O’rxun-Enasoy obidalari. O’rxun–Enasoy obidalari V-VII asrlarda qadimgi turk tilidagi va yozuvidagi adabiy-tarixiy yodgorlik sifatida qadrli. Mo‘g‘ulistondagi O’rxun va Janubiy Sibirdagi Enasoy daryolari sohillarida topilgani uchun ham shunday nomlangan. Mo‘g‘ulistondan Shimoliy dengizlargacha, Uraldan Saxalinga qadar davom etgan hududda shu yozuvdagi yodnomalar uchraydi. Shimoliy Kavkazda XU asrda ham O’rxun yozuvidan foydalanilgan. O’zbekiston hududida (Farg‘ona, Surxondaryo v.b. joylar)dan 20 dan ortiq turkiy–run yozuvi yodgorliklari topilgan.
Yirik O’rxun bitiklari Kultigin, Bilga xoqon, To‘nyuquq va boshqa bu yozuvdagi yodnomalar (mas. Irq bitigi) adabiy manba sifatida qahramonlik qissalariga mazmunan yaqin keladi.
Kultigin bitiktoshi 732 y. Turk xoqonligi(551–745)ning lashkarboshisi sharafiga o‘rnatilgan. Bitiktosh ikki qismdan: Kichik va Ulug‘ bitikdan (muallifi Yo‘llig tigin) iborat. Vatan manfaati yo‘lida xizmat qilish, mamlakatning mustahkam, osoyishta bo‘lishi uchun kurash bitiktoshlarda bosh maqsad ekani aytiladi.Asarda Tabg‘ach, Tibet, Sug‘d, Turgash, Qirg‘iz kabi joy nomlari tilga olingan. Enasoy bitiklari marsiya va madhiya janrlarining qadimgi turk adabiyotidagi ildizlari haqida tasavvur beradi.
Bitiktoshlar XIX asr oxirlarida topilib, U.Tomsen tomonidan o‘qilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan. Ba’zi yodgorliklar deshifrovka qilingan emas. AQSh, Polsha, Vengriya, Finlyandiya va Turkiyada ham o‘rganilgan. Rossiyada V.Radlov, S.Malov, I.Stebleva ishlari ma’lum. O’zbekistonda Fitrat, A.Qayumov, N.Rahmonov v.b. asardan namunalar va tadqiqot ishlarini chop qildirgan.
Yozma manbalar orasida O’rxun-Enasoy obidalari islomgacha yaratilgan turk nasrining tengsiz yodgorligi ekanini rus olimlari V.Jirmunskiy, A.Shcherbak tan olib yozishgan. Toshbitiklardagi «Yo‘q chiqan buduniq ko‘p ko‘bartdim, chiqan buduniq bay qildim, az buduniq o‘kush qildim» (Mazmuni: yo‘qolib borayotgan xalqning sonini orttirdim, qashshoq xalqni boy qildim, ozchilikni ko‘p xalq qildim») so‘zlari mardona turk nasrining so‘nmas ovozi sifatida yangraydi. Bu obidalar tarkibidagi «Bilka Qoon», «Kultekin» va «To‘nyuquq» bitiklari qadimgi turk bahodirlarining shavkati va turk erining mustaqilligi uchun olib borgan janglarni badiiy lavhalarda aks etganidir. Toshbitiklardan boshqa runiy yozuvida qog‘ozga bitilgan qadimgi manba «Irq bitigi» («Ta’birnoma»)da ham ilk turk yozma nasrining belgilarini ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |