Kishining qanday tong ottirishi to‘g‘risidagi bob hadislari
918-hadis. Sahih. Buxoriy rivoyat qilgan.
SAKSON BESHINCHI BOB TAFAKKUR QILISH
919. Faqih Abu Lays Samarqandiy Ato ibn Abu Rabohdan rivoyat qiladilar: “Ibn Umar va Ubayd ibn Umayr bilan birga Oyishaning (r.a.) oldiga kirdik. Hammamiz salom berdik. Oyisha: “Ular kim?” deb so‘radilar. “Abdulloh ibn Umar, Ubayd ibn Umayr”, dedik. Onamiz aytdilar: “Xush kelibsiz, ey Ubayd ibn Umayr, nima uchun bizni ziyorat qilmay qo‘ydingiz?” Ubayd aytdilar: “Kam ziyorat qil, sevgi ziyoda bo‘ladi, deyishadi”. Ibn Umar so‘ngra: “Bu gaplarni qo‘yib turaylik, bizga Payg‘ambardan (s.a.v.) ko‘rgan ajoyib narsalaringizni gapirib bering”, dedilar. Oyisha onamiz aytdilar: “U kishining hamma ishlari ajoyib edi. Bir kechasi mening oldimga keldilar va to‘shagimga kirdilar, hatto badanlari badanimga tegdi. So‘ngra aytdilar: “Ey Oyisha, Rabbimga ibodat qilishimga ruxsat berasanmi?” “Allohga qasamki, sizga yaqin bo‘lishni hamda siz hohlagan narsani yaxshi ko‘raman”, dedim. So‘ng o‘rinlaridan turib, tahorat qildilar. Keyin qiyomda turib yig‘ladilar. Ko‘z yoshlari ko‘kraklariga tushdi. So‘ng o‘ng taraflariga suyanib, o‘ng qo‘llarini o‘ng yuziga qo‘ydilar. Yana yig‘ladilar. Yig‘laganlaridan ko‘z yoshlari yerga tushganini ko‘rdim. Bir ozdan keyin bomdodga azon chaqirgani Bilol keldi. Bilolni ko‘rib ham yig‘layverdilar. Bilol: “Ey Rasululloh, nimaga yig‘layapsiz? Alloh sizning oldingi va keyingi gunohlaringizni kechirgan-ku?!” dedi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Ey Bilol! Shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi? Nima uchun yig‘lamay, bu kecha ushbu oyat tushdi”, dedilar va:
“Osmonlar va yerning yaralishida...” jumlasidan
“O‘zing bizni jahannam azobidan asragil”, jumlasigacha (Oli Imron, 190 – 191- oyatlar) o‘qidilar. Keyin aytdilar: “Kim bu oyatni o‘qib, tafakkur qilmasa, vayl azobi bo‘lsin”.
Ba’zi xabarlarda rivoyat qilinadi: “Kim yulduzlarga qarab, uning ajoyibligini va Allohning qudratini fikr qilib:
“Parvardigoro, bu (borliqni) behuda yaratganing yo‘q! Sen (behuda biron ish qilish aybidan) poksan. O‘zing bizni jahannam azobidan asragil”, degan oyatni o‘qisa, unga osmondagi yulduzlar sanog‘icha yaxshilik yoziladi”.
Omir ibn Qaysning bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Oxiratda odamlarning ko‘proq xursand bo‘lishlari, ularning dunyoda xafachilikni uzun qilganlari sabablidir. Oxiratda ko‘p kuluvchilar odamlar dunyoda ko‘p yig‘laganlardir. Odamlarning qiyomat kunida iymon jihatidan ixlosmandlari dunyoda ko‘proq tafakkur qilganlaridir”.
920. Abu Dardo (r.a.) aytadilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar: “Insonlar orasida shundaylari borki, ular yaxshilikka kalit, yomonlik uchun qulfdirlar. Shu tufayli ularga ajr yoziladi. Insonlardan yana ba’zilari borki, ular yomonlikka kalit, yaxshilikka qulfdirlar. Shu tufayli ularga gunoh yoziladi. Yaxshilik uchun kalit bo‘lgan va yomonlik uchun qulf bo‘lgan kishilar qanday ham yaxshi. Bir soatlik tafakkur men uchun bir kechalik ibodatdan yaxshidir”.
