Aflotunning adabiy-estetik qarashlari. Yunonistonda davlat hokimiyatiga demokratiya – xalqparvarlik va respublika tarafdorlari, xususan, Perikl rahbarlik qilgan davrda (er. a. VI–V asr) jamiyat taraqqiyotini belgilovchi kuchlar – fan, madaniyat, musiqa, she’riyat, dramaturgiya, falsafa, notiqlik, sport sohalari vakillarining ijodi gullab-yashnadi. Bahs-munozaralarda rasmiy mantiq kuchi bilan har qanday raqiblarni engishga imkon beruvchi sofistika san’ati (Antifont, Gorgiy, Gippiy, Protagor, Frasimax) boshlang‘ich vaqtlarda haqiqatni izlashda, go‘zallikni baholashda ijobiy xizmat qildi. Sofistikaning ilg‘or vakillari narsa-hodisalar ta’rifidagi biryoqlamalikka qarshi chiqib, haqiqatning boshqa jihatlari ham borligini, mutlaq haqiqat bizda, deb da’vo qiluvchilar yanglishayotganini dalillar bilan ko‘rsatib berdilar.
Aflotun esa “Qonunlar” asarida sofistlarning san’at haqidagi qarashlarini tanqid qilib, ularning nazariy fikrlari o‘ta sub’ektiv, haqiqatdan uzoq deb hisoblaydi1. “Sofistlar fikricha, tabiat eng oliy san’atkordir, barcha ulug‘vor va go‘zal mavjudotlar tabiat tomonidan, tasodifan (ya’ni, o‘ylab, shakl va hajmlari o‘lchab ko‘rilmasdan – M.M.) bunyod etilgan. (Inson bunyod etuvchi) san’at esa eng avvalgi va eng buyuk asarni tabiatdan oladilar”. Aflotun sofistlarning tabiatni eng buyuk san’atkor deyishlarini yoqtirmaydi. Sofistlar fikricha, tabiatdan keyingi, ya’ni insonlar ijod qilgan san’at asarlari tabiat asaridan ko‘ra juda muhim va boqiy emas. Musavvirlik, musiqa asarlari o‘tkinchi va ko‘pincha, ko‘ngilxushlik, ermak uchundir, bu san’atlarda haqiqat juda ozdir. Insoniy san’atlardan faqat ba’zilari, tabiatga yaqinlari, tabiatga hamkor san’atlar – shifokorlik (tib ilmi), dehqonchilik, gimnastika (jismoniy tarbiya) jiddiyroq samara, mahsulot beradi. Siyosat esa, tabiatdan uzoq, insonlar o‘ylab topgan san’at (hunar) bo‘lgani uchun haqiqatdan uzoqdir2. Aflotun qadimiyat mutafakkirlari orasida qonunchilikni eng ko‘p qadrlovchi va maqtovchi, yaxshi qonunlarga rioya qiluvchi bo‘lgani uchun sofistlarning yuqoridagi fikrlariga qo‘shilmaydi. Aksincha, Aflotun adolatli, yaxshi go‘zal ishlarni qonunlashtirish kerak, deb hisoblaydi.
Aflotun “Qonunlar” asarining ko‘p o‘rinlarida musiqa, jamoaviy xor qo‘shiqlari va raqslar kabi san’atda ilohiy amr-farmonlar, ilohlarga madhiyalar bo‘lgani uchun qonunchilik yo‘li bilan joriy etish va ularning ijrosi fuqarolarga qanday ta’sir etishini jiddiy nazorat qilish zarurligi haqida yozadi: “Do‘stlarim, – deydi afinalik o‘z hamrohlariga, – bizda qadimiy (ilohiy) qonunlarga amal qilingan vaqtlarda xalq hukmronlik qilmadi, lekin har holda xalq o‘z ixtiyori bilan qonunlarga bo‘ysunardi... Xalq haddan ziyod erkin yashay boshlagan zamonlarda ham, avvalo, musiqa san’atiga doir qonunlarga bo‘ysunardi. U zamonlarda bizda musiqa san’ati mazmunan va shaklan turli nav’larga bo‘linar edi. Qo‘shiq aytishning bir turi ma’budlarga madhu sanodan iborat bo‘lib, gimn (madh)lar deb atalardi, buning teskarisi (sho‘xlik, insoniy sevgi haqidagilari), asosan, frenlar edilar. So‘ng peanlar va nihoyat difiramblar (mastona maqtovlar) bo‘lardi, shu so‘nggisi Dionisga bag‘ishlangan edi. Yana Kifarada aytiladigan qo‘shiqlarni qonunlar deb, aniqrog‘i, Kifara qonunlari deb atalardi. Qo‘shiqlarning mana shu turlari qonunda belgilangan bo‘lib, bulardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, bir turdagi qo‘shiq o‘rniga boshqasini aytish ta’qiqlangan edi. Qo‘shiq tinglash davlat qonuni bilan belgilangan ediki, tarbiyachilar bu qo‘shiqlarni jim o‘tirib, oxirigacha eshitar edilar. Bolalarga yoki ularning ota-onalariga va ko‘pchilik xalqqa qonun yo‘li bilan, ayrim hollarda zo‘rlik bilan (musiqaning yaxshi, yomonligi) tushuntirilar edi”3.
Aflotun musiqa va raqslar haqida ko‘pchilikning didi va fikriga asoslanish noto‘g‘ri ekanligini tushuntiradi. Ozchilikning badiiy, estetik didi baland va ko‘pchilikning badiiy, estetik didi past bo‘lishi mumkin.
“Davlat” asarida tarbiyaning ikki turi: musiqiy va jismoniy tarbiya haqida so‘z yuritib, jismoniy tarbiya insonning jismini tarbiyalashga, parvarish qilishga qaratilgan bo‘lsa, musiqiy (musiqaviy emas, “musicheskoe vospitanie”ning tarjimasi) tarbiya insonning ruhiyatiga qaratilgan bo‘ladi. Musiqiy tarbiyaga xizmat qiluvchi vositalardan biri sifatida san’at asari tilga olinadi. San’atning turlari va ulardan biri adabiyot (poeziya)ning tarbiya jarayonidagi o‘rnini tushuntirib, hissiyot, tuyg‘ular tarbiyasi uchun badiiy asarning nihoyatda zarurligi ta’kidlanadi. San’atning ikki turi: tabiiy va yolg‘on o‘zaro farqlanadi. Tabiiy san’at turlari aniq fanlar bilan muloqotga kirishuvchi dialektik talqinlar bo‘lsa, yolg‘on deyilganda, Aflotun to‘qib chiqarilgan, ijodkor fantaziyasi bilan yaratilgan she’rlarni nazarda tutadi. Bunday yaratish, badiiy to‘qima jarayonida shoir (ijodkor) bir necha ifoda usullaridan foydalanadi. “Poeziyaning bir turida ijodkorlik butunlay taqlid asosiga quriladi, bu sen tilga olganing tragediya va komediyadir, boshqa turda shoir o‘zini ifoda qiladi, sen buni difiramblarda ko‘rasan, epik yoki boshqa qo‘p turlarda esa bu ikki ifoda turi birlashadi...”44 Ko‘rinadiki, bu o‘rinda adabiy turlar haqida so‘z yuritilmoqda. Dramada taqlid (insonga va harakatga) etakchi xususiyat kasb etadi, lirika esa, shoirning o‘zini (“men”ini) ko‘rsatishdan iborat, eposda bo‘lsa yuqoridagi ikki holat birlashadi. Ayni qarashlarni uning shogirdi Arastu hakim rivojlantirgan va ustozi yo‘l qo‘ygan chalkashlikni ham tuzatgan. Arastu hakim talqinicha, lirikaning talqini Aflotun kabi keltirilib, eposda taqlidiy ifoda birlamchi ekanini aytadi, dramada esa, yuqoridagi ikki turdagi ifoda usullari birlashadi.
Bu fikrlar nafaqat “Poetika”da, balki Arastuning “Katta axloq kitobi” va “Ritorika” asarida yanada rivojlantirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |