15-MAVZU. ISHLAB CHIQARISHGA XIZMAT KO‘RSATUVCHI AGROBIZNESNI TASHKIL ETISH INNOVATSION FAOLIYAT
1.Qishloq xo‘jalik korxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi innovatsion faoliyat turlari.
2.Ishlab chiqarish infratuzilma sub'ektlari faoliyatida innovatsion jarayonlar.
3.Innovatsion faoliyat infratuzilmasi rivojlanishini jadallashtirish shart-sharoitlari.
Tayanch so‘zlar: Hizmat ko‘rsatish, infratuzilma, ishlab chiqarish infratuzilmasi, serviz, taraqqiyot.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan agrar sohada xizmat bozorini yanada takomillashtirish va shu orqali qishloq xo‘jaligi korxonalarini zaruriy tovar va xizmatlarga bo‘lgan talabini o‘z vaqtida ta'minlashning xayotni o‘zi taqoza qilmoqda. Qishloq xo‘jaligida agrobiznesda xizmatlar bozorini rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish turlarini va hajmlarini ko‘payishiga, tannarhini pasayishiga olib keladi. Bu esa mamlakatimiz aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlaydi va ehtiyojdan ortiqchasini boshqa davlatlarga eksport qilish imkoniyatini yaratib beradi. Shu orqali, boshqa yetakchi tarmoqlari qatorida agrar soha ham mamlakatimizning oltin zahirasi va valyuta fondini mustahkamlanishiga salmog‘li o‘z hissasini qo‘shadi.
Agrobiznesda xizmatlar bozorini rivojlanishi mamlakatimizdagi va xorijdagi ilg‘or resurs tejovchi texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish imkoniyatini yaratab, qishloq xo‘jaligini yangi texnika va texnologiyalar bilan ta'minlash imkoniyatini beradi. Lekin, hozirgi paytda qishloq xo‘jaligi korxonalari agroxizmatlar bozoridan yetarli darajada foydalanmayapti. Sababi, kupchilik qishloq xo‘jaligi korxonalari bu xizmat turlari va uni ko‘rsatmalari asosida, olinishi mumkin bo‘lgan o‘zlarini kelgusidagi daromadlarini mohiyatiga, yetakchi mahsulot ishlab chiqaruv kuchga aylanishga, hozirga qadar yetarlicha tushunib yetgani yo‘q. To‘g‘ri, agrar soha kam rentabelli soha bo‘lgani sababli, qo‘shimcha agroxizmatlarini sotib olish imkoniyatini bermaydi. Shuning uchun agrar sohada hozirda agroxizmatlar bozorini rivojlantirish uchun ko‘proq davlat byudjetidan moliyalashtirishga e'tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari agroxizmatlar tijorat firmalari shaklida ham hozirda o‘z faoliyatlarini amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi korxonalariga kimyoviy va biologik vositalarni yetkazib beruvchi tijorat vositalari o‘z tovarlari haqida to‘liq ma'lumotlar beradi va bu xizmat haqi sotiladigan tovar bahosiga kiritiladi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishdagi asosiy muammolardan biri, cheklangan moddiy, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish mexanizmini ishlab chiqish, uni amaliyotda xorijiy tajriba va uslubni hisobga olgan holda qo‘llash zaruriyatga aylanmoqda. Qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer resurslari potensialining pasayishi, meliorativ yerlar maydonining qisqarishi, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekin maydolarining kamayishi, tuproq unumdorligini pasayishi kabi muammolar ham mavjud. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlariga turar joy, sanoat, transport yo‘llari va boshqa maqsaddagi qurilishlar natijasida qimmatli ekin maydonlari muomiladan chiqishi davom etmoqda. Bu esa ekin maydonlaridan imkoniyat darajasida resurs tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga imkoniyat beruvchi agroxizmatlar bozorini rivojlanishini talab etmoqda.