921. A’mash Amr ibn Murradan rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) tafakkur qilayotgan qavmning oldidan o‘tayotib, ularga: “Yaratilgan narsalar haqida fikr qilinglar. Yaratuvchi haqida fikr qilmanglar”, dedilar”.
922. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Shayton birontangizga kelib: “Osmonni kim yaratdi?” deb so‘raydi. U: “Alloh taolo”, deydi. “Yerni kim yaratdi?” deb so‘raydi keyin. Yana: “Alloh taolo”, deydi. “Allohni kim yaratdi?” deydi keyin. Agar birortalaringiz o‘sha narsani sezsa, Allohga va Uning payg‘ambariga iymon keltirdim, desin”.
923. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilinadi. Aytdilar: “Bir soat fikrlash bir yillik ibodatdan afzaldir”.
Faqih aytadilar: “Agar inson fikrlash fazilatiga yetishni xohlasa, besh narsa to‘g‘risida fikr qilsin:
1) Allohning mo‘’jiza va alomatlari to‘g‘risida;
2) Allohning botiniy va zohiriy ne’matlari to‘g‘risida;
3) Uning savobi to‘g‘risida;
4) Uning azobi to‘g‘risida;
5) Uning yaxshiligi va o‘zining jafosi to‘g‘risida.
Alloh taoloning mo‘’jiza va alomatlarini tafakkur qilish Alloh taoloning qudratiga qarashdir. Alloh taolo osmonni va yerni qanday yaratganiga, quyoshni sharqdan chiqarib, g‘arbga botirayotganiga, kecha-kunduzni almashadigan qilib qo‘yganiga va o‘zining xilqatiga nazar qilishdir. Alloh taolo aytadi:
“(Ey mo‘minlar,) yerda (undagi tog‘u toshlar va vodiy dalalarda, dengizlar va
daryolarda, hayvonot va nabotot olamida) hamda o‘zlaringizda (ushbu hayotga kelib-ketishingizdan tortib vujudlaringizdagi har bir a’zolaringizda balki har bir hujayralaringizning naqadar nozik tartib-intizom bilan yaratilib, o‘z o‘rniga joylashtirilganida va o‘z zimmasidagi Yara tuvchi buyurgan vazifani quloq qoqmasdan ado etib borishida) ishonuvchi zotlar uchun (Allohning qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlar bordir. Axir ko‘rmaysizlarmi?” (Zoriyot, 20 –
21-oyatlar).
Agar banda oyat-alomatlarga tafakkur bilan qarasa, ishonchi va ma’rifati ziyoda bo‘ladi. Xudoning marhmati va ne’mati haqida fikrlash Uning ne’matlariga e’tibor qilishdir.
Hakimlardan ne’mat bilan marhamat orasidagi farqni quyidagicha belgilaganlar:
“Ne’matlarning ko‘rinib turgani marhamat, ko‘rinmagani esa ne’matdir. Buning oddiy misoli – ikki qo‘l, ular Allohning marhamati, undagi quvvat esa, ne’mat. Yuz ham Allohning marhamati, undagi chiroy – ne’mat. Og‘iz – marhamat, taomning ta’mini his qilish – ne’mat. Agar kishida ikki oyoq bo‘lib, yurishga quvvat yetmasa, unga Alloh marhamat qilibdi, lekin ne’mat bermabdi. Tomir va suyaklar marhamat. Ularning sihatligi ne’matdir”.
Ba’zilar: ”Ne’matning yetishi – marhamat. Musibatni daf bo‘lishi esa, ne’mat”, deyishadi. Ba’zilar buning ziddini aytishadi.
Yana aytilishicha, ne’mat va marhamat bitta narsa. Alloh taolo aytadi:
“Va agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yeta olmaysizlar” (Ibrohim, 34-oyat). Xullas, inson ne’mat va marhamatlar to‘g‘risida fikr qilsa, muhabbati ziyoda bo‘laveradi.
Uning savobi to‘g‘risida fikr qilish esa, Alloh taolo o‘z valiy-do‘stlari uchun jannatda qanday karomatlar tayyorlaganining savobini fikrlashdir. Alloh, Uning savobi haqida fikr qilish jannatga rag‘batni, uning talabida harakat qilishni, Rabbining toatida quvvatni ziyoda qiladi.
Azobi haqida fikrlash esa, Alloh taolo dushmanlari uchun do‘zaxda tayyorlab qo‘ygan azoblar va xorliklarni fikrlashdir. Bu narsa unda qo‘rqinchni va gunohlardan tiyilish quvvatini ziyoda qiladi. Unga qilingan yaxshiliklar to‘g‘risida fikrlash Alloh taoloning ehsoni haqida fikr etishdir. Alloh uning gunohlarini berkitdi, azoblamadi va tavbaga chaqirdi. O‘zining jafosini fikr qilish esa, Allohning amrlarini tark etib, ma’siyatlar sodir qilganiga nazar solishdir. Bunday tafakkur qilish hayo va xijolatni ziyoda etadi.
Qachon shu beshta narsa to‘g‘risida fikr qilsa, u Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan yaxshilikka erishadi.
924. “Bir soat tafakkur qilish bir yillik ibodatdan yaxshidir”.
Bundan boshqa narsa to‘g‘risida fikr qilinmaydi, agar fikr qilinsa, u vasvasadir. Hakimlarning ba’zilari aytishadi: “Uch narsada fikr qilib bo‘lmaydi: Kambag‘allik
to‘g‘risida. Chunki, u g‘amni, xafalikni ko‘paytiradi va boylikka hirsni ziyoda qiladi; birov zulm qilgan bo‘lsa, u to‘g‘rida ham fikr qilinmaydi, chunki qalbni qo‘pol qiladi, adovatni
kuchaytiradi, g‘azabni ziyodalashtiradi; ko‘p umr ko‘rish haqida fikr qilinmaydi. Chunki u o‘limni unuttiradi, boylik to‘plashni sevdiradi, amal qilishni ortga surdiradi”.
Aytishlaricha, taqvoning asosi bema’ni narsalar haqidi fikrlamaslikka qalbida ahd qilmoqdir. Har safar qalbga bema’ni o‘ylar kelganida, uni haydab, ma’noli narsalarni fikr qilish lozim. Bu ish jihodning asli va mashaqqatlisidir.
Hakimlarning ba’zilari aytadi: “Ibodatning mukammal bo‘lishi, niyatning to‘g‘riligiga bog‘liq, solih amalning to‘kis bajarilishi esa, tavoze’ga. Bu ikkalasining kamoloti dunyodan zuhd qilishdadir. Ularning kamoloti oxirat ishiga qayg‘urish va xafa bo‘lish dadir. Qayg‘urish va xafalikning mukammal bo‘lishi doimo o‘limni eslash va gunohlar to‘g‘risida ko‘p tafakkur qilishdadir”.
Aytilishicha, abdollarning (evaz oluvchilarning) axloqlari o‘nta: qalbning salomatligi, moldagi saxovat, tilning rostgo‘yligi, nafsning tavoze’ligi va qiyinchilikka sabr etish, xoli qolib yig‘lash, odamlarga nasihat qilish, mo‘minlarga marhamatli bo‘lish, o‘lim to‘g‘risida fikrlash va narsalardan ibrat olish.
Mahkul Shomiy (r.a.) aytadilar: “Kim to‘shagiga yotmoqchi bo‘lsa, avval shu kunda qilgan ishlarini fikrlashi lozim. Agar yaxshi amal qilgan bo‘lsa, unga qodir qilgan Allohga hamd aytadi. Agar gunoh amal qilgan bo‘lsa, istig‘for aytib, yaxshilikka qaytadi. Agar shunday qilmasa, molini hisob-kitobsiz sochaverib, so‘ng singanini sezmay qolgan savdogar kabi bo‘lib qoladi”.
Ba’zi hakimlar aytadi: “Hikmat to‘rt narsa sababli kuchayadi:
1) badan dunyo ishlaridan ozod bo‘lganida;
2) qorin harom taomdan xoli bo‘lganida;
3) dunyo qo‘l matolaridan bo‘shaganida;
4) ishlarining oqibati haqida fikr qilganda. Chunki hech kim ishining oqibati nima bo‘lishini, amallari qabul qilinadimi yoki yo‘qmi, bilmaydi. Holbuki, Alloh taolo faqat amallarning yaxshisini qabul qiladi”.
925. Faqih aytadilar: “Olimlar jamoasidan ushbu hadisni eshitdim. Maoz ibn Jabalga: “Har kuni eslab turadigan hadisingizni aytib bering”, deyishdi. Maoz (r.a.) yig‘ladilar, hatto to‘xtamaydi, deb o‘ylashdi. Keyin aytdilar: “Ota-onam Rasulullohga (s.a.v.) fido bo‘lsin. Men u zot bilan birga ulovga mingashib olgan edim. Boshlarini shunda osmonga ko‘tarib: “ Maxluqotlariga yaxshi ko‘rgani bilan hukm qiladigan Zotga hamd bo‘lsin”, dedilar. So‘ng: “Ey Maoz!” deb chaqirdilar. “Labbay, ey Allohning elchisi, payg‘ambarlarning sayyidi”, dedim. So‘ng yana: “Ey Maoz!” dedilar. Men: “Labbay, Allohning elchisi, yaxshilik imomi va rahmat payg‘ambari”, deb javob berdim. “Senga hech bir payg‘ambar ummatiga aytmagan hadisni aytaman, agar yod olsang, senga foyda keltiradi. Agar yodlamay, faqat eshitsang, Alloh huzurida hujjating kesiladi. Alloh taolo osmonlarni yaratmasidan oldin, yetti farishtani yaratdi. Har bir osmonda bir farishta, har bir eshikda bir darvozabon bor edi. Kotib farishtalar bandaning ertalabdan kechgacha qilgan amallarini yozadi. So‘ng kech bo‘lgach, ko‘tariladi. Dunyo osmoniga yeganida, uni poklaydi va ko‘paytiradi. Shu yerda boshqa farishta aytadi: “To‘xta, bu amali bilan egasining yuziga ur va Alloh seni kechirmadi, deb ayt. Men g‘iybat egasiman, u musulmonlarni g‘iybat qilardi. Uning amali mendan yuqoriga oshib o‘tishiga yo‘l qo‘ymayman”.
So‘ng kotib farishta bandaning boshqa bir amalini olib ko‘tariladi. Unda nur charaqlaydi. Ikkinchi osmonga yetganida, o‘sha yerning farishtasi aytadi: “To‘xta, bu amali bilan egasining yuziga ur va unga Alloh seni kechirmadi, deb ayt. Chunki u bu amali bilan dunyo matohini xohlagan edi, men ana shu dunyo amalining egasiman. Uning amali mendan nariga o‘tishiga yo‘l qo‘ymayman”.
Kotib farishta keyin bandaning sadaqa va namozlar bilan bezalgan amalini olib, osmonga ko‘tariladi. Uchinchi osmonga yetganida, bir farishta aytadi: “To‘xta, bu amal bilan egasining yuziga ur va Alloh seni kechirmadi deb ayt. Men kibrlarning egasi bo‘lgan farishtaman. U amal qilib odamlarning majlislarida kibrlanardi. Menga Rabbim uning amalini o‘zimdan yuqoriga o‘tkazmaslikka buyurdi”.
Kotib farishta yana bir bandaning amalini olib ko‘tariladi. U tasbehlar, ro‘zalar bilan yulduzdek porlab turadi. To‘rtinchi osmonga yetganda qo‘riqchi farishta unga aytadi: “To‘xta, bu amal bilan egasining yuziga ur va Alloh seni kechirmadi, deb ayt. Men nafsiga ajablanganlarning egasi bo‘lgan farishtaman. Kim amal qilib, faxrlansa, Rabbim uning amalini o‘zimdan boshqaga o‘tkazmasligimni buyurdi”.
Kotib farishta maloikalar bilan bandaning amalini olib, to‘y kuni yori uchun tayyorlagan kelinchak kabi holida ko‘tariladi. Jihod va ikki namoz orasida o‘qilgan namozlari bilan beshinchi osmonga yetib borganida, farishta aytadi: “To‘xta, bu amal bilan egasining yuziga ur va yelkasiga yuklab qo‘y. Chunki kim ilm o‘rgansa va Alloh uchun amal qilsa, unga hasad etardi. Uning amali gardaniga yuklanadi va modomiki, u hayot ekan, amali uni lan’atlaydi”.
Kotib farishta so‘ngra bandaning mukammal tahoratli, kechasidagi ko‘p namozdan iborat amalini ko‘taradi va oltinchi osmonga yetganida, qo‘riqchi aytadi: “To‘xta, bu amali bilan egasining yuziga ur. Men rahmat egasi bo‘lgan farishtaman. Sohibing hech narsaga
rahm qilmadi. Agar Alloh bandalaridan biriga gunoh yoki yomonlik yetsa, u bilan xursand bo‘lardi. Rabbim menga uning amalini o‘zimdan boshqaga o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligimni buyurdi”.
Farishta bandaning rostgo‘ylik, ijtihod, chaqmoq kabi nurli taqvodan iborat amali bilan ko‘tariladi va yettinchi osmonga yetadi. Yettinchi osmon farishtasi aytadi: “To‘xta, bu amali bilan egasining yuziga ur va qalbini qulfla. Men hijob farishtasiman. Alloh uchun bo‘lmagan har bir amalni berkitaman. U bu amalini yuqori ko‘tarilishni, majlislarda yod olinishni, shaharlarda ovoza bo‘lishni xohlab qilgan edi. Rabbim menga uning amali mendan nariga o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligimni buyurdi”.
Farishta bandaning ko‘p zikr va yaxshi xulq bilan bezalgan amalini ko‘taradi. Osmon maloikalari uni kuzatib, arshning tagiga kelib to‘xtaydilar. So‘ngra u uchun guvohlik beradilar. Alloh taolo aytadi: “Sizlar bandamning amalini saqlovchi-yozuvchisizlar. Men uning o‘zidagi narsaga kuzatuvchiman. U bu amalini xolis Men uchun qilmadi. Unga Mening la’natim bo‘lsin”. Farishtalarning hammasi: “Unga Sening va bizning la’natimiz bo‘lsin”.
Keyin Maoz (r.a.) yig‘lab aytdilar: ”U zotdan: “Ey Rasululloh, nima amal qilay?” deb so‘ragan edim, “Payg‘ambaringga iqtido qil, ishonchni mahkam tut. Agar amali kam
bo‘lsa ham, birodaringdan tilingni tiy. Gunohlaring o‘z yelkangda bo‘lsin. Uni birodaring ustiga yuklama. Birodaringni yomonlab, o‘zingni maqtama. Birodalaringni pastga urib, o‘zingni ko‘tarma. Amaling bilan odamlarga riyo qilma”, dedilar”.
Tafakkur qilish bobi hadislari
919-hadis. Boshqasiga ko‘ra, sahih. Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
920-hadis. Hasan-marfu’. Ibn Mojja rivoyat qilgan.
921-hadis. Hasan. Abu Na’im rivoyat qilgan.
922-hadis. Sahih. Muslim, Abu Dovud rivoyat qilgan.
923-hadis. Tahriji avval o‘tgan.
924-hadis. Tahriji avval o‘tgan.
925-hadis.Mavzu’. “Al-mavzu’ot”ga qarang.
SAKSON OLTINCHI BOB QIYOMAT ALOMATLARI
926. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) rivoyat qiladilar. Huzayfa ibn Yamon (r.a.) aytdilar: “Bir kishi Payg‘ambar (s.a.v.) oldlariga kelib, “Ey Rasululloh, qiyomat qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Aytdilar: “So‘ralgan kishi so‘rovchidan biluvchiroq emas, lekin uning alomatlari bor. Bozorlaring kasod bo‘ladi, yomg‘ir yog‘adi, ammo o‘simlik unmaydi, ribo yeyish avj oladi, zinodan bo‘lgan bolalar ko‘payadi, boy odamlar ulug‘lanadi, masjidlarda fosiqlarning ovozlari baland bo‘ladi, munkar ahli haqiqat ahllaridan ustun keladi”. Keyin: “Ey Rasululloh, menga qanday yo‘l tutishni buyurasiz?” deb so‘radi hali gi odam. “Diningni olib qoch yoki uyingdan chiqma”, dedilar Nabiy (s.a.v.)”.
927. Iso ibn Abu Iso Asfahoniy aytadilar: “Rasulullohdan (s.a.v.): “Ey Rasululloh, qiyomat kuni qachon bo‘ladi?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “U narsa haqida so‘ralgan odam so‘rovchidan biluvchiroq emas. Lekin qiyomatning o‘nta sharti bor: qiyomatga yaqin qurg‘oqchilik bo‘ladi, fojirlar ko‘payadi, haqni aytuvchilar ojiz bo‘ladi, namoz minnat bilan qilinadi, zakot talofat hisoblanadi, omonatlar o‘lja qilinadi, qorilar mag‘rur, bolalar amir bo‘ladi, sultonlar zulm qiladi, xotinlarning so‘ziga yuriladi”.
928. Amr aytadilar: “Madinada uchta kishi Marvonning oldida o‘tirishardi. Shunda u zotning qiyomat alomatlaridan Dajjolning chiqishi to‘g‘risida gapirayotganini eshitishdi. Keyin ular u yerdan chiqib, Abdulloh ibn Umarning oldlariga borishdi va Marvon aytgan gapni so‘zlab berishdi. Abdulloh aytdilar: “Payg‘ambarning (s.a.v.) bunday deganlarini eshitganman: “Alomatlarning birinchisi quyoshning g‘arb tomondan yoki yer hayvonining chiqishi. Bittasi chiqqandan keyin boshqasi ham tezda ro‘y beradi. Quyosh botganda, arshning tagiga keladi, sajda qiladi va qaytishga izn so‘raydi. Alloh uning mag‘ribdan chiqishini xohlaydigan kungacha uning uchun izn beradi. Qachon Alloh uni mag‘ribdan chiqarishni hohlasa, arsh ostiga kelib, sajda qilganidan keyin qaytishga izn so‘raganida, unga hech qanday javob berilmaydi. So‘ng qayta so‘raydi, yana javob berilmaydi. Keyin quyosh biladiki, agar endi unga izn berilganda ham, mashriqqa yetolmaydi. “Ey Rabbim, mashriq naqadar uzoq, mensiz odamlarga nima bo‘ladi?” deydi. Hattoki, kechasi bo‘lganida, gardish kabi bo‘lib kelib, yana izn so‘raydi. Unga: “Turgan makoningdan chiq”, deb aytiladi. Keyin Abdulloh ibn Umar ushbu oyatni o‘qidilar:
“Parvardigoringizning ayrim oyatlari keladigan kunda esa, ilgari iymon
keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan biron jonga (endi keltirgan)
iymoni foyda bermas. Ayting: “Kutaveringlar. Biz ham kutguvchilarmiz!”
(An’om, 158-oyat).
929. Ubayd ibn Umayr rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Dajjolni qavmlar do‘st tutishadi, holbuki, ular: “Uning yolg‘onchiligini bilamiz. Lekin biz taom va daraxtlarning mevalaridan yeyish uchun unga do‘st bo‘lamiz”, deyishadi. Qachon Allohning g‘azabi tushsa, hammalariga birday tushadi”.
930. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Dajjol aniq chiqadi. Uning chap ko‘zi ko‘r. U soqov, peslarni davolaydi. O‘liklarni tiriltiradi. Odamlarga: “Men rabbingizman”, deydi. Kim uni rabbim desa, fitnalanibdi. Kim rabbim Alloh, deb, keyin shu holda o‘lsa, Dajjolning fitnasidan saqlanibdi. U yer yuzida Alloh xohlaganicha turadi. Keyin Iso ibn Maryam (alayhissalom) mag‘rib tomondan Muhammadni (s.a.v.) tasdiqlagan holatda keladi. So‘ngra Dajjolni o‘ldiradi va: “Bu kun qiyomat kunidir”, deydi”.
Abdulloh ibn Umar aytadilar: “Qiyomat ahli bayt bir idishda jam bo‘lmaguncha qoim bo‘lmaydi. Ular kofirlarni ham, mo‘minlarni ham biladi”. U kishidan: “Bu ish qanday bo‘ladi?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “Yer hayvoni chiqadi. U har bir insonning sajda
qiladigan a’zolarini silaydi. Ammo mo‘min bo‘lsa, nuqtasi oq bo‘lib, yuziga yoyiladi, uning yuzi oqarib ketadi. Agar kofir bo‘lsa, uning nuqtasi qora bo‘lib, yuzi qorayib ketadi. “Ey mo‘min, buni qanday sotasan? Ey kofir buni qanday olasan?” deb aytishadi, ammo bir- biriga javob qaytarishmaydi”.
Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: “Yer hayvonining yumshoq-qattiq patlari bor, to‘rt oyog‘i bor. U Tuhoma tog‘larining vodiylaridan chiqadi”.
Ibn Umar (r.a.) Alloh taoloning:
“Qachon (kofirlarning) ustiga so‘z – azob tushganida (ya’ni qiyomat yaqinlashib qolganida), Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar Bizning oyatlarimizga ishonmaydigan bo‘lib qolganlari haqida so‘zlar” (Naml, 82-oyat).
931. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot aytadilar: “Quyosh g‘arbdan chiqmaguncha qiyomat bo‘lmaydi. Agar quyosh g‘arbdan chiqsa, odamlarning hammalari iymon keltiradi. U kunda keltirgan iymonlari foyda bermaydi.
“Parvardigoringizning ayrim oyatlari keladigan kunda esa, ilgari iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb etmagan biron jonga (endi keltirgan) iymoni foyda bermas. Ayting: “Kutaveringlar. Biz ham kutuvchilarmiz!” (An’om,
158-oyat)
932. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytadilar: “Yaqinda sizlarga bir kecha keladi. Uning miqdori bu kechalaringizning uchtasidek bo‘ladi. Agar o‘sha kecha kelsa, uning kelganini kechasi tahajjud o‘qiydiganlar biladi. Kishi turib, darslarini o‘qiydi. Keyin uxlaydi. So‘ng turib, yana darslarini o‘qiydi, so‘ng uxlaydi. So‘ng turib, zikr-duolarini o‘qiydi. U shunday bo‘lib turganida, to‘satdan insonlar g‘alayon ko‘tarib qolishadi. So‘ng, nima bo‘ldi, deb
masjidga sho shilishadi. Keyin quyoshni o‘ylab qolishadi, ammo u mag‘ribdan chiqib
bo‘lgan bo‘ladi. Osmonning o‘rtasiga kelgandan keyin ortiga qaytadi va mashriqdan chiqadi. Bu haqda Alloh taoloning:
“Pavardigoringizning ayrim oyatlari keladigan kunda...” (An’om, 158-oyat) degan so‘zi bor.
933. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Payg‘ambarlar onalari boshqa-boshqa bo‘lgan og‘a-inilardir. Dinlari bir xil. Ularning oralarda Iso ibn Maryamga eng yaqini menman. U bilan mening oramda payg‘ambar yo‘q. U ummatim ichida mening xalifamdir. U aniq tushadi, to‘ng‘izni o‘ldiradi, xochni sindiradi, jizyani bekor qiladi, yomonlik urushlarini to‘xtatadi, yer bir paytlar jabr-zulmga to‘lgani kabi yaxshilik va adolatga to‘lib ketadi, hatto sher tuya bilan, yo‘lbars sigir bilan, bo‘ri qo‘ylar bilan o‘tlab yuradi, kichkina bolalar ilonlar bilan o‘ynaydi”.
Abdulloh ibn Umar aytadilar: “Iso (alayhissalom) tushganlarida, Dajjol u kishini ko‘rib, yog‘ erigandek erib ketadi. So‘ngra Dajjolni o‘ldiriladi. Undan yahudlar ajralib qoladi, so‘ng ular bilan ham urush bo‘ladi. Hattoki toshlar: “Ey Allohning musulmon bandasi, ortimda yahudiy bor, kelib uni o‘ldir”, deydi”.
934. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Albatta, Ya’juj va Ma’juj har kuni o‘ra kovlab, quyosh nurlarni ko‘rishga yaqinlashib qolishganida, ularning ustidagilar: “Qaytinglar, ertaga kovlaysizlar”, deydi. Alloh uni asl holiga
qaytarib qo‘yadi. Vaqti kelganida yana kavlashadi va quyosh nurlari ko‘rinay deb qolganida, ularga boshliqlari aytadi: “Qaytinglar, Xudo hohlasa, ertaga kavlaysizlar”. Ular kelishganida, kecha qoldirib ketilgan holatlarida turgan bo‘ladi. Uni kavlaydilar va insonlar ustiga yopirilib, suvlarini quritadilar. Odamlar ulardan qochib, qo‘rg‘onlariga berkinib olishadi. Alloh ularning bo‘yniga qurt yuborib, halok qiladi”.
Abu Said Xudriy (r.a.) aytadilar: “Ya’juj-Ma’juj chiqqanidan keyin yana daraxtlar ekilib, Baytullohga haj qilinadi”.
Abdulloh ibn Salom (r.a.) aytadilar: “Ya’juj-Ma’jujdan birontasi o‘lsa, orqasida mingdan ortiq bolasi qoladi”.
935. Hasan Basriy (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Qiyomat boshlanishi oldida fitnalar qorong‘i kechaning bo‘lagidek bosadi. U vaqtda badan o‘lgani kabi kishining qalbi ham o‘ladi. O‘shanda kishi mo‘min bo‘lib tong ottirsa, kofir bo‘lib kech qiladi. Mo‘min bo‘lib kech kirgizsa, kofir bo‘lib tong ottiradi. U vaqtda qavmlar dinlarini dunyoning ozgina matosiga sotib yuborishadi”.
936. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Qiyomatning olti alomati paydo bo‘lmasdan, yaxshi amallarga shoshilinglar. U shartlar quyoshning g‘arbdan chiqishi, Dajjol, tutun va yer hayvoni, har biringizga o‘lim kelishi va qiyomat kuni”.
937. Abdurahmon ibn Sobitdan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v) aytdilar: “Yaqinda sizlarga oyning tutilishi, ko‘p narsaning izdan chiqishi, pok insonlarga tuhmat qilish zohir bo‘ladi. “Ey Allohning elchisi, ular la-a ilaha illalloh, deb guvohlik beradilar-ku?”, deyishdi. “Ha, ammo ularda to‘rtta narsa – qo‘shiqchilar, musiqa asboblari, aroq ichish
va ipakdan kiyim kiyish ko‘rinsa, o‘sha ishlar bo‘laveradi”, dedilar Nabiy (s.a.v.). Ubay ibn Ka’b (r.a.) Alloh taoloning:
“Ayting (ey Muhammad), u sizlarga ustingizdan yo oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga yoki sizlarni guruh-guruh qilib aralashtirib yuborib (jangu jadallarda) ayrimlaringizga ba’zilaringizning zararini torttirib qo‘yishga qodir bo‘lgan Zotdir” (An’om, 65-oyat), degan oyati haqda aytadilar: “Oyatda aytiladigan to‘rtta sifatdir. Ularning bo‘lishi aniq. Ikkitasi Payg‘ambar (s.a.v.) vafotlaridan yigirma besh yil o‘tib keldi: guruh-guruh bo‘lib ketishdi va ayrimlari ba’zilariga zarar yetkazishdi. Ikkitasining bo‘lishi ham shubhasizdir. Ular oyning tutilishi va zilzilalar”.
938. Rivoyat qilinishicha, yuqoridagi oyat tushganida Payg‘ambar (s.a.v.) duo qilib, ikkitasidan – oy tutilishi va keyingi o‘zgarishlardan salomat bo‘lgan ekanlar.
Masruq aytadilar: “Bir kishi masjidda gapirib turgan edi. U: “Qiyomat kuni bo‘lsa, osmondan tutun tushadi. U munofiqlarning quloq va ko‘zlarini oladi. Mo‘minlarni esa tumov ko‘rinishida ushlaydi”, dedilar.
Masruq keyin Abdulloh ibn Mas’udning (r.a.) oldlariga kirib, boyagi gapni aytdilar. Abdulloh ibn Mas’ud suyanib turgan edilar, o‘tirib oldilar va: “Ey odamlar, sizlarning birontangizdan bilgan narsasi haqida so‘ralsa, uni aytsin. Kimda ilm bo‘lmasa, “Alloh biluvchiroq”, deb aytsin. Alloh taolo payg‘ambariga dedi:
“(Ey Muhammad, ularga) ayting: Men (Qur’onni sizlarga yetkazganim uchun) sizlardan biron ajr-haq so‘ramayman va men soxtakorlardan (ya’ni, yolg‘ondan payg‘ambarlikni da’vo qilguvchi kimsalardan) ham emasman” (Sod, 86-oyat).
939. Quraysh Payg‘ambarni (s.a.v.) yolg‘onchiga chiqarganida, u zot aytdilar: “Ey Parvardigoro, zolimlarga bosimingni qattiq qil. Ey Parvardigoro, ularga Yusuf zamonlarida bo‘lib o‘tgan qahatchilikni yubor”. So‘ng ularga ochlik keldi. Ular qiynalganlaridan suyak, o‘laksalarni yedilar. Hattoki ochlikdan ularga osmondagi narsa tutundek ko‘rina boshladi. Alloh taolo aytdi:
“Bas (Ey Muhammad), siz osmon ochiq (ya’ni, barchaga ko‘rinadigan) kunga ko‘z tuting. Uning (tutuni barcha) odamlarni o‘rab olur. Bu alamli azobdir” (Duxon, 10-oyat).
Do'stlaringiz bilan baham: |