www.ziyouz.com
kutubxonasi
132
uning sovchilarini quruq qaytaradir. Bir necha vaqtdan so‘ng, Homidning soxta taloq
xatisi bilan eridan chiqg‘an qiz Komilbekka beriladir va nima uchundir to‘ylari bir necha
vaqtka kechikib qoladir-da, oradan birar yilni o‘tkazib, nihoyat, kecha ularning to‘y va
nikoh kunlari ekanki, Komilbekning hammomda o‘ldirilgan xabarini eshitib turibmiz.
Mana men yuqoridag‘i sabablarga binoan Komilbekni o‘ldirguchi aniq Homid, deb
o‘ylayman, — dedi.
Usta Alim boshini chayqab:
— Bundan shubha yo‘q, nax Homidning o‘zi, — dedi va o‘zicha: — Eh, essiz
musulmonchiliq, shunchalik ham insofsizlik bo‘ladimi, o‘zingning bir emas ikkita xotining
bo‘laturib, tag‘in bir yigitning haloliga ko‘z olaytirish... Yana o‘zingning bo‘ying
yetmasligini bilaturib ham, ikki orada bir gunohsizning qonini to‘kish — eh, shayton
bolasi! — deb qo‘ydi.
— Bu bir it! — dedi usta Farfi, tomdagi luqmani o‘zi ham yeyolmaydir, boshqag‘a ham
yedirmaydir, nax itning o‘zi!
Otabek o‘z hayotidagi foji’alarning manba’i bo‘lg‘an bir habisni nihoyat birinchi
martaba tanib turar edi. Bu palid dushmanga qarshi o‘zida qo‘zg‘alg‘an bitmas-tuganmas
nafrat va g‘azab hissiyotini sirining fosh bo‘lishidan qo‘rqib ichiga yutishka majbur edi.
Shundoq bo‘lsa ham ichda qaynag‘an hissiyot o‘z sharpasini uning yuziga ochiq tashlab
turmoqda, ko‘zi o‘t kabi yonar va yuzi yuz xil tuska kirar edi.
Anchagina oradan so‘z kesilib qolg‘andan so‘ng usta Farfi dedi:
— Siz bilan men shu choqg‘acha Homidning bunday ishlari bor ekanidan xabarsiz
yurganimizga hayron qolaman.
— Hayron qolishg‘a o‘rin yo‘q, — dedi usta Alim, — siz-ku yaqinda kirib ishlay
boshladingiz. Ammo men yigirma yillab shuning uyida qolib sira ham Homidning
ichidagiga tushuna olmas edim va hamisha ko‘zimga dimlangan qorong‘u o‘radek
qo‘rqunch ko‘rinar edi, — dedi va bir oz to‘xtab olg‘ach, bir narsa topqandek harakat
yasadi.— Bu gaplarning bosh omili albatta Homid bo‘lsa ham, lekin bunda uning boshqa
yordamchilari ham bor ko‘rinadir, yodingizda bormi, ko‘pincha chaxchayg‘an ko‘zlik bir
yigit ishxonamizga uni so‘rab borar edi?
— Bilaman, bu kunda ham Homid bilan sermuomala, oti Sodiq bo‘lib, sizning
qo‘shningiz emasmi?
— Otangga rahmat! Ana shu yigit bilan uning onasi bu ishda Homidning eng
ishonchlik yordamchilari bo‘lsa kerakki, ul ikki yildan beri shu qo‘shnimnikiga hamisha
qatnab qolg‘on edi. Sodiqlar o‘z ovqatlarini ham o‘tquzolmag‘an holda faqirlikda yashab
yil sayin menga oz-oz yerlaridan sotib tiriklik qilar edilar. Bir yilcha bo‘ldi, birdan suv olib
qoldilar va Sodiq uylanib ham qo‘ydi. Men haytovur bechora yo‘lini topib oldiyov deb
yurar edim. Endi bilsam, Sodiqni uylantirguchi ham shu Homid ekan, — dedi va
Otabekdan so‘radi: — Siz hali Homidning qo‘shnimnikidan chiqib ketkanligini so‘zlab
edingizmi? — Otabek tasdiq ishorasini bergach, negadir bir entikib qo‘ydi. Haqiqatan
usta Alimning bu keyingi so‘rog‘i uni entiktirarlik edi. O‘tkan kunlarini zahar bilan bulg‘ab
kelgan bu mudhish dushmaniga qaysi yo‘sun bilan javob qaytarish yo‘llarini izlab turg‘an
choqda bu savol berilib, Homid bilan boyag‘i uchrashishini unga xotirlatqan va endi ham
kulib qaramag‘an baxtig‘a la’nat o‘qutqan edi. Ul o‘zining hozirgi hayotini-da ulug‘
tahlika ostida bo‘lg‘anlig‘ini va bu tahlikaning o‘tkandagilarga qarag‘anda tamoman
boshqacha bir dahshatda bo‘lishini onglar edi.
Usta Alim oshxonag‘a borib osh qilish harakatiga tushkan edi. Otabekning to‘satdan
ketish harakatiga tushib qolg‘anini ko‘rib:
— Bek, shuncha o‘lturganning qatorida yana yarim soatka tahammul qilsangiz, oshni
yeb yo‘lg‘a tushasiz. Mana men, savzini ham bosdim, — dedi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |