www.ziyouz.com
kutubxonasi
131
— Bilaman, hamma vaqt yurish-turishi o‘shaning bilan edi.
— Bali, — dedi usta Farfi, — O‘sha Umarbek bilan oralarig‘a yaqinda bir sovuqliq
tushdi-da, mundan o‘n kuncha ilgari Homidning bir mudhish vahshati to‘g‘risida
Umarbekdan bir sir eshitdim. Homid Komilbekni o‘ldirganda ustida bo‘lmag‘an bo‘lsam
ham, ammo haligi eshitkan sirimnnig dalolatiga qarab albatta Komilbekning qotili Homid
degan fikrga tushdim... Siz mundan uch yilcha ilgari Marg‘ilon kelib Mirzakarim akaning
qizig‘a uylangan Otabek ismlik toshkandlik bir yigitni haligi qayin ota bo‘lmish
Mirzakarim aka bilan qamalib, osilishg‘a hukm qiling‘anlarida dor ostidan qutqarilish
voqi’alarini xotirlaysizmi?.. Albatta yodingizda bo‘lsa kerak, hov, biz Sariboyning
do‘konida choy ichishib o‘lturg‘an edik-ku, yodingizga tushdimi?
— Esimda bor, esimda bor, — dedi usta Alim va Otabekdan so‘radi, — balki siz
tanirsiz, Toshkandda mashhur bo‘lg‘an Yusufbek hoji deganning o‘g‘li.
— Taniyman, — dedi Otabek va hikoyani buncha uzoqdan solg‘ani va o‘z ustida gap
yurgizgani uchun tong ajab ichida usta Farfining og‘zig‘a qarab qotqan edi.
Usta Farfi yarim-yarim tovishda davom etdi:
— Ana shu yigitning olg‘an xotini juda ham nozanin bir qiz bo‘lib, bu qizg‘a bizning
Homid ham xaridor ekan. Halig‘i Otabek qizg‘a uylanib qo‘yg‘ach, bizning Homid tikanga
ag‘nab, oradan Otabek bilan Mirzakarim akani ko‘tarish fikriga tushkan va bo‘lmag‘an
chaqimchiliqlar bilan ularni dor ostig‘acha tortishg‘a muvaffaq bo‘lg‘an... (So‘z bu yerga
yetkanda, Otabek bilintirmaslik qilib bir entikib qo‘ydi). Usta Farfi davom etib dedi: —
Ammo xudoning haqini nohaq qilmaslig‘i so-yasida bir maktub sababi bilan kutmagan
joyda dor ostidan najotka chiqg‘anlar. Bular oqlang‘ach, Homidning o‘zi qamalaturg‘on
bo‘lib ammo qo‘rboshining yordami orqasida Qo‘qong‘a qochib qutilg‘an va ul yerda ham
tinch yotmay O‘tabboy qushbegini poraxo‘rlikda ayblab, Musulmon cho‘loqqa ariza
bergan, — dedi va so‘zini bu yerda to‘xtatib ustadan so‘radi: — O‘zingiz ham bilsan-giz
kerak, Homid bir kecha yo‘qolib, uch oylab bedarak ketkan va uni qo‘rboshi yigitlari
qidirib yurgan edilar.
Usta Alim tasdiq ishorasini berib:
— So‘zlay beringiz, — dedi. Ammo Otabek bu dahshatlik haqiqatni eshitmakda
bo‘lg‘an quloqlarig‘a ishonmas va o‘zini kuch orqasida tutib turar edi.
Usta Farfi tovshini sekinlatib davom etdi:
— Homidning Musulmon cho‘loqqa bergan arizasidan so‘ng Otabek bilan O‘tabboy
qushbegi Qo‘qong‘a chaqiriladirlar-da, so‘roqdan so‘ng yana oqliqqa chiqadirlar.
Ammo Homid uch oylab Marg‘ilon kelalmay yurgach, nihoyat yana qo‘rboshining
yordami bilan kelishka ham muvaffaq bo‘ladir. Biroq Homid hanuz tinch yotolmaydir.
Fursati kelishi bilan yana bir yomonliq qilmoqqa, qutidorning qizini o‘ziniki etishka o‘ylab
yuradir. To‘ng‘izning baxtiga bu fursat ham to‘g‘ri kelib, yana yomonliqqa yuz qo‘yadir.
Shundoqki, Otabekning Toshkanddan ham uylanganini bilib, uning tilidan bir taloq xati
yozdiradi-da, Mirzakarim akanikiga kirguzadir.
Otabek o‘zini nechog‘liq bosib ushlab kelgan bo‘lsa ham, lekin endi ichidan qaynab
toshib ketkan hissiyo-tini bosolmadi — «vijdonsiz, to‘ng‘uz!» dedi-da, ixti-yorsiz o‘rnidan
turib ketdi. Usta Alim ham o‘zini tinch tutolmadi, «Badbaxt, kofir!» deb qo‘ydi.
Otabekning o‘zgarishidan usta Farfi shubhaga tushayozg‘an bo‘lsa-da, lekin usta
Alimning ham unga qo‘shilishi uni o‘yla-tib turmadi, Otabek qaytib o‘rniga o‘lturg‘ach, ul
davom etdi:
— Bu soxta taloq xati to‘g‘risida Otabekning nima qilg‘anlig‘i Homidga ham ma’lum
bo‘lmaydir. Lekin ish Homidning o‘ylag‘anicha natijalanib, bir necha vaqtdan so‘ng
Mirzakarim akaning qizini taloq qilinishi xabari chiqib qoladir. Oradan uch-to‘rt oyni
o‘tkazub, bizning Homid Mirzakarim akanikiga sovchi kirguzadir. Ammo Mirzakarim aka
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |