga sotib olaman”, dedi. Nabiy (s.a.v.): “Bunga yana bir dirham qo‘shib sotib oladigan kishi yo‘qmi?” dedilar. Boshqa kishi: “Men ikkovini ikki dirhamga sotib olaman”, dedi. Rasuli Akram (s.a.v.) u odamga namat va tovoqni berib, ikki dirhamni oldilar va molning egasiga topshiraturib: “Bir dirhamiga ovqat sotib olib, uyingga olib bor. Bir dirhamiga esa, bolta xarid qil va mening oldimga kel”, dedilar. Haligi kishi keyin bolta sotib olib qaytib keldi, Payg‘ambar (s.a.v.) unga: “Borib, o‘tin terib, bozorda sot. So‘ng o‘n besh kundan keyin mening oldimga kel”, dedilar. Keyin u kishi ketdi, o‘tin sotib, o‘n dirham ishladi. Pulining bir qismiga taom, ozrog‘iga kiyim sotib oldi. Payg‘ambar (s.a.v.) unga aytdilar: “Bu ishing senga qiyomat kuni yuzingda
qora dog‘ bo‘ladigan, uni faqat olov o‘chiradigan tilanchilikdan yaxshi emasmi?”
Hakimlarning ba’zilari shunday deydilar: “Oqil kishi besh narsasi bo‘lmagan shaharga tushmaydi: qat’iyatli sulton, odil qozi, muqim bozor, oqar daryo, mohir tabib”. Hakimlarning biridan: “Kasblarning yaxshisi nima?” deb so‘rashdi. U kishi shunday deb javob qildi: “Dunyo kasblarining yaxshisi ehtiyojni qondirish uchun haloldan talab qilingani, uning bilan ibodat hozirligi ko‘rilgani va ortiqchasi qiyomat kuniga zaxira qilib qo‘yilgani. Oxirat kasblarining yaxshisi esa, amal qilinadigan ilmni tarqatish, solih amallar qilish va yaxshi odatni joriy etish”. Keyin: “Kasblarning yomoni nima?” deb so‘rashdi. “Dunyo kasblarining yomoni haromdan mol to‘plash va uni gunoh ishlarga sarflash hamda Parvardigoriga itoat qilmaydigan kishiga ergashish. Oxirat kasblarining yomoni esa, hasad qilib, haqni inkor etish, qasddan ma’siyat qilish va adovatli yoki zulmkor yomon odatni joriy etish”, deb javob qildi.
Kasb qilish fazilati bobi hadislari
696-hadis. Zaif. Abu Na’im, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
697-hadis. Hasan. Ahmad, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
698-hadis. Isnodi noma’lum.
699-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
700-hadis. Sahih. Muslim va Ahmad rivoyat qilgan.
701-hadis. Bazzor rivoyat qilgan va roviylarini ishonchli, degan.
702-hadis. Mursal.
703-hadis. Tabaroniy rivoyat qilgan. Xaysamiy roviylarini sahih, degan.
704-hadis. Zaif. Tabaroniy rivoyat qilgan.
705-hadis. Isnodi zaif. Tabaroniy rivoyat qilgan.
706-hadis. Zaif. Abu Dovud, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
OLTMISH IKKINCHI BOB
KASB OFATI VA HAROMDAN HAZAR QILISH
707. Faqih Abu Lays Samarqandiy Qatodaning (r.a.) bunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Bizlarga Payg‘ambar (s.a.v.): “Agar xohlasanglar, qasam ichamanki, savdogar fojirdir”, deb aytdilar».
708. Yana Qatodadan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kunduzni qasam ichib o‘tkazib, kechasi uni hisob-kitob qiladigan savdogardan ajablanaman”.
Ahli ilmlarning aytishlaricha, din va dunyo to‘rt narsa bilan qoyim bo‘ladi: olimlar, amirlar, askarlar va kasb egalari.
Faqih aytadilar: “Bu gapni bir zohid tafsir qilgan. Amirlar xalqning tartibini saqlashadi. Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlari. Ular xalqqa oxiratni anglatib turishadi va odamlar ularga ergashadi. Qurolli askarlar – Allohning askarlari. Ular musulmonlarning tinchligini saqlash uchun kerak. Ammo cho‘pon bo‘riga aylansa, podani kim boqadi, kim saqlaydi?! Olimlar ilmni tashlab, dunyo bilan shug‘ullanib ketishsa, xalq kimga ergashadi?! Askarlar yuqori mansabga intilsa va tama’ uchun chiqsa, xalqni dushmandan qanday himoya qiladi?! Kasb egalari xiyonat qilsalar, odamlar ulardan qanday omonlik topishadi?!”
Hakimlardan biri dedi: “Agar savdogarda uch xislat bo‘lmasa, ikki dunyoda kambag‘al bo‘lib qoladi: tili uch narsadan – yolg‘ondan, ortiqcha so‘zdan va qasam ichishdan saqlanmasa, qalbi uch narsadan – ko‘z bo‘yamachilikdan, xiyonat qilishdan va hasaddan pok bo‘lmasa, o‘zida uch narsani – juma va jamoat namozlarini, ilm uchun vaqt
ajratishni va Alloh taolo roziligini har narsadan ustun qo‘ymasa”.
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: “Savdogar din ilmida faqih bo‘lmasa, riboga botibdi, riboga botibdi, riboga botibdi”.
Umar ibn Xattob (r.a.) dedilar: “Kim dinda faqih bo‘lmasa, bozorlarimizda savdo qilmasin”.
Sufyoni Savriy (r.a.) aytadilar: “Bozor ahlining kiyimlariga aldanmanglar. U kiyimlarning ichida bo‘rilari bordir”.
Yana Sufyoni Savriy aytadilar: “Boylarning qo‘shnisi, bozorlarning qorisi va amirlarning olimi bo‘lishdan saqlaninglar”.
Muhammad ibn Abu Shamol bozorga kirib aytar edilar: “Ey bozor ahllari, bozorlaringiz kasod, sotishlaringiz fasod, qo‘shnilaringiz hasad qiluvchi va joylaringiz do‘zax (bo‘lib qolmasin)”.
Ibn Abbos (r.a.) aytdilarki: “Halol kasb qilish tog‘ni toqqa ko‘chirishdan og‘irdir”. Yunus ibn Ubayd (r.a.) dedilar: “Bugungi kunda infoq qilinayotgan dirhamlarning pokizasi juda kam, bajarilayotgan amallarning islomiyi tansiq, sunnatga amal qiluvchi olimlar juda oz. Dunyo kamchilliklari ichida bulardan-da ozini bilmayman. Ular ko‘paymaydilar, ko‘paysa ham, ozgina ko‘payadi. Agar halol dirham topganimizda, dardlarimizni davolagan bo‘lardik”.
709. Maoz ibn Jabal (r.a.) aytadilar: “Har bir banda qiyomat kuni Alloh taologa ro‘baro‘ qilinadi va qadami uzilmasdan to‘rt narsa – jasadini nimaga urintirgani, umrini nima bilan o‘tkazgani, ilmiga qanday amal qilgani va mol-dunyosini qaerdan topib, qaerga sarflagani haqida so‘raladi”.
Hakimlardan biri aytadi: “Munofiq kishi dunyoni hirs bilan oladi, shubha qilib, (zakotni) man’ etadi, riyo bilan sadaqa beradi. Uzoqni ko‘zlovchi mo‘min dunyoni qo‘rqinch bilan oladi, shukr qilib saqlaydi, Alloh taolo uchun xolis sarflaydi».
Yahyo ibn Maoz (r.a.) aytadilar: “Toat Allohning xazinasida saqlab qo‘yilgandir. Uning kaliti duo. Kalitning tishlari halol luqma.
Ibn Shabrama deydilar: “Ajabo, shunday kishilar borki, kasallikdan qo‘rqib, haloldan tiyiladi. Nima uchun do‘zaxdan qo‘rqib, haromdan saqlanmaydi”?!
710. Jobir (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Ey odamlar, hech biringiz rizqingizni mukammal olmaguningizcha o‘lmaysiz. Rizqda shoshilmanglar, Allohdan qo‘rqinglar, chiroyli talab etinglar. Sizlarga nima halol qilingan bo‘lsa, uni olinglar va Alloh harom etgan narsani tashlanglar”.
Hakim aytadilar: “Odamlar kasb-korlariga qarab, besh toifadir. Birinchi toifa rizqni kasbdan deb biladi. Ular kofirlardir. Ikkinchisi Allohdan va kasbdan deb biladi. Ular mushrikdir. Uchinchi toifa unga rizq beriladimi yoki yo‘qmi, bilmaydi. Ular munofiqlardir. To‘rtinchi toifa rizqni Allohdan biladi. Ammo kasbi tufayli gunoh qiladi va uning haqqini ado etmaydi. Ular fosiqlardir. Beshinchi toifa rizqni Allohdan deb bilib, kasbni sabab ko‘radi, haqqini ado etadi va Allohga osiylik qilmaydi. Ular ixlosli mo‘minlardir”.
711. Zayd ibn Arqamdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Abu Bakr Siddiqning
(r.a.) bir xizmatkorlari bo‘lib, u topgan pulidan har kuni taom keltirardi. Abu Bakr Siddiq
(r.a.) uni qaerdan topganini so‘rab bilmagunlaricha yemas edilar. Bir kuni xizmatkor bir joydan ovqat olib keldi. U zot odatlariga qarshi taomni surishtirmasdan turib, bir luqma oldilar. G‘ulom: “Har kuni mendan so‘rar edingiz, bu safar so‘ramadingiz”, dedi. Abu Bakr (r.a.) shunda aytdilar: “Sening holingga voy. Meni ochlik chalg‘itdi. Endi xabar
ber-chi, bu taomni qaerdan keltirding?”Xizmatkor: “Men johiliyat davrida bir necha kishilarni dam solib davolagan edim. Ular menga ish haqimni berishni va’da qilgan edilar. Bugun ularning uylariga borib, o‘sha va’dalarini eslatdim. Ular mana shu taomni berishdi”, dedi. Abu Bakr (r.a.) shu zahoti qo‘llaridagi taomni tashladilar va qayt qila boshladilar. Qiynalib bo‘lsa-da, o‘sha yutganlari birgina luqmani chiqarib tashlashga harakat qildilar. Ammo unga erisha olmadilar. Hatto ko‘karib, qorayib ketdilar. So‘ngra harakat qilib, yana qodir bo‘lmadilar. Shu yerda ahvolni ko‘rib turgan kishilar: “Ustidan bir kosa suv iching”, deyishdi. So‘ng u kishiga bir idishda suv olib kelishdi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) suvni ichib, keyin qayt qildilar. Yeganlarining barchasini chiqarib tashlamagunlaricha to‘xtamadilar. Odamlar: “Bir luqma uchun shuncha azobmi?” deyishdi. Shunda u zot (r.a.) aytdilar: “Payg‘ambarning (s.a.v.): “Alloh taolo harom narsalar bilan ozuqlangan har bir jasadni jannatdan mahrum qiladi”, deb aytganlarini eshitganman”, dedilar”.
Faqih aytadilar: “Kim kasbini yaxshi qilishni istasa, beshta narsani o‘zida saqlasin: kasbi tufayli Allohning farzini orqaga surmaslik va kamaytirmaslik, kasbi tufayli Allohning bironta maxluqiga ozor bermaslik, kasbi bilan oilasining iffatini saqlashni niyat qilish va uni mol-dunyo jam qilishga, ko‘paytirishga vosita etmaslik, nafsini kasbi sababidan juda qiynab yubormaslik, rizqini kasbidan emas, balki Allohdan bilib, kasbini sabab ko‘rish”.
712. Payg‘ambarimizning (s.a.v.) shunday deganlari rivoyat qilingan: “Kim mol-dunyoni gunoh yo‘llar bilan topsa, so‘ngra undan sadaqa qilsa yo u bilan qarindoshchilikni bog‘lasa yoki Alloh yo‘lida ishlatsa, qilganlarining hammasi jamlanib, do‘zaxga tashlanadi”.
Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Alloh taolo ribo, poraxo‘rlik, xiyonat, g‘ulul yoki o‘g‘irlik orqasidan haj qilgan kishining haj va umrasini, jihodini, sadaqasini, qul ozod qilishini va nafaqasini qabul qilmaydi”. Keyin: “Besh narsa besh narsa bilandir”, deb qo‘ydilar.
713. Ibn Mas’ud (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.): “Agar banda haloldan kasb qilib, undan sadaqa va infoq qilsa, ajr va barakotga erishadi. Ammo haromdan mol topib, bu ishlarni (sadaqa, infoq) qilsa yoki uni (topganini) ortidagilarga qoldirsa, unga faqatgina do‘zax olovi ziyoda bo‘ladi. Albatta, Alloh taolo yomonlikni yomonlik bilan emas, yaxshilik bilan o‘chiradi”.
714. Hasan Basriydan (Alloh rahmat qilsin) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Albatta, haqiqiy mol narsalarni tashib keltirib sotganning molidir. Tijoratchilaringizning yomoni oralaringizda muqim turib, (ya’ni, safar qilmay) sizlar bilan talashib-tortishadiganlaridir”.
715. Payg‘ambar (s.a.v.) yaxshi kasb to‘g‘risida so‘ralganlarida shunday deganlar: “Kishining o‘z qo‘li bilan qilgan mehnati va har bir mabrur savdo», ya’ni, shubha va xiyonat bo‘lmagan savdo.
716. Qatoda (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin): “Aytishlaricha, rostgo‘y tijoratchi qiyomat kunida arshning soyasi ostida bo‘ladi”, dedilar.
Kasb qilish va haromdan hazar etish bobi hadislari
707-hadis. Isnodi zaif.
708-hadis. Juda zaif. Uqayliy rivoyat qilgan.
709-hadis. Boshqasiga ko‘ra, sahih. “As-sahih”ga qarang.
710-hadis. Shohidlariga ko‘ra, sahih. Ibn Moja rivoyat qilgan.
711-hadis. Juda zaif. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
712-hadis. Boshqasiga ko‘ra, hasan. Abu Dovud rivoyat qilgan.
713-hadis. Hasan. Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
714-hadis. Zaif.
715-hadis. Sahih. Ahmad, Hokim rivoyat qilgan. “Sahihul-jame’”ga qarang.
716-hadis. Mavzu’ marfu’. Asbahoniy “At-tarhibu vat-tahib”da keltirgan.
OLTMISH UCHINCHI BOB
TAOM BERISh VA HUSNI XULQ FAZILATI
717. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: “Bizga Muhammad ibn Abdulvahhob ibn Muhammad Ahmad ibn Alidan, u kishi Abu Sobitdan, Abu Sobit Abu Bakr ibn
Amrdan, u Jarirdan, Jarir A’mashdan, u zot Atiyya Avfiydan Jobir ibn Abdullohning (Alloh otabola ikkovidan ham rozi bo‘lsin) shunday deganlarini rivoyat qiladi: “Ey Atiyya, mening vasiyatimni yoding da tut. Menimcha, sen bilan boshqa hamsuhbat bo‘lmasak kerak. Muhammad (s.a.v.) oilasini va sahobalarini yaxshi ko‘r, Muhammadning (s.a.v.) oilasini yaxshi ko‘rganlarni ham yaxshi ko‘r. Garchi gunoh va xatolar qilgan bo‘lsalar ham. Muhammad (s.a.v.) oilasini yomon ko‘rganlarni yomon ko‘r, garchi kunduzlari
ro‘za tutib, kechalarida namozga qoim bo‘lsalar ham. Ochlarga taom ber, salomni yoy, odamlar uxlaganda namoz o‘qi. Men Payg‘ambarning (s.a.v.): “Alloh taolo Ibrohimni (alayhissalom) ochlarga ovqat berganlari, salomni oshkora etganlari, odamlar uxlaganda namoz o‘qiganlari uchun o‘ziga do‘st qilib oldi”, deganlarini eshitganman”.
718. Faqih (rahmatullohi alayh) G‘ayron ibn Harisning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Bir kishi Ibn Abbosning (r.a.) oldilariga kelib: “Anavi muhojirlar va ansorlar bizlarda hech bir amal yo‘q, deb aytishyapti, dedi. Ibn Abbos (r.a.): “Yo‘q, agar namoz o‘qisang, zakot bersang, ro‘za tutsang, Allohning uyini xaj qilsang, mehmon kutsang, jannatga kirasan”, dedilar.
Abu Shurayh Xuzo’iy aytadilar: “Payg‘ambarning (s.a.v.): “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, mehmonini ikrom qilsin, uning joiz bo‘lgani bir kun, ziyofati uch kundir. Undan keyingilari sadaqadir”, deb aytganlarini eshitganman”.
Ato (rahmatullohi alayh) rivoyat qiladilar: “Ibrohim (alayhissalom) ovqatlanishni xohlasalar va ovqatlanishga sherik topmasalar, bir-ikki mil yurib, birga ovqatlanish uchun sherik izlab kelardilar”.
Ikrima ( r.a.) aytadilar: “Ibrohimni (alayhissalom) mehmonlarning otasi, deb atashardi. U kishining uylarida to‘rt eshik bor edi, qaysi eshikdan biror kishi kelarkan, deb qarab o‘tirardilar”.
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) deydilar: “Bir-ikki so’ bug‘doydan taom tayyorlab, birodarimni chaqirishim men uchun bozorlaringizga chiqib, qul ozod qilishimdan mahbubroqdir”.
Abdulloh ibn Umar (ikkovlaridan ham Alloh rozi bo‘lsin) biron ovqat tayyorlatsalar, ko‘chadan hay’atli kishi o‘tsa, chaqirmasdilar, miskin o‘tsa, chaqirar edilar va: “Ovqatga ishtahasi yo‘q kishini chaqirib, ovqatga muhtoj bandani tark qilasizlarmi?” derdilar.
719. Payg‘ambarimizdan (s.a.v.): “Odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa nima?” deb so‘rashdi. U zot: “Allohdan qo‘rqish va yaxshi xulq”, dedilar. So‘ng do‘zaxga odamlarni ko‘proq kirgizadigan narsa haqida savol berishdi. “Ikki bo‘sh (qo‘yilgan) narsa
– og‘iz va farj hamda yomon xulq”, deb javob qildilar.
Oyisha onamiz (r.a.) aytadilar: “Yaxshi xulq, yaxshi qo‘shnichilik va qarindoshlar bilan bog‘lanib turish yurtlarni obod etadi, umrlarni ziyoda qiladi, garchi qavm fojir bo‘lsa ham
720. Ibn Umar (r.a.) aytadilar: “Men Nabiy (s.a.v.) masjidlarida Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Abdurahmon, Ibn Mas’ud, Maoz, Huzayfa, Abu Said Xudriylar (Alloh hammalaridan rozi bo‘lsin) bilan birga o‘tirgan edim. Madinalik bir yigit kelib, Payg‘ambarga (s.a.v.) salom berdi. So‘ng o‘tirib: “Mo‘minlarning qaysisi afzal?” deb savol qildi. Nabiy (s.a.v.): “Xulqi yaxshirog‘i”, dedilar. Keyin: “Mo‘minlarning qaysisi ziyrakroq?” deb so‘radi. “O‘limni ko‘p eslaguvchilar va o‘lim kelmasidan oldin unga hozirlik ko‘ruvchilar, ana o‘shalar ziyrakdirlar”, deb javob qildilar Rasuli Akram (s.a.v.). Yigit boshqa hech narsa so‘ramadi. So‘ngra Payg‘ambar (s.a.v.) bizlarga yuzlanib aytdilar: “Ey muhojirlar va ansorlar jamoasi, beshta xislat borki, men ularni sodir etishlaringizdan Allohdan panoh tilayman: qaysi qavmda fohisha ish oshkoralik darajasigacha borsa, oralarida bo‘lmagan vabo kasalligi va ochlik yoyiladi, tarozi va o‘lchovdan urib qolsalar, qahatchilik bilan jazolanadilar va ularga zolim podsho sultonlik qiladi, mollarining zakotini bermasalar, osmonning yomg‘iridan mahrum qilinadilar, agar hayvonlar bo‘lmasa edi, ularga yomg‘ir yog‘masdi, Alloh va Uning rasuliga bergan ahdlarini buzsalar, Alloh taolo dushmanlarini ulardan ustun qilib qo‘yadi, agar imomlari Allohning kitobi bilan hukm qilishni tark etsalar, oralarida ixtilof paydo qiladi”.
721. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot aytadilarki: “Sizlar odamlarni mol -dunyoingiz bilan yig‘a olmaysizlar. Balki yaxshi xulq va ochiq yuz bilan (atrofingizga) to‘play olasizlar”.
722. Abdurahmon ibn Jubayr otasidan, otasi Navos ibn Sam’on Ansoriydan (r.a.) rivoyat qiladi. U kishi aytadilar: “Payg‘ambardan (s.a.v.) yaxshilik va yomonlik to‘g‘risida so‘radim. “Yaxshilik – go‘zal xulqdir. Gunoh –ko‘nglingda paydo bo‘lib, uni odamlarga oshkor qilishni yomon ko‘rgan narsangdir”, deb javob qildilar”.
723. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizning (s.a.v.) shunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Kishining saxovati – uning dini, muruvvati – aqli, nasl-nasabi – xulqidir
724. Abu Sa’laba Xoshaniy Nabiydan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Menga sizlarning sevimlirog‘ingiz va oxiratda menga eng yaqin turadiganingiz xulqi go‘zal bo‘lganlaringizdir. Menga yoqimsizingiz va oxiratda mendan uzoq turadiganingiz xulqi yomonlaringizdir”.
Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: “Yaxshi xulq quyosh qorni eritganidek, xatolarni eritadi, yomon xulq ham asalni sirka buzganidek, amalni buzadi.
725. Maoz ibn Jabal (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin): “Menga Rasulullohning (s.a.v.) oxirgi vasiyatlari oyog‘imni otning uzangisiga qo‘yayotganimda aytgan gaplaridir”, deb ushbu hadisni rivoyat qildilar: “Odamlar bilan (muomalada) xulqingni chiroyli qil, ey Maoz ibn Jabal”.
726. Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Nabiy (s.a.v.) aytadilar: “Yaxshi xulq kishining burnidagi Allohning rahmatidan bo‘lgan jilovdir. Jilov esa, farishtaning qo‘lida, uni yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik o‘z navbatida jannatga boshlaydi. yomon xulq esa, Allohning azobidan bo‘lgan jilovdir. Jilov shaytonning qo‘lida. Shayton uni yomonlikka boshlaydi, yomonlik do‘zaxga qarab tortadi”.
727. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) rivoyat qiladilar. Nabiy (s.a.v.) aytdilarki: “Albatta, bu
dinni nafsim uchun qabul qildim. U ikki narsa bilan to‘g‘ri bo‘ladi: saxiylik va yaxshi xulq. Dinni u ikki sifat bilan qodir bo‘lganingizcha mukarram qilinglar”.
Aytiladiki, agar kishi mehmon chaqirsa, uy egasiga ham, mehmonga ham uchtadan narsa vojib bo‘ladi. Uy egasiga vojib bo‘ladigani quyidagilar: mehmonni toqati yetmaydigan narsaga taklif qilmaslik va mehmondorchilikni sunnatdan oshirib yubormaslik, mehmonga faqat haloldan taom qo‘yish, mehmonga namoz vaqtlarini eslatib turish. Mehmon uchun vojib narsalar: ko‘rsatilgan joyga o‘tirish, keltirilgan taomga rozi bo‘lish, chiqayotganda uy ahlining barakoti uchun duo qilish.
728. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Kim molining zakotini ado qilsa, mehmon kutsa va musibat vaqtida qavmiga saxovat qilsa, nafsini baxillikdan saqlabdi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |