«O‘ZBEGIM» QASIDASI HAQIDA
O‘tmishga nisbatan «chirkin», «zulmatli», «nursiz», «zararli» singari sifatlar ishlatilar, millatlarni o‘z tarixidan bezdirishga harakat qilinardi. Shu sharoitda Erkin Vohidov o‘zbekning «ming asrlar ichra pinhon» tarixini ko‘hna Samarqandda saqlanib qolgan Afrosiyob yodgorligidan, Mo‘g‘uliston va Sibirdagi O‘rxun va Enasoy (Yenisey) daryolari qirg‘oqlaridan topilgan qadimgi turkiy toshbitiklardan izlash lozimligini aytadi.
O‘zluq, Tarxon singari 92 urug‘ni o‘zida jamlagan o‘zbekning Beruniy, Xorazmiy, Forobiydek ahli donishlari bu xalqning naqadar ulug‘vorligidan so‘zsiz shahodat ekanini ta‘kidlaydi.
RUHLAR ISYONI
(dostondan parcha)
Birinchi fasl
Nazrul Islom Bu dunyoga
Shoir bo‘lib tug‘ildi.
Ilhom otli pok ziyoga
Go‘dak qalbi yo‘g‘rildi.
Nigohidan Sehrli nur
Borliqqa nur taradi.
Koinotga u tahayyur
Ko‘zi bilan qaradi.
Tunlar unga berdi xayol,
Shavq atadi kunduzlar.
Gullar g‘azal aytdi xushhol,
Ertak aytdi Yulduzlar.
Ulg‘aydi u, O‘smir bo‘ldi,
Yetdi yigit yoshiga.
Ishq otli qush kelib qo‘ndi
Yosh shoirning boshiga.
U ham yondi bag‘ri kabob,
Ham ochildi chun bahor.
Hijron berdi totli azob,
Visol etdi baxtiyor.
Goh shodlik, Goh alamidan
Dil chashmasi ochildi.
Uning hassos qalamidan
Ishqiy baytlar sochildi.
Bu dunyoga Nazrul Islom
Shoir bo‘lib tug‘ildi.
Ibtidodan yoniq ilhom
Shu’lasiga yo‘g‘rildi.
Yetti asr avvalgidek
Bo‘lsa edi zamonlar,
Balki, Xusrav Dehlaviydek
Bitar edi dostonlar.
Tug‘ilsaydi Shoir agar
Yarim ming yil ilgari,
Bitar edi ruboiylar
Mirzo Bobur singari.
Agar Necha zamon o‘tib
Kelmasa bu davronlar,
Bedilona g‘azal bitib
Tuzar edi devonlar.
O‘zga edi ammo fursat,
O‘zga edi el dardi.
Zamon uning Yonib turgan
Yuragini so‘rardi.
* * *
Shoirni u tug‘ilmasdan
Gado qilgan edilar.
O‘z yurtida O‘z yurtidan
Judo qilgan edilar.
O‘rab uning naq yurakdek
Ona Hindistonini,
Zobitlar oq o‘rgimchakdek
So‘rardilar qonini.
Bir tomonda, Yovni emas,
Bir-birini beomon
– So‘yar edi taqvodan mast
Hindu bilan musulmon.
Bir tomonda Na uy ko‘rib,
Na bir to‘shak, och, xarob,
Ko‘chalarda hayot qurib,
O‘lim topgan behisob.
Ganga oqar ko‘zyosh bo‘lib,
Jamuna lim bo‘lib qon.
Bori butun bardosh bo‘lib
Najot kutar Hindiston.
* * *
Har nechakim zo‘r iste’dod,
Toshqin ilhom, U nega,
Xalqing yotsa chekib faryod
Yaramasang kuniga.
Shoir esang, Shoir bo‘lib
Nega kelding hayotga,
Eling yotsa dardga to‘lib,
Kelolmasang najotga?!
Ne shoirsan, Tashbihlarning
Bormi asli keragi,
Bo‘lmasa el g‘ami– darding,
Yuraging – el yuragi?!
Nazrul Islom Hind xalqinig
Zardobini yutardi.
Nazrul Islom O‘z qalbini
Bayroq qilib ko‘tardi.
Yuragida to so‘nggi dam
Isyon o‘ti so‘nmadi.
Haqsizlikka ko‘ndi olam,
Ammo shoir ko‘nmadi.
Ko‘rgilik bu, dedi hindu,
Taqdir, dedi musulmon.
Lekin Zo‘rlar zulmiga u
Tan bermadi hech qachon.
O‘zni o‘tga otdi aniq,
Joni borki, kurashdi.
Umri uning Mangu yoniq
Qo‘shiqlarga tutashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |