Konsexo (isp. kengash) – oʻrta asrlar Pireney yarim oroli shaharlarida kengash, yigʻilish: 1) ochiq K. bu yigʻilishga erkin qatnashish istagini koʻrsatuvchi barcha toʻla huquqli shaharliklarning hamja-miyati. XI-XIII asrlarda shaharlar taraqqiyoti K. institutining paydo boʻlishiga va taraqqiyotiga sabab boʻldi. Dastlab K. oʻz senorlari – qirollar, yirik yer egalari va cherkov nazorati ostida boʻlgan. XII asr oxiriga kelganda K. oʻzining erkin yuridiksiya va saylanuvchi hokimiyat organlarini shakllantirish (bu fuero huquqi qilib belgilab qoʻyilgan) huquqini qoʻlga kiritdi. K. mansabdor shaxslarni, birinchi navbatda shahar sudyasini saylaganlar, harbiy mudofaani tashkil etishgan, fuqarolik ishlari boʻyicha sud ishlariga, soliqlar yigʻilishiga, shahar jamoalarining qishloq mulklari ekspluatasiyasiga, shahar va unga yaqin okruglardagi tartiblarga boshchilik qilgan. XIII asrdan ochiq K.lar yigʻilmay qoʻydi; 2) shahar boshqaruviga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxslar kengashi. XIII asrdan asosan shahar elitasi vakillari orasidan shakllantirilgan. XIV asrdan qirollik hokimiyatiga borgan sari qaram boʻla boshlagan, qirol shaharlarni boshqarish uchun oʻz vakili boʻlgan korrixidorlarni yuborgan; 3) XIV-XV asrlarga kelganda monarx huzuridagi maslahat organi – Qirollik kengashi K. deb atala boshlagan.
Konsistoriya (lot. yigʻilish joyi, kengash) – papa huzuridagi kardinallarning maxsus majlisi.
Konstans sobori (1414-1417) – katolik cherkovi butun dunyo cherkovi deb hisoblovchi soborlardan biri. Sobor chaqirilishi va ishining asosiy maqsadi “Buyuk ajralish” (sxizm)ga chek qoʻyish boʻlgan. Soborning chaqirilishida asosiy rolni imperator Sigizmund oʻynagan. Soborga taklif bullasi Ioann XXIII tomonidan chiqarilgan va u soborda ishtirok etgan yagona papa hisoblanadi. Chunki bu paytga kelib uchta papa bor edi. Yana bir Rim papasi boʻlgan Grigoriy XII oʻzining papalikdan mosuvo etilganligi haqidagi nomani yubordi va oʻziga kardinal unvonini oldi. Avinon papasi boʻlgan Benedikt XIII oʻzini mosuvo qilishdan voz kechdi, shu boisdan sobor qaroriga koʻra cherkovdan chetlashtirildi. U Ispaniyaga qochib, u yerda 1424-yilda vafot etdi. Koʻplab jinoyatlarda aybdor deb topilgan Ioaan XXIII ham chetlashtirildi. Sobor yangi papa sifatida Martin V ni sayladi. Shu bilan “Buyuk ajralish”ga chek qoʻyildi. Soborda Jon Viklef, Yan Gus, Iyeronim Prajskiy daxriylar sifatida e’lon qilindi. Ulardan oxirgi ikkitasi Konstansda gulhanda kuydirildi. Chunki Viklef undan oldin vafot etgan edi. Shu boisdan sobor qaroriga koʻra uning murdasi kovlab olindi va gulhanda kuydirildi.