Al-faqih abu lays as-samarqandiy



Download 3.59 Mb.
bet2/46
Sana24.06.2017
Hajmi3.59 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   46

buyurguvchilar” (Yusuf, 53). Ya’ni, nafs yomonlikka va shahvoniyatga buyuradi... Amalning savobini Alloh taolodan umid qilish, deganda, insonlarning gaplariga parvo qilmasdan, amalni Alloh taolo uchun xolis qilish tushuniladi.
Ba’zi hukamolardan rivoyat qilinadi: “Amal qilguvchi amalida qo‘y boquvchidan o‘rnak olishligi lozim bo‘ladi. Albatta, qo‘y boquvchi agar namoz o‘qisa, qo‘ylardan namoziga maqtov olishni o‘ylamaydi. Shuningdek, amal qilguvchi insonlar unga qarashlarini ko‘ngliga keltirmasligi lozim. Alloh taolo uchun insonlar oldida va yolg‘iz qolganda ham bir xil tarzda amal qiladi. Insonlarning maqtovini talab etmaydi”.
Hukamolardan ba’zisi aytadi: “Amal durust bo‘lishi uchun to‘rt narsa kerak bo‘ladi. Avvalo, amalni boshlashdan oldin ilm lozim. Chunki amal faqat ilm bilan yaxshi bo‘ladi. Agar amal ilmsiz bo‘lsa, amalni yaxshi qiladigan narsadan buzadigan narsa ko‘proq bo‘ladi. Keyin amalning boshida niyat lozim. Chunki amal niyat bilan solih bo‘ladi.
13. Payg‘ambarimiz aytganlaridek: “Albatta, amallar ni-yatlari bilan” va har bir kishining niyat qilgan narsasi bo‘ladi, ro‘za, namoz, haj, zakot va boshqa toat-ibodatlar faqat niyat bilan durust bo‘ladi. Amal durust bo‘lishi uchun boshida niyat qilmoq lozim.
Uchinchisi: amalning o‘rtasida sabr qilmoq, ya’ni amallarni tinch, xotirjam bajarguncha sabr qilmoq lozim.
To‘rtinchisi: amalni tugatayotgan vaqtda ixlos qilmoq lozim. Chunki amal ixlossiz qabul qilinmaydi. Agar ixlos bilan amal qilsangiz, Alloh sizdan qabul qiladi va insonlarning qalblari sizga bog‘lanadi”.
Harm ibn Hayyondan rivoyat qilinadi: “Qaysi bir bandam Alloh taologa qalbi bilan yuzlansa, albatta Alloh taolo ahli imon qalblarini unga yaqinlashtiradi va ularning muhabbatidan va rahmatidan uni rizqlantiradi”.
14. Payg‘ambarimizdan Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladi: “Albatta, Alloh taolo bir bandani yaxshi ko‘rsa, Jabroil alayhissalomga: “Men falon bandani yaxshi ko‘rdim, sen ham uni yaxshi ko‘r”, deydi. Jabroil alayhissalom osmon farishtalariga: “Parvardigoringiz falonchini yaxshi ko‘ribdi, uni sizlar ham yaxshi ko‘ringlar”, deydi. U bandani osmon ahli ham yaxshi ko‘radi. Mazkur banda barcha yer ahliga ham maqbul bo‘ladi va bir bandani yomon ko‘rib qolsa ham, xuddi shunday e’lon qiladi”.
Zohid Shaqiq ibn Ibrohimdan bir kishi savol so‘ragani rivoyat qilinadi: “Albatta, insonlar meni solih deydilar, men solih yoki solih emasligimni qanday bilaman”. Shaqiq rahmatullohi alayh unga aytdi: “Solihlarning huzurida siringni oshkor qil, agar unga rozi bo‘lsalar, solihsan, agar rozi bo‘lmasalar, yo‘q. Qalbingga dunyoni ro‘baro‘ qil, agar qalbing qaytarsa, bilki solihsan, bo‘lmasa, yo‘q. O‘zingga o‘limni ro‘baru qil, agar o‘limni xohlasang, bilki, solihsan, bo‘lmasa yo‘q. Vaqtiki senda bu uch qism jamlansa, Alloh taologa amallarda riyo qilmaslik uchun tazarru etgin, toinki amallaringni fasod qilmasin”.
15. Anas ibn Molik Hazrati Payg‘ambarimizdan rivoyat qiladi: “Mo‘min kim,bilasizllarmi?” “Alloh va Uning rasuli bilguvchiroqdir”. “Mo‘min kishi ulkim, to o‘zi to‘g‘risida odamlardan eshitgan maqtovlar bilan quloqlari to‘lmaguncha olamdan ko‘z yummagay. Agar yetmish qavat temir eshikli uy ichida Alloh taolo toati uchun amal qilsa ham, Alloh ul kishining

qilgan amalini ro‘yobga chiqaradi. Hatto insonlar gapirib unga qo‘shadilar ham”. “Yo Rasululloh, qanday qo‘shadilar?” deb so‘raldi. “Albatta, mo‘min amalida ziyoda bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rgay. Fojir kim, bilasizlarmi?” “Alloh va Uning rasuli bilgaydir”. “Fojir kishi ulkim, to o‘zi to‘g‘risida yoqimsiz tanqidlarni to‘la eshitmaguncha olamdan o‘tmaydi. Agar, yetmish qavat temir eshikli uy ichida Alloh taologa ma’siyat qilsa ham, Alloh taolo uni oshkor qiladi, hatto insonlar gapirgay. Va unga qo‘shgaylar”. “Yo Rasululloh, qanday ziyoda qiladilar?” “Albatta, fojir buzg‘unchilikda ziyoda bo‘lgan narsani yaxshi ko‘rur”.


Avf ibn Abdulloh aytadi: “Ahli solihlar bir-birlariga yozar edilar: “Kimki oxirati uchun amal qilsa, Alloh dunyo ishiga kifoya qilgaydir. Kimki Alloh va o‘zi orasida bo‘ladigan ishlarni isloh qilsa, Alloh taolo u bilan odamlar orasini isloh qilgaydir. Kimki ichki dunyosini isloh qilsa, Alloh taolo uning tashqarisini ham isloh qilib qo‘ygaydir”.
Homid Lifof aytadi: “Agar Alloh taolo kishini xolis qilishni xohlasa, uch narsa bilan jazo beradi: Ilmdan ko‘p beradi, ammo ulamolar amalidan qisib qo‘yadi. Solihlarning suhbatiga erishtiradi, lekin ularning huquqlarini bilishdan qisib qo‘yadi. Unga toatlar eshigini ochadi va amalning ixlosidan qisib qo‘yadi”.
Mana shularning hammasi niyatning buzuqligidan va ichi yomonligidandir. Chunki, agar to‘g‘ri bo‘lsa, albatta Alloh taolo ilmning manfaatidan ham, amalga ixlos qilishlikdan ham, solihlarning huquqlarini bilishlikdan ham nasiba qilib, rizqlantirib qo‘yar edi.
16. Faqih aytadi: Jabla Yahsibiyning bunday deganini eshitdim: “Biz Abdulmalik ibn Marvon bilan g‘azotda edik. Kechasi uxlamaydigan, uxlasa ham, kam uxlaydigan kishi bilan suhblatda bo‘ldik. Uni taniyolmay, bir necha kun birga yurdik. Keyin bilsak, u Payg‘ambar (s.a.v.) sahobalaridan biri ekan. Bizlarga bir voqeani aytib berdi: “Mo‘minlardan biri Payg‘ambardan (s.a.v.) so‘radiki: “Yo Rasululloh, ertangi kundan najot nimada?” Aytdilar: “Allohni aldamasligingda”. Aytishdi: “Yo Rasululloh, Allohni

qanday aldaymiz?” Aytdilar: “Alloh taolo buyurgan narsaga amal qilgaysan-u, Alloh taolo uchun xos etmasligingdir. Riyodan saqlaninglar, chunki riyo Allohga shirk keltirishdir. Riyokor ulki, qiyomat kunida butun maxluqotlarining oldida unga to‘rtta ism bilan nido qilingaydir: “Ey kofir”, “Ey fojir”, “Ey ahdini buzguvchi”, “Ey zarar qilguvchi”, deyilgaydir. “Amalingda alashding, ajring botil bo‘ldi, qiyomat kunida sen uchun nasiba yo‘q. Kim uchun amal qilgan bo‘lsang, ajringni o‘shandan so‘ra. Ey yolg‘onchi!” deyilgaydir”. “Sen buni Payg‘ambardan (s.a.v.) eshitdingmi?” deb so‘radim. Aytdi: “Hech zot yo‘q, magar o‘zi bo‘lgan Zotga qasamki, men buni Rasulullohdan eshitdim. Agar bir narsada xato qilsam, unga suyanib qolmasdim”. Keyin bu oyatni o‘qidi:


Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar. Holbuki, Alloh ularni aldab qo‘yguvchidir” (Niso, 142).
Faqih, Alloh rahm qilsin, aytadi: Kim amallari savobini oxiratda topaman desa, u Alloh taologa xolis amal qilmog‘i, riyosiz qilmog‘i, keyin ajablanish (odamlarning hayrati) bu amallarni botil qilmasligi uchun qilgan yaxshi amallarini unutmog‘i lozim bo‘ladi. Chunki aytiladi: “Toatni saqlashlik uni qilmoqdan ko‘ra qiyinroqdir”.
Abu Bakr Vositiy aytadi: “Toatni saqlash uni qilishdan ko‘ra qiyinroqdir, chunki uning misoli tez sinadigan shishaga o‘xshaydir. U yamoqni qabul qilmaydi. Shuningdek, amal

ham, agar riyo aralashsa, uni sindiradi, agar manmanlik aralashsa ham, uni sindiradi. Kishi bir amalni qilganda riyo aralashib qolishidan qo‘rqsa, qo‘lidan kelsa, riyoni ko‘nglidan chiqarsin, so‘ngra shuning uchun o‘sha narsaga harakat qilsin, agar imkoni bo‘lmasa, amalni qilaversin va amalni riyo tufayli tark qilib qo‘ymasin. Keyin Allohdan istig‘for so‘rasin, bu ishda riyosi o‘rniga shoyadki, Alloh boshqa amalida ixlosmand qilib qo‘ysa”.


Bu to‘g‘rida aytiladiki, albatta, riyo qilguvchilar o‘lganlaridan beri dunyo xarobdir. Chunki ular yaxshi amallarni qilardilar, qalandarxonalar, ko‘priklar, masjidlar kabi narsalarnnni qurardilar. Bu narsalarda odamlar uchun foyda bor edi, garchi riyo uchun bo‘lgan bo‘lsa ham. Ko‘pincha musulmonlarndan birontasinning duosi foyda berib qoladi... Ba’zi o‘tgan kishilardan rivoyat qilinadi: Bir yo‘lovchi kambag‘allar uchun musofirxona qo‘rgan ekan. U o‘ziga-o‘zi aytar ekanki: “Bilmadim, bu amalim Alloh taolo uchunmi yoki yo‘qmi”, deb. Bas, bir kuni tushida bir kishi kelib: “Agar amaling Alloh uchun bo‘lmasa ham, musulmonlardan bittasi duo qildi. Amaling Alloh uchun bo‘ldi”, deydi. Shunda ko‘p xursand bo‘lgan ekan.
Huzayfa ibn Yamon oldida bir kishi: “Yo Parvardigor, munofiqlarni halok qilgin”, debdi. Xuzayfa shunda: “Agar ular halok bo‘lib ketsalar, dushmanlaringdan haqlaringni ola bilmas edinglar”, ya’ni ular g‘azotga chiqib, dushman bilan urushardilar, degan ekan.
Faqih, Alloh rahmat qilsin, aytadi: Odamlar farzlar to‘g‘risida so‘zlashibdilar. Ba’zilari debdi: “Unda riyo yo‘q. Chunki u butun xalqqa farzdir. Agar kishi ustidagi farzni ado qilsa, bu riyoga kirmaydi”. Ba’zilar esa: “Riyo farzlarga ham, boshqalariga ham kiradi”, deb aytdi.
Bu ish mening nazdimda ikki xildir. Birinchi: agar bir inson farz amallarini riyo uchun – insonlarga ko‘rinish uchun ado qilsa, u ishni ado qilmabdi. Bu esa butunlay munofiqlikdir. Alloh taolo o‘z so‘zida munofiqlar haqida aytgan: “Albatta, munofiqlar

do‘zaxning eng tuban joyida bo‘lurlar” (Niso, 145). Ya’ni, jahannamda Fir’avn (ahli) bilan birgadirlar. Chunki agar ularning Allohni yagona deb bilishlari rost bo‘lsa, farzlarini ado qilishda hech narsa ularni man’ qilmasdi. Ikkinchi: agar bir inson farzlarni odamlar orasida chiroyli va to‘la-to‘kis ado qilsa-yu, hech kim ko‘rmagan paytda farz amallarini noqis ado qilsa, u kimsaga noqis savob bordir va insonlar nazdida qilgan ziyoda amali uchun savob yo‘qdir. Bu kimsa o‘sha amali borasida so‘raladi va Alloh huzurida hisob beradi.

I bob. Ixlos bobi hadislari
1. Muhammad ibn Labid. “Sizlarning oralaringizga kirib qolishidan... ” Sahih*. Ahmad (428/5) va Bayhaqiy (“Ash-shu’ab” 6831) va Bag‘aviy

(“Sharhul-sunna” 4030/7). “As-sahihat” (951)ga qarang.

2. Abu Hurayra. Alloh taolo aytadi: “Men sheriklardan behojatman...” Sahih*. Muslim, “Zuhd” kitobi (36/2985) va Ibn Moja, “Zuhd” kitobining riyo bobi (4202).

3. Abu Hurayra. “Ro‘zador borki...” Sahih*. Ahmad (373/2) va Bayhaqiy (270/4) va “Sahihul jome’” (3490).

4. Mujohid. “Bir kishi Rasululloh oldilariga kelib...” Zaif*. Ibn Jarir o‘z kitobida (32/16) mu’zal hadis degan.

5. Abu Hurayra. “Oxir zamonda sut soqqandek dunyoni sog‘ish uchun qavmlar chiqadi...” Zaif*. Termiziy, “Zuhd” kitobida.

6. Abu Hurayra. “Bir kishi Rasulullohga (s.a.v.) kelib: “Ey Rasululloh, men bir...” Zaif*. ”Tayolisiy (2430), Termiziy (2384), Ibn Moja (4226).

7. Hadis. “Kimki sunnatda yaxshi ishni joriy qilsa...” Sahih*. Muslim, “Zakot” kitobi (1027/2).

8. Abu Habib. “Albatta farishtalar Allohning bandalaridan...” Zaif*. Abdulloh ibn Muborak, “Zuhd” (452).

9. Abu Hurayra. “Shufayl Asbahiy Madinaga kirdi...” Sahih*. Termiziy (2382) va Ibn Hibbon (2502) va Hakim (419/1) va Muslim (1905/3).

10. Adiy ibn Hotim. “Qiyomat kuni bir toifa odamlarga jannatga borishlik buyuriladi...” Zaif*. Abu Naim, “Al-xulya” (125/4) va Bayhaqiy, “Ash-shu’ab”ga (6809/5) va “Majma’a”ga (220/10) qarang.

11. Ibn Abbos. “Alloh taolo Adn jannatini yaratgan vaqtda...” Zaif* Abu Na’im, “Jannat sifatlari” kitobi (16) va Tabaroniyning “Al-kabir” (11439/11) va Ibn kasir tafsiri (231/3) ga “At-targ‘ib va tarhib” (558/4)ga qarang.

12. Hadis. “Albatta, amallar niyatlari bilan e’tiborlidir...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy va Muslim (1907/3).

13. Abu Hurayra. “Albatta, Alloh taolo bir bandani yaxshi ko‘rsa...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (3209/6) va Muslim (2637/4).

14. Anas ibn Molik. “Mo‘minni bilasizlarmi...” “Kanzul-ummoli” (1799).

15. Jablatul Yaxsibiy. “Bizlar Abdumalik ibn Marvon bilan g‘azotda edik...” Zaif*. Suyutiy, “Ad-Durul-Mansur” (74/1).




II BOB. O‘LIM QO‘RQINCHI VA SHIDDATI
17. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadi: Anas ibn Molik roziyallohu anhu Payg‘ambarimizdan rivoyat qilib aytadiki: “Kim Alloh bilan uchrashmoqni yaxshi ko‘rsa, Alloh ham u bilan uchrashmoqnni yaxshi ko‘rgay va kim Alloh taolo bilan uchrashmoqni yoqtirmasa, Alloh ham u bilan uchrashmoqni yomon ko‘radi”. Shunda: “Ey Rasululloh, biz hammamiz o‘limni yomon ko‘ramiz-ku”, deb aytdilar. “Bu yomon ko‘rishlik emasdir. Agar mo‘min kishi o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa, Alloh taolo uning huzurida yaxshilardan bo‘lib qaytishligi haqida o‘sha bandaga xushxabar keladi va unga Alloh

diydoridan yaxshiroq biror narsa bo‘lmaydi va Alloh ham uni uchratmoqni yaxshi ko‘radi. Agar fojir yoki kofir o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa, Alloh taolo uchun yomonlardan bo‘lganligi, yomonlardan hisoblanganligi aytilib, qo‘rqitib, ogohlantirish keladi va u Alloh bilan bo‘ladigan uchrashuvni yomon ko‘radi. Alloh ham u bilan ko‘rishmoqni

xohlamaydi”, dedilar Nabiy (s.a.v.).
18. Payg‘ambarimizdan Hasan rivoyat qiladi. Aytdilarki: “Mo‘min odamga o‘limning og‘irligi va uning qiyinligi shu qadarki, qilich bilan uch yuz zarba urgandek”.
Faqih aytadi: Kimiki o‘limga ishonsa va o‘lim unga ham keladi, undan hech chora yo‘q, deb bilsa, o‘sha inson solih amallari bilan va nopok ishlardan tiyilishi, o‘zini undan chetlashi bilan o‘limga hozirlik ko‘rmog‘i lozim bo‘ladi. O‘sha o‘lim o‘ziga qachon yetishini bilmaydi. Payg‘ambar (s.a.v.) o‘z ummatlariga o‘limning og‘irligini, uning achchiqligini nasihat qilib, o‘limga tayyorlanmoqliklarini, har doim hozir bo‘lib turmoqliklarini va bu dunyoning qiyinchiliklariga sabr qilmoqliklarini bayon qilib berdilar. Chunki dunyo mashaqqatlariga sabr qilish o‘limning qiyinchiligidan yengilroqdir. Chunki o‘lim

qiyinchiligi va og‘irligi oxirat azoblaridandir. Oxirat azobi bu dunyo azobidan qattiqroqdir.


19. Jobir ibn Abdulloh Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladi: Dedilarki: “Bani Isroil haqida gapiringlar, uning zarari yo‘q, chunki ular ko‘p ajoyibotlari bo‘lgan qavmdir”. So‘ng odamlar ular haqida gaplasha boshladilar. Shunda Nabiy (s.a.v.) aytdilarki: “Bani Isroildan bir qavm chiqdi, ular bir qabriston oldiga kelishdi va: “Agar namoz o‘qib, so‘ng Rabbimizga duo qilsak, biz uchun ba’zi o‘liklarni chiqaradi va bizga o‘lim haqida xabar beradi”, dedilar hamda namoz o‘qib, Parvardigorga duo qildilar. Ular shunday duo qilib turgan vaqtlarida to‘satdan bir kishi qora qabrdan boshini ko‘tarib: “Ey odamlar, nimani xohlaysizlar? Allohga qasamki, men to‘qson yil ilgari o‘tganman, lekin o‘lim azobi, uning achchig‘i xuddi hozir bo‘layotgandek, haligacha mendan ketgani yo‘q, Alloh taologa duo qilinglar, men qanday bo‘lsam, o‘sha holimga qaytarsin”, dedi. Uning ikki ko‘zi orasida sajda izlari bor edi”.
20. Abdulloh ibn Musavvar Hoshimiydan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Payg‘amibarimiz huzurlariga kelib, menga ilmning g‘aroyiblaridan o‘rgatmog‘ingiz uchun huzuringizga keldim”, dedi. Shunda unga: “Ilmning avvalida nima ishlar qilding?” dedilar. U: “Ilmning avvali nima?” deb so‘radi. “Ulug‘ va qudratli Rabbingni tanidingmi?” dedilar. “Ha”, deb javob berdi. “Allohning haqqiga nima ishlar qilding?” deb so‘radilar. “Alloh xohlaganicha ishlar qildim” deb javob berdi. Keyin: “O‘limni bildingmi?” dedilar. “Ha”, dedi. “O‘lim uchun nima hozirlik ko‘rding?” dedilar. “Alloh xohlaganicha”, dedi. “Borgil va u yerda

ham shu tarzda davom et, keyin kelsang, senga ilmning g‘aroyiblarini o‘rgataman”, dedilar. Bir necha yildan so‘ng Payg‘ambarimizning oldilariga kelgach, unga: “Qo‘lingni qalbingga qo‘y, o‘z nafsing uchun rozi bo‘lmagan narsani musulmon birodaring uchun ham rozi bo‘lma, o‘zingga ravo ko‘rgan narsani musulmon birodaringga ravo ko‘rgin, mana shu ilmning g‘aroyiblaridandir”, dedilar”.


Payg‘ambar (s.a.v.) o‘limga tayyorgarlik ko‘rish ilmning avvalidan ekanligini bayon qildilar, o‘lim bilan mashg‘ul bo‘lmoqlik avlodir.
21. Abdulloh ibn Musovvar Hoshimiy rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (s.a.v.) ushbu oyatni o‘qidilar:
Alloh kimni hidoyat qilmoqni istasa, uning konglini Islom uchun keng qilib qo‘yar. Kimniki adashtirmoqni istasa, uning ko‘nglini xuddi osmonga ko‘tarilib ketayotgandek, tor va tang qilib qo‘yar” (An’om, 125).

So‘ng: “Agar Islom nuri qalbga qancha kirib o‘rnashsa, uni tinchlantiradi, yorqinlashtiradi”, dedilar. “Mana shu narsalarning alomati, belgisi bormi?” deb so‘rashdi. Shunda: “Ha, g‘ururlanishlikdan uzoq bo‘lish, abadiy hayotga olib boradigan narsalardan xabardor bo‘lish, o‘lim vaqti-soati kelishidan oldin o‘lim uchun hozirlik ko‘rishdir”, dedilar”.


22. Maymun ibn Mihrondan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz bir kishiga va’z aytar edilar. “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil, qariligingdan oldin yigitligingni, bir ish bilan shug‘ullanib qolishingdan oldin bo‘sh vaqtingni, faqirligingdan oldin boyligingni, o‘limingdan oldin tirikligingni, kasal bo‘lmasingdan oldin sog‘lomligingni g‘animat bilgin”.
Payg‘ambar (s.a.v.) shu besh narsada ko‘p ilmlarni jam qilganlar. Chunki navqiron yigit holatida har xil ishlarga qodir bo‘lgan kishi qarigan vaqtda o‘sha ishlarga qodir

bo‘lmaydi. Chunki yigit agar ma’siyat – gunoh qilish bilan yoshligini o‘tkazishga ko‘niksa, u qarigan vaqtida gunohlardan tiyilishga qodir bo‘lmaydi, shuning uchun yigit kishi qariganda yaxshi amallar qilmog‘i oson, yengil bo‘lishi uchun u yoshlik – navqironlik davrida yaxshi amallarni qilishga ko‘nikmog‘i lozimdir.


“Betobligingdann oldin sog‘ligingni”, degan gapllari ma’nosi shuki, sog‘ inson moli va joni uchun ish qila oladi. Sog‘lom kishi o‘z solg‘ligini g‘animat bilishi va o‘z molida, o‘z jismida solih amal qilmoqligi kerak. Chunki agar kasal bo‘lsa, badani ibodat qilishdan ojiz qoladi va uning qo‘li o‘z molidan qisqa bo‘ladi, hamda uning vasiyati molining uchdan bir miqdoriga o‘tadi.
“Bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishdan avval bo‘sh vaqtingni g‘animat bil”, degan gaplarining ma’nosi shuki, kechasi bo‘sh va kunduzi ish bilan band bo‘lishlikdir. Kishi kechasi bo‘sh vaqtlarida namoz o‘qimoqligi va kunduzi ish vaqtida ro‘za tutmoqligi kerak, ayniqsa, qish davrlarida.
23. Payg‘ambarimizdan rivoyat qilinganidek: “Qish mo‘minga g‘animatdir, uning kechalari uzun bo‘ladi, unda namoz o‘qiydi. Kunduzlari qisqa bo‘ladi, ro‘za tutadi”
24. Va boshqa rivoyatda: “Tun uzundir. Uxlashing bilan uni qisqa qilmagin. Kunduz qisqadir. Gunohlaring bilan uni og‘ir qilib qo‘ymagin” deyiladi.

“Faqirligingdan oldin boyligingni”, degan so‘zlaridagi mazmun shuki, agar Alloh taolo senga bergan narsasiga rozi bo‘lsang, mana shuni g‘animat bilgin. Odamlarning qo‘lidagi narsalarni, xoh mol va dunyo bo‘lsin, xoh boshqa narsa bo‘lsin, tama’ qilmagin.


“O‘limdan oldin tirikligingni”, degan so‘zlari ma’nosi shuki, inson tirik ekan, u amal qilishlikka qodirdir, agar o‘lsa, uning amallari ham to‘xtaydi. Shuning uchun mo‘min kishiga bu o‘tkinchi kunlarni bekor o‘tkazmay, abadiy qolguvchi kunlari uchun g‘animat bilmog‘i lozimdir. Forslarndan bir hikmat sohibi aytibdiki: “Yosh bola bo‘lgan chog‘ingda bolalar bilan o‘ynaysan, agar yigit bo‘lganingda, ko‘ngilni chog‘lash bilan g‘aflatda yursang, qarib, zaiflashib qolganingda Alloh taolo uchun qanday amal qilasan? Demak, o‘lganingdan keyin esa zinhor Alloh taologa ibodat etmoqqa qodir bo‘lmaysan, yoshlik paytingda harakatga qodirsan, shu paytdan o‘lim farishtasi kelishiga tayyorgarlik ko‘rgin. Har vaqt Allohni yod etgin. Albatta, Alloh taolo sendan g‘aflatda emas”.
25. Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (s.a.v.) o‘lim farishtasini ansorlardan bir kishining boshi tarafida ko‘rdilar. Unga: “Mening do‘stim bilan do‘stlashgin, u mo‘mindir”, dedilar. Shunda o‘lim farishtasi: “Ey Muhammad! Xushxabar beramanki, men mo‘minlarning hammasi bilan do‘stdirman. Allohga qasamki, ey Muhammad, agar nido qilguvchi nido qilsa, men Odam bolalarining ruhini batahqiq olaman, deb”. “Bu nido nedir?” dedilar. Aytdi: “Allohga qasamki, unga zulm qilmaymiz, ajalidan o‘tkazib yubormaymiz, qadarini tezlashtirmaymiz. Uning jonini olishlikda bizga gunoh yo‘q. Agar Alloh sizlar uchun qismat qilib qo‘ygan narsaga rozi bo‘lsangizlar, mukofotlanasizlar va agar g‘azab qilsangizlar, besabrlik qilsangizlar, gunohkor bo‘lib, shu narsalar bilan o‘ralashib qolaverasizlar. Bizning huzurimizda sizlar uchun hech narsani peshlamoqlik yo‘q. Bizda sizlarga berilgan va’dalarni o‘tashlik bordir, ehtiyot bo‘lmoq lozim. Har bir tirik jon xoh quruqlikda va xoh dengizda yashovchi bo‘lsin, men har

kecha-kunduz besh marotaba uning yuzlariga diqqat bilan nazar solaman va ularning har birlarini alohida, xoh katta, xoh kichik bo‘lsin, tanib-bilib olaman. Allohga qasamki, ey Muhammad, agar men biror chivinning jonini olishni xohlasam ham, jonlarni olishlikka buyuruvchi zot Alloh taoloning buyrug‘i bo‘lmaguncha, men ana shunga ham qodir bo‘lmayman”.


26. Abu Said Hudriydan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (s.a.v.) bir qancha kulayotgan kishilarni ko‘rdilar va ularga: “Agar sizlar lazzatlarni ketkazguvchi o‘limni ko‘proq eslaganlaringda edi, men ko‘rib turgan bu mashg‘ullikdan qaytgan bo‘lur edingiz”, dedilar. So‘ng: “Nafsga yoqadigan har xil lazzatlarni ketgazguvchi, uni yo‘q qilguvchi zikrlarni ko‘paytiringlar”, dedilar. Yana aytdilarki: “Albatta qabr jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lgay yoki do‘zax chohlaridan bir choh bo‘lgaydir”.
Ka’bga Umar roziyallohu anhu shunday dedi: “Ey Ka’b, bizlarga o‘lim haqida biror narsa aytib bering”. U bunday dedi: “O‘lim odam farzandlarining ichiga kirib olgan bir tikan daraxtga o‘xshaydi. Uning har bir tikani badanga tomirlar kabi joylashgandir, so‘ng daraxtni bir kuchli kishi sug‘urib, kuch bilan tortadi. Uzilgani sug‘urilib chiqadi. Qolgani qoladi”.
Sufyon Savriyning huzurida o‘lim eslatilsa, bir necha kunlar mana shu bilan mashg‘ul bo‘lib qolar va hech narsaga chalg‘imas edi. Agar undan biror narsa so‘ralsa, “Bilmayman, bilmayman”, deb javob berardi.

Hakim aytadiki: “Oqil inson uch narsani hech esdan chiqarmasin. Dunyoning o‘tkinchiligini, undan qachondir ajralishini va o‘limning shunday ofatlariniki, undan hech bir kishi omonda qolmagay”.


Hotamul Asam aytadiki: “To‘rt narsaning qadrini to‘rt kishi bilgay: yoshlikning qadrini yoshi o‘tib qolganlar, tinchlik-xotirjamlik qadrini boshiga balo tushganlar biladi. Sog‘lik- salomatlik qadrini kasal bo‘lib, hech narsaga yaramay qolganlar, tiriklik qadrini o‘tganlar biladi”.
Shu so‘zlar yuqorida aytilgan: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil” degan gapga muvofiq keladi.
Amr ibn Osning o‘g‘li Abdullohdan rivoyat qilinadi: Otam: “Men o‘lim to‘shagida yotgan kishidan ajablanaman, uning aqlu hushi, tili joyida bo‘lsa, endi qanday qilib o‘limni sifatlab bera olmaydi”, der edi. So‘ng vaqti kelib, o‘zi ham o‘lim to‘shagida yotdi, uning aqlu hushi, tili joyida edi. Shunda otamga: “Ey ota! Siz o‘layotgan kishi aqlu hushi, tili bo‘la turib, o‘limni sifatlab bermasligiga ajablanaman”, der edingiz”, dedim. Shunda u: “Ey o‘g‘lim, o‘lim sifatlab berishlikdan kattaroq narsa ekan. Lekin senga o‘limdan ba’zi narsalarni sifatlab beraman. Allohga qasamki, go‘yo yelkamda Rizvo va Tuhoma tog‘i turgandek. Go‘yo mening ruhim igna teshigidan chiqayotgandek, go‘yo mening ichim tikanlar bilan to‘lgandek. Go‘yoki osmon yer ustiga yopilganu men ularning orasida qolib ketgandekman”. So‘ng shunday dedi: “Ey o‘lim, mening holatim uch ko‘rinishda o‘tdi. Avvalida Muhammadni (s.a.v.) o‘ldirish uchun insonlarning eng horisrog‘i bo‘ldim. Ey voh, ne ko‘rgilik bo‘lardi agar o‘sha vaqtda o‘lib ketsam, keyin Alloh meni Islomga hidoyat qildi va Muhammad (s.a.v.) men uchun odamlarning eng yaxshisiga aylandi, meni askarlarga boshliq qildi. Koshki men ana o‘sha vaqtda o‘lsam edi. Rasulullohning (s.a.v.) duolari menga yetgan bo‘lardi. Shundan so‘ng dunyo ishlari bilan shug‘ullanib, ovora bo‘lib ketdik, endi Allohning huzurida holim ne bo‘ladi, bilmayman”. O‘g‘li uning huzurida jon taslim qilguncha turdi.
Shaqiq ibn Ibrohim aytadi: “Insonlar o‘z so‘zlarida to‘rt narsada men bilan muvofiq bo‘ldilar. Menga amallarida o‘sha to‘rtta narsada xilof bo‘ldilar. Birinchisi, biz Alloh taoloning qulimiz, bandasimiz, deydilar, ammo hurlarning ishlarini qiladilar. Ikkinchisi, Alloh bizning rizqimiz uchun kafildir, deydilar, lekin ularning qalblari hech tinchlanmaydi, magar shu dunyodan biror narsa topishi bilan taskin topadi. Uchinchisi, oxirat bu dunyodan yaxshiroq, deydilar, ammo faqat shu dunyolari uchun mol-dunyo to‘playdilar. Hammamiz uchun o‘lim bor, deydilar, biroq xuddi o‘lmaydigan qavmning ishlarini qiladilar”.
Abu Zarrdan rivoyat qilinadi: “Uch narsa meni ajablantirib, oxiri kuldiradi va yana uch narsa meni g‘amgin qilib, oxiri yig‘latadi. Meni kuldiradigan uchtadan birinchisi, o‘lay deb turib, dunyoni orzu-havas qilguvchi kishidir, ya’ni orzu qilishda chuqur ketadi va o‘limni hech o‘ylamaydi. Ikkinchisi, o‘limning ichida turib g‘aflatda bo‘lguvchi kishidir, ya’ni o‘limdan g‘aflatda bo‘ladi, ko‘z oldida qiyomat bo‘lsa ham. Uchinchisi, Alloh taolo undan g‘azabdami yoki rozimi bilmasdan turib, xoxolab kuluvchi kishidir. Yig‘latadigan

narsalar: eng yaxshi ko‘rganidan ayrilish, ya’ni Muhammadning (s.a.v.) va sahobalarining bu dunyodan o‘tib ketganligi. Ikkinchisi, ko‘tarishlikning dahshati, ya’ni

o‘limning boshga tushishi. Uchinchisi, Alloh taolo huzurida turishlik. Rabbim menga qaerga kirishni buyuradi: jannatgami yo do‘zaxgami – bilmayman”.
27. Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat qilinadi. Aytdilarki: “Agar hayvonlar o‘lim haqida sizlar bilgan narsani bilganlarida edi, ularning yog‘liq go‘shtini hech qachon yemagan bo‘lar edingizlar”.
Homid Liffofdan zikr qilindi. U aytadi: “Kimiki o‘limni ko‘p eslasa, uch narsada ulug‘ bo‘ladi: tavbani tez qilishda, rizqiga qanoat qilishda va ibodatda g‘ayratli bo‘lishda. Endi kimiki o‘limni esdan chiqarsa, uch narsada orqada qoladi: tavbasini orqaga suradi, kun ko‘rishga yetarli narsaga rozi bo‘lmaydi, ibodatlarida yalqovlik qiladi”.
Zikr qilinadiki, Iso alayhissalom Allohning izni bilan o‘liklarni tiriltirar edi. Unga kofirlardan ba’zilari: “Sen hozirgina o‘lgan o‘likni tiriltirding, balki u o‘lmagandir. Bizga qadim zamonda o‘lgan o‘likni tiriltir”, dedilar. Iso alayhissalom ularga: “Xohlagan kishingizni ayting”, dedilar. Ular: “Bizga Nuhning o‘g‘li Somni tiriltir”, deyishdi. Iso alayhissalom uning qabri oldiga kelib, ikki rak’at namoz o‘qidilar va Allohga duo qildilar. So‘ng Alloh taolo Nuhning o‘g‘li Somni tiriltirdi. Uning soch-soqollari oqarib ketgan edi. Shunda unga aytdilarki: “Axir, senga nima bo‘ldi, qarilik sening davringda bo‘lmagan

edi-ku?” Nuhning o‘g‘li Som ularga: “Men bir chaqiriq eshitdim va qiyomat bo‘lib qolibdi- da, deb o‘yladim va qiyomat qo‘rqinchidan boshimdagi sochim hamda soqollarim oqarib ketdi”, dedi. Undan so‘radilar: “Sening o‘lganingga qancha vaqt bo‘ldi, qanchadan beri shu qabrdasan?” U: “To‘rt ming yildan beri shunda yotibman, lekin o‘lim azobini

boshdan kechirganim haligacha mendan ketgani yo‘q”, dedi.
Deydilarki: “Bir mo‘min o‘lsa, unga qayta tirilishlik va hayotga qaytishlik taklif qilinadi. Lekin u o‘lim azobini, jon berish qiynog‘ini boshidan kechirgani uchun hayotga qaytishni xohlamaydi, faqat shahidlargina xohlaydilar. Chunki ular o‘lim azobinni totmaganlar. Ular ikkinchi bor hayoti dunyoga qaytib, Alloh yo‘lida jang qilib, halok bo‘lishni orzu qiladilar”.
Ibrohim ibn Adhamdan rivoyat qilinadi. Unga: “Agar biz bilan o‘tirsang, sendan ul-bul narsa eshitar edik”, dedilar va u: “Men to‘rt narsa bilan mashg‘ulman, agar shu ovoralik bo‘lmaganida edi, sizlar bilan o‘tirgan bo‘lar edim”, dedi. “U narsa nima?” deb so‘rashdi. Shunda: “Uning birinchisi, men al-Miysoq, ya’ni va’da berilgan kun haqida o‘ylayapman, o‘sha kunda odam farzandlaridan Alloh taolo va’da olgan”.
28. Alloh aytadi: “Ana ular jannatga boradilar. Mening parvoyimga ham kelmaydi va ana ular do‘zaxga boradilar. Mening parvoyimga ham kelmaydi”. Ana shu vaqtda men bu ikki firqaning qaysi birida bo‘lganman, bilmayman. Ikkinchisi, Alloh taolo onaning qornida bolani yaratadi va unga ruhni puflaydi, shunda maloika Allohdan: “Yo Rabbim, bu do‘zaxga kirguvchi baxtsizmi yoki jannatga kirguvchi baxtiyorlardanmi?” deb so‘raydi. Bilmaymanki, o‘sha vaqtda men uchun berilgan javob qanday bo‘ldi, ana shu haqda fikrlayapman. Uchinchisi, o‘lim farishtasi kelib, jonimni olmoqchi bo‘lgan vaqtda Allohga: “Yo Rabbim, bu musulmonlar bilan birgami yoki kofirlar bilanmi?” deydi. Menga bo‘lgan javob qanday bo‘ladi, bilmayman. To‘rtinchisi, Alloh taolonning Yosin surasining 59- oyatida zikr qilingan: “Ey jinoyatchi kimsalar, mana bu kunda mo‘minlardan ajralinglar!” degan oyati karimasiga binoan fikr qilyapman. Shunda firqalarning qaysi birida bo‘laman, bilmayman”.

Faqih Samarqandiy aytadi: Alloh taolo fahm-farosat bergani, g‘aflat uyqusidan uyg‘otgani, bu dunyodan o‘tib, oxiratini o‘ylaydigan qilib qo‘ygani naqadar yaxshidir va biz Alloh taolodan umrimizning yakunini yaxshilik qilishligini va hayotimizning oxiri xursandchilik bo‘lishini so‘raymiz. Albatta, mo‘min kishi uchun uning o‘limi vaqtida Alloh taoloning bashorati bordir:


Albatta, “Parvardigorimiz – Allohdir”, deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilishda) to‘g‘ri – ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida)



Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   46


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa