«Onajonim,
Menga bu kun
Sendan o‘zga dilxoh yo‘q.
Zindondaman, Bilmam, nechun,
Menda zarra gunoh yo‘q.
Gunohkorman Na Ollohim,
Na vijdonim oldida.
Faqatgina… Bir gunohim
Onajonim oldida.
Kechir, onam! Ko‘zingda g‘am,
Azob bo‘ldim joningda.
Bukun bayram, Men bukun ham
Bo‘lolmadim yoningda.
Odamlardek Beozor, tek
Yashab yursam netardi.
Menga tole, Senga tinchlik
Balki, nasib etardi.
Bulbullarga,
Gullarga mast
Yozsam faqat g‘azallar,
Balki, meni Mirshablarmas,
Izlardi yosh go‘zallar.
Menga ham yor sokinlig-u,
Sening ham yo‘q bu darding;
Men – uylik, Sen – kelinlig-u
Nabiralik bo‘larding.
Oh, u yo‘l berk, Menda yo‘q erk,
Tirik umrim – aftoda.
Ne qilayki, Odamlardek
Yasholmadim dunyoda.
Lek ko‘nglimda
nolish emas,
Allanechuk dilshodlik.
Garchi jismim Bandi qafas,
Ruhimda bor ozodlik.
Tug‘ilishdan qul emasman,
Qullik yot bu jonimga.
Erk istagi Suting bilan
Kirmish mening qonimga.
Meni otash, girdoblarga
Otgan o‘shal istagim.
Onajonim, Azoblarga
Qo‘ydi seni yuragim.
Meni kechir,
Faqat sendan
Bukun uzr so‘rayman.
Uzr so‘rab, umid bilan
Xayolimni o‘rayman.
Rozi bo‘lgin, Gar o‘g‘loning
Yurak qo‘rin asrolsa.
Bir kun ona Hindistonning
Xizmatiga yarolsa».
Nazrul Islom tor zindonning
Tuynugidan qaraydi.
Ko‘rib zangor sof osmonning
Bir parchasin Yayraydi.
Unda
Erkin qanot qoqib
Qushlar uchib yuribdi.
Bunda Shoir ko‘kka boqib
Havas qilib turibdi.
Qushlar bilan uchay desa,
Qani uning qanoti?
Bir olamdir Orzu esa…
Yetarmikan hayoti?
Nazrul Islom tor zindonning
Tuynugidan qaraydi.
U falakdan Hindistonning
Toleyini so‘raydi.
«Mayliga, Men tutqun bo‘lsam,
Sen ozod bo‘l, Onajon!
Ming
qiynoqda Mayli, o‘lsam,
Yurtim, bor bo‘l, Bo‘l omon.
Umrim yetsa, Mehring tayanch,
Seni yayrab kuylarman,
Bu kun esa, Mushkul, ayanch
Qismatingni o‘ylarman.
Necha ming yil Manglay tering
To‘kib yerga, qolding och.
Sen
olamga Ipak berib
O‘zing o‘tding yalang‘och.
Bebaho – fil suyaklaring,
Bahring aro – to‘la dur.
G‘avvos qilib go‘daklaring,
Kelgindilar oladur.
Yurtim, Bitmas matonating,
Sen – mujassam bardoshsan.
Fil singari Zo‘r qudrating,
Fil singari Yuvoshsan.
Ona o‘lkam, Bir kun seni
Ozod ko‘rgim keladi.
Istibdodning
zanjirini
Barbod ko‘rgim keladi.
Ko‘tarasan Sen ham qadding,
Yo‘l olarsan erk sari.
Himolayning ortidagi
Ozod vatan singari».
Nazrul Islom Zindonda band,
U zax yerni quchardi.
She’ri esa qushlar bilan
Osmonlarda uchardi.
Kengliklardan
oshar edi
Qalb shukuhi shoirning,
El dilida Yashar edi
Isyon ruhi shoirning.
O‘z umrini qilgandi u
She’ri bilan jovidon.
O‘qir edi Uni hindu,
Yodlar edi Musulmon.
Shoir bandi, She’ri
biroq
Uchar edi beto‘siq,
Himolaydan oshib Uzoq –
Ketgan edi bu qo‘shiq.
Dunyo bo‘ylab Dovruq soldi
Nazrul Islom erk sasi…
Hindistonda esib qoldi
Ozodlikning nafasi.