Kredens (ital.ishonch, ishonish) – 1) Italiya, asosan, Lombardiya shahar-kommunalaridagi kengash. Kengash a’zolari oʻziga toʻq kishilar orasidan saylab olingan boʻlib, ular konsullarga shaharning boshqaruvida yordam berishgan. XII asrning oxirida ular “kichik kengash” (senat) deb atala boshlandi; 2) XII asr oxiri – XIII asr boshlarida Lombardiya va Toskana shaharlarida zodagonlar va boy savdogarlarga qarshi kurash maqsadida tuzilgan hunarmandlar va mayda savdogarlar (“kichik sexlar”) ittifoqi.
Kreml – qadimgi Rus shaharlaridagi ichki qal’a, ark.
Kresi – Shimoli-Sharqiy Fransiyadagi joy nomi. U yerda Yuz yillik urush davrida (1346-yil 26-avgust) mashhur janglardan biri boʻlib oʻtdi, unda Angliya qiroli Eduard III fransuz qiroli Filipp VI ning qoʻshinini magʻlub etadi. Jangda Fransiya qirolining oʻgʻli Karl II Alansonskiy, Chexiya qiroli Ioann, Flandriya grafi Lui II Naverskiy va 1500 ritsarlar halok boʻldi. Kresi yonidagi jang inglizlarga 1347-yilda Kale shahrini egallash imkoniyatini berdi.
Kripta (yunon.krypte – yashirin yerosti yoʻli) – asosan, cherkovlarning yashirin yerosti joylari. Dastlab bu joyga xor joylashtirilgan, keyinchalik undan ruhoniylarni dafn qilish uchun foydalanilgan.
Krokanlar – kalamushlar. Fransiyada diniy urushlar davrida turli hududlarda qoʻzgʻalon koʻtargan dehqonlar shu nom bilan ataldi.
Krona – XV-XVII asrlarda miqdorida 2,55-3,3 gramm oltin boʻlgan qadimiy oltin tanga. Yevropaning koʻp mamlakatlarida muomilada boʻlgan.
Krusada – Ispaniyadagi soliq boʻlib, koʻproq “Salib yurishlari bullasi” nomi bilan mashhur boʻlgan. U indulgensiya savdosidan qirollik xazinasiga kelib tushgan va gʻayridinlarga qarshi urushga moʻljallangan.
Kuatekil – Amerika hindulariga nisbatan ispanlar tomonidan joriy yetilgan ishlab berish majburiyatlaridan biri.
Kurfyuristlar (nem. “saylovchi knyaz”, kur-“saylash, tanlash” va fyurist-“knyaz”) – “Muqaddas Rim imperiyasi”da imperiya knyazlari boʻlib, XIII asrdan ular imperatorni saylash huquqini qoʻlga kiritganlar. Ularning imperatorni saylash huquqi 1356-yildagi Karl IV Oltin bullasi bilan huquqiy jihatdan mustahkamlanib qoʻyilgan. Ularning 3 nafari Mayns, Kyoln va Trir cherkovlari arxiyepiskoplari, 4 nafari dunyoviy hokimiyat vakillari boʻlib, ular Chexiya qiroli, Reyn pfalsgrafi, Saksoniya gersogi va Brandenburg graflari edi. K. toʻliq siyosiy mustaqillikka ega edilar.
Kurial (lot.) – Rim imperiyasining soʻnggi davrlarida imperiyaning Italiya va provinsiya shaharlarida shahar kengashi a’zosi. Ular shahar aholisining oliy qatlamini tashkil qilgan hamda shahar xoʻjaligining xarajatlarini nazorat qilgan, davlat soliqlari tushumlarining nazoratini olib borish bilan birga, kamomatni oʻz mablagʻlari hisobiga qoplaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |