IKKINCHI FASL
G‘ALAYON
Kalkutta, 1926-yil.
Kalkuttani Quchdi g‘ulu,
Bosh ko‘tardi olomon.
Qutlug‘ jang, deb turdi hindu,
G‘azot, dedi musulmon.
Barahmanlar dovul qoqdi,
Fatvo berdi Imomlar.
Ko‘cha to‘lib qonlar oqdi
To‘qnashganda imonlar.
Farzandidan ona ayr-u,
Otasidan – qiz, o‘g‘lon,
Budda haqqi, Bos, der hindu,
Alqasos, der musulmon.
Hindu ishi tahqir bo‘ldi,
Muslim ishi – tahdidlar.
Butxonalar vayron bo‘ldi,
Yakson bo‘ldi Masjidlar.
Rikshami bu, sohibmi bu,
Gadomi yo zodagon – Farqsiz,
Faqat – Bir yon hindu,
Bir yon esa – musulmon.
Sirtga chiqdi Asrlik kin
Va ming yillik kudurat.
Ikki jondosh el aro din
Yana soldi adovat.
Aslida-ku Hayot og‘u,
Turmush o‘zi – zimiston.
Aybdor emas bunga hindu,
Gunohkormas musulmon.
Aslida-ku… Beiztirob
Ho‘plab qora qahvoni,
Derazadan oq tan janob
Kuzatar mojaroni.
U ko‘p xursand, Labda kulgu,
Ko‘zi chaqnar komiron.
Musulmonni yanchar hindu,
Hindni esa musulmon.
Janob shodon, Ushalmoqda
Niyatning eng ulug‘i.
Hosil berdi shu tuproqda
Ekkan nifoq urug‘i.
Bo‘lmasin, deb qilar orzu,
Bu nizoga hech poyon.
Mayli, Ko‘proq o‘lsin hindu,
Ko‘p qirilsin musulmon.
Nazrul Islom Olomonga
Qaradi-yu oh chekib –
O‘zni otdi tik maydonga
Yoqasini chok etib.
Faryod qildi: «Ne vahshat bu,
Bas, xaloyiq! Al-omon!
Qotillikni to‘xtat, hindu,
G‘azotni qo‘y, musulmon –
Bizlar axir Birodarmiz,
Farzand Odam Atoga!
Haq oldida barobarmiz,
Ayting, Ne bor nizoga!
Xunrezlik qil demagan-ku
Axir Veda Va Qur’on!
Tig‘ uradi nega hindu,
Bosh kesadi musulmon?
Farq – kim mehrob, kimsa butga
Sig‘inib bosh qo‘yadir.
Shu farq uchun Yoqib o‘tga
El bir-birin so‘yadir.
Bas, adovat! Bas, endi kin,
Jangni qo‘ying, odamlar!
Sizning asli yovingiz kim –
Bilib qo‘ying, Odamlar!
Ular Uzoq yurtdan kelib,
Yerga bukib shonimiz,
Bizni bizga Dushman qilib,
So‘rmoqdalar qonimiz.
Bosqinchining Qadimdanoq –
Falsafasi ayondir.
El ichida bo‘lsa nifoq,
Demak, zolim omondir.
Ular Mazlum vatanida
Bo‘lmasin der sobitlar.
Jaholatning gulxanida
Isinadi zobitlar.
Eldan omad ketsa, dastlab
Hamjihatlik yo‘qolgay.
Bunday elni, Sirtmoq tashlab,
Har bosqinchi yiqolgay.
Bu adovat Nahot, mangu?
Nahot, bitmas bu qiron?
Do‘st bo‘lolmas Nahot, hindu –
Jigariga musulmon?
Sen hindmisan, Muslimmi yo,
Birlik chog‘i bu choqdir.
Bosqinchini, eng avvalo,
Hind bahriga uloqtir.
So‘ng ushalgay Barcha orzu,
Yashar ozod, tinch, omon
Vatanida ega hindu,
Yurtida bek – musulmon».
Nazrul Islom bo‘ldi mahbus,
Tunda uydan oldilar.
El ko‘zidan uzoq, maxsus
Bir xonaga soldilar.
Ishi qiziq bu jahonning,
Hakamlar hukm etdilar:
Shoirni ul g‘alayonning
Sababkori, dedilar.
Aybnomani tinglang, hatto –
Faryod qilar toshlar ham,
«Hindu bilan muslim aro
Qutqu solgan – shul odam!»
Olis yurtdan kelgan birov
Ayb qo‘ydi beandisha!
«Nazrul Islom – Xalqiga yov,
Nifoq istar hamisha».
Bu dunyoda Bor qabohat,
Bu dunyoda bor yolg‘on.
Ammo bunday Yovuz tuhmat
Bo‘lmagandi hech qachon.
Nazrul Islom nomi oxir
Ming baloga taqaldi.
El uchun Jon tikkan shoir
El dushmani ataldi.
Hukm o‘qildi. Bosh egib u
Asta borar hibs tomon.
Ajab! Soqchi – bir yon hindu,
Bir yon esa musulmon.
Uni turtar musulmon ham,
Siltalar hind havoldor. –
Qirpichoqda o‘ldi akam,
Senda ekan ayb, murdor! –
Ko‘p azoblar chekdi hindu,
Ko‘p qon to‘kdi musulmon.
Sen kabilar yo‘qolsa-ku,
Yashar edik Tinch, omon…
Asta qadam tashlar mahbus
O‘ylaridan ogoh yo‘q.
Soqchilar ne bilar, Afsus,
Jaholatda gunoh yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |