~ L ~
Lagman – german va qoʻshni varvar qabilalarida uchraydigan mahalliy odatlarni saqlovchisi va bilimdoni.
Lan kommunasi – XII asrda Fransiyaning Lan shahrida tashkil topgan boshqaruv tizimi. L.K. shaharliklarning senorlar va yepiskoplarga qarshi kurashi natijasida tashkil topgan. 1109-yil Lan shahri pul toʻlovi yordamida boshqaruv huquqini qoʻlga kiritgan edi. 1111-yilda qirol Lyudovik VI dan maxsus yorliq ham olishgan. Ammo 1112-yilda senor Godri shaharning kommuna huquqini tan olmadi va bekor qildirdi. Shaharliklar senor va uning yaqinlarini oʻldirib, qoʻzgʻalon koʻtarishadi. 1128-yilgacha kurashni davom ettirishib, erkinliklarini tiklashadi. 1331-yilda qirol Filipp VI shaharni qirollik tarkibiga qoʻshib olgan.
Landbu – Daniya va Shvetsiyada bondlar, cherkov, qirol va yirik feodallarning ijaraga olingan yerlari. Lotin tilidagi manbalarda ular “kolon” lar deb nomlangan. L.lar yerga muhtoj ijaradorlar ham boʻlib, Daniyada ijara muddati 1 yil boʻlgan, Shvetsiyada 1347-yilgacha turli hududlarda ijara muddati har xil boʻlgan. 1347-yildan butun Shvetsiyada ijara muddati 6 yil deb belgilangan. L. olish uchun ijarachi yer egasiga sovgʻa berishi kerak boʻlib, sovgʻa odatda sigir yoki hoʻkiz boʻlgan. Har yili ijarachi yilning belgilangan muddatida ijara haqini toʻlashi kerak boʻlgan. Daniyada uni “landgild”, Shvetsiyada “avard” deb nomlashgan. Ijara haqi sifatida kelishilgan vaqtlarda pul, qolgan vaqtlarda bugʻdoy, sigir yogʻi, chorva, tovuq, baliq va boshqa mahsulotlar hisobida toʻlangan. Oʻz vaqtida ijara haqqini toʻlamagan ijarachi yer egasining xohishiga koʻra jarimaga tortilgan.
Landgraf – Germaniyada feodal munosabatlar ustun boʻlgan davrda gersoglarning oʻrinbosarlari. Ular ma’lum bir vazifalarni bajargan.
Landsknextlar (nem. land – yer, mulk va knext – xizmatkor) XIV-XVII asrlarda Germaniyada yollanib harbiy xizmat qilgan askarlar. Ularning xizmat muddati 3 oydan 1 yilgacha deb belgilangan. Doimiy armiyalarning vujudga keltirilishi natijasida yollanma armiyalar yoʻq boʻlib keta boshladi.
Landtag (nem. land – yer, mulk va tag – yigʻin, kengash) oʻrta asrlarda “Muqaddas Rim imperiyasi” tarkibiga kirgan Germaniya knyazliklarida toifaviy organ. L. XIII asrda tashkil topgan boʻlib, uning tarkibida mahalliy dvoryanlar, ruhoniylar va shaharlar vakillari kiritilgan.
Langedok – markazi Tuluza boʻlgan Fransiya provinsiyalaridan biri. XIII asrda provinsiyaning katta hududi Tuluza grafi tomonidan boshqarilgan va nomi shu davrdan ishlatila boshlangan. Albigoychilar urushidan keyin Fransiya qiroli tomonidan qoʻshib olingan. Fransiyaning janubini anglatuvchi atama sifatida ham qoʻllaniladi. Shu jihatdan Provansalga ma’nodosh hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |