"Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar" (Ahzob, 41), ya’ni, hamma holatda zikr qilinglar.
"Hamma holatda zikr qilinglar", deganining tafsiri: Banda to‘rt holatdan birida bo‘ladi. Yo toatda bo‘ladi, yoki gunohda, yoki ne’matda, yoki qiyinchilikda. Agar toatda bo‘lsa, unga muvaffaq etgani uchun Allohni zikr qilmog‘i va uni qabul etishini so‘ramog‘i lozim. Agar ma’siyatda bo‘lsa, Allohga duo qilib, bu ishdan tiyilmog‘i va Allohdan tavbasini qabul qilishini so‘ramog‘i lozim. Agar ne’matda bo‘lsa, shukr bilan birga zikr qilmog‘i kerak. Endi agar qiyinchilikda bo‘lsa, yana sabr bilan Allohni zikr qilishi lozim. Bilginki, Alloh taoloning zikrida beshta maqtalgan xislat bordir:
1. Unda Allohni rizoligi bor.
2. U toatlarga rag‘batni ziyoda qiladi.
3. Unda shaytondan saqlanish bor.
4. U bilan qalb yumshaydi.
5. U kishini gunohlardan qaytaradi.
Alloh taoloni zikr qilish haqidagi bob hadislari
596-hadis. Sahih. Ahmad, Termiziy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
597-hadis. Zaif. Sanadida illat bor. Ibn Muborak rivoyat qilgan.
598-hadis. Hasan. Asbahoniy rivoyat qilgan.
599-hadis. Isnodi topilmadi.
600-hadis. Sahih. Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy, hasan-sahih-g‘arib, degan.
601-hadis. Muttafaqun alayh.
602-hadis. Juda zaif. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
603-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
604-hadis. Hasan. Buxoriy “Tarixul-kabir”da rivoyat qilgan.
605-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
606-hadis. Sahih. Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
607-hadis. Hasan. Ahmad, Termiziy, Ibn Mojja, Hokim rivoyat qilgan.
ELLIK IKKINCHI BOB DUO HAQIDA
Faqih (Alloh u kishini rahmat qilsin) Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qiladilar: "Kim beshta narsa bilan rizqlansa, beshta narsadan mahrum bo‘lmaydi:
1. Kim shukr bilan rizqlansa, ziyodalikdan mahrum bo‘lmaydi. Alloh taolo aytadi: "Qasamki, (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta, sizlarga ziyoda qilaman" (Ibrohim,7).
2. Kim sabr bilan rizqlansa, savobdan mahrum bo‘lmaydi. Alloh taolo aytadi:
"Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qilguvchilarga ajr mukofotlari hisob- kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur" (Zumar, 10).
3. Kim tavba bilan rizqlansa, qabul bo‘lishdan mahrum bo‘lmaydi.
"U bandalaridan tavba-tazarru’ qabul qiladigan Zotdir" (Sho‘ro, 25).
4. Kim istig‘for bilan rizqlansa, mag‘firatdan mahrum bo‘lmaydi.
"Rabbilaringizdan istig‘for so‘ranglar, albatta, u Zot kechiruvchidir" (Nuh, 10).
Kim duo bilan rizqlansa, ijobatdan mahrum bo‘lmaydi.
"Menga duo-iltijo qilinglar, Men sizlarga ijobat qilaman" (Fofir, 60).
Keyin oltinchisini ham rivoyat qildilar: "Kim infoq qilish bilan rizqlansa, uning o‘rni to‘lishidan mahrum bo‘lmaydi.
"Ne bir narsani infoq-ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur"
(Saba’, 39).
So‘ngra yettinchisi ham aytdilar: "Kimga harakat qilish berilgan bo‘lsa, tavfiqdan mahrum bo‘lmaydi.
"Bizning (yo‘limiz)da kurashgan zotlarni, albatta, o‘z yo‘llarimizga hidoyat qilurmiz" (Ankabut, 69).
608. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Mo‘min kishi duo qilsa, albatta, ijobat bo‘ladi. Yo unga shu dunyoda tezda beriladi, yoki qiyomat kuni uchun zaxiraga qoldiriladi, yoki duosining miqdoricha gunohlaridan o‘chiriladi, modomiki, gunohga va qarindoshlikni uzishga duo qilmagan bo‘lsa".
Yazid Raqqoshiy (r.a.) aytadilar: "Qiyomat kuni bo‘lsa, Alloh taolo bandaning dunyoda ijobat qilinmagan duolarining hammasini unga ro‘para qilib qo‘yadi. So‘ngra aytadi: "Ey bandam, Menga falon kuni duo qilgan eding. O‘sha duoyingni ushlab qolgan edim, bu savob o‘sha duoyingning o‘rnigadir". Shunday qilib, bandaga davomli suratda savob beriladi, shunda u dunyoda qilgan duolarining hech biri qabul qilinmagan bo‘lishini xohlab qoladi".
609. No’mon ibn Bashirdan (r.a.) rivoyat qilinadi, Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: "Duo ibodatdir". Keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Parvardigorlaringiz, Menga duo-iltijo qilinglar, Men sizlarga mustajob qilurman, dedi. Albatta, Menga ibodat etishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar" (Fofir, 60).
Abu Zarr Fiforiy (r.a.) aytadilar: "Taom tuz bilan mazali bo‘lganidek, yaxshilik ham duo bilan shirin bo‘ladi".
610. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Banda agar shoshilmasa, yaxshilikda bo‘laveradi". Sahobalar: "Qanday qilib shoshiladi, ey Rasululloh?" deyishdi. "Allohga duo qildim, duo qildim, lekin ijobat qilmadi, deb", dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam.
Hasan Abu Usmon Nahdiyni ko‘rgani kirdilar. U kishi kasal edi. Abu Usmonga aytdilarki: "Ey Abu Usmon, Allohga duo qiling, kasalning duosi haqida ko‘p xabarlar bor". Shunda u kishi Allohga hamd va sano aytdilar, Allohning kitobidan bir necha oyatni tilovat qildilar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot o‘qidilar, so‘ngra qo‘llarini ko‘tardilar, bizlar ham qo‘llarimizni ko‘tardik. Duo qildilar. Qo‘llarimizni tushirganimizdan keyin aytdilar: "Xursand bo‘linglar, Allohga qasamki, Alloh sizlarning duolaringizni ijobat qildi". "Siz Allohga qasam ichib aytyapsizmi bu gapni?" dedilar Hasan. "Ha, – dedilar u kishi, –
ey Hasan, agar siz bir gapni gapirsangiz, albatta, to‘g‘ri deb tasdiqlayman-u, endi qanday ishonmayki, Alloh "Menga duo qilinglar, ijobat qilaman", deb aytib turgan bo‘lsa?!" Hammalari u zot huzuridan chiqqach, Hasan: "U mendan ko‘ra faqihroqdir", dedilar.
Zikr qilinishicha, Robi’a Adaviya qabristonga chiqdilar. Bir kishi uchrab, unga: "Men uchun Allohga duo qiling", dedi. Robi’a Adaviya aytdilar: "Sizga Alloh rahm qilsin, Allohga itoat eting va duo qiling, chunki u muztar kishining duosini ijobat qiladi".
611. A’mash Molik ibn Horisdan rivoyat qiladilar: Alloh taolo aytadi: "Kimni Menga zikr aytish Mendan so‘rashdan mashg‘ul qilib qo‘ysa, unga so‘raganlarning so‘raganidan ham afzalrog‘ini beraman".
Solih ibn Mismar aytadilar: Alloh taolo: "Menga duo qilasizlar-u, qalblaringiz Mendan o‘girilgan, bas, bu yo‘lingiz botildir", deydi.
Bir hakimdan so‘rashgan ekan: "Bizlar duo qilamiz, lekin duolarimiz ijobat bo‘lmaydi. Alloh taolo: "Menga iltijo-duo qilinglar, Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman", deb aytgan-ku?" deb. Hakim aytibdi: "Sizlarda yetti xislat duolaringizning ijobatini man’ qiladi". "Qaysi xislatlar?" deb so‘rashdi. Aytdi:
"Sizlar Rabbingizni g‘azablantirasizlar, ammo Uning rizosini talab qilmaysizlar, ya’ni, Allohning g‘azabi vojib bo‘ladigan ishlaringga pushaymon qilmaysizlar.
Bizlar Allohning bandalarimiz, deysizlar. Ammo bandaning ishini qilmaysizlar, ya’ni, banda xo‘jasi buyurganni bajaradi va Uning amridan chiqmaydi.
Sizlar Qur’onni o‘qiysizlar, lekin unga ergashmaysizlar, ya’ni, tafakkur va ta’zim bilan o‘qimaysizlar, buyruqlariga amal qilmaysizlar.
Biz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlarimiz, deysizlar-u, u kishining sunnatiga amal qilmaysizlar, ya’ni, sizlar odatlarga va rasm-rusumlarga amal qilib, sunnatga ergashmaysizlar.
Sizlar dunyoni yalang‘och deb aytasizlar, ammo unga ishonib qolgansizlar. Sizlar harom va shubhali luqma yeysizlar. U ikkovidan qaytmaysizlar.
Oxirat dunyodan yaxshiroq, deysizlar, lekin oxirat talabida harakat qilmaysizlar va oxiratdan ko‘ra dunyoni ko‘proq xohlaysizlar".
Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Allohga duo qiluvchining qorni haromdan pok bo‘lmog‘i lozim. Chunki harom duoni ijobat bo‘lishdan to‘sadi.
612. Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.): "Ey Rasululloh, Allohga duo qilyapman, lekin duoyim mustajob bo‘lmayapti", dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Ey Sa’d, haromdan saqlan, chunki qoringa bir luqma harom kirsa, uning duosi qirq kungacha qabul bo‘lmaydi".
Duoda shoshilmaslik lozim. Chunki duo go‘y Alloh taologa duo qilsa, Alloh, albatta, qabul etadi. Duoning ijobati o‘sha soatda ko‘ringani ham ko‘p, boshqa vaqtda zohir bo‘lgani ham ko‘p, bu dunyoda ko‘rinmay, oxiratga qolgani ham ko‘p.
Xabarda zikr qilinishicha, Muso (a.s.) Fir’avn va qavmini halok qilishni so‘radilar. Horun
(a.s.) "omin" deb turdilar. Alloh taolo ularga:
"Duolaringiz ijobat bo‘ldi, endi to‘g‘ri yo‘lda sobit bo‘linglar" (Yunus, 89), deb vahiy qildi.
Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Duolari bilan ijobat bo‘lish orasidagi vaqt qirq yil edi".
613. Yazid ibn Raqqoshiy (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
"Alloh taolo bandasini yaxshi ko‘rsa, unga baloni beradi... Shunda osmon ahli orasida rahm qilingan kishi bo‘ladi. Qaysi bir duoni qilsa: Alloh uni uch holatdan biri bilan ijobat qiladi", ya’ni, duosini tezda beradi, yoki oxiratga zaxira qiladi yoki uning miqdoricha gunohini kafforat qiladi.
Hakimlar bir zot aytadi: "To‘rt kishida saodat yo‘qdir:
1. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishga baxillik qilgan kishida.
2. Muazzinga ijobat qilmagan kishida.
3. Biror inson yaxshilik ustida undan yordam so‘raganda, yordam bermagan kishida.
4. O‘ziga va mo‘minlar haqqiga namozlarining orqasidan duo qilmagan kishida".
Abdulloh ibn Antokiy (r.a.) aytadilar: "Qalbning davosi beshta narsada: Solihlar bilan o‘tirish, Qur’on o‘qish, qorinni haromdan saqlash, kechasi ibodat qilish va subh paytida tazarru’da bo‘lish".
614. Ibn Abbos Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar Allohdan so‘rasangiz, kaftlaringizning ichini ochib so‘ranglar, orqasi bilan so‘ramanglar va kaftlaringizni yuzlaringizga surtinglar".
Duo haqidagi bob hadislari
608-hadis. Sanadida zaiflik bor.
609-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
610-hadis. Muttafaqun alayh.
611-hadis. Hasan. 603-hadisning izohiga qarang.
612-hadis. Zaif. Tabaroniy rivoyat qilgan.
613-hadis. Zaif. Sanadida ikkita illati bor.
614-hadis. Zaif. Abu Dovud 1485-raqam bilan rivoyat qilgan va yo‘llarini zaif sanagan. Shuningdek, 1486-raqam bilan Molik ibn Yasardan oxirgi jumladan boshqalarini sahih isnod ila rivoyat qilgan.
ELLIK UCHINCHI BOB TASBEH AYTISH HAQIDA
615. Faqih aytadilar: Abu Hurayra (r.a.) Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytdilar: "Ikki kalima borki, tilga yengil, torozida og'ir, Rahmonga sevimlidir: Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil 'azim".
616. Xolid ibn Imron rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qavmlarining oldiga chiqdilar va: "Qalqonlaringizni olinglar", dedilar. "Ey Allohning elchisi, qanday dushman keldi?" deb so‘rashdi sahobalar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Yo‘q, do‘zaxdan", dedilar. "Do‘zaxdan bizga qalqon nima?" deb so‘rashdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, la-a havla va la-a quvvata illa-a billahil ‘aliyyil ‘aziym. Bu
kalimalar qiyomat kuni egalarini jannatga kirgizuvchi, do‘zaxdan to‘siq bo‘luvchi va egasining nomidan hujjat keltiruvchi bo‘ladi", dedilar.
617. Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: "Isrofil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: "Ey Muhammad, subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, la-a havla va la-a quvvata illa-a billahil ‘aliyyil ‘azim, deb ayting. Adadini faqat Alloh biladi, og‘irligini faqat Alloh biladi. Mo‘lligini ham faqat Alloh biladi. Kim bu kalimalarni bir marta aytsa, Alloh unga beshta xislatni yozadi. Allohni ko‘p zikr qiluvchi, deb yozadi; kechayu kunduzi zikr qilgan odamdan afzal bo‘ladi; uning uchun jannatda bir daraxt yoziladi; gunohlari daraxtning quruq barglari to‘kilgandek to‘kiladi; Alloh unga nazar qiladi va kimga Alloh nazar qilsa uni azoblamaydi".
Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Alloh taolo Arshni yaratganda homil (ko‘taruvchi) farishtalarga uni ko‘tarishni buyurdi. Arsh ularga og‘ir keldi. Alloh taolo: "Subhanalloh, deb aytinglar", deb buyurdi. Farishtalar, subhanalloh, deyishdi, shunda ularga yengil bo‘ldi. Ular Alloh Odam alayhissalomni yaratguncha subhanalloh deb turishdi. Odam (a.s.) aksa urganida Alloh taolo uni alhamdulillah deyishga ilhomlantirdi. Alloh taolo aytdi: "Senga Rabbing rahm qildi va sen mana shuning uchun yaratilding". Maloikalar shunda: "Ikkinchi kalima ham ulug‘ ekan. Bizlar undan g‘aflatda qolmaslimiz kerak", deyishib uni oldingisiga qo‘shishdi.
Bir necha vaqt farishtalar, subhanallohi valhamdullillahi, deb aytib yurishdi, bu hol Nuh (a.s.) zamonlarigacha davom etdi. Birinchi bo‘lib sanam tutgan qavm Nuh (a.s.) qavmlari edi. Alloh taolo Nuh (a.s.) qavmlarini, la-a ilaha illalloh, deb aytishga buyurdi. Shunda ulardan rozi bo‘lishini bildirdi. Farishtalar o‘shanda: "Uchinchi kalima ham ulug‘ va sharafli ekan. Biz bundan g‘aflatda qolmasligimiz kerak", deyishib, uni oldingi ikki kalimaga qo‘shishdi. Uzoq muddat subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illalloh kalimasini aytib yurishdi. Bu hol Ibrohim alayhissalom payg‘ambar bo‘lib kelgunlaricha
davom etdi. Alloh taolo Ibrohimga (a.s.) qurbonlik qilishni buyurdi. Keyin qo‘chqor berdi. Qo‘chqorni ko‘rganlarida u zot xursand bo‘lib, Allohu akbar, dedilar. Farishtalar aytishdi: "Bu kalima ham ulug‘ va sharafli ekan", deb uni oldingi uchtasiga qo‘shishdi va subhanallohi valhamdulillahi la-a ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytib yurishdi. Vaqtiki Jabroil alayhissalom bu gaplarni Payg‘ambarga sollallohu alayhi vasallam aytgan edi, u zot shodlanib: "La-a havla va la-a quvvata illa billahil ‘aliyyil ‘azim", dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom: "Bu kalimani oldingilariga qo‘shing", dedi.
618. Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Alloh taolo sizlarga rizqingizni taqsimlagandek, axloqlaringizni ham taqsim qilgan. Alloh taolo yaxshi ko‘rgan-ko‘rmagan bandasiga mol- dunyo beraveradi. Ammo imonni faqat yaxshi ko‘rganiga beradi. Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, imon beradi. Kim molidan infoq berishga baxillik qilsa, dushmanga qarshi urushishdan qo‘rqsa, kechasidan xavflansa, la-a ilaha illallohu vallohu akbar, subhanallohi valhamdulillah, deb aytishni ko‘paytirsin".
619. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar alayhissalolam aytdilar: "Subhanallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytish butun quyosh nuri yetgan narsalar meniki bo‘lishidan yaxshiroqdir".
621. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ashoblarini sadaqa qilmoqqa buyurdilar. Odamlar sadaqa bera boshlashdi. Abu Umoma Bohiliy Rasululloh
sollallohu alayhi vasallamning oldilarida o‘tirgan edilar. U kishi lablarini qimirlata boshladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Lablaringni qimirlatib nima deyapsan?" dedilar. Abu Umoma Bohiliy aytdilar: "Ey Allohning elchisi, odamlarning sadaqa qilayotganini ko‘ryapman, menda sadaqa uchun hech narsa yo‘q, shu bois ichimda subhanalloh valhamdulillah va la-a ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytyapman". Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: "Ey Abu Umoma, bu kalimalarni aytish sen uchun miskinlarga bir mud tillo saqada qilganingdan
yaxshidir".
Tasbeh aytish bobi hadislari
615-hadis. Muttafaqun alayh.
616-hadis. Sahih. Nasoiy, Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.
617-hadis. Sanadida zaiflik bor. Ibn Abbosdan rivoyat qilingan keyingi hadisning sanadi noma’lum.
618-hadis. Hasan. Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
619-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy rivoyat qilgan.
620-hadis. Sahih. Muslim, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
621-hadis. Sahih. Ahmad, Nasoiy rivoyat qilgan.
ELLIK TO‘RTINCHI BOB
PAYG’AMBAR (S.A.V.)GA SALOVOT AYTISHNING FAZILATI
622. Faqih aytadilar: Muhammad ibn Abdurahmon Payg‘ambardan sollallohu alayhi vasallam rivoyat qiladilar: "Sizlardan qaysi biringiz vafot etganimdan so‘ng menga salom bersa, Jabroil oldimga kelib: "Ey Muhammad, falonchining o‘g‘li falonchi sizga salom aytdi", deydi. Shunda men: "Unga ham salom, Allohning rahmati va barakoti bo‘lsin", deb javob beraman", dedilar.
623. Sa’d ibn Musayyab (r.a.) aytadilar: Umar (r.a.): "Eshitdimki, duo yer va osmon orasida turib qoladi, to Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot o‘qimagunigacha ko‘tarilmaydi".
624. Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarilayotib, amin, dedilar, keyin yana ko‘tarilib, amin, dedilar, keyin yana ko‘tarilib, amin, dedilar. Keyin o‘rnashib o‘tirdilar. Maoz ibn Jabal shunda: "Ko‘tarilayotib uch marta amin, dedingiz?" dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: "Jabroil mening oldimga kelib, ey Muhammad, kim ramazon oyiga yetsa, ammo gunohlari mag‘firat qilinmasa, keyin o‘lsa, do‘zaxga kiradi va Alloh uni uzoqlashtiradi, dedi. Men, amin, dedim. Keyin kimning ota-onasi yoki ikkovlaridan bittasi bo‘lsa-yu, ularga yaxshilik qilmasdan o‘lsa, do‘zaxga kiradi va Alloh uni uzoq qiladi, dedi, men yana amin, dedim. So‘ng kimning oldida sizning ismingiz zikr qilinsa-yu, u sizga salovot aytmasa, so‘ng o‘lsa, do‘zaxga kiradi va Alloh uni uzoq qiladi, dedi, men yana amin, dedim", dedilar".
625. Jobir ibn Abdulloh (r. a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam rivoyat qiladilar: U zot aytdilar: "Kim menga har kunda yuz bor salovot aytsa, Alloh taolo uning yuzta hojatini ravo qiladi. Yetmishtasi oxiratda va o‘ttiztasi shu dunyodadir".
626. Said ibn Umayr Ansoriydan rivoyat qilinadi. U kishi Badr g‘azotida qatnashganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini xabar qiladilar: "Menga ummatimdan kimki ixlos qilgan holda bir marta salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta
salovot aytadi, darajasini o‘n marta ko‘paytiradi va o‘nta gunohini o‘chiradi".
Faqih aytadilar: Otam bunday hikoya qilar edilar: "Sufyoni Savriy tavof qilib yurganlarida, oyog‘ini har ko‘tarib qo‘yganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytayotgan kishini ko‘rdilar. "Ey Allohning bandasi, tasbeh, tahlillarni tark qilib, Payg‘ambarga sollallohu alayhi vasallam salovot o‘qiyapsan. Bunga biron hujjating bormi?" dedilar u zot. Haligi kishi: "Alloh ofiyat qilsin, siz kim bo‘lasiz?" deb so‘radi. "Men Sufyoni Savriyman", dedilar. Haligi kishi: "Agar siz zamonimizning g‘aribi bo‘lmaganingizda, holimning xabarini aytmasdim, sirimni bildirmasdim", dedi. So‘ng ushbularni so‘zladi: "Otam ikkimiz Allohning baytini ziyorat qilish uchun chiqdik. Bir manzilga yetganimizda otam kasal bo‘lib qoldi. Men u kishini davolashga tushdim. Xullas, bir kuni tepasida turganimda otam vafot etdi va yuzi qorayib ketdi. Men: "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un", deb yuziga ro‘mol yopib o‘rab qo‘ydim. Ko‘zimga uyqu kelib uxlab qolibman. Tushimda bir kishini ko‘rdim, hayotimda hali bunchalik yuzlari chiroyli,
kiyimlari pok va hidlari iforli kishini ko‘rmagan edim. Ohista yurib, otamning oldiga keldi. Yuzidan ro‘molni olib, qo‘llari bilan siladi. Otamning yuzi oppoq bo‘lib qoldi. Keyin ketmoqchi bo‘lib burildi. Kiyimidan ushlab: "Ey Allohning bandasi, siz kim bo‘lasiz,
nechuk siz tufayli bu musofirlikda otamni Alloh bunchalik siyladi?" dedim. Aytdilar: "Meni tanimayapsanmi, men Muhammad ibn Abdulloh, Qur’on sohibiman. Ammo otang nafsiga zarar qilib qo‘ygan edi. Lekin menga ko‘p salovot aytardi. U mana shu holga tushgach, mendan yordam so‘radi, men ko‘p salovot aytuvchilarga yordam beraman". So‘ng uyg‘onib ketdim. Bu payt otamning yuzi oppoq bo‘lib qolgan edi".
627. Amr ibn Dinor Abu Ja’fardan rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim menga salovot aytishni unutsa, u jannat yo‘lidan adashibdi".
628. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "To‘rtta narsa jafodir: Tik turib siymoq, namozdan chiqmasdan peshonasini artmoq, azonni eshitib turib, muazzin shohidlik berganidek shohidlik bermaslik, men zikr qilinsam, menga salovot aytmaslik".
629. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Menga salovot aytinglar, chunki menga salovot aytish sizlar uchun zakotdir. Va
Allohdan men uchun vasila so‘ranglar". Sahobalar so‘rashdi: "Vasila nima, yo Rasululloh?" Aytdilar: "Jannatdagi oliy daraja. Unga faqat bir kishi yetadi va o‘sha kishi men bo‘lishimni xohlayman".
Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Sizlar uchun zakotdir", deganlarining ma’nosi sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiluvchi, poklovchi deganidir. Agar Payg‘ambarga sollallohu alayhi vasallam salovot aytganga u zotning shafoatlaridan boshqa savob berilmasa ham, shuning o‘zi kifoya qiladi. Salovotda mag‘firat va Allohdan rahmat bordir, u bilan shafoat umid qilinadi. Demak, oqil kishi bu narsadan g‘ofil bo‘lmasligi kerak.
630. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim menga bir marotaba salovot aytsa, unga Alloh taolo o‘n marta salovot yuboradi va undan o‘nta xatosini o‘chiradi".
Agar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish boshqa ibodatlardan afzalroq ekanini bilishni xohlasang, Alloh subhonahu va taoloning ushbu so‘zlarini
tafakkur qil:
"Albatta, Alloh ham, uning farishtalari ham payg‘ambariga duoyu salovotlar ayturlar. Ey mo‘minlar, sizlar ham u zotga salovot va salom aytinglar" (Ahzob,
56).
Boshqa ibodatlarda Alloh taolo bandalariga buyurib qo‘ya qolgan. Ammo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishda esa, Allohning o‘zi avval salovot o‘qidi, so‘ngra maloikalarini buyurdi. Undan keyin mo‘minlarga u kishiga salovot yo‘llamoqni amr etdi. Bundan ma’lum bo‘lyaptiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot o‘qish ibodatlarning afzalidir.
631. Ka’b ibn Ujra aytadilar: "Ey Rasululloh, sizga qanday salovot aytaylik?" deb so‘radik. Aytdilar: "Allohumma solli ‘ala Muhammad va ‘ala ali Muhammad. Va barik ‘ala Muhammad va ‘ali Muhammad, kama sollayta va barokta ‘ala Ibrohiyma va ‘ala ali Ibrohiym. Innaka hamidum majid", deb aytinglar".
Ba’zilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovotni "Allohumma sollaytu kama sollayta anta va maloikatuka ‘ala Muhammad", deyishadi.
Ayrimlar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovotni "Allohumma inni ushhiduka va ashhidu maloikataka anni usolli ‘ala Muhammad", deb aytishadi.
Ba’zilar: "Allohumma solli ‘ala Muhammad va ‘ala ali Nabiyyil ummiyyi va ‘ala alihi", deyishadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish bobi hadislari
622-hadis. Hasan. Ahmad, Abu Dovud, Bayhaqiy rivoyat qilgan. “As-sahih”ga qarang.
623-hadis. Hasan. Termiziy va boshqalar rivoyat qilgan. “As-sahiha”ga qarang.
624-hadis. “Sahihul jome’”ga kirgan.
625-hadis. Ibn Munda rivoyat qilgan. Abu Muso Madiniy, g‘arib hasan, degan.
626-hadis. Sahih. Nasoiy, Asbahoniy rivoyat qilgan.
Shu o‘rinda Sufyoni Savriydan rivoyat qilingan naql-ning sanadi yaxshi emas.
627-hadis. Sahih. Ibn Mojja rivoyat qilgan. “Sahihul jome’”ga qarang.
628-hadis. Zaif. Ibn Adiy va Bayhaqiy rivoyat qilgan.
629-hadis. Zaif. Ahmad va Asbahoniy rivoyat qilgan.
630-hadis. Sahih. Nasoiy, Ibn Hibbon, Hokim rivoyat qilgan.
631-hadis. Muttafaqun alayh.
Do'stlaringiz bilan baham: |