Qiyomat alomatlari bobi hadislari
926-hadis. Zaif. Termiziy rivoyat qilgan.
927-hadis. O‘zidan avvalgi hadisga qarang.
928-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
929-hadis. Zaif. Ibn Hammod rivoyat qilgan.
930-hadis. Sahih. Ahmad rivoyat qilgan.
931-hadis. Muttafaqun alayh.
932-hadis. Zaif.
933-hadis. Muttafaqun alayh.
934-hadis. Sahih. Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan.
935-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan.
936-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
937-hadis. Sahih. Tabaroniy rivoyat qilgan.
938-hadis. Ibn Kasir tafsirida keltirgan.
939-hadis. Muttafaqun alayh.
SAKSON YETTINCHI BOB
ABU ZARR G‘IFORIY (R.A.) HADISLARI
940. Abu Zarr (r.a.) rivoyat qiladilar: “Masjidga kirganimda Payg‘ambar (s.a.v.) yolg‘iz o‘tirgan edilar. Payg‘ambar (s.a.v.) faqat vahiy tushayotganida yoki biror ish uchun shunday yakka o‘tiradilar, deb o‘yladim. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Menga yaqinroq o‘tir, ey Jondab”. U kishi bilan yolg‘iz qolganimni g‘animat bilib, yaqinroq o‘tirdim. So‘ngra aytdimki: “Ey Rasululloh, bizga tahoratni buyurdingiz. Tahorat nima o‘zi?” “Ey Abu Zarr, – dedilar, – namoz tahoratsiz durust emas. Tahorat oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”. Aytdim: “Ey Allohning elchisi, bizlarni namozga buyurdingiz. Namoz nima?” “Namoz buyurilgan ishlarning yaxshisidir. Banda xohlasa kamaytirsin, hohlasa, ko‘paytirsin”, dedilar Nabiy. So‘ng aytdim: “Ey Allohning elchisi, bizga zakotni buyurdingiz, zakot nima?” “Ey Abu Zarr, – dedilar, – omonatdor bo‘lmaganning iymoni yo‘q. Zakotni ado qilmaganning namozi yo‘q. Alloh taolo boylarga mollaridan kambag‘allarning hojatlariga yarashasini zakot qilib chiqarishni farz etdi. Alloh taolo boylardan zakot haqida so‘raydi va ado qilmaganlari uchun ularni azoblaydi. Ey Abu Zarr, zakot berish bilan mol kamaymaydi. Mol qurg‘oqchilik yoki sel sababidan emas,
faqat zakotni man’ qilish sababidan zoe’ bo‘ladi. Ey Abu Zarr, faqat mo‘mingina molining zakotini chin ko‘ngildan ado etadi va mushrikkina zakotni man’ qiladi”. Keyin: “Ey Allohning rasuli, bizlarni ro‘zaga buyurdingiz, ro‘za nima?” deb so‘radim. Aytdilar: “Ro‘za qalqon, Allohning huzurida mukofotdir. Ro‘zador uchun ikki xursandchilik bor: biri iftor qilganidagi xursandchiligi, yana biri Rabbiga yo‘liqqanidagi xursandchiligi. Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ham yaxshiroqdir. Qiyomat kunida insonlar uchun dastuxon yoziladi. Undan birinchi bo‘lib ro‘zadorlar yeydilar”. So‘ngra: “Ey Allohning rasuli, bizni sabrga buyurdingiz, u nima?” deb so‘radim.
“Sabrning misoli xaltasida mushk solingan kishi kabidir. U odamlar ichida bo‘lgan
paytida hamma uning hidi kelib turishini yoqtiradi”, dedilar Nabiy. “Ey Allohning rasuli, – dedim keyin, – bizlarni sadaqaga buyurdingiz, u nima?” Aytdilar: “Ofarin, ey Abu Zarr, maxfiy qilingan sadaqa Parvardigorning g‘azabini ketkazadi. Oshkor qilingan saqada sohibidan yetti yuzta yomonlikni o‘chiradi. Sadaqa xatolarni yuvadi.
941. Abu Zarr rivoyat qiladilar: “Masjidga kirsam, Payg‘ambarning (s.a.v.) o‘zlari o‘tirgan ekanlar. U kishi yolg‘iz paytlarida foydalanib qolay dedim. Ammo band qilib qo‘ymay, deb ham o‘yladim. Oxiri oldlariga kelishga qaror qildim. Kelib salom berdim. U zotning huzurlarida o‘tirdim. Menga gapirmadilar, o‘tirishim og‘ir botgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. So‘ng: “Ey Abu Zarr, ikki rak’at namoz o‘qidingmi? dedilar. “Yo‘q, o‘qimadim”, dedim. Aytdilar: “Turib rak’at namoz o‘qi. Har narsaning salomi bo‘ladi. Masjidning salomi ikki rak’at namoz o‘qishdir”. Turib ikki rak’at namoz o‘qidim. So‘ng kelib, u kishining oldlarida uzoq o‘tirdim. So‘ng u zot: “Ey Abu Zarr, toshbo‘ron qilingan shaytondan Alloh taolodan panoh so‘ra, inson va jin shaytonlaridan ham (panoh so‘ra)”, dedilar. “Ey Rasululloh, insonlarning ham shaytonlari bo‘ladimi?” deb so‘radim. “Alloh taoloning:
“Ins va jinlardan bo‘lgan shaytonlar” (An’om, 112-oyat), degan oyatini eshitmaganmisan?” dedilar. So‘ng jim qoldilar. U kishi gapirmagani uchun kalomni ko‘p qilib yubordim”, deb o‘yladim.
So‘ng yana so‘rashga jur’at qildim: “Ey Allohning payg‘ambari, menga namozni buyurdingiz, namoz nima o‘zi?” (Keyin yuqorida zikr qilingan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi).
Abu Zarr aytadilar: “So‘ng odamlar yig‘ildi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Sizlarga baxil kishi kim ekanini aytib berayinmi?” “Ha”, deyishdi. “Men zikr qilinsam, menga salovot aytmagan kishi”, dedilar Nabiy (s.a.v.)
942. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) Tabuk g‘azotiga chiqqanlarida, munofiqlardan ba’zilari u zotga ergashdilar, ammo bir-ikki kishi qolib ketgan edi. Odamlar: “Ey Rasululloh, falonchi qolib ketdi”, deyishdi. Nabiy: “Uni qo‘yaveringlar, agar unda yaxshilik bo‘lsa, Alloh taolo yaqinda sizlarga uni ro‘para qiladi. Agar boshqa bo‘lsa, Alloh taolo sizlarni undan ozod qilibdi”, dedilar. So‘ng: “Ey Rasululloh, Abu Zarr ham qolib ketdi”, deyishdi. “Uni qo‘yinglar, agar unda yaxshilik bo‘lsa, Alloh sizlarni yaqinda u bilan uchrashtiradi”, dedilar Nabiy.
Abu Zarr (r.a.) orqada qolib ketgan edi. Chunki uning tuyasi sekin yurardi. Juda sekinlashib qolganida, nar salarini yelkasiga tashlab, Payg‘ambar (s.a.v.) izlaridan ergashdilar. Piyoda, orqasida yuki bilan kunning qattiq issig‘ida bir o‘zi kelardi. Odamlar: “Ey Rasulluoh, bir piyoda kishi kelyapti”, deyishdi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Abu Zarr
bo‘lsin-da”, deb qo‘ydilar. Odamlar unga qarab turishardi. Yaqin kelganida: “Ey Rasululloh, Allohga qasamki, bu Abu Zarr (r.a.) ekan”, deyishdi. Payg‘ambar (s.a.v.) ko‘zlari yoshga to‘ldi va: “Abu Zarrni Alloh rahmat qilsin. Bir o‘zi yuradi, bir o‘zi o‘ladi, yakka holatda tiriladi”, dedilar”.
943. Muhammad ibn Ka’b (r.a.) aytadilar: “Abu Zarr (r.a.) Usmon (r.a.) zamonlarida Rabzaga bordilar va shu yerda vafot etdilar. U kishining yonida xotini va xizmatkoridan boshqa hech kim yo‘q edi. U ikkisiga jasadlarini yuvib kafanlashni, so‘ng yo‘l chetiga qo‘yishni va kim birinchi o‘tsa, dafn etishga yordam beringlar, deb aytishni vasiyat qildilar. U yerdan Ibn Mas’ud o‘tdilar. Va yig‘lab yubordilar. So‘ng: “Payg‘ambar (s.a.v.): “ Yakka yurasan, yakka o‘lasan va yakka tirilasan”, deb to‘g‘ri aytganlar”, dedilar. Keyin Abu Zarrni dafn qildilar va yo‘llariga ketdilar. Yonidagilarga Tabuk yurishidagi Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan hadisni gapirib berdilar”.
944. Iyos ibn Salama otasidan, u kishi Abu Zarr G‘iforiydan (r.a.) rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar (s.a.v.): “Mendan keyin senga balo keladi”, dedilar. “Alloh yo‘lidami?” deb so‘radim. “Alloh yo‘lida”, dedilar. “Marhabo, Allohning amri”, dedim. “Abu Zarr, garchi qora odamning orqasida namoz o‘qisang ham, eshit va itoat qil”, dedilar Nabiy (s.a.v.).
Payg‘ambar (s.a.v.) vafot etganlaridan keyin Abu Bakr (r.a.) Abu Zarrni chaqirdilar. U kishi salom berdmlvr, so‘ng yig‘ladilar. Abu Bakr (r.a.): “Men Payg‘ambarning (s.a.v.) sen haqingda so‘zlaganlarini eshitganman. Senga yetadigan balo mening sababimdan yoki mening zamonimda bo‘lishidan Allohdan panoh tilayman”, dedilar. Abu Bakr (r.a.) vafot etganlaridan so‘ng Umar (r.a.) xalifa bo‘ldilar. U kishi ham Abu Zarrni chaqirib, unga yaxshi gaplar aytdilar. So‘ng: “Men Payg‘ambarning (s.a.v) senga aytgan gaplarini eshitganman. Senga men sababli yoki mening zamonimda balo yetishidan Allohdan panoh so‘rayman”, dedilar. Umar (r.a.) vafot etganlardan so‘ng Usmon (r.a.) xalifa bo‘ldilar. Abdulloh ibn Abbos (r.a.) aytadilar: “Men Usmonning (r.a.) oldlarida o‘tirgan edim. Abu Zarr kirishga ruxsat so‘radi. Men: “Ey Mo‘minlarning amiri, Abu Zarr ruxsat so‘rayapti”, dedim. “Agar xohlasang ruxsat ber”, dedilar. Men u kishiga izn berdim, kirib o‘tirdilar. Usmon (r.a.) shunda unga: “Sen Abu Bakr va Umardan (r.a.) o‘zingni yaxshiman, deb, o‘ylarkansan”, dedilar. Abu Zarr: “Bu gapni aytmaganman”, deb javob berdilar. Usmon (r.a.) aytdilar: “Men senga hujjat keltiraman”. Abu Zarr: “Alloh yuzingizni nurlantirsin. Men sizdagi hujjatni bilmayman ammo nima deb aytganimni
esladim”, dedilar. “Xo‘sh, nima degan eding?” “Payg‘ambarning (s.a.v.): “Menga sevimliroqlaringiz va yaqinroqlaringiz menga uchraguncha menga qoldirgan ahdni olganlaringizdir. Darhaqiqat, sizlar dunyoda mendan boshqa hamma narsani topasizlar”, degan hadislarini aytgan edim”, dedilar Abu Zarr. Usmon (r.a.): “Muoviyaning oldiga bor”, deb u kishini Shomga jo‘natdilar. Shomga kelganlaridan keyin Abu Zarr odamlarga din ishlarini o‘rgata boshladilar. O‘quvchilarning ko‘zlaridan yoshlar chiqar, qalblarini mahzunlik olar edi. U kishi aytardilarki: “Sizlardan birontalaringiz uyida dinor yoki dirham bo‘laturib uxlamasin, agar bo‘lsa, Alloh yo‘lida nafaqa qilsin va qarzdorlarga bersin”. Muoviya ham, odamlar ham yig‘lar edi. Keyin Muoviya (r.a.) u kishining o‘zlari so‘zlariga amal qilish-qilmasliklarini bilish uchun ming dinor jo‘natdilar. Abu Zarr pulning hammasini odamlarga taqsimlab berib, o‘zlariga hech narsa qoldirmadilar.
Ikkinchi kuni Muoviya (r.a.) elchisini chaqirib: “Abu Zarrga bor-da, kechagi ming dinor boshqaga berilishi kerak ekan. Men adashib sizga beribman, deb ayt”, dedilar. Elchi kelib: “Muoviyaning jazosidan meni qutqaring. Men sizga bergan ming dinor boshqaniki ekan, xato qilib sizga berib qo‘yibman”, dedi. Abu Zarr aytdilar: “Muoviyaga mendan salom ayt va unga yuborgan dinoridan hech narsa qolmaganini bildir. Agar xohlasa, uch kun kutsin, to‘plab beramiz”. Muoviya u kishining so‘zi bilan ishi bir ekanini bildilar va Usmonga (r.a.) xat yozib: “Hojatingiz bo‘lsa, Abu Zarrni chaqirib oling”, dedilar. Usmon (r.a.) javob xatida: “Abu Zarrni mening oldimga yubor”, deb yozdilar. Abu Zarr (r.a.) qaytib kelganlarida Usmon (r.a.) masjidda edilar. Oldlariga borib, salom berdilar. U zot alik oldilar va: “Ahvoling qalay, ey Abu Zarr?” deb so‘radilar. “Yaxshi. O‘zingiz qalaysiz?” dedilar Abu Zarr. So‘ng Usmon (r.a.) chiqib ketdilar. Abu Zarr qiroat qiladigan joyga chiqib, ikki rak’at nkamoz o‘qidilar. Keyin o‘tirdilar. Odamlar ham u kishining oldiga o‘tirishdi. Ular: “Ey Abu Zarr, Payg‘ambardan (s.a.v.) hadis aytib bering”, deyishdi.
“Menga habibim aytdilar: “Tuyada sadaqa bor, ekinda sadaqa bor, dirhamda sadaqa bor, qo‘yda sadaqa bor. Kim uyida dirham va dinorlari bo‘lib, qarzdorlarga bermasdan yoki Alloh yo‘lida infoq qilmasdan uxlasa, u xazina bilan qiyomat kunida yondiriladi”.
Odamlar: “Ey Abu Zarr, Allohdan qo‘rqing, nima deb aytayotganingizga qarang, bu mollar odamlarda yoyilib ketgan-ku”, deyishdi. Abu Zarr aytdilar: “Qur’onning “Oltin- kumushni bosib, uni Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmaydigan kimsalarga alamli azob “xushxabar”ini yetkazing!” (Tavba, 34) degan oyatini o‘qimaganmisizlar?!” So‘ng ikki-uch kun turdilar. Usmon (r.a.) chaqirib, Rabzaga bor, dedilar. Rabza xaroba qishloq edi. So‘ng chiqib ketdilar. U yerda bir qora kishi imomlikka o‘tar edi. Abu Zarrga, o‘ting, deyishdi. U kishi bosh tortdilar. Dedilarki: “Allohning rasuli rostgo‘ydir, menga: “Garchi qora odamning orqasida namoz o‘qisang ham, eshit va itoat qil”, deb aytganlar”. U yerda ajallari yetgunicha turdilar. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin”.
945. Abu Zarrning (r.a.) ayollari aytadi: “Abu Zarrga o‘lim kelganida yig‘ladim”. “Nima uchun yig‘laysan?” deb so‘radilar. “Sahroda o‘lyapsiz. Menda sizni kafanlaydigan kiyim yo‘q”, dedim. “Yig‘lama, – dedilar u kishi, – aksincha, xursand bo‘l. Nabiyning menga bilan yana bir necha kishi haqidaы aytilgan hadislari bor. U zot: “Sizlardan qaysi biringiz sahroda o‘lsa, unga mo‘minlardan bir to‘dasi shohid bo‘ladi”, deganlar. Sheriklarimdan hech biri sahroda vafot etgani yo‘q, balki qishloq va jamoat orasida o‘ldi. Faqat men qoldim. Allohga qasamki, yolg‘on gapirmayapman. Menga ham yolg‘on gapirishmagan. Men o‘sha kishiman. Yo‘lga qara”. Hojilar ketishgan, yo‘l kesilgan edi. Men tepalikka o‘tirib, yo‘lga qarayman. So‘ng qaytib u kishini davolayman. Shunday qilib turganimda, bir necha kishi o‘tib qoldi. Men kiyimimni silkitdim, ular mening oldimga kelishdi. “Ey Allohning cho‘risi, senga nima bo‘ldi?” deb so‘rashdi ular mendan. Musulmonlardan
bittasi o‘lyapti, uni kafanlanglar”, dedim. “Kim u?” “Abu Zarr”. “Payg‘ambarning (s.a.v.) sahobalarimi?” “Ha”. Ular: “Unga ota-onalarimiz fido bo‘lsin”, deyishdi, darhol u kishining oldiga kirib, salom berishdi. U kishi aytdilar: “Xursand bo‘linglar,
Payg‘ambarning (s.a.v.) menga va yana bir necha kishiga aytgan so‘zlarini eshitganman. “Sizlardan qaysi bir kishi sahroda o‘lsa, unga mo‘minlarning bir to‘dasi shohid bo‘ladi”, deganlar u zot. Sheriklarimning hammasi qishloq yoki jamoat orasida vafot etishdi.
Faqat men qoldim. Men o‘sha kishiman. Sizlar ana shu jamoatsizlar. Agar menda yoki xotinimda kafanlikka yaraydigan kiyim bo‘lganida, faqat ana shu bilan kafanlangan bo‘lardim. Sizlardan o‘tinaman, meni amir yoki xabarchi yo boshliq yoxud yo‘lboshchi kafanlamasin”. Qavm orasida bunday odam topilmadi. Ansoriylardan bir kishi chiqib: “Ey amaki, men sizni kafanlayman, chunki men siz aytgan ishlarni qilmaganman. Sizni bu ridoimda yoki ikki kiyimda yo onam to‘qigan ikki abo (jundan to‘qilgan to‘n kabi kiyim) bilan kafanlayman”, dedi u. Abu Zarr aytdilar: “Siz meni kafanlang”. So‘ngra jon
berdilar. U kishini o‘sha ansoriy kafanladi. U yerdagilarni hammalari din ahli edilar. U
kishidan eshitgan narsalariga xursand bo‘lib qaytdilar”.
Abu Zarr G‘ifforiy (r.a.) hadislari
940-hadis. Zaif. Ibn Hibbon, Abu Na’im rivoyat qilgan.
941-hadis. Isnodi noma’lum.
942-hadis. Isnodi zaif.
943-hadis. Zaif.
944-hadis. Abu Na’im rivoyat qilgan.
945-hadis. Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
SAKSON SAKKIZINCHI BOB TOATDA JIDDU JAHD QILISH
946. Faqih aytadilar. Maoz ibn Jabal (r.a.) Payg‘ambarimizning (s.a.v.) bunday deganlarini rivoyat qilganlar: “Sizlarga yaxshilik eshiklarini ko‘rsatib qo‘yaymi?” “Ha”, dedim. Aytdilar: “Ro‘za qalqondir, sadaqa xujjatdir, bandaning yarim kechada qoim bo‘lishi hamma xatolarini o‘chiradi”.
947. Faqih (r.a.) Abu Ubaydadan (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.): “Ro‘za, agar uni buzmasalar, qalqondir”, dedilar. Uni buzish g‘iybat bilan bo‘ladi”.
Hasan Basriy (r.a.) aytadilar: “To‘rt narsa oxirat zahiralaridan: nafsning sihhati bo‘lgan ro‘za, egasi va do‘zax orasini to‘suvchi sadaqa, bandani Rabbiga yaqinlashtiruvchi namoz, xatolarni o‘chiruvchi ko‘z yoshi”.
Faqih (r.a.) aytadilar, “Toatning asli uch narsa- dir: qo‘rqinch, umid va yaxshi ko‘rish. Qo‘rqinchning alomati harom qilingan narsalarni tark qilish. Umidning alomati taotga rag‘bat qilish, yaxshi ko‘rishning alomati shavq va tazarru’dir. Gunohning asli uchta narsadir: kibr, hirs va hasad. Kibr shayton sajda qilishga buyurilganida, bosh tortganida ko‘rindi. Keyin u mal’unga aylandi. Hirs Odamning (alayhissalom) ishlarida namoyon bo‘ldi. Ya’ni, u kishi jannatda abadiy qolish uchun mevani tanavvul qildilar va jannatdan chiqarildilar. Hasad esa, Odamning (alayhissalom) o‘g‘li Qobilning ishida zohir bo‘ldi. Ya’ni, u o‘z inisini o‘ldirdi va do‘zaxga kiritildi. Har bir kishi mana shu gunohlardan tiyilmog‘i, toatga ko‘p harakat qilmog‘i va toatni Alloh taoloning roziligi uchun xolis bajarmog‘i vojibdir”.
948. Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qilinadi: “Kim Alloh uchun ibodatni xolis qilsa, qalbidan tiliga hikmatlar oqadi”.
Aytishlaricha, uch nafar kishi o‘zlariga nisbatan odamlarda nafrat uyg‘otadi, g‘azabni vojib qiladi va qurgan narsalarini buzadi. Ular: odamlarning ayblari bilan shug‘ullanuvchi; o‘z nafsiga mag‘rurlanuvchi; amali bilan riyo qiluvchi. Uch nafar kishi qalblarda muhabbat ekib, salomatlik va osmon ahlidan darajalarni meros qilib oladilar. Ular: yaxshi xulq egasi; amalida ixlos qiluvchi; mutavoze’.
Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “Hisob-kitob qilinmasingizdan oldin o‘zlaringizni sarhisob qilinglar. Zero, shu ish (qiyomatda) hisob berishingizni oson va yengil qiladi. Amallaringizni o‘lchab ko‘ringlar. Katta namoyish uchun tayyorlaninglar.
“O‘sha kunda sizlar (hisob-kitob uchun Allohga) ro‘para qilinursizlar. Sizlarning biron siringiz maxfiy qolmas” (Al-haqqa, 18-oyat)”.
Yahyo ibn Maozdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “Odamlar uch sinfdir. Bir kishini oxirati dunyosidan mashg‘ul qilib qo‘yadi. Bir kishini dunyosi oxiratidan mashg‘ul qilib qo‘yadi. Va bir kishi ikkalasi bilan ham shug‘ullanadi. Birinchisi ajr-mukofot oluvchilar darajasi. Ikkinchisi halok bo‘luvchilar darajasi. Uchinchisi xatardagilar darajasi”.
Hotam Zohid aytadilar: “To‘rt narsaning qadrini to‘rt kishi biladi. Yigitlikning qadrini qarilar biladi, ofiyatning qadrini balolanganlar biladi, salomatlik qadrini kasallar biladi, hayotning qadrini o‘liklar biladi”.
949. Faqih aytadilar: “Hotamning gapi Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan hadisdan olingan. U
zot: “Besh narsani beshta narsadan oldin g‘animat bil”, deb aytganlar.
Inson hayotning qadriga yetishi, uning har soatini g‘animat bilishi lozim. “Bir soatdan so‘ng holim qanday bo‘ladi?” deb o‘ylashi, o‘tganlarning nadomatlari haqida tafakkur qilishi kerak. Axir, ular emasmi ikki rak’at namoz o‘qish yoki “la-a ilaha illalloh” so‘zini aytish miqdoricha hayot berilishini orzu qiladiganlar?! Senda shu fursat bor, hasrat va nadomat vaqti kelmasidan oldin Allohning ibodatida jiddu jahd qil.
Hotamdan: “Qaysi narsa ustiga amalingizni bino qildingiz?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “To‘rt narsa ustiga:
- boshqalarning rizqi menga o‘tmaganidek, mening rizqim ham mendan boshqaga o‘tib ketmaydi, deb bildim va shunga ishondim;
- bo‘ynimda farzlar bor va bu farzlarni o‘zimdan boshqa hech kim ado qilmaydi, deb bildim va ularning adosi bilan mashg‘ul bo‘ldim;
- bildimki, Rabbim meni har vaqt ko‘rib turadi, men Undan uyalaman;
- ajalim menga shoshib kelayotganini bildim va men ham unga shoshildim”.
Faqih aytadilar: “Ajalga shoshilish – unga solih amallar bilan tayyorlanish, Alloh qaytargan ishlardan qaytish, Alloh taolodan shu holatda sobitqadam etishini va uning oqibatini yaxshi qilishini so‘rab tazarru’ etishdir”.
Hakimlar aytishadi: “Kishi amalga niyat va shukr bilan kirishmagunicha, qo‘rqinch bilan amal qilib, ixlos bilan topshirmagunicha ibodat mazasini topmaydi. Chunki niyat bilan kirsa, albatta, Alloh taolo uni ushbu amalga muvaffaq qiladi. Allohga shukr bilan amalga kirishsa, Alloh unga yanada ziyoda etadi. Chunki Alloh taolo:
“Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangizlar, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Endi agar kufroni (ne’mat) qilsangizlar, albatta, azobim juda qattiqdir” (Ibrohim, 7-oyat), deb aytgan. Agar qo‘rqinch bilan amal qilsa, uning savobi Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi. Alloh taolo:
“Zotan, Alloh yaxshilik qiluvchilarning amallarini zoe’ qilmaydi” (Tavba, 120- oyat), deydi. Dunyoda savob ish qilish toatda halovat paydo qiladi, oxiratda esa, jannatga olib boradi. Agar uni ixlos bilan qilsa, Alloh qabul etadi. Amalning qabul qilinganlik alomati yanada balandroq toatga muvaffaq bo‘lishdir”.
Aytishlaricha, johillik alomati uchta:
1) foyda bermaydigan narsalarni yig‘ish;
2) halok qilinadigan gunohlarni qilish;
3) qutqaradigan amalni tark etish.
Alloh taologa yuzlanuvchining alomati ham uchta:
1) qalbini tafakkur uchun;
2) tilini zikr uchun;
3) badanini xizmat uchun fido qilmog‘i.
O‘zini aldaydiganlarning alomati uchta:
1) xatolardan cho‘chimay, shahvatlarga shoshilish;
2) uzoq orzu bilan tavbani kechiktirish;
3) oxiratni amalsiz umid qilish”.
Hakimlardan ba’zi biri aytadilar: “Kim uch narsasiz uch narsani da’vo qilsa, bilki shayton uni masxara etadi:
- kim dunyoni yaxshi ko‘rib turib, Alloh zikrining halovatiga yetishishni da’vo qilsa;
- kim Allohning rizoligini nafsini rozi qilish orqasida da’vo qilsa;
- kim odamlarning maqtovini yaxshi ko‘rish bilan ixlosni da’vo qilsa”.
Abu Nazra aytadilar: “Kimda to‘rt narsa bo‘lsayu, ular bilan yaxshilikni ziyoda qilmasa, Alloh taolo uning amalini qabul etmaydi:
- kim urushdan omon qaytib, keyin yaxshilikni ziyoda qilmasa, bu hol Alloh taolo undan amalini qabul qilmaganining belgisidir;
- kim ramazon oyida bir oy ro‘za tutsayu, yaxshiliklarini ziyoda qilmasa, bu hol Alloh taolo uning amalini qabul qilmaganining belgisidir;
- kim haj qilsayu, yaxshiliklarini ziyoda etmasa, bu hol ham Alloh taolo undan qabul qilmagani belgisi;
- kim kasal bo‘lsa, so‘ng tuzalib yaxshiliklarini ziyoda qilmasa, bu holat kasallik uning gunohlariga kafforat bo‘lmaganining belgisidir”.
Aytishlaricha, oqil kishiga amalini isloh etishi va harakatini zoe’ qilmasligi uchun to‘rt narsa kerak bo‘ladi:
1. Ilm. Unga ilmi hujjat bo‘ladi.
2. Tavakkul. Ibodatda forig‘ va odamlarga qaram bo‘lmasligi uchun.
3. Sabr. U bilan amalini mukammal qiladi.
4. Ixlos. U bilan savobga yetadi.
Hasan Basriy aytadilar: “Kishi jannat talabida tinimsiz harakat qiladi, ozib-to‘zib ketadi. Ammo Alloh taologa yo‘liqqunicha, mustaqim bo‘ladi. Allohning:
“Albatta: “Parvardigorimiz Allohdir”, deb, so‘ngra (yolg‘iz Alloh taologa toat- ibodat qilishda) to‘g‘ri – ustivor bo‘lgan zotlar” (Fussilat, 31-oyat), degan oyatini eshitmaganmisan?”
Hakimlar aytishadi: “Mustaqim (to‘g‘ri yo‘lda yurgan) kishi toqqa o‘xshaydi. Tog‘da to‘rt alomat bor: u issiqda erimaydi; sovuqda muzlamaydi; shamolda qimirlamaydi; sel oqizib ketolmaydi.
Shuningdek, mustaqim kishida ham to‘rtta alomat bordir: unga bir inson yaxshilik qilsa, shu yaxshilik sababidan u insonga nohaq narsada moyil bo‘lmaydi; unga bir inson yomonlik qilsa, shu yomonlik uni nohaq narsani aytishga olib bormaydi; havoyi nafsi uni Alloh taoloning buyrug‘idan chekkaga chiqara olmaydi; dunyo matolari uni Alloh taolo toatidan to‘xtatolmaydi”.
Aytishlaricha, yetti narsa yaxshilik xazinasidan. Ularning har biri Alloh kitobi ila vojib bo‘lgandir:
1. Ibodatda ixlosli bo‘lish. Alloh taolo aytadi:
“Holbuki, ular faqat yagona Allohga, u Zot uchun dinni xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga buyurilgandirlar” (Bayyina, 5-oyat).
2. Ota-onaga yaxshilik qilish. Alloh taolo aytadi:
“Sen menga va ota-onangga shukr qil! Yolg‘iz O‘zimizga qaytajaksan!”
(Luqmon, 14-oyat).
3. Qarindoshchilikni bog‘lash. Alloh taolo bu haqda aytadi:
“Oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi olinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz bilan ajralib ketishdan saqlaningiz” (Niso, 1-oyat).
4. Omonatni ado qilish. Alloh taolo aytadi:
“Albatta, Alloh taolo sizlarni omonatlarni egalariga topshirishga buyuradi”
(Niso, 58-oyat).
5. Gunoh ishlarda hech kimga itoat qilmaslik. Alloh taolo aytadi:
“Bir-birovlarimizni Allohdan o‘zga xudo qilib olmaylik” (Oli Imron, 64-oyat).
6. Havoyi nafsi bilan amal qilmaslik. Alloh taolo aytadi:
“Endi kim (hayoti-dunyodalik paytida qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorning (huzurida) turishi (va uzoq hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlaridan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatdagina (uning uchun joy bo‘lur)” (Nozi’at, 40 – 41).
7. Toatlarda jiddu jahd qilish va Allohdan qo‘rqish. Bu haqda Alloh taolo aytadi: “Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umid bilan duo-iltijo eturlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar” (Sajda, 16-oyat).
Har bir inson oqibatidan qo‘rqishi, yig‘lashi shunga ko‘ra amal qilishi lozim. Zero, qiyomat kunidagi ish og‘irdir.
Rivoyat qilishlaricha, Iso alayhissalom bir qishloqdan o‘tdilar. U yerda bir tog‘ bor edi. Tog‘dan yig‘i va ingroq eshitilardi. Iso alayhissalom qishloq ahlidan: “Bu tog‘dagi nima yig‘i?” deb so‘radilar. “Ey Iso, biz bu qishloqda turganimizdan beri shu yig‘ini va tog‘ning ingrashini eshitamiz”, deyishdi. Iso alayhissalom aytdilar: “Bu yig‘i, bu ingrashlar to‘g‘risida xabar ber, ey tog‘”. Tog‘ aytdi: ”Ey Iso, men shunday tog‘manki, toshlarimdan sanamlar yasab, ularga ibodat qilishadi. Alloh taolo bu bilan meni do‘zaxga tashlamog‘idan qo‘rqaman. Allohning: “Odamlar va toshlardan o‘tini bo‘lgan, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”(Baqara, 24-oyat), degan so‘zini eshitganman. O‘sha kunda do‘zaxga tashlanadigan toshlardan bo‘lib qolishdan qo‘rqaman”. Alloh taolo Iso alayhissalomga vahiy qildi: “Toqqa ayt, turaversin, Men uni jahannamdan ozod qildim”.
Tog‘u toshlar og‘irligi, kattaligiga qaramasdan, Allohdan qo‘rqishadi. Qanday qilib zaif, kuchsiz, miskin odam farzandi do‘zaxdan qo‘rqmaydi, undan panoh tilamaydi. Ey odam farzandi, undan ehtiyot bo‘l. Undan ehtiyot bo‘lish esa, gunohlardan saqlanish bilan bo‘ladi. Albatta, gunohlar Alloh taoloning g‘azabini va azobini keltiradi. Allohning azobini ko‘tarishga esa, toqat qilolmaysan.
950. Anas ibn Molikdan (r.a) rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: ”Allohning: “Shuningdek, (ya’ni, haq yo‘lga hidoyat qilganimiz kabi) sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik” (Baqara, 143), degan oyati nozil bo‘lganida, Payg‘ambarning (s.a.v.) ko‘zlari yoshlandi. So‘ng aytdilar: “Ey odamlar jamoasi, Alloh taolo meni nabiy va rosul qilib qilib yubordi. Sizlarni payg‘ambari uchun tanladi. Meni sizlarga guvoh qildi, sizlarni o‘tgan asrlarda o‘tgan ummatlar uchun guvoh qildi”. Ansorlardan Qays ibn Urva degan kishi: “Ey Rasululloh, o‘tgan ummatlarga qanday guvohlik beramiz, biz ulardan bo‘lmasak, ular bizning zamonamizda bo‘lmasa? ”
deb so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v) aytadilar: “Ey Ibn Urva, qiyomat kuni bo‘lsa, yer boshqa narsaga aylanadi, osmonlar kitobni yozish uchun yoyilgandek yoyiladi, odamlar
tiriladilar. Ularning orasida yuzi oq bo‘lganlar ham, yuzi qora bo‘lganlar ham bor.
So‘ngra ular qirq yil turishadi”. “Ey Rasululloh, ular nimani kutadi?” deb so‘rashdi. “Alloh taolo aytgan qichqiriqni.
“U kunda (odamlar mashhargohga) chorlovga (farishtaga) egilmay-burilmay ergashurlar, itoat qilurlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |