ISYON QO‘SHIG‘I
«So‘yla, inson, So‘yla, qadding Ko‘tarib baland.
Yuksaklikda sening qadring Himolay monand.
So‘yla, Sening poyingdadir Bu ulug‘ zamin.
So‘yla, otib zolim asr Dard-u alamin.
Sen o‘tmishni supurguvchi Kuchli bo‘ronsan,
Osmonlarga ot surguvchi Sohibqironsan.
Sen chaqmoqsan, Qaro zulmat Bag‘rini yoqqan.
Sen Indrasan, Ko‘kda ismat Chirog‘in yoqqan.
Sen Shivasan, koinotni Barbod qilguvchi.
Sen Gangasan, bu hayotni Obod qilguvchi.
Sen – Durganing tosh yuragi, Shafqat bilmaysan.
Sen – Krishna qo‘lidagi Kuylagan naysan.
Izmingdadir cheksiz fazo, Zamin-u zamon,
Bu olamga ega tanho O‘zingsan, inson!
Tangrilarni to osmon Ko‘targan ham sen,
Sajda qilgan, Yana isyon Ko‘targan ham sen.
Ham shafqat-u Beozorlik Yashar qoningda.
Ham fidoyi isyonkorlik Yonar joningda.
So‘yla, inson, So‘yla, qadding ko‘tarib baland.
Yuksaklikda sening qadring Himolay monand.
Qullik senga ko‘p maloldir, Ammo ne uchun
Boshing egik, Tiling loldir, Qomating zabun?
Tangrilarga bo‘ysunmagan, Bermagan bardosh,
Bandasiga bugun nega Egadirsan bosh?
Sababkormi yolg‘iz taqdir Holingga saning?
Bilasanmi, do‘sting kimdir, Kimdir dushmaning?
Asriy g‘aflat yetar endi, Ey, mazlum inson!
Uyg‘onmoqning vaqti keldi, Bosh ko‘tar, uyg‘on!
Bosh ko‘targil, Ming yil to‘kkan Ko‘z during haqqi.
Qo‘zg‘al, Asriy qullik bukkan G‘ururing haqqi.
Qo‘zg‘al, Buyuk Tojmahalning Shukuhi uchun.
Qo‘zg‘al, Ulug‘ bobolarning Pok ruhi uchun.
Erk bongin ur, Sen intiqom – Tablin baland chol.
Tug‘ilgansan ozod, mudom Ozod bo‘lib qol».
* * *
Isyon she’ri Mushoira –
Minbaridan yangradi.
Kim dedi: Bu she’rmas sira,
Kim dilidan angladi.
Yurt og‘zida bu she’r bahsi,
El tilida bahosi,
«Qani she’rda gullar raqsi?
Qani bulbul navosi?»
«Bu she’r Sharqqa xosdir, nahot?
Na ishqiy, na rindona…
Bunday ash’or Sa’diyga yot,
Hofiz uchun begona».
«Ul kun Budda: «Mard agar sen
Dardni ichga yut, degan.
Ul yuzingga ursalar sen,
Bul yuzingni tut, degan».
U dunyoda baxting ta’min
Bu dunyoda cheksang g‘am».
Shunday deya bergan ta’lim
Ul… Ustodi mukarram.
Malomatga qoldi endi
Shoir bitib haq doston.
Hindu uni «jobon» dedi,
«Kofir» dedi musulmon.
«Bu isyonni, bu nifoqni
Chiqarmoq ne zohirga.
Siyosat-la o‘ynashmoqni
Kim qo‘yibdi shoirga».
«U hali yosh, Hali go‘dak,
Zarra parvo etmaydi.
Es-hushi yo‘q hayiqqudak,
Jon qadriga yetmaydi».
«Ha, zulm bor, Haqsizlik bor,
Barchaga bu ayondir.
Ammo buni zinhor-zinhor
Aytib bo‘lmas zamondir».
«Hamma bilar, Inson erkin
– Yashashi shart poyidor.
Biz ham aytsak bo‘lar, lekin
Uyda bola-chaqa bor…»
Do'stlaringiz bilan baham: |