Respublikamizda, ayniqsa, uning agrosanoat majmuida agroxizmatlar bozorlari yetarli darajada rivojlanmaganligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iste'molchilar talabini to‘la qondirishgacha bo‘lgan oraliqda nomutanosibliklar vujudga kelishi, ishlab chiqarish sarflarining o‘sishi va mahsulot nobudgarchiligining ko‘payishi, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorliginiing pasayishi va yil davomida iste'mol darajasining turli darajaligiga olib keladi. Shu bois davr talabiga ko‘ra, bozor infrastrukturasi tarmoqlarini, xususan, agrosanoat majmuida tashkil etish va rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarning nazariy va amaliy asoslarini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qishloq xo‘jaligiga agroxizmat ko‘rsatuvchi turli soha va muassasalar tizimining yig‘indisi qishloq infratuzilmasi deyiladi. Infratuzilma majmuasi esa bevosita moddiy ne'mat ishlab chiqarishda qatnashmaydigan (ishlab chiqarish infrastrukturasidan tashqari), ammo ishlab chiqarishning umumiy sharoitini va kishilar hayot faoliyatini ta'minlashga xizmat qiluvchi xo‘jalik tarmoqlari majmuidan iborat va ular 4 xil shaklda namoyon bo‘ladi:
– ijtimoiy infratuzilma;
– bozor infratuzilmasi;
– institutsional infratuzilma;
– ishlab chiqarish infratuzilmasi.
Ijtimoiy infratuzilmaga: savdo, ta'lim, sog‘liqni saqlash, yo‘lovchi tashish transporti va aloqa tarmog‘ining aholiga xizmat ko‘rsatish bilan band bo‘lgan hamma turlari, shahar kommunikatsiya inshootlari, mehmonxonalar xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish va noishlab chiqarish sohasining boshqa bo‘linmalari kiradi.
Ishlab chiqarish infratuzilmasiga esa, transport xo‘jaligining barcha turlari, elektr quvvatini uzatish tarmoqlari, axborotni ishlab va uzatish vositalari, tabiat resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlaydigan ob'ektlar, yo‘l qurilishi, moddiy-texnika ta'minoti, omborxona xo‘jaligi, ta'mirlash va texnika xizmati, agroximiya xizmati, melioratsiya xizmati va boshqalar kiradi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish infratuzilma tizimi ko‘p qirrali va murakkab tarmoqlarni o‘z ichiga olib, uning tarkibiga quyidagilar kiradi: elektr quvvatini uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari ilmiy va axborot ta'minoti, yo‘l xo‘jaligi, transport xo‘jaligi, moddiy-texnika ta'minoti, texnik xizmat ko‘rsatish, melioratsiya, agroximiya xizmati, mahsulotlarni saqlash, saralash va tayyorlash, veterinariya xizmatlaridir. Biroq, ushbu ishlab chiqarish infratuzilmasi tarmoqlarining ayrim turlari (yo‘l, transport, savdo, elektr va aloqa tarmoqlari) xalq xo‘jaligining barcha jabhalari uchun xizmat qiladi.
Shuni aytish joizki, infratuzilma shartli ravishda quyidagi vazifalarni bajaruvchi turkumlarda ifodalanishi mumkin:
– tadbirkor (fermer)larni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
– xususiy biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish;
– moliya-kredit tizimi;
– ulgurji savdo-vositachi tuzilmalar;
– birja bozorlari;
– agroxizmatlar bozori;
– xizmatlar bozori;
– texnika, transport ta'minoti;
– tashqi iqtisodiy aloqalarni ta'minlash.
Hukumatimizning tegishli qarorlariga ko‘ra fermerlar xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan keng ko‘lamli infratuzilma vujudga keltirilmoqda. Ular birinchi navbatda, yangi fermer xo‘jaliklari tashkil etilayotgan hududlarda barpo etilmoqda. Fermerlarga ko‘plab mini-banklar, muqobil MTPlar, Suvdan foydalanuvchilar uyushmalari, yonilg‘i-moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘it sotish shoxobchalari xizmat ko‘rsatmoqda.
Qishloq xo‘jaligining boshqa sohalardan farqli ravishda o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, shunga muvofiq ravishda agroxizmat ko‘rsatuvchi ishlab chiqarish infratuzilmasi tarmoqlarini tashkil etishda quyidagi shart-sharoitlarni yaratish maqsadga muvofiqdir:
– qishloq xo‘jaligida yer asosiy ishlab chiqarish vositasi bo‘lib, uni boshqa joyga ko‘chirish imkoni yo‘q va shuning uchun ishlab chiqarish infrastrukturasi ob'ektlarini xo‘jaliklarga qulay joylarda tashkil etish lozim bo‘ladi;
– qishloq xo‘jaligida mavsumiy xususiyatidan kelib chiqqan holda, ya'ni ekin ekish, sug‘orish, o‘g‘itlash, agrotexnika, hosilini yig‘ib olish va yerlarni keyingi yil mavsumiga tayyorlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi uchun, shunga mos ravishda agroxizmatlar ko‘rsatuvchi infrastruktura tarmoqlari faoliyatida ham mavsumiylik xususiyatiga e'tibor qaratish zarur;
– tabiiy-biologik sharoitning ta'siri natijasida, ob-havo iqlimining o‘zgarib turishi (qurg‘oqchilik yoki yog‘ingarchilik va boshqa shu kabi holatlar) natijasida ayrim ishlab chiqarish agroxizmatlariga bo‘lgan talab turli region va davrlarda turlicha bo‘ladi va ularni o‘zgarib turishi;
– qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlarning asosiy qismi yilning kuz faslida pishib yetiladi. Lekin mahsulotlar bilan iste'molchilarni yil davomida uzluksiz ta'minlash maqsadida ularni saqlash uchun mo‘ljallangan omborxona va sovutgichlar quvvatlarini tashkil etishda bu omil e'tiborga olinishi kerak va hokazo.
Biroq, qishloq xo‘jaligida agroxizmatlar bozorini rivojining hozirgi holatini tahlili, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun quyidagilarni e'tiborga olish lozimligini taqozo etmoqda:
– ayni paytda agroxizmatlar bozorini ko‘plab ob'ektlari monopolistik sharoitda xizmat ko‘rsatayotganligini e'tiborga olgan holda, ular faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilib va tartibga solib turish lozimligi;
– agroxizmatlar ob'ektlarining, ular xizmatidan foydalanuvchi sohalarga qulay joylashganligi va ko‘rsatiladigan xizmatlarning narxi arzon hamda sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishliligi;
– agroxizmat ob'ektlarining xizmat ko‘rsatish faoliyatini kengaytirish uchun moliyaviy mablag‘lar bilan ta'minlash darajasi to‘g‘ri tashkil etilmaganligi;
– qishloq joylarida muqobil agroxizmat turlarini tashkil etish va rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni vujudga keltirish zarurligi.
Respublikamiz agrar sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanib borar ekan, ichki va tashqi agrar bozorda xo‘jalik yuritish sub'ektlarining – fermer va dehqon xo‘jaliklarining ko‘proq, arzon va sifatli tovar ishlab chiqarish va iste'molchilarga taklif qilishga bo‘lgan intilishlari ko‘chayib boradi33. Bu jarayonda ularning moliyaviy holati, moddiy-texnika bazasining qanchalik mustahkamligi kabi omillardan tashqari, xizmat ko‘rsatish tizimining mavjudligi hamda zarur axborotlar bilan ta'minlanganlik darajasi ham eng yuqori bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu hol bozor iqtisodiyoti sharoitida har qanday xo‘jalik yuritish sub'ekti kabi, fermer va dehqon xo‘jaliklari ham o‘z faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishi uchun ma'lum bir axborot va ma'lumotlarga, xizmat ko‘rsatish tizimiga ehtiyoj sezishini ko‘rsatadi. Eng kerakli axborotlarga o‘z vaqtida va muntazam ega bo‘lgan fermer va dehqon xo‘jaligi esa kuchli raqobat sharoitida yashovchanlik va moslashuvchanlik xususiyatlarini saqlab qolgan holda barqaror faoliyat ko‘rsata olishi mumkin.
Bugungi kunda agrar sohada tadbirkorlik sub'ektlarini axborot bilan ta'minlash va ularga turli maslahat xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish borasida majmuali chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Respublikada bir qator qaror va farmoyishlari asosida fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bilan birga ularga zarur infratuzilmalar, jumladan, axborot-konsalting xizmatlari ko‘rsatish markazlari tashkil etildi. Ularning barqaror faoliyat ko‘rsatishlari uchun yengillik va imtiyozlar joriy etilmoqda, moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash, kadrlar bilan ta'minlash mutaxasislar malakasini oshirish, xizmat ko‘lami va turlarini kengaytirish borasida majmuali chor-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro amaliyotda konsalting xizmati to‘g‘risida so‘z borganda uning uch turini alohida ajratib ko‘rsatish qabul qilingan34:
jarayon yoki loyiha yo‘nalishi bo‘yicha;
ekspert yo‘nalishi bo‘yicha;
ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha.
Jarayon yoki loynha konsalting xizmatinnng mohiyati shundan iboratki, bunda maslahatchi buyurtma bergan korxona mutaxassislari va rahbariyati bilan birga ishlaydi. Maslahatchi xulosa va maslahat-tavsiyalari asosini korxona rahbar- xodimlarining korxona faoliyati maqsad-vazifalarini o‘zida mujassam etgan g‘oya va qarashlari tashkil etadi.
Ekspert konsalting xizmati buyurtma bergan korxona faoliyati to‘liq diagnostika qilingandan so‘ng tayyorlangan xulosa, qaror va tavsiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan xizmat turi xisoblanadi. Ushbu konsalting xizmati turining e'tiborli jihati shundan iboratki, unda buyurtma bergan korxona faoliyati maslahatchini korxona holatini baholashi uchun zaruriy ma'lumotlar bilan ta'minlash bilan cheklanadi.
Ta'lim bo‘yicha konsalting xizmati. Bunda buyurtma bergan korxonaga nazariy yoki amaliy ma'lumot(ko‘nikma)lar seminar, trening, davra suhbati, ma'ruza, uslubiy qo‘llanma shaklida takdim etiladi.
Umuman olganda konsalting xizmati nafaqat maslahat, tavsiya va taklif, hamkorlikda qaror tayyorlash shakllaridangina emas, balki ma'lum bir aniq texnik yoki tashkiliy vazifani amalga oshirish yo‘li bilan ham ko‘rsatilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligida axborot-konsalting xizmati (AKX) ko‘rsatish tizimining asosiy maqsadi fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va agrar sohadagi boshqa barcha tadbirkorlik sub'ektlariga xo‘jalik faoliyatini tashkil etish, yuritish va boshsarish hamda istiqbolini belgilashga oid tashkiliy, iqtisodiy, moliyaviy, agrotexnologik va boshqa yo‘nalishlarda qarorlar qabul qilishda nisbatan ob'ektiv fikr, tasavvur, qarash va g‘oyalarni shakllantirish va oqilona hamda to‘g‘ri qarorlar qabul qilishlariga ko‘maklashish maqsadida axborotlar majmuini ma'lum tartib, qoida, tizim va tasnif hamda tamoyillar asosida yetkazishdan iborat35.
Bugungi kunda ushbu maqsadlarga erishish uchun AKX ko‘rsatuvchi markazlar quyidagi vazifalarni amalga oshirmoqdalar:
xo‘jalikni samarali boshqarish, marketing, moliyaviy va investitsion taxlilni amalga oshirish, ekologik va tibbiy me'yorlarni inobatga olgan holda mavjud barcha turdagi resurslardan foydalanishni optimallashtirish borasida konsultatsiyalar tashkil etish, uyushtirish va olib borish;
fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda boshqa agrar tadbirkorlik sub'ektariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonlarining turli jihatlarini qamrab oluvchi, ayniqsa, yangi va innovatsion texnologiya hamda zamonaviy xo‘jalik yuritish usullariga doyr ob'ektiv va doimo yangilanib turiladigan ma'lumotlarni yetkazish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi (xizmat/ish bajaruvchi)larga innovatsion faoliyatni amalga oshirishga ko‘maklashish, amaldagi ishlab chiqarish ob'ektlarini rekonstruksiya qilish, rivojlantirish va yangisini barpo etish uchun sarmoyadorlar va hamkorlarni izlab topishga ko‘maklashish;
mahsulot va resurslar bozorlarini izlab topish, bunday bozorlarga kirish tartib-qoidalariga rioya etgan holda ularga kirib borish va bozor kon'yunkturasiga muvofiq mahsulot sotishni yo‘lga qo‘ygan holda ularda munosib o‘rin egallashga ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qator yillar davomidagi xo‘jalik faoliyati va istiqbolda rivojlanish holatlarini taxdil qilishni rag‘batlantirish;
tovar qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida xo‘jalik yuritish va tashkiliy qarorlar qabul qilish borasidagi ilgor tajribani aniqlash, umumlashtirish, ommalash- tirish va tarqatish, ilmiy-texnikaviy axborot xizmatlari ko‘rsatish va boshqalar.
Bunday xizmatlar ko‘lamining oshishi, hajmining ortib borishi, qamrab olish diorasining kengayishi agrar sohada, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsatish tizimi shakllanganligidan, ular zamon talablari asosida rivojlanib borayotganligidan dalolat bermokda.
Agroxizmatlar bozorini rivojlantirib borishni istiqbollari ular tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, quyidagilarga bog‘liqdir:
agroxizmatlar bozoriga bo‘lgan talab hajmini aniqlab borish;
agroxizmatlar bozorlariga bo‘lgan talabni o‘sib borish jarayonlarini belgilab borish;
agroxizmatlaridan foydalanuvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari talab va istaklarini doimiy ravishda hisobga olib, agroxizmatlar ko‘rsatishni rejalashtirib borish;
turli ko‘rinishdagi agroxizmati ko‘rsatuvchi korxonalarning buyurtmalari asosida marketing tadqiqotlarini olib borish;
korxona rahbariyatiga uning a'zolari tomonidan agroxizmat turlarini ustuvor rivojlantirish bo‘yicha domiy ravishda takliflar kiritib borish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Istiqbolda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib, agroxizmatlari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirib borish zarurdir.
qishloq xo‘jalik korxonalarida moddiy-texnika ta'minoti masalasini yaxshilash maqsadida turli yo‘nalishdagi kooperativlarni tashkil etish;
agroxizmatlarini davlat tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab borish;
qishloq xo‘jaligi korxonalarida moddiy-texnika bazasini lizing munosabatlarini keng rivojlantirish orqali mustahkamlab borish;
agroxizmat korxonalari xodim, ishchilari bilim, malaka va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish;
agroxizmat korxonalarini tashkil qilishda ishchi-hujjatlar tizimini muntazam yangilab borish;
agroxizmat korxonalari tomonidan belgilab boriladigan xizmat baholarini domiy ravishda davlat tomonidan monitoringini yuritish.
Mamlakatimizni kelajagidagi agrar sohadagi iqtisodiy rivojlantirish strategiyasidan kelib chiqqan holda agroxizmatlar bozorida quyidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
-qishloq xo‘jaligidagi agroxizmatlar bozorini rivojlangan demokratik davlatlar darajasiga olib chiqish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish;
-agroxizmatlar bozorini yuqori texnologiyaga asoslangan holda modernizatsiyalash;
-agroxizmatlar bozorini xalqaro talablar asosida diversifikatsiyalash iboratdir va boshqalar.
Bu esa mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lishiga va jahon bozorlarida erkin faoliyat ko‘rsatishiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |