Lug‘at xam orqada qolgan bo‘ladi, lug‘at boyligi analizida leksik holatlarning o‘ziga xosligi ko‘rinadi. Tekshirishda gaplarni, gaplarda so‘zlarni oxirgacha gapirmaslik kabi turg‘un grammatik xatolar kuzatiladi. Ko‘pchilik hollarda ular qo‘shimcha qo‘shilish bilan so‘z ma’nosining o‘zgarshini tushunib etmaydilar.
Nutqning to‘liq rivojlanmaganligi nutqiy rivojlanishning maxsus shakli bo‘lib, bunda bolada aqliy va eshitish jihatdan kamchiliklar kuzatilmasa-da, nutq tizimidagi barcha tarkibiy qismlarning shakllanishi buzilgan bo‘ladi. Nutq rivojlanishining birinchi darajasiga ega bo‘lgan bolalar faol lug‘atining cheklanganligi, atrof muhit haqidagi tasavvurlarining yetarli darajada differensiallashmaganligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun bolalar fazoda yo‘nalish (orientir) topa olmaydilar (chap-o‘ng, yuqori-past, orqa-oldini chalkashtiradilar), vaqtni chalkashtiradilar (sutka vaqtlari, yil mavsumlarini aniqlay olmaydilar). Ular ranglarni ajratishda qiynaladilar, o‘lchamalar, shakllarni qo‘l bilan ushlab (manipulyatsiya qilib) aniqlay olmaydilar.
Nutq rivojlanishining ikkinchi darajasidagi bolalar bevosita idrok etilayotgan predmetlarning nomlarini atash bilan cheklanadilar, ularning xususiyatlarini esa e’tibordan chetda qoldiradilar. Predmetlarning shakli, rangi, materialini bildiradigan aniqlovchi so‘zlarni qo‘llashda ham orqada qolish kuzatiladi. Ular, xuddi nutq rivojlanishining birinchi darajasidagi bolalar kabi, katta-kichiklik, fazoni aniqlashda qiynaladilar.
Nutq rivojlanishining uchinchi darajasiga ega bo‘lgan bolalarda keng iboraviy nutq mavjud bo‘lsa-da, unda leksik-grammatik va fonetik-fonematik rivojlanmaganlik elementlari kuzatiladi. Nutq rivojlanishining bu darajasidagi bolalar atrofdagilar bilan muloqotga kirishsalar-da, biroq buning uchun ularning nutqiga izoh berib turuvchi ota yoki onalari yonlarida bo‘lishi lozim. Erkin muloqot bunday bolalarda katta qiyinchiliklar tug‘diradi.
Bolaning gapini katta odam tushunmasligi bolaga, albatta, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar xatto to‘g‘ri talaffuz qila oladigan tovushlar ham ularning nutqida yetarli darajada aniq jaranglamaydi.
Bunday bolalar nutqi uchun tovushlarning (undoshlar, affrikatlar va sonorlar) differensiallashmagan talaffuzi xos bo‘lib, bunda bitta tovush bir paytning o‘zida ikkita yoki bir nechta tovushning o‘rnini bosadi. Masalan, bola s’ tovushini uncha aniq talaffuz qila olmaydi, biroq u bilan bir qancha tovushlarni almashtiradi: s tovushini (“syamalyot” samolyot o‘rniga), sh tovushini (“syapka” shapka o‘rniga), z tovushini (“sanchil” zanjir o‘rniga), ch tovushini (“botya” bog‘cha o‘rniga).
Shuning bilan birga bolalar bu bosqichda hamma so‘z turkumlarini ishlatadilar, oddiy grammatik shakllarni to‘g‘ri qo‘llaydilar, ergashgan va bog‘langan qo‘shma gaplar tuzishga intiladilar (“Aka ko‘tya tikti, musuk odi, uga kedi” – Akam ko‘chaga chiqdi, mushuk tutib oldi, uni uyga olib keldi).
Bolaning talaffuz qilish imkoniyatlari yaxshilanib boradi (uning nutqida to‘g‘ri va noto‘g‘ri talaffuz qilingan tovushlarni ajratish, ularning buzilganlik xarakterini aniqlash mumkin bo‘ladi), bolalar bo‘g‘in va tovush tuzilishi turlicha bo‘lgan so‘zlarni yaxshiroq talaffuz qila boshlaydilar. Bolalar odatda hayotiy tajribalaridan o‘zlariga yaxshi tanish bo‘lgan predmetlar, harakatlar, belgilar, sifatlar va holatlarni so‘z bilan atashga qiynalmaydilar. Ular o‘z oilalari, o‘zlari va do‘stlari, atrof olam voqealari haqida hikoya qilib bera oladilar, o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda kichik-kichik hikoya tuza oladilar.
Biroq nutq holatining barcha tomonlarini sinchiklab o‘rganish natijasida shu narsa ayon bo‘ladiki, bolalar nutqida til tizimining har bir tarkibiy qismida (leksika, fonetika, grammatika) rivojlanmay qolganlik alomatlarini uchratish mumkin. Og‘zaki nutqiy muloqotda bolalar o‘zlari uchun qiyin bo‘lgan so‘zlar va iboralarni chetlab o‘tishga intiladilar. Biroq bolalar o‘zlari uchun qiyinchilik tug‘dirgan so‘zlar va grammatik kategoriyalarni qo‘llashga majbur bo‘ladigan shart-sharoitlar qarshisiga qo‘yilsa, ular nutqining rivojlanishidagi kamchiliklar aniq namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